Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Bugun issiqxonalar tashkil qilish va ularda turli xil ekinlarni parvarishlash borasida yurtimiz dehqonlari anchagina tajribaga ega boʼldi.Issiqxonalar issiq suv buloqlari yordamida qizitilib, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirilmoqda



Ulashing :



Bundan bir necha yillar oldin xorijdan tashrif buyurgan mutaxassis Qashqadaryo viloyati dehqonlari bilan uchrashuvda intensiv texnologiyalar yordamida issiqxonalar tashkil qilish va uni tabiiy yoʼl bilan isitish haqida gapira turib, Germaniyada yer ostidan sizot suvlari hisobidan foydalanib, ularni maxsus quvurlarda bosim bilan aylantirish orqali parnikda issiqlikni taʼminlash yoʼlga qoʼyilganini aytgan edi. Boisi, qish faslida havo sovib ketadi, ammo yer ostida suvlar iliq boʼladi.
Yaratganning nazari tushgan yurtimizda shunday buloqlar borki, ularning suvi tayyor qaynagan suv haroratida otilib chiqadi. Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida qaynar buloqlardan bir emas bir nechta bor. Hudud tadbirkorlari saxovatpesha zaminning bergan bu imkoniyatlaridan unumli foydalanishni yoʼlga qoʼydi. Yaʼni issiqxonalar tashkil qilib, qaynoq buloq suvlari yordamida ularni isitmoqda.
Xususan, tumanning Uyrot mahalla fuqarolar yigʼinida joylashgan issiq suv buloq atrofida “Koson Sof Аgro” masʼuliyati cheklangan jamiyati aʼzolari joriy yilning yanvarь oyida hududning tabiiy imkoniyatlaridan kelib chiqib polizchilik issiqxonalari tashkil etgan. Hozirda 30 sotix maydonda tabiiy issiq suv buloqlari yordamida isitiladigan koʼchatchilik issiqxonasi tashkil etilgan boʼlsa, 2 gektar issiqxonaga poliz koʼchatlari ekishga ham ulgurishgan. Jamiyat tomonidan issiqxonalarni kengaytirish ishlari davom ettirilmoqda. Yaqin kunlarda jami bunday issiqxonalar hajmi 10 gektarga yetkaziladi va ular tabiiy issiq suv bulogʼi yordamida isitilib, u yerda bahorning eng ertapishar qovun, tarvuzlari yetishtiriladi.
Taʼkidlash lozimki, “Koson Sof Аgro” MChJ tomonidan joriy yilning oʼtgan ikki oyida tumandagi Turon hududida 150 gektar bogʼ va tokzor barpo etildi. Joriy yil 25 martga qadar ming gektarga yaqin yer maydonida 200 gektar bogʼ, 100 gektar soya, 400 gektar noʼxat va 50 gektar poliz (shundan 10 gektar issiqxonada) va 200 gektar mosh kabi oziq-ovqat ekinlarini ekish ishlari yakuniga yetkaziladi. Ushbu loyihalarning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida joriy yilda 300 taga yaqin doimiy va mingtaga yaqin mavsumiy ish oʼrinlari yaratish moʼljallanmoqda.
Koson tumanida yerdan issiq suv sizib chiqadigan hududlar yana borligi hisobga olinadigan boʼlsa, yaqin kelajakda tumanda bu kabi istiqbolli loyihalar qamrovi yanada kengayadi. Bu esa hududda eksportbop oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini oshishi bilan birga minglab ishsiz fuqarolarning bandligini taʼminlanishiga xizmat qiladi.





Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

04 03 2021 / 16:23