Bu haqda, joriy yilning 27 mart kuni Toshkentda Ayollar tadbirkorligi bo‘yicha milliy rejalar muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbatida ma’lum qilindi. Davra suhbatida, shuningdek, WAGE dasturining Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan tadqiqot natijalari ma’lum qilindi.
WAGE, bu – mintaqaviy dastur bo‘lib, Markaziy Osiyodagi ayollar tadbirkorligini rivojlantirishning dasturlarini tuzishga qaratilgan va ayollar biznes birlashmalari salohiyatini kuchaytirish, ularning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlash, gender tengligini ta’minlash, zo‘ravonlikka qarshi kurashish kabi maqsadlarni ko‘zda tutgan.
WAGE dasturi ijrosi O‘zbekistonda 2022 yil boshidan Britaniya menejment universiteti va Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Ushbu hamkorlik natijasida O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha birlashmalar, tadbirkor ayollar uyushmalari, fuqarolik jamiyati, ilmiy muassasalar va tahlil markazlari va shu kabi 27 ta tashkilot vakillaridan iborat ekspertlar kengashi tuzilgan. Mazkur Kengash tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari asosida mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan 700 nafarga yaqin xotin-qiz uchun maslahat uchrashuvlari tashkil etilgan.
Shuningdek, Ekspertlar kengashi tomonidan O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligining milliy kun tartibi ishlab chiqilgan bo‘lib, tadbir davomida ushbu kun tartibidagi masalalar va belgilangan 4 ta ustuvor yo‘nalishlar tavsiya etilayotgani aytildi.
Tadbirkor ayollar uchun qulay huquqiy muhit yaratish va ularning moliyalashtirish imkoniyatlari, ayollar va qizlarning biznes va IT ko‘nikmalari, bilim va xabardorliklarini rivojlantirish strategiyasini takomillashtirish, gender zo‘ravonlikka barham berish kabi yo‘nalishlar shular jumlasidan bo‘lib, har bir yo‘nalishning o‘zi bir qancha vazifalarni qamrab olgan.
Yaqin kelajakda «Ayollar tadbirkorligi» kun tartibidagi ana shu tavsiyalarning hayotga tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda.
Hozirgi paytda Ekspertlar kengashi a’zolari tomonidan moliyaviy savodxonlik, Axborot texnologiyalari, loyihalarni boshqarish asoslarini o‘rgatish bo‘yicha treninglar o‘tkazilmoqda. Ushbu treninglar asosida kelgusida ayollar uchun interaktiv elektron platforma ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.
Davra suhbati davomida, shuningdek, OAV xodimlari ham mavzu doirasida o‘z taklif va mulohazalarini bildirib o‘tdilar.
«Afsuski, bugun ko‘p hollarda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va shu kabi boshqa har qanday masalalar yuzasidan ayrim tashkilotlarga murojaat qilib keladigan ayollarga chiroyli muomala madaniyati bilan xizmat ko‘rsatilmayapti. Ayrim tashkilot, idoralar borki, ayollarga juda qo‘pol munosabatda bo‘lishadi, baqirishadi, qo‘rs muomalada bo‘lishadi. Natijada ayollar o‘z huquqini talab qilib borishga ham bezib qolgan», deydi tadbir ishtirokchilaridan biri.
Jurnalistlardan biri esa: “Negadir O‘zbekistonda psixologlarga murojaat qilish, go‘yoki, psixiatrga murojaat qilishdek taassurot uyg‘otadi. Masalan, kuchli stressda bo‘lgan ayolda jamiyatda o‘z o‘rnini topish, huquqiy savodxonligi yoki bilimini oshirishga bo‘lgan xohishning tug‘ilishi qiyin. Shu bois ularga ruhiy dalda va motivatsiya berish, o‘ziga bo‘lgan ishonch hissini oshirish kabi tushunchalarni berish orqali nafaqat tadbirkorlik, balki istalgan sohada ayollarni faol mehnat qilishga yo‘naltirish mumkin. Ularni oilada yaxshi ona, yaxshi turmush o‘rtoq, jamiyatda faol va «lider» ayol bo‘lishga psixologlar yordamida undash mumkin», deya mahalla, tuman, shaharlarda ayollarning jamiyatdagi o‘rni va faolligini oshirishda psixologlarning o‘rni katta ekanini ta’kidladi.
«Buning uchun joylarda kuchli va malakali psixologlar yordamini tashkil etish mumkin va psixologlarni yetarli maosh bilan ham ta’minlash lozim», deya taklif bildirildi tadbirda.
“O‘zbekistonda ayollar rahbarligidagi korxonalarni moliyalashtirish defitsiti juda ham katta bo‘lib, 915 mln dollarni tashkil etarkan. Bu nima degani? Bu biz bu sohada yanada yaxshiroq ishlashimiz kerakligini bildiradi” deydi, Xalqaro “Tadbirkor ayollar” assotsiatsiyasi direktori Gulnora Maxmudova.
M.Eshmirzayeva,
D.Yaqubov, O‘zA
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
29 03 2023 / 15:37