Yurtimizda yetishtirilayotgan mevalar va sabzavotlarni xorijiy davlatlarga
eksport qilish ko‘lami yil sayin oshib bormoqda. Albatta, bu
bobodehqonlarimizning turmush darajasini oshirish bilan birga, mamlakat
budjetiga ham qo‘shimcha daromadlar olib kelishi aniq.
O‘zbekistonda yetishtirilgan mevalar
Yurtimizda
yetishtirilayotgan, quyosh nuriga to‘yingan mazali va sarxil
mevalar-sabzavotlar jahon bozorlarida o‘z o‘rnini tobora topib borayotgani juda
quvonarli hol, albatta. Bu birinchi navbatda dehqon va bog‘bonlarning
dasturxoni to‘kin bo‘lishi bilan birga, soliq va bojxona yig‘imlari
ko‘rinishida davlat xazinasiga ham foyda.
O‘zbekistonda yetishtirilgan
meva va sabzavotlarning yaqin va uzoq xorijdagi bozorlarda narxlari
raqobatbardosh bo‘lgani holda, bojxonadan rasmiylashtirib olib chiqishda o‘ta
arzon narx ko‘rsatish hollari ham uchramoqda.
Bu, birinchidan, yurtimizga
qonuniy valuta tushumini kamaytirsa, ikkinchidan, soliqlarning kamaytirib
ko‘rsatilishi, yashirin iqtisodiyotning rivojlanishiga «hissa» qo‘shadi.
Albatta, narxlarning davlat
tomonidan regulyatsiya qilinishi yomon. Buning foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq
bo‘lishi ham mumkin. Biroq bu o‘rinda qars ikki qo‘ldan chiqmoqda: yurtimizdan
meva-sabzavotlar eksporti bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar bojxonada
rasmiylashtirishda eksport narxlarini ataylab pasaytirib ko‘rsatishmoqda —
o‘zimizda ham, eksport qilinayotgan mamlakatda ham soliqlarni kamroq to‘lash va
ko‘proq naqd pulda daromad qilish uchun.
Raqamlar nimadan so‘zlamoqda?
Ma’lumot o‘rnida: Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra 2023 yilda
O‘zbekiston xorijga qiymati qariyb 1,2 mlrd AQSh dollariga teng bo‘lgan 1,7 mln
tonna meva va sabzavotlar eksport qilgan. 2022 yilga solishtirilganda
o‘sish 1,1 foizni yoki 18,9 ming tonnani tashkil etgan. Meva-sabzavot
mahsulotlarining asosiy eksport bozorlari Rossiya (37 foiz), Pokiston (16,7
foiz), Xitoy (12,3 foiz) hamda Qozog‘iston (10,3 foiz) davlatlari hissasiga
to‘g‘ri kelgan.
Keling, vaziyatni yaxshiroq
tushuntirish uchun 2023 yilda ba’zi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport
ko‘rsatkichlariga nazar solaylik.
O‘zbekiston uzumlari
Uzum. 72 ming 430 tonna uzum
kilogrammi 0,5 dollardan past narxga eksport qilingan. Bu narxda eksport
qilingan uzumning umumiy summasi 27,2 mln dollar bo‘lib, umumiy summaning 31,4
foizini tashkil etgan.
O‘rtacha 1 dollar va undan
yuqori narxda eksport qilingan uzum 30 ming 150 tonnani tashkil etgan. Olingan
tushum 40,9 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan va umumiy summaning 47,2 foizini
tashkil etgan.
Agar 72 ming tonna uzumning
haqqoniy bahosi 1 dollardan hisoblanganda ham tushum 27,2 mln emas, 72 mln
dollarni tashkil etgan va 45 mln dollar daromad hisobga olingan bo‘lar edi.
O‘zbekiston giloslari.
Gilos eksportida ham shu
ahvol. 48 mln
dollarlik eksportda 27 ming tonna gilosning narxi o‘rtacha 1 dollardan kam
ko‘rsatilgan. Bu narxda tushum 20,2 mln dollarga teng bo‘lgan va umumiy
summaning 41,9 foizini tashkil etadi. Kilogrammiga o‘rtacha 5 dollar va undan
yuqori narxda 1,46 mln dollarlik 239 tonna gilos eksport qilingan va uning
ulushi bor-yo‘g‘i 3,1 foiz. Haqqoniy narx bilan qilingan eksport o‘rtasidagi
yo‘qotish 50,9 mln dollarga teng bo‘lmoqda.
Bu holni nektarin, xurmo kabi
mevalar, poliz mahsulotlari eksportida ham ko‘rish mumkin.
Eksportchilar nima deydi?
Biz bu borada qator yillardan
buyon «Caravan Gardens» brendi ostida meva va sabzavotlar eksporti bilan
shug‘ullanib kelayotgan «Zangiota Tomorqa Xizmati Export» MChJ rahbari Jamshid
Abdullayev bilan suhbatlashdik. U ayni damda Oksford
universitetining biznes maktabida Executive MBA dasturi bo‘yicha o‘qimoqda.
— Ko‘p yillardan buyon Rossiya Federatsiyasi va
BAAdagi riteylerlik tarmoqlariga O‘zbekistonda yetishtirilgan mevalar va
sabzavotlarni eksport qilamiz. Biz yetishtirilgan mahsulotlarni tomorqalardan
naqd pulga sotib olamiz, bu haqda hukumat qarori bor va bu biz uchun yaratilgan
juda katta qulaylik.
Jamshid Abdullayev.
Yiliga 5 mln dollarlik mahsulot eksport qilamiz.
Albatta, ko‘rilayotgan choralar biz kabi firmalarga ta’sir qilmaydi, chunki biz
narxlarni pasaytirib ko‘rsatmaymiz. Shaxsan men bu chiqqan hukumat qarorini
nohalol eksportchilarga qarshi kurash sifatida talqin qildim.
— Bu
sohada bartaraf etilishi, e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan qanday muammolar
bor?
—Bu borada so‘nggi
yillarda kuzatilayotgan uchta muammoni sanab o‘tgan bo‘lardim.
Birinchisi — nohalol
eksportchilar tomonidan narxlarning sun’iy pasaytirib ko‘rsatilishi. Ular
asosan bozorlarga tovarni olib chiqishadi. Shu sababli narxlarni past
belgilashga harakat qilishadi. Ular shunday qilinsa Rossiyaga kamroq QQS
to‘laymiz, deb o‘ylashadi. Aslida, Rossiya Federal bojxona xizmati ham narxlar
bozordagi joriy narxlar yoki tarixdagi narxlarga nisbatan nihoyatda pasaytirib
yuborilganini ko‘rib, o‘z bazasidagidan ham yuqoriroq narxga ko‘ra QQS
to‘lashga majburlashadi. Bundan faqat O‘zbekiston yutqazadi, chunki yurtimizga
kelishi mumkin bo‘lgan valutadan kamroq tushum bo‘ladi. Rossiyaning ulgurji
savdo qiluvchi firmalari ham shunday yo‘l tutishadi: ular arzonroqqa olib,
qimmatroqqa sotishni ko‘zlashadi.
Ikkinchi muammo shundan
iboratki, biz mevalarni juda erta — xomligida uzamiz. Yaqqol misol — xurmo.
Fermerlarimiz va uy xo‘jalikdagi dehqonlarimiz hali “g‘o‘ra” bo‘lgan mevani
avgust oyidanoq uzishi qayg‘uli. Aslida xurmo oktyabr oylarida pishib yetiladi.
Bunday mahsulotlar Rossiyaga yetib borib chiqitga aylanadi, boz ustiga ularning
narxlari avvaldan juda past belgilanadi.
Boshqa mevalar bilan ham
shunday. Bizda ko‘pchilik “rossiyalik iste’molchining oldiga nima oborilsa, yeb
ketaveradi, istagan meva-chevaga to‘lashga tayyor” deb o‘ylashadi. Aslida
Rossiyada meva-sabzavotlar taklifi juda katta, hattoki narxi biznikidan arzon,
sifati va ko‘rinishi biznikidan chiroyliroq mevalar butun dunyodan kirib
keladi.
Mevani «meniki birinchi
bozorga kirsin», deb shoshma-shosharlik bilan, xom-xatala uzib olib borgandan
so‘ng uning mazasi bo‘lmaydi. Ayniqsa, xurmo, nektarin kabi mevalarda.
Bozorlarda iste’molchilar ularni bir yeb ko‘rgach, afti burishib ortiq sotib
olmay, rastalarda chiriy boshlaydi. Keyinroq pishib yetilgan chog‘da olib
borganimizda, bozordagi narxlar tushib ketgan bo‘ladi.
Masalan, ozarboyjonliklar o‘z
mahsulotlarini yetiltirib, so‘ngra olib kirishadi va doim biznikiga nisbatan
2-3 barobar qimmatga sotishadi.
O‘zimizda xom mevalarni eksportga chiqarishni
taqiqlash haqida ham o‘ylab ko‘rilsa bo‘lardi. Janubiy Amerika davlatlarida
har bir mevaga ixtisoslashgan kooperatsiyalar bor. Ular o‘zlari ixtisoslashgan
mevalarning to‘liq pishib yetilishini nazorat qilishadi.
Uchinchi muammo. So‘nggi paytlarda, so‘nggi 2-3 yilda
Rossiya Federatsiyasi fitosanitariya nazorati juda ko‘plab hollarda
O‘zbekistonda yetishtirilib import qilinayotgan mevalarning ichida «vostochnaya
plodojorka», ya’ni «sharq mevaxo‘ri» deb nomlangan qurt topmoqda. Shuningdek,
xurma mevalari ichidan «muchnistiy komstok» degan qurt chiqmoqda.
O‘zbekiston fitosanitariya nazorati keyingi yillarda
ko‘plab tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Ammo bu yerda ham qars ikki qo‘ldan
chiqishi kerak. Bu faqatgina fitosanitariya nazoratining majburiyati emas,
meva-sabzaot yetishtirayotgan dehqonlarda ham o‘z mahsulotini oliy navli qilib
yetishtirish majburiyati ham bor.
Buning uchun bahor-yoz oylarida pishib yetiladigan
mevalarni kuzda, qishda, bahorda parvarishlab, dorilash kerak.
To‘g‘ri, deqonchilikning yuki og‘ir. Lekin ayrim
dehqonlarimiz, «mana, daraxtni ekib qo‘yganman, terib ketib, sotaversin»
qabilida ish ko‘rishadi. Lekin biz eksportchilar o‘sha mahsulotlarni Rossiyaga
eltganimizda ichidan qurt chiqsa, butun tovarni yo‘q qilib yuborishga to‘g‘ri
keladi.
Gilos ayniqsa eng xavfli meva. Chunki u qimmat tovar.
Uning ichidan qurt chiqsa 70-80 ming dollarga dehqondan naqd pul evaziga sotib
olingan mahsulot havoga uchadi — eksportchining sho‘riga sho‘rva
to‘kiladi.
Ayrim hollarda Rossiya bundan qurol sifatida ham
foydalanadi. Mahsulot eksport qilayotgan davlatlarga siyosiy bosim o‘tkazish
uchun. Ko‘pincha Turkiya bunday bosimlarga duchor bo‘ladi. Yaqqol misol,
yaqinda Ekvador bananlaridan ham qurt «topildi».
Aytmoqchimanki, har qanday davlat bu borada siyosiy
bosim o‘tkazmasligi uchun ham fitosanitariya nazoratiga ham e’tibor
kuchaytirish kerak. Dehqonlarimiz fitosanitarlar bilan uchrashib, birgalikda dastur qilib,
zararkunanda parazit hasharotlarga qarshi kurashishi kerak. Bu umummamlakat
miqyosida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ish. Bizning sarxil mevalarimiz
alal-oqibatda yaroqsiz, eksportbop bo‘lmagan holatga kelishini hech kim
xohlamaydi.
Xitoy bozoriga kira olmayotganimizning asosiy sababi
ham shu. Xitoy mahsulotning tozaligiga juda katta e’tibor beradi. Fumigatsiyani
talab qiladi. Fumigatsiya qilinsa gilosning bandi qorayib qoladi.
— Oksforddagi
o‘qishingiz haqida ikki og‘iz so‘zlab bersangiz.
— Oksford biznes
maktabida o‘qishdan maqsadim — bu borada yangi bilimlarga ega bo‘lish, faqat
Rossiyaga bog‘lanib qolmasdan, eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish,
yangi hamkorlar topib, yangi bozorlarga yo‘l ochish. Ayni paytda Malayziya,
BAA, Qatar, Saudiya Arabistoni va boshqa Yaqin Sharq davlatlariga shartnomalar
ustida ishlamoqdamiz.
Yangi tizim qanday
ishlaydi?
Aynan shu sababli 2023 yilda ba’zi turdagi qishloq
xo‘jaligi mahsulotlarining haqqoniy qiymatini belgilab, valuta tushumini
ta’minlash bo‘yicha takliflar berilgan.
Xullas, 2024 yil 1 maydan boshlab O‘zbekistondan
eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha shartnomalar qiymatini
monitoring qilish va eksport narxlari shakllantirilishi ustidan nazorat
o‘rnatish tartibi joriy etilmoqda.
Bu Vazirlar Mahkamasining «Respublikada meva-sabzavot
mahsulotlari eksportini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
O‘zbekiston 2023 yilda 1,7 mln tonna meva va
sabzavotlar eksport qilgan.
Tavsiya etilgan minimal eksport narxlari
belgilanadigan meva-sabzavot mahsulotlari ro‘yxati Savdo-sanoat palatasi,
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Investitsiyalar, sanoat va
savdo vazirligi takliflariga asosan Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Tavsiya etilgan
minimal eksport narxlari esa quyidagi ma’lumotlarga asoslanib belgilanadi:
·
O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi
diplomatik vakolatxonalaridan olingan tashqi bozordagi narxlar;
·
ommaviy axborot vositalari (shu jumladan, Internet
jahon axborot tarmog‘idagi ochiq manbalar) va axborot-tahliliy nashrlarda e’lon
qilingan narxlar;
·
tashqi savdo kompaniyalari hamda Investitsiyalar,
sanoat va savdo vazirligining xorijdagi vakolatxonalaridan olingan eksport
narxlari;
·
mahalliy va xorijiy treyder hamda sorsing
kompaniyalarga yuboriladigan so‘rovlar asosida olingan narxlar;
·
meva-sabzavot mahsulotlarining tannarxi, ichki
bozordagi ulgurji va chakana narxlar.
Meva-sabzavot mahsulotlarining
eksport narxi hukumat komissiyasi tomonidan belgilanganidan 20 foizdan ortiq
past bo‘lmasligi kerak. Aytaylik, ertapishar gilosning narxi kilogrammiga 50
000 so‘m qilib tavsiya etilgan bo‘lsa, 40 000 so‘mdan kam narx belgilash mumkin
emas.
Agar narxlar belgilanganidan
ortiq pasaytirilgani aniqlansa, Bojxona qo‘mitasi tomonidan ushbu holat
bo‘yicha 24 soat ichida elektron axborot almashinuvi tizimi orqali Soliq
qo‘mitasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi
kurashish departamentiga xabar beriladi.
Tizimda qanday
o‘zgarishlar bo‘ladi?
Eksport shartnomalarni tashqi
savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi (YaTSOAT — YeEISVO)da
ro‘yxatga olinishi asnosida, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar o‘rtacha
belgilangan narxlarda past bo‘lmagan tartibda ro‘yxatga olinishi nazarda
tutilmoqda.
Shartnomalar YeEISVO tizimida
ro‘yxatga olish jarayonida eksport mahsulotlari belgilanadi. YeEISVO tizimi
Investitsiyalar sanoat va savdo vazirligiga yuklatilganini inobatga olib,
amaldagi tartibga ham o‘zgartirish kiritiladi.
Eksport shartnomalari tashqi
savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimida ro‘yxatga olinadi.
Eksport qilinayotgan mahsulotlarning bojxona
rasmiylashtiruvi jarayonida haqqoniy bojxona qiymati aniqlanadi. Bunda mahsulotlarning o‘rtacha
bozor qiymatidan kelib chiqib, bojxona rasmiylashtirish jarayonida faktura
qiymati belgilanadi.
Bu choralarni amaliyotga tatbiq etish uchun
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 12 apreldagi «O‘zbekiston
Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan
takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda 2018 yil 1 avgustdagi «O‘zbekiston
Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari
to‘g‘risida»gi farmonlariga ham o‘zgartirishlar kiritilishi kutilmoqda.
Albatta, bu sohada halol ishlayotgan, O‘zbekistonga
valuta tushumi tushirish bilan birga, o‘z biznesini shaffof olib borayotgan
tadbirkorlar ham talaygina. Biroq guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, yaratilgan
sharoitlardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanayotganlar ham bor. O‘ylaymizki,
belgilanayotgan choralar sohani barbod qilishga emas, ana shunday
qing‘irliklarga yo‘l qo‘yayotgan tadbirkorlarni halol ishlashgagina
yo‘naltiradi.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
kun.uz dan olindi
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
11 03 2024 / 12:38