O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining qarori
Iqtisodiyotda
davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektorni rivojlantirish uchun
shart-sharoitlar yaratish, davlat aktivlarini shaffof holda xususiylashtirish
jarayonini tezlashtirish maqsadida:
1. Davlat
aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik)
tomonidan Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda davlat ishtirokidagi
korxonalar bilan birgalikda 60 ga yaqin vazirlik, idora
va 2 mingdan ortiq davlat ishtirokidagi
korxonalarning 12 mingdan ortiq ulushlari va ko‘chmas mulk
ob’ektlari yalpi xatlovdan o‘tkazilganлиги ma’lumot uchun qabul
qilinsin.
Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar
hokimlarining, vazirlik, idora hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining
davlat aktivlarini boshqarish yo‘nalishidagi asosiy vazifalaridan biri etib,
bo‘sh turgan, samarasiz foydalanilayotgan va asosiy faoliyat sohasiga taalluqli
bo‘lmagan aktivlarni aniqlash bo‘yicha xatlov ishlarini muttasil amalga
oshirish va ulardan samarali foydalanish choralarini ko‘rish belgilansin.
2. Quyidagilar:
Xo‘jalik
jamiyatlari ustav kapitalidagi xususiylashtiriladigan aksiya paketlari
(ulushlari) ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;
Ommaviy
savdolar orqali sotiladigan ko‘chmas mulk ob’ektlari ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Davlat
mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi
(keyingi o‘rinlarda – Davlat tender komissiyasi) o‘n kun
muddatda mazkur qarorning 1 va 2-ilovalaridagi ob’ektlarni 2022
yilda savdoga chiqarish grafiklarini tasdiqlasin.
3. Shunday
tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) 2022
yil 1 apreldan boshlab, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi
bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman
(shahar) hokimining yordamchilari (keyingi o‘rinlarda – hokim
yordamchilari) tomonidan o‘z hududlarida bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk
ob’ekti yoki yer uchastkalari aniqlangan hollarda, ular:
hududi
2 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat
ko‘chmas mulk ob’ekti bo‘lganda – hokim yordamchilarining onlayn-buyurtmanomasiga
asosan Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri
elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi;
qishloq
xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari (keyingi o‘rinlarda – yer
uchastkalari) bo‘lganda – “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot
tizimi orqali yuborilgan onlayn-buyurtmanoma uch kun muddatda tegishli
idoralar tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda ijobiy xulosa berilgan
taqdirda, ikki hafta muddatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron
onlayn-auksion savdolariga chiqariladi;
b) vazirlik
va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli bo‘lgan, uch
oydan ortiq foydalanilmasdan bo‘sh turgan ob’ekt, ijtimoiy ob’ektlar bundan
mustasno, Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq ularning
roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqariladi;
v) hududi 10 000
kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini
sotishdan tushgan mablag‘lar, baholash va sotish xarajatlari hamda Davlat
aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasi
tasarrufiga o‘tkaziladigan qismi chegirilgan holda, Qoraqalpog‘iston
Respublikasining byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy
byudjetlariga hamda ob’ekt joylashgan tuman (shahar) byudjetiga teng ulushlarda
taqsimlanadi.
4. Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari,
vazirlik, idora va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari Agentlik va Kadastr
agentligi bilan birgalikda:
doimiy
ravishda ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan
xo‘jalik jamiyatlari, shuningdek, ustav kapitalining 50 foizi va undan ortiq
miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik
shaxslar (keyingi o‘rinlarda – davlat ishtirokidagi korxonalar)
hamda davlatga tegishli bo‘sh turgan, samarasiz foydalanilayotgan va asosiy
faoliyatga oid bo‘lmagan aktivlarni (keyingi
o‘rinlarda – aktivlar) aniqlash bo‘yicha xatlov ishlarini
davom ettirsin;
uch oy
muddatda aniqlangan aktivlarni bosqichma-bosqich savdoga chiqarish
bo‘yicha Davlat tender komissiyasiga takliflar kiritib borsin.
5. Agentlik,
Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish
vazirligi:
2022 yil
1 mayga qadar “Universal Mobile Systems” MCHJni baholash va
sotish jarayoniga xalqaro konsalting, auditorlik va investitsiya
maslahatchisi, investitsiya banki yoki boshqa ixtisoslashgan kompaniyani
(keyingi o‘rinlarda – professional tashkilot) jalb etgan
holda, 2023 yil 1 aprelga qadar uni xususiylashtirish
choralarini ko‘rsin;
ikki
hafta muddatda “O‘zdonmahsulot” AK
tarkibidagi don korxonalarini Agentlikka o‘tkazgan holda, ommaviy savdolar
orqali sotish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni Davlat tender komissiyasiga tasdiqlash
uchun kiritsin. Bunda, 25 ta don korxonasini 2022 yil 1 iyulga
qadar, qolganlarini esa joriy yilning yakuniga qadar bosqichma-bosqich
savdoga chiqarsin;
2022 yil
1 apreldan boshlab “O‘zagroservis” AJ va
uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning ko‘chmas mulk
ob’ektlari, zarur hollarda, ularni alohida lotlarga bo‘lgan holda,
elektron onlayn-auksion savdolariga baholangan qiymatda chiqarilishini
ta’minlasin;
2022 yil
1 aprelga qadar “O‘zagrolizing” AJning
operatsion samaradorligini oshirish, mavjud qarzdorliklarini tarkibiy
o‘zgartirish, jamiyatning likvidliligi va to‘lov qobiliyatini ta’minlashni
nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga
tasdiqlash uchun kiritsin.
6. “O‘zagrokimyohimoya”
AJ va hududiy “Agrokimyohimoya” AJlarni tugatish bo‘yicha Respublika komissiyasi
(Sh.M.G‘aniyev) hamda Agentlik ikki oy muddatda “O‘zagrokimyohimoya”
AJ va hududiy “Agrokimyohimoya” AJlarning tegishli bino va inshootlari, shu
jumladan, Agentlikka o‘tkazilgan holda, elektron onlayn-auksion savdolariga
chiqarilishini ta’minlasin.
7. Moliya
vazirligi davlat ulushi mavjud tijorat banklarini kompleks transformatsiya
qilish va xususiylashtirish orqali bank sektorida davlatning ulushini
kamaytirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12
maydagi PF-5992-son farmoni bilan tasdiqlangan 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan
O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasida
belgilangan vazifalar ijrosini izchil davom ettirgan holda:
2022 yil
1 oktyabrga qadar “Qishloq qurilish bank” ATBning aksiyalarini ommaviy
joylashtirishni (IPO) ta’minlasin;
2022 yil
yakuniga qadar Xalqaro moliya
korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo
taraqqiyot bankini jalb qilgan holda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va “Asakabank”
ATBning davlat ulushlari savdoga chiqarilishini ta’minlasin;
2023 yil
1 iyulga qadar AT “Xalq banki”,
“Mikrokreditbank” ATB, AT “Aloqabank”, “Agro bank” ATB, “O‘zmilliybank”
AJlarning aksiyalarini fond birjasi orqali ommaviy joylashtirish (IPO)
ishlarini tashkillashtirsin.
Mazkur
bandda belgilangan vazifalarning ijrosini sifatli va o‘z muddatida
ta’minlashga tegishli tijorat banklarining boshqaruv raislari (A.Muratov,
S.Annaklichev, N.Saydullayev, Sh.Otaboyev, O.Butayev, K.Irisbekova,
R.Mamatkulov, A.Mirsoatov) shaxsan mas’ul hisoblanadi.
8. Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va
shaharlar hokimlari:
a) Qurilish
vazirligi, Kadastr agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni
qisqartirish vazirligi hamda Agentlik bilan birgalikda 2022 yil1
aprelga qadar 3-ilovadagi yer uchastkalarini o‘rganib
chiqib, ularning ustuvor ravishda mulk huquqi asosida, mulk huquqi
asosida imkoni bo‘lmaganlarini ijara huquqi asosida savdoga chiqarishni
ta’minlasin. Bunda, Qurilish vazirligi va Kadastr agentligi yer
uchastkalarini mulk huquqi asosida savdoga chiqarishda yer uchastkalariga
qo‘yiladigan shaharsozlik talablari bajarilishiga alohida e’tibor qaratsin;
b) Kadastr
agentligi, Qurilish vazirligi va Agentlik bilan birgalikda mazkur qarorning
3-ilovasiga muvofiq:
2022 yil
1 iyulga qadar “Yerelektron”
avtomatlashtirilgan axborot tizimida idoralararo kelishuvda turgan yer
uchastkalari;
joriy yil
yakuniga qadar bo‘sh yer uchastkalarini
qo‘shimcha ravishda aniqlagan holda ularning belgilangan tartibda mulk
huquqi asosida elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini
ta’minlasin.
Bosh
vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov yer uchastkalarining mulk va ijara huquqi
asosida sotilishi holatidan kelib chiqib, hududlarda kelgusi oyda savdoga
chiqariladigan yer uchastkalarining reja-grafigini oyma-oy tasdiqlab borsin va
uning ijrosini qat’iy nazoratga olsin.
9. Belgilansinki:
davlat
aktivlarini xususiylashtirishda ularning boshlang‘ich narxini e’lon qilmagan
holda talabgorlarni muzokaralarga ommaviy taklif qilish yo‘li bilan, shu
jumladan, professional tashkilotlarni jalb qilgan holda sotish uslubi joriy
etiladi. Bunda, professional tashkilotlarni jalb qilish orqali
xususiylashtiriladigan davlat aktivlari ro‘yxati Davlat tender
komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi;
professional
tashkilotlarni jalb etgan holda qiymati 10 million AQSH dollaridan
ortiq bo‘lgan aktivlar bo‘yicha investorlarning takliflari Agentlik va
boshqa davlat organlari ishtirokisiz, jalb qilinadigan professional
tashkilotlar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinadi;
Davlat
tender komissiyasi qarori asosida talabgorlarni muzokaralarga ommaviy taklif
qilish yo‘li bilan sotiladigan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari yoki davlat
ulushi bo‘yicha investorlar takliflari “E-auksion” elektron savdo platformasi
orqali qabul qilinadi, bundan qiymati 10 million AQSH dollaridan
ortiq bo‘lgan aktivlarni professional tashkilotlarni jalb etgan holda
sotish holatlari mustasno;
xalqaro
nufuzga ega auditorlik
kompaniyalarining O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan sho‘’ba korxonalarining
baholash hisobotlari haqqoniyligini ekspertizadan o‘tkazish talab etilmaydi;
davlat
ishtirokidagi korxonalarga tegishli ulushlar va ko‘chmas mulk ob’ektlarini
sotishdan va ijaraga berishdan, shuningdek, yer qa’ri uchastkalaridan
foydalanish huquqini sotishdan tushadigan mablag‘lar xususiylashtirish va
ijaraga berish natijalari to‘g‘risidagi axborotda davlat aktivlarini
xususiylashtirishdan va ijarasidan tushumlar sifatida inobatga olinadi;
Agentlik
va uning hududiy organlaridan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini ular joylashgan
yer uchastkalari bilan birga yagona mulkiy majmua sifatida xususiylashtirish
bo‘yicha murojaat kelib tushganda, hududning shaharsozlik talablaridan kelib
chiqqan holda, Qurilish vazirligi tomonidan bir hafta muddatda tegishli xulosa
taqdim etiladi;
davlat
ishtirokidagi korxonalar va ular tarkibidagi tashkilotlarning bino, inshootlari
yoki boshqa aktivlarini davlat organlariga
o‘tkazilishi tovarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma sifatida qaralmaydi
va iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydigan bepul tovar berilishiga
tenglashtiriladi;
davlat
aktivlari bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilganda dastlabki to‘lov
summasi 35 foizdan kam bo‘lgan holatlarda, qolgan summaga
Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida yillik foizlar hisoblanadi;
davlat
ko‘chmas mulk ob’ektlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib
olgan va sotib olish to‘lovini to‘liq amalga oshirgunga qadar “tasarruf
etish huquqisiz” davlat orderi berilgan tadbirkorlik
sub’ektlari tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i mazkur ob’ektlarga
nisbatan tasarruf etish huquqi to‘liq o‘tgandan so‘ng to‘lanadi;
xususiylashtirilishi
belgilangan davlat aktivlarini, jumladan, ularning tovar-moddiy boyliklari, pul
mablag‘lari va boshqa mol-mulklarini ular sotilgunga qadar butligini
saqlash bo‘yicha moddiy javobgar shaxs etib, ularni balansda saqlovchi
tashkilotlar (korxonalar)ning birinchi rahbarlari belgilanadi. Bunda
Agentlikka mazkur talabning ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish
yuklatiladi.
10. Moliya
vazirligi davlat ishtirokidagi korxonalar rahbarlari, Agentlik bilan
birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorning 1, 2,
4-ilovalaridagi davlat ishtirokidagi korxonalar aktivlarining davlat
organlariga o‘tkazilishini ta’minlasin.
11. Agentlik,
Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish
vazirligining Toshkent shahar hokimligi “Munitsipal aktivlarni boshqarish
markazi” davlat unitar korxonasini (keyingi o‘rinlarda – Markaz) Agentlikning
Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga qo‘shish to‘g‘risidagi taklifi
ma’qullansin. Bunda, Agentlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi
Agentlikka hamda Toshkent shahar hokimligiga hisobdorligi belgilansin.
Belgilansinki,
Agentlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi Markazning barcha huquqlari,
majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Agentlik ikki
oy muddatda Markazning barcha huquq va majburiyatlari, pul
mablag‘lari, asosiy vositalari, mol-mulklari, jumladan, ko‘chmas mulk
ob’ektlari va xo‘jalik jamiyatlaridagi ulushlarini belgilangan tartibda
Agentlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga o‘tkazgan holda
qo‘shilishini ta’minlasin.
12. O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim
qarorlariga 5-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
Agentlik
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu
qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida
Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Vazirlik
va idoralar ikki oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni
mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
13. O‘zbekiston
Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Agentlik
bilan birgalikda ushbu qarorning ahamiyatini va uni amalga oshirish jarayonini
ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borsin.
14. Mazkur
qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul etib O‘zbekiston
Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov va Davlat aktivlarini
boshqarish agentligi direktori A.J.Ortiqov belgilansin.
Qaror
ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar
faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining
Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti
Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri, 2022 yil
18 mart
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari
24 03 2022 / 10:36