O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat xizmatlari
ko‘rsatishni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat
xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari
to‘g‘risida» 2022 yil 20 apreldagi PF-113-son Farmoni hamda «Xizmatlar sohasi barqaror
rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar
to‘g‘risida» 2025 yil 27 fevraldagi PQ-78-son qaroriga muvofiq er munosabatlari sohasida
davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar
Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Er uchastkasining ijara
shartnomasini yangi muddatga uzaytirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning
ma’muriy reglamenti (keyingi o‘rinlarda — Reglament) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat xizmati ko‘rsatilishini Davlat xizmatlari
markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yаgona interaktiv davlat xizmatlari portali
(keyingi o‘rinlarda — YаIDXP) orqali tashkil etish;
er uchastkasining ijara shartnomasini yangi muddatga uzaytirish
bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etish tartibi;
ariza beruvchi tomonidan davlat organlari va boshqa tashkilotlar
xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan shikoyat qilish tartibi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini
barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi (keyingi o‘rinlarda
— Kadastr agentligi) Raqamli texnologiyalar vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi,
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
va Toshkent shahri hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda
bir oy muddatda:
Reglamentga muvofiq davlat xizmatining Davlat xizmatlari
markazlari va YаIDXP orqali ko‘rsatilishini;
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Soliq qo‘mitasi hamda Kadastr
agentligining axborot tizimlari YAIDXP bilan o‘zaro integratsiya qilinishini ta’minlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ushbu
qarorga muvofiq davlat xizmati ko‘rsatilishining belgilangan tartibiga rioya etilishi
ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin;
Reglamentga muvofiq davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini
buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan
belgilangan tartibda ma’muriy jazo choralarini qo‘llasin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston
Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov
zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026 yil 18 may,
255-son
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 18 maydagi 255-son qaroriga
ILOVA
Er
uchastkasining ijara shartnomasini yangi muddatga uzaytirish bo‘yicha davlat xizmatlarini
ko‘rsatishning
MA’MURIY REGLAMENTI
1-bob.
Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament er uchastkasining ijara shartnomasini
yangi muddatga uzaytirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — er uchastkasining ijara
shartnomasini yangi muddatga uzaytirish bo‘yicha ariza bergan ijarachi yoki uning
vakolatli vakili;
ijaraga beruvchi — er uchastkasini jismoniy
yoki yuridik shaxsga ijaraga bergan tuman (shahar) hokimligi;
ijarachi — er uchastkasini ijaraga olgan va undan ijara shartnomasiga
muvofiq foydalanayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan er uchastkasi (keyingi o‘rinlarda — er uchastkasi) — qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini
etishtirish uchun foydalaniladigan er uchastkalari (sug‘oriladigan va lalmi haydalma
erlar, bo‘z erlar, ko‘p yillik mevali-rezavor dov-daraxtlar, tokzorlar va boshqa
daraxtlar bilan band bo‘lgan erlar, yaylov va pichanzorlar);
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan er uchastkasi (keyingi o‘rinlarda — er
uchastkasi) — davlat mulki bo‘lgan, qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilmagan
yoki ushbu maqsadlar uchun mo‘ljallanmagan er uchastkasi.
3. Ushbu Reglament tuman (shahar) hokimligi bilan tuzilgan:
er uchastkasi ijara shartnomalarining amal qilish muddati
tugagan jismoniy yoki yuridik shaxslarning foydalanishida bo‘lgan er uchastkalari;
jismoniy yoki yuridik shaxslarga ijara huquqi asosida tegishli
er uchastkalarining ijara shartnomasini yangi muddatga uzaytirishga tatbiq etiladi.
Bunda ijaraga oluvchi shartnomaning amal qilish muddati
tugaguniga qadar uch oy ichida ushbu shartnomani uzaytirish to‘g‘risida elektron
ravishda ijaraga beruvchiga murojaat qilishi shart.
Ushbu Reglament o‘rmon fondi, maxsus iqtisodiy zonalar,
sanoat zonalari hududida joylashgan, davlat organlari tomonidan o‘ziga doimiy foydalanish
asosida tegishli bo‘lgan er uchastkalaridan ijaraga berilgan hamda ko‘chma savdo
ob’ektlari uchun ajratilgan er uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4. Er uchastkasining ijara shartnomasi ushbu Reglamentga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq
yangi muddatga uzaytiriladi.
5. Er uchastkasining ijara shartnomasi qonunchilik hujjatlarida
belgilangan muddatga uzaytiriladi.
6. Er uchastkasining ijara shartnomasi er uchastkasi ijarachisi
yoki uning ishonchli vakilining murojaatiga asosan yangi muddatga uzaytiriladi.
7. Er uchastkasining ijara shartnomasini yangi muddatga
uzaytirish bo‘yicha davlat xizmatlari Davlat xizmatlari markazlari, O‘zbekiston
Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi
huzuridagi Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiali
(keyingi o‘rinlarda — filial), Qishloq xo‘jaligi vazirligining tuman (shahar) bo‘limlari
(keyingi o‘rinlarda — bo‘lim), tuman (shahar) soliq inspeksiyasi hamda tuman (shahar)
hokimliklari o‘rtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (keyingi o‘rinlarda
— ERI) majburiy tartibda qo‘llash orqali faqat idoralararo elektron o‘zaro bog‘lanish
yordamida ko‘rsatiladi.
2-bob.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish
8. Ariza beruvchi ijara shartnomasi muddatini yangi muddatga
uzaytirish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki O‘zbekiston
Respublikasi YAgona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi o‘rinlarda
— YAIDXP) davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
9. Ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat
xizmatlari markazlari xodimi — ariza beruvchi nomidan, YAIDXP orqali murojaat etgan
taqdirda esa mustaqil ravishda, ushbu Reglamentga 2-ilovada keltirilgan elektron shakldagi
so‘rovnomani to‘ldiradi hamda davlat xizmatlaridan foydalanish uchun to‘lov to‘laydi.
Ariza beruvchi ixtiyoriga ko‘ra er uchastkasining ijara
shartnomasi muddatini yangi muddatga uzaytirish va belgilangan tartibda kadastr
pasportini olish hamda er uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini davlat ro‘yxatidan
o‘tkazish uchun bir vaqtda (kompozit xizmat sifatida) yoki alohida murojaat qilishi
mumkin.
10. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
avval rasmiylashtirilgan er uchastkasining ijara shartnomasi;
er uchastkasining ijarachisi nomidan harakat qilingani
bo‘yicha ishonchnoma (agar ijarachining nomidan boshqa shaxs murojaat qilsa).
Davlat xizmatlari markazi tomonidan ariza beruvchidan ushbu
bandda ko‘rsatilmagan boshqa hujjatlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi.
11. Zarur ma’lumotlar so‘rovnomaga kiritilgandan so‘ng
ariza beruvchi ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshiradi va identifikatsiya qilishning
tegishli vositalari (daktiloskopiya, ERI, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Ariza beruvchi YAIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, so‘rovnomani
ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
12. Ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat etganda, uning so‘rovnomasi
davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldirilib, uni ariza beruvchi tasdiqlagandan
so‘ng arizaga ilova qilingan hujjatlar real vaqt rejimida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan
er uchastkalari bo‘yicha filialga va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan er uchastkalari
bo‘yicha bo‘limga, tuman (shahar) soliq inspeksiyasiga elektron shaklda yuboriladi.
YаIDXP orqali murojaat qilinganda esa, so‘rovnoma avtomatik
tarzda filial va tuman (shahar) soliq inspeksiyasiga «Raqamli hukumat» tizimining
Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali yuboriladi.
13. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun bazaviy hisoblash
miqdorining 1 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun YаIDXP orqali murojaat
etilganda, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun yig‘im summasining 90 foizi undiriladi.
14. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan ijara
shartnomasi imzolangunga qadar voz kechish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan
foydalanishdan voz kechganda, uning so‘rovnomasi ko‘rmasdan qoldiriladi. Bunda undirilgan
yig‘im qaytarilmaydi.
15. Davlat xizmatlari ko‘rsatilgani uchun to‘lov to‘langani
axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
16. To‘lovlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etganda:
18 foizi — Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish
jamg‘armasining shaxsiy hisobvarag‘iga;
10 foizi — «Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi»
davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati
qo‘mitasidagi shaxsiy hisobvarag‘iga (to‘lov YAgona billing tizimi orqali to‘langanda);
10 foizi — soliq inspeksiyasi hisobvarag‘iga;
qolgan mablag‘lar to‘liq miqdorda tuman (shahar) hokimliklarining
shaxsiy hisobvarag‘iga;
b) YAIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish
jamg‘armasining shaxsiy hisobvarag‘iga;
11,75 foizi (shundan 0,5 foizi — davlat xizmati YAgona
billing tizimi orqali ko‘rsatilganda) — Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi
«Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi» davlat muassasasining Iqtisodiyot
va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasidagi shaxsiy hisobvarag‘iga;
10 foizi — soliq inspeksiyasi hisobvarag‘iga;
qolgan mablag‘lar to‘liq miqdorda tuman (shahar) hokimliklarining
shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
To‘lovlar davlat xizmatlari ko‘rsatilgani uchun davlat
bojlari va to‘lovlar summasi hisobini yurituvchi Yаgona billing tizimi orqali to‘lanadi.
17. Filialga va bo‘limga so‘rovnoma kelib tushgan kunda
avtomatik tarzda er uchastkasining ijara shartnomasi asosida er uchastkasiga bo‘lgan
ijara huquqi ijarachi nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani hamda ushbu ko‘chmas
mulk bo‘yicha vakolatli organ tomonidan ko‘chmas mulk ob’ektiga taqiq yoki xatlov
qo‘yilgani va so‘rovnomalar mavjudligi tekshiriladi.
18. Tuman (shahar) soliq inspeksiyasi tomonidan mol-mulk
solig‘i hamda er uchastkasining ijara to‘lovlaridan qarzdorligi mavjud yoki mavjud
emasligi «Raqamli hukumat» tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi
orqali avtomatik tekshiriladi.
19. Filial, bo‘lim va tuman (shahar) soliq inspeksiyasining
ma’lumotlari «Raqamli hukumat» tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi
orqali ijaraga beruvchiga yuboriladi.
20. Ijaraga beruvchi filial, bo‘lim va tuman (shahar) soliq
inspeksiyasining ma’lumotlarini olganidan so‘ng 10 ish kun ichida:
er uchastkasidan muntazam ravishda foydalanilmayotgani
yoki er uchastkasidan boshqa maqsadlarda foydalanilayotgani to‘g‘risida ma’lumot
mavjudligini tekshiradi;
filial, bo‘lim va tuman (shahar) soliq inspeksiyasining
ma’lumotlarini o‘rganadi;
o‘rganish natijalari bo‘yicha ariza kelishilgani yoki rad
etilgani to‘g‘risidagi ma’lumotni o‘z ichiga olgan xabarnomani shakllantiradi va
uni Davlat xizmatlari markazlari yoki YаIDXP orqali ariza beruvchiga yuboradi.
Kelishuv hech qanday eslatma va shartlarsiz, tegishli mas’ul
xodimning ERIsi bilan tasdiqlanadigan rozilik rezolyusiyasi orqali amalga oshiriladi.
Kelishuv rad etilgan taqdirda, er uchastkasining ijara
shartnomasini yangi muddatga uzaytirish mumkin emasligi haqida normativ-huquqiy
hujjatning aniq normasiga asoslangan sabablar ko‘rsatilgan xabarnoma ijaraga beruvchi
tomonidan tayyorlanadi.
21. Quyidagilar davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun
asos hisoblanadi:
ijara shartnomasi asosida er uchastkasiga bo‘lgan ijara
huquqi ariza beruvchi nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagani;
er uchastkasi va uning ijarasi to‘g‘risidagi so‘rovnomada
ko‘rsatilgan ma’lumotlarning davlat reestridagi ma’lumotlarga muvofiq emasligi;
er uchastkasidan boshqa maqsadlarda foydalanilayotgani;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan er uchastkalaridan oqilona
foydalanilmagani;
belgilangan muddatlar mobaynida foydalanilmagani to‘g‘risida
ma’lumot mavjudligi;
mol-mulk solig‘i hamda ijara to‘lovlaridan qarzdorlik mavjudligi;
davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘lov o‘z vaqtida
yoki to‘liq to‘lanmagani;
ijara shartnomasi ariza beruvchi tomonidan belgilangan
muddatda imzolanmagani;
so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilgani;
ushbu ko‘chmas mulk ob’ektining mansubligi masalasida nizolar
borligidan dalolat beruvchi sud hujjatlari va so‘rovnomalarining mavjudligi;
vakolatli organ tomonidan ko‘chmas mulk ob’ektiga taqiq
qo‘yilgani;
arizaga ilova qilingan hujjatlar to‘liq emasligi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatishni boshqa asoslarga ko‘ra
rad etish qat’iyan taqiqlanadi.
22. Agar ijaraga beruvchi tomonidan ariza beruvchining
er uchastkasining ijara shartnomasini yangi muddatga uzaytirish to‘g‘risidagi murojaatiga
bir oy ichida javob berilmasa, ijara shartnomasi avtomatik tarzda yangi muddatga
uzaytirilgan hisoblanadi.
Bunday hollarda ijara shartnomasi tizimda avtomatik tarzda
rasmiylashtiriladi va elektron shaklda tasdiqlangan shartnoma ariza beruvchiga elektron
tarzda yuboriladi.
23. Ariza beruvchi rad javobini olgan kundan boshlab bir
oy ichida davlat xizmatini ko‘rsatish uchun to‘lovni to‘lamasdan, er uchastkasining
ijara shartnomasini yangi muddatga uzaytirishni rad etish uchun asos bo‘lgan kamchiliklarni
bartaraf etgan holda qayta ariza topshirishga haqli.
Ushbu Reglamentning 21-bandi ikkinchi
xatboshisida belgilangan holatlar aniqlanganda ijara shartnomasini yangi
muddatga uzaytirish to‘liq rad etiladi hamda qayta ariza topshirish imkoniyati yaratilmaydi.
Bunda normativ-huquqiy hujjatning aniq normasiga asoslangan sabablar ko‘rsatilgan
xabarnoma ijaraga beruvchi tomonidan tayyorlanadi.
24. Er uchastkasining ijara shartnomasi yangi muddatga
uzaytirish uchun kelishilgani to‘g‘risidagi ma’lumotni o‘z ichiga olgan xabarnoma
shakllantirilgandan so‘ng ijara shartnomasi avtomatik ravishda Davlat xizmatlari
markazlari yoki YаIDXP orqali elektron shaklda ERI bilan imzolash uchun tegishli
tuman (shahar) hokimligi hamda ariza beruvchiga elektron shaklda yuboriladi.
25. Er uchastkasining ijara shartnomasi kelib tushgandan
so‘ng ijaraga beruvchi va ariza beruvchi 5 ish kunida O‘zbekiston Respublikasi Er
kodeksining 6 va 24-moddalariga asosan ijara muddatini belgilagan
holda er uchastkasining ijara shartnomasini imzolaydi.
26. Er uchastkasining ijara shartnomasi tuman (shahar)
hokimligi tomonidan imzolangandan so‘ng avtomatik tarzda ariza beruvchiga yuboriladi.
3-bob.
Yаkunlovchi qoidalar
27. Davlat xizmatlari markazlari, filial, bo‘lim, tuman
(shahar) soliq inspeksiyasi hamda tuman (shahar) hokimliklari o‘z faoliyatini amalga
oshirishi natijasida olingan ariza beruvchi haqidagi ma’lumotlarning maxfiyligini
ta’minlashi shart.
28. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy
boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning
ushbu Reglament talablari bajarilishi bo‘yicha faoliyatini, shu jumladan, YAIDXP
orqali doimiy nazorat va monitoring qilib boradi.
29. Ariza beruvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar
xodimlarining xatti-harakatlari (yoki harakatsizligi) yuzasidan qonunchilik hujjatlarida
belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
30. Ushbu Reglament talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan
shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy
bazasi, 19.05.2026 y., 09/26/255/0503-son)
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari
22 05 2026 / 9:46