OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING
QONUNI
Qonunchilik palatasi tomonidan 2026-yil
14-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2026-yil 8-avgustda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik
subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga, tadbirkorlik faoliyati uchun
qulay shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning huquqlarini va qonuniy
manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga
oshirilmoqda.
Shu bilan birga tadbirkorlik subyektlarining samarali
faoliyat yuritishi uchun qoʻshimcha kafolatlarni, shuningdek davlat tomonidan
taqdim etilayotgan qoʻllab-quvvatlash choralari va mexanizmlarining huquqiy
asoslarini qonun darajasida belgilash zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Tadbirkorlik subyektlari uchun qoʻshimcha kafolatlarni
belgilash, ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan zamonaviy shakllar va
usullarning huquqiy asoslarini qonun darajasida belgilash maqsadida ushbu Qonun
bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tegishli qoʻshimcha
va oʻzgartirishlar kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Mazkur Qonun tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilashga,
shuningdek tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini yanada
kengaytirishga, tadbirkorlarga davlat tomonidan taqdim etiladigan
qoʻllab-quvvatlash choralarining huquqiy asoslarini aniq belgilashga xizmat
qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 25-mayda
qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi
69-II-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston
Respublikasining 2012-yil 2-mayda qabul qilingan OʻRQ-328-sonli Qonuni
tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi,
2012-yil, № 5, 133-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, №
12, 341, 343-moddalar; 2015-yil, № 8, 312-modda, № 12, 452-modda; 2016-yil, №
12, 384, 385-moddalar; 2018-yil, № 12, 781-modda; 2019-yil, № 1, 5-modda, № 2,
47-modda, № 3, 166-modda, № 12, 886-modda; 2020-yil, № 1, 2-modda, № 11,
652-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 3, 213-modda,
№ 6, 577-modda; 2023-yil, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 8, 830-modda, № 9,
964-modda, № 10, 1080-modda; 2025-yil, № 12, 1324-modda) quyidagi qoʻshimcha va
oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) quyidagi mazmundagi 31 — 38-moddalar bilan toʻldirilsin:
“31-modda. Tadbirkorlik faoliyati erkinligi
kafolatlarining asosiy prinsiplari
Tadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlarining
asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
tadbirkorlikning erkinligi;
tadbirkorlik subyektlarining tengligi;
ishonchning himoya qilinishi;
korrupsiyadan xolilik;
xususiy mulkning daxlsizligi;
tadbirkorlikka oid qonunchilikning barqarorligi va
aniqligi.
32-modda. Qonuniylik prinsipi
Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari
tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishda, tadbirkorlik subyektlari
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotganda Oʻzbekiston Respublikasining
Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga rioya
etishi shart.
33-modda. Tadbirkorlikning erkinligi prinsipi
Har kim tadbirkorlik bilan Oʻzbekiston
Respublikasining butun hududida va uning tashqarisida erkin shugʻullanish,
shuningdek oʻz mol-mulkidan har qanday qonuniy tadbirkorlik faoliyati uchun
foydalanish huquqiga ega.
Tadbirkorlik subyektlari qonunchilikka muvofiq har
qanday faoliyatni amalga oshirishga va oʻz faoliyati yoʻnalishlarini mustaqil
ravishda tanlashga haqli.
34-modda. Tadbirkorlik subyektlarining tengligi
prinsipi
Tadbirkorlik subyektlari oʻzining mulkchilik va
tashkiliy-huquqiy shaklidan hamda boshqa har qanday holatlardan qatʼi nazar,
qonun va sud oldida tengdir.
35-modda. Ishonchning himoya qilinishi prinsipi
Vijdonan harakat qiluvchi tadbirkorlik subyektlarining
davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tomonidan qabul qilingan
hujjatga boʻlgan ishonchi qonunchilikka asosan qoʻriqlanadi.
Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari
tadbirkorlik subyektlarining yuzaga kelgan amaliyot bilan bogʻliq qonuniy
kutilgan natijalarini hurmat qilishi shart. Yuzaga kelgan amaliyotning
oʻzgartirilishi, bekor qilinishi jamoat manfaatlari bilan oqlangan boʻlishi,
umumiy xususiyatga ega va barqaror boʻlishi kerak.
36-modda. Korrupsiyadan xolilik prinsipi
Tadbirkorlikni amalga oshirish va davlat tomonidan
tartibga solish jarayoni korrupsiyaning har qanday koʻrinishlaridan, shu
jumladan manfaatlar toʻqnashuvidan va huquqning tanlab qoʻllanilishidan xoli
boʻlishi kerak.
Tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solish
jarayonida tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari bilan munosabatlarida
inson omilining korrupsiya holatini keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan toʻgʻridan-toʻgʻri
aloqalarini cheklashga qaratilgan tizimli choralar qoʻrilishi kerak.
37-modda. Xususiy mulkning daxlsizligi prinsipi
Tadbirkorlik subyektlarining mulki daxlsizdir va u
davlat himoyasidadir. Tadbirkorlik subyektlari oʻz mol-mulkidan qonunda nazarda
tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan
holda mahrum etilishi mumkin emas.
38-modda. Tadbirkorlikka oid qonunchilikning
barqarorligi va aniqligi prinsipi
Tadbirkorlik subyektlarining oʻz huquqlarini va
qonuniy manfaatlarini amalga oshirishida huquqiy muhitning izchil, barqaror va
oldindan bashorat qilinadigan boʻlishi taʼminlanadi.
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish
tartib-taomilining murakkablashtirilishini va tadbirkorlik subyektlarining
zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan, shuningdek
ularning javobgarligiga oid yangi choralarni belgilaydigan qonunchilik
hujjatlarini ishlab chiqishda:
mazkur hujjatlarning asossiz ravishda tez-tez
oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻyilmasligi;
tadbirkorlik subyektlari oʻz faoliyatini
rejalashtirishda va amalga oshirishda barqaror huquqiy muhit bilan
taʼminlanishi;
normalar oʻxshash huquqiy vaziyatlarda bir xil, izchil
va adolatli tarzda qoʻllanilishi;
huquqiy aniqlik va asoslanganlik talablariga qatʼiy
rioya etilishi kerak”;
2) 5-modda quyidagi tahrirda bayon
etilsin:
“5-modda. Tadbirkorlik subyektlarining toifalari
Tadbirkorlik subyektlari kalendar yil davomidagi jami
daromadining miqdoriga qarab quyidagi toifalarga boʻlinadi:
kichik tadbirkorlik subyektlari;
oʻrta tadbirkorlik subyektlari;
yirik tadbirkorlik subyektlari.
Kichik tadbirkorlik subyektlari toifalariga:
yakka tartibdagi tadbirkorlar;
mikrofirmalar — taʼsischilari (ishtirokchilari)
jismoniy shaxslar boʻlgan va kalendar yil davomidagi jami daromadi bir milliard
soʻmgacha boʻlgan tadbirkorlik subyektlari;
kichik korxonalar — kalendar yil davomidagi jami
daromadi bir milliard soʻmdan oʻn milliard soʻmgacha boʻlgan va (yoki) ushbu
qismning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan taʼsischilari (ishtirokchilari)
tarkibida yuridik shaxslar mavjud boʻlgan tadbirkorlik subyektlari kiradi.
Oʻrta tadbirkorlik subyektlari toifasiga kalendar yil
davomidagi jami daromadi oʻn milliard soʻmdan yuz milliard soʻmgacha boʻlgan
tadbirkorlik subyektlari kiradi.
Yirik tadbirkorlik subyektlari toifasiga kalendar yil
davomidagi jami daromadi yuz milliard soʻm va undan yuqori boʻlgan tadbirkorlik
subyektlari kiradi.
Tadbirkorlik subyektlarini ushbu moddaning birinchi
qismida koʻrsatilgan toifalarga ajratish ularni davlat tomonidan
qoʻllab-quvvatlash va rasmiy statistika maʼlumotlarini shakllantirish maqsadida
amalga oshiriladi”;
3) 9-modda birinchi qismining toʻqqizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon
etilsin:
“buxgalteriya hisobini va tezkor hisobni qonunchilik
talablariga muvofiq yuritishi”;
4) 17-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon
etilsin:
“Tadbirkorlik faoliyati subyektlari hisob va hisobotni
qonunchilikka muvofiq yuritadi. Hisobotlar faqat axborot tizimlari orqali
elektron shaklda taqdim etiladi. Tadbirkorlik subyektlarining elektron shaklda
taqdim etilgan hisoboti tadbirkorlik subyektining elektron raqamli imzosi bilan
tasdiqlanadi. Davlat tadbirkorlik subyektlari tomonidan elektron shaklda hisob
yuritilishi uchun dasturiy taʼminotni imtiyozli shartlarda yoki bepul taqdim etadi.
Kichik tadbirkorlik subyektlari faqat statistika
organlariga va davlat soliq xizmati organlariga, yakka tartibdagi tadbirkorlar
esa, davlat soliq xizmati organlariga belgilangan shakllarda hisobot taqdim
etadi.
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat organlariga
taqdim etiladigan hisobot va statistika maʼlumotlarining yagona roʻyxati
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Bunda yagona
roʻyxatga kiritilmagan hisobotlarni va statistika maʼlumotlarini tadbirkorlik
subyektlaridan talab qilish taqiqlanadi.
Davlat organlari tadbirkorlik subyektlari tomonidan
avval taqdim etilgan hisobotni va statistika maʼlumotlarini qayta talab
qilishga haqli emas. Bunda hisobot va statistika maʼlumotlari davlat organlari
oʻrtasida elektron axborot tizimlari orqali almashilishi lozim”;
5) quyidagi mazmundagi 182-modda bilan toʻldirilsin:
“182-modda. Tadbirkorlik subyektlarining oʻz
huquqlariga va qonuniy manfaatlariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlar
loyihalarining ishlab chiqilishida ishtirok etishi kafolatlari
Tadbirkorlik subyektlari zimmasiga yangi majburiyat,
talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlar yuklatilishini nazarda
tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va tartibga solish taʼsirini
baholash hisoboti bevosita tadbirkorlik subyektlarining hamda ular
birlashmalarining ishtirokida muhokama qilinadi.
Tadbirkorlik subyektlari zimmasiga yangi majburiyat,
talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlar yuklatilishini nazarda
tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tartibga solish taʼsiri boʻyicha
baholashdan oʻtkaziladi. Bunda ushbu hujjatlarning qabul qilinishiga
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari boʻyicha tartibga solish taʼsirini
baholash natijalari yuzasidan xulosa beruvchi organlarning xulosalari mavjud
boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlariga va qonuniy
manfaatlariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tegishli loyihani
ishlab chiquvchi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi
portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilishi kerak, bundan davlat
sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi
loyihalar mustasno.
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlariga va qonuniy
manfaatlariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Oʻzbekiston
Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ularning huquqiy ekspertizasi
oʻtkazilishidan oldin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoatchilik kengashi muhokamasidan
oʻtkazilishi kerak”;
6) 22-modda ikkinchi qismining ikkinchi jumlasi chiqarib
tashlansin;
7) quyidagi mazmundagi 231-modda bilan toʻldirilsin:
“231-modda. Tadbirkorlik subyektlarining energiya
manbalariga ulanish va ulardan belgilangan tartibda foydalanish kafolatlari
Tadbirkorlik subyektlari qonunchilikda belgilangan
tartibda energiya manbalariga ulanish va ulardan foydalanish huquqiga ega.
Energetika korxonalari tadbirkorlik subyektlarining
energiya manbalariga boʻlgan ehtiyojlarini xavfsiz, ishonchli, barqaror va
uzluksiz ravishda taʼminlashi shart.
Oʻzbekiston Respublikasida tadbirkorlik
subyektlarining energiya manbalari taʼminotini vaqtincha toʻxtatib turish yoki
cheklash jamoat manfaatlarini himoya qilish maqsadida, shu jumladan avariya
vaziyatlari yuzaga kelganda energiya tizimining muvozanatini saqlab turish yoki
energiya taʼminoti tizimiga texnik xizmat koʻrsatish uchun amalga oshirilishi
mumkin”;
8) 24-modda quyidagi tahrirda bayon
etilsin:
“24-modda. Tadbirkorlik subyektlarining yer va suvdan
foydalanish huquqi hamda xususiylashtirish natijalarining kafolatlari
Tadbirkorlik subyektlari qonunchilikda belgilangan
tartibda yer uchastkalariga ega boʻlishi mumkin.
Tadbirkorlik subyektlarining yer uchastkasini jamoat
ehtiyojlari uchun olib qoʻyishga faqat olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida
joylashgan koʻchmas mulk obyektlarining bozor qiymati, yer uchastkasiga boʻlgan
huquqning bozor qiymati, koʻp yillik dov-daraxtlarning bozor qiymati, koʻchish,
shu jumladan boshqa koʻchmas mulk obyektini vaqtinchalik ijaraga olish bilan
bogʻliq xarajatlarning, yer uchastkasidan va unda joylashgan koʻchmas mulk
obyektlaridan foydalanishdan olinishi mumkin boʻlgan boy berilgan foydaning
(bunda yer uchastkasi va unda joylashgan koʻchmas mulk obyektlari boʻshatib
qoʻyilgan paytdan eʼtiboran avvalgi faoliyatni tiklashga qadar boʻlgan, biroq
bir yildan ortiq boʻlmagan muddatdagi foyda yoki mavsumiy hosildan olinishi
mumkin boʻlgan foyda hisobga olinadi) oʻrni, huquq egasining qonunchilikda yoki
kelishuvda nazarda tutilgan boshqa xarajatlarining va zararlarning oʻrni
qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda toʻla hajmda qoplanganidan keyin
yoʻl qoʻyiladi.
Xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan
obyektlarning qiymatini baholash hamda baholashga oid hisobotning
ishonchliligini ekspertizadan oʻtkazish natijalarini qayta koʻrib chiqish,
haqiqiy emas deb topish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari,
shu jumladan nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar
tomonidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulkning daxlsizligini buzish deb
baholanadi hamda bunday ishlar koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
Tadbirkorlik subyektlari qishloq xoʻjaligiga
moʻljallangan yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasida nazarda tutilgan
ixtisoslashuvga muvofiq oʻz faoliyati yoʻnalishlarini, ishlab chiqarish
tuzilmasi va hajmlarini mustaqil ravishda belgilaydi.
Qonunchilikda belgilangan tartibda muhofaza zonalari
belgilanishi munosabati bilan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari
cheklanganda ularga yetkazilgan zararning oʻrni (shu jumladan boy berilgan
foyda) toʻla hajmda qoplanadi.
Tadbirkorlik subyektlarining suvdan foydalanish huquqi
ajratilgan suv olish kvotasi va kutilayotgan suv taʼminoti hajmidan kelib
chiqqan holda, ajratilgan suv olish limiti doirasida amalga oshiriladi.
Suvdan foydalanuvchilarning huquqlari qonunchilikda
nazarda tutilgan hollarda aholining sogʻligʻini saqlash, atrof-muhitni muhofaza
qilish, milliy xavfsizlikni taʼminlash maqsadida, shuningdek suv tanqisligida,
tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda cheklanishi mumkin”;
9) 25-modda chiqarib tashlansin;
10) 27, 28 va 29-moddalar chiqarib tashlansin;
11) 301-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qonunchilikda belgilangan soliq, bojxona
imtiyozlarining, moliyaviy va boshqa turdagi imtiyozlarning (davlat tomonidan
moddiy shakldagi qoʻllab-quvvatlash chorasining) hamda preferensiyalarning
(davlat tomonidan nomoddiy shakldagi qoʻllab-quvvatlash chorasining)
tadbirkorlik subyektlariga nisbatan toʻliq hajmda qoʻllanilishi davlat
tomonidan kafolatlanadi.
Tadbirkorlik subyektlariga qonunchilik hujjatlarida
belgilangan tartibda beriladigan imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanishni
davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tomonidan asossiz ravishda rad
etish, ulardan foydalanishga toʻsqinlik qilish taqiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya
vazirligi tomonidan maxsus platformada tadbirkorlik subyektlariga taqdim
etiladigan imtiyozlar va preferensiyalarning turlari, muddatlari hamda
tartibini oʻz ichiga olgan alohida reyestr yuritiladi.
Tadbirkorlik subyektlari uchun imtiyozlar va
preferensiyalarning reyestrini shakllantirish hamda doimiy ravishda yangilab
borish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan
belgilanadi.
Tadbirkorlik subyektlariga davlat tomonidan
beriladigan imtiyozlar va preferensiyalar individual tarzda emas, balki
iqtisodiyot tarmoqlari, sohalar yoki hududlar kesimida belgilanadi. Bunda
imtiyozlar va preferensiyalar barcha tadbirkorlik subyektlariga nisbatan teng
shart-sharoitlarda, ochiq hamda shaffof mexanizmlar asosida tatbiq etilishi
kerak”;
12) 31-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon
etilsin:
“Tadbirkorlik faoliyati subyektlari davlat organlariga
yoki xoʻjalik boshqaruvi organlariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan
murojaat etish huquqiga ega.
Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari
tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini qonunchilikda belgilangan tartibda
va muddatlarda xolisona, toʻliq hamda asosli tarzda koʻrib chiqishi shart.
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan arizalar,
shikoyatlar yoki takliflar berilganligi uchun ularni taʼqib qilishga yoʻl
qoʻyilmaydi. Bunday hollar aniqlangan taqdirda, tegishli shaxslar belgilangan
tartibda javobgarlikka tortiladi”;
13) 39-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon
etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish
boʻyicha vakilni tekshiruvlar toʻgʻrisida xabardor qilish hamda tekshiruv
boshlanganidan keyin xabardor qilish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlarni
tashabbus qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:
“Xavfni tahlil qilish” elektron tizimining natijalari;
aniq fakt va hollar boʻyicha fuqarolarning hayotiga va
(yoki) sogʻligʻiga, jamoat xavfsizligiga, atrof-muhitga, jismoniy va yuridik
shaxslarning hamda davlatning manfaatlariga zarar yetkazilishi xavfining oldini
olish yoki bartaraf etish uchun jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari,
davlat organlari va tashkilotlarining maʼlumotlari, ommaviy axborot
vositalaridan va boshqa axborot manbalaridan olingan maʼlumotlar.
“Xavfni tahlil qilish” elektron tizimining natijalari
va qonunchilik buzilishlari toʻgʻrisida boshqa davlat organlari tomonidan
taqdim etilgan axborot asosida tadbirkorlik subyektlari faoliyatining
tekshiruvlarini oʻtkazish tashabbusi qonunchilik buzilishlarining oldini olish
va ularni bartaraf etish yuzasidan tadbirkorlik subyektlari uchun profilaktika
tadbirlari oʻtkazilganidan keyin amalga oshiriladi, bundan soliq bazasini
yashirish (kamaytirib koʻrsatish) holatlari boʻyicha oʻtkaziladigan soliq tekshiruvlari
mustasno.
“Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida tadbirkorlik
subyektlarining faoliyatida huquqbuzarlikning sodir etilishi xavfi past, oʻrta
va yuqori darajalarga tasniflanadi.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini nazorat qilishga
vakolatli organlar va ularning nazorat sohalari roʻyxati qonunchilik
hujjatlarida tasdiqlanadi. Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini nazorat
qilishga doir tadbirlarning nazorat qilishga vakolatli organlar va ularning
nazorat sohalari roʻyxatiga kiritilmagan organlar hamda tashkilotlar tomonidan
oʻtkazilishi taqiqlanadi.
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan ularning nazorat
sohalari roʻyxatiga kiritilmagan tekshiruvlarni, shuningdek boshqa organlar va
tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga doir
tekshiruvlarni oʻtkazish qonunga xilof deb hisoblanadi.
Tekshiruv Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
tomonidan belgilangan tartibda attestasiyadan oʻtgan va tekshiruvlarni
oʻtkazish uchun ruxsat berilganligi toʻgʻrisida maxsus guvohnoma olgan nazorat
qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari tomonidan oʻtkaziladi.
Nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari
tomonidan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirishga xizmat guvohnomasi,
tekshiruvlarni oʻtkazish uchun ruxsat berilganligi toʻgʻrisidagi maxsus
guvohnoma va qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl
qoʻyiladi.
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik
subyektlari faoliyatiga doir tekshiruvlarni va profilaktika tadbirlarini
oʻtkazish tartibi qonun bilan belgilanadi”;
14) 40-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon
etilsin:
“Tadbirkorlik subyektlari nazorat qiluvchi
organlarning tekshiruvlar natijalari boʻyicha koʻrsatmalarini bajargan,
shuningdek yetkazilgan zararning oʻrnini belgilangan muddatlarda va toʻla
hajmda ixtiyoriy ravishda qoplagan, shu jumladan penya toʻlagan taqdirda,
ularga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilmaydi. Mazkur norma soliqqa oid
huquqbuzarliklar sababli moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash hollariga nisbatan
tatbiq etilmaydi.
Nazorat qiluvchi organlarning moliyaviy sanksiya
qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori tadbirkorlik subyektlarining tanloviga koʻra
quyidagi shakllardan biri orqali ixtiyoriy ravishda ijro etilishi mumkin:
nazorat qiluvchi organlarning moliyaviy sanksiya
qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori topshirilgan kundan eʼtiboran bir oy muddatda
jarima miqdorining ellik foizini ixtiyoriy ravishda toʻlash sharti bilan
jarimaning qolgan qismini toʻlashdan ozod etish;
jarima summasini olti oy davomida teng miqdorlarda
boʻlib-boʻlib toʻlash. Bunda tadbirkorlik subyektlari nazorat qiluvchi
organlarning moliyaviy sanksiya qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori topshirilgan
kundan eʼtiboran bir oy davomida jarima miqdorining kamida oltidan bir qismidan
iborat dastlabki toʻlovni toʻlagan taqdirda, jarimani boʻlib-boʻlib toʻlash
tartibi avtomatik ravishda amal qiladi”;
15) 41-modda chiqarib tashlansin;
16) 42-modda:
birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon
etilsin:
“Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda tadbirkorlik
subyektlariga nisbatan huquqiy taʼsir choralari qoʻllaniladi. Bunda
tadbirkorlik subyektlariga nisbatan quyidagi huquqiy taʼsir choralari faqat sud
tartibida qoʻllaniladi:
faoliyatni tugatish;
atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatayotgan obyektlar
faoliyatini tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish;
faoliyatni toʻxtatib turish, bundan nazorat qiluvchi
organlar tomonidan faoliyatni Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi
omillar reyestriga kiritilgan omillar asosida oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan
muddatga toʻxtatib turish hollari mustasno;
faoliyatni cheklash va taqiqlash, bundan favqulodda
vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun boshqa
haqiqiy xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda faoliyatni oʻn
ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash hollari hamda qonunda nazarda
tutilgan boshqa hollar mustasno;
moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash, bundan soliqlarni va
boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash muddatini oʻtkazib yuborganlik uchun
penyalarni hisoblash, shuningdek sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybiga iqror
boʻlish va moliyaviy sanksiyalar summalarini ixtiyoriy ravishda toʻlash hollari
mustasno;
banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operasiyalarni
toʻxtatib turish, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno;
huquqbuzarlik predmetlarini davlat daromadiga
oʻtkazish;
tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bilan
shugʻullanish uchun berilgan litsenziyalarning (ruxsat etish xususiyatiga ega
hujjatlarning) amal qilishini oʻn kundan ortiq, lekin olti oydan koʻp boʻlmagan
muddatga toʻxtatib turish yoki xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan
faoliyatning (harakatning) amal qilishini tugatish va litsenziyalarni
(ruxsatnomalarni) bekor qilish, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan beriladigan
litsenziyalar (ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar) mustasno”;
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Tadbirkorlik subyektlariga nisbatan qoʻllaniladigan
huquqiy taʼsir choralari majburiy talablar buzilishining xususiyatiga, qonun
bilan qoʻriqlanadigan moddiy va nomoddiy obyektlarga yetkazilgan yoki
yetkazilishi mumkin boʻlgan ziyonga (zararga) mutanosib boʻlishi kerak”;
ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin;
17) 4-bob quyidagi mazmundagi 421 va 422-moddalar bilan toʻldirilsin:
“421-modda. Tadbirkorlik subyektining faoliyatini
toʻxtatib turish va qayta tiklash
Tadbirkorlik subyektining faoliyati quyidagi hollarda
toʻxtatib turilishi mumkin:
oʻzining arizasiga asosan;
oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga — nazorat
qiluvchi organlar tomonidan;
oʻn ish kunidan ortiq, lekin olti oydan koʻp boʻlmagan
muddatga — sud tomonidan.
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik
subyektlari faoliyatini toʻxtatib turishga faqat Inson hayoti va sogʻligʻiga
yuqori xavf soluvchi omillar reyestriga kiritilgan omillar asosida oʻn ish
kunidan ortiq boʻlmagan muddatga yoʻl qoʻyiladi, bundan tadbirkorlik
subyektlari faoliyatini sud tartibida hamda qonunda belgilanadigan asoslar
boʻyicha toʻxtatib turish hollari mustasno.
Tadbirkorlik subyekti oʻzining faoliyatini toʻxtatib
turish yoki qayta tiklash toʻgʻrisida oʻz faoliyatini toʻxtatguniga yoki qayta
tiklaguniga qadar roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga yoki Tadbirkorlik
subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning
avtomatlashtirilgan tizimi orqali ariza beradi. Bunda xodimlarni yollash yoʻli
bilan faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektining har bir yollangan
xodimiga oid maʼlumotlar soliq organiga “Yagona milliy mehnat tizimi”
idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali avtomatik tarzda yuboriladi.
Tadbirkorlik subyektining faoliyati toʻxtatib
turilganligi yoki qayta tiklanganligi toʻgʻrisidagi arizani olgan roʻyxatdan
oʻtkazuvchi organ navbatdagi ish kuni tugaguniga qadar soliq organlariga
tadbirkorlik subyektining faoliyati toʻxtatib turilganligi yoki qayta
tiklanganligi haqida Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va
hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali axborot taqdim etadi.
Tadbirkorlik subyektining faoliyatini toʻxtatib turish
soliq va statistika hisobotlarini taqdim etishni, oʻziga va har bir xodimiga
nisbatan soliq hisoblashni toʻxtatib turish uchun asos boʻladi.
Tadbirkorlik subyektining faoliyatini oʻz arizasiga
asosan toʻxtatib turish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
tomonidan belgilanadi.
422-modda. Tadbirkorlik sohasidagi majburiy
talablarning yagona reyestri
Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona
reyestri (bundan buyon matnda Majburiy talablar reyestri deb yuritiladi)
tadbirkorlik subyektlariga nisbatan qoʻyiladigan talablarni, ushbu talablarning
amal qilish muddatlarini, davlat nazoratini amalga oshirishga doir talablarni,
majburiy talablarga muvofiqlikni tasdiqlash uchun zarur boʻlgan hujjatlarni,
shuningdek ushbu talablarga rioya etmaganlik uchun javobgarlik choralarini
hamda sohaga oid boshqa tegishli axborotni oʻz ichiga olgan ochiq maʼlumotlar
bazasi hisoblanadi.
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun
normativ-huquqiy hujjatlar va normativ-texnik hujjatlar bilan belgilangan
barcha majburiy talablar ularni qayta koʻrib chiqish muddati koʻrsatilgan
holda, davlat tomonidan Majburiy talablar reyestriga kiritiladi.
Majburiy talablar reyestriga maʼlumotlar tegishli
sohadagi vakolatli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Majburiy talablar reyestrining
operatori hisoblanadi, uning yuritilishini uslubiy jihatdan taʼminlaydi,
shuningdek davlat organlari va tashkilotlarining ushbu sohadagi faoliyatini
muvofiqlashtiradi.
Tadbirkorlik subyektlari Majburiy talablar reyestriga
kiritilmagan talablarni bajarmaganlik uchun javobgarlikka tortilmaydi.
Majburiy talablar reyestrini shakllantirish va
yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan
belgilanadi.
Majburiy talablar reyestrida nazarda tutilgan talablar
buzilgan taqdirda tadbirkorlik subyekti Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga
muvofiq javobgar boʻladi”;
18) 43-modda:
nomidagi “Davlat boshqaruvi” degan
soʻzlar “Respublika ijro etuvchi hokimiyat” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
birinchi qismining birinchi xatboshisidagi “Davlat boshqaruvi” degan
soʻzlar “Respublika ijro etuvchi hokimiyat” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
ikkinchi qismidagi “Davlat boshqaruvi” degan
soʻzlar “Respublika ijro etuvchi hokimiyat” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
19) 44-modda:
birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon
etilsin:
“Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari oʻz
vakolatlari doirasida:
tadbirkorlikni rivojlantirishga oid hududiy
dasturlarni tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatini himoya qilishning
qoʻshimcha kafolatlari va choralarini belgilaydi”;
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻz
vakolatlari doirasida:
tadbirkorlikni rivojlantirishga oid hududiy dasturni
ishlab chiqadi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organiga tasdiqlash uchun
kiritadi hamda uning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
tadbirkorlikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar
yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi”;
ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin;
20) 45-modda quyidagi tahrirda bayon
etilsin:
“45-modda. Tadbirkorlikni davlat tomonidan
qoʻllab-quvvatlashning asosiy turlari va vositalari
Tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning
asosiy turlari quyidagilardan iborat:
moliyaviy va mulkiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash;
infratuzilmaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash;
tadbirkorlik faoliyati uchun kadrlar tayyorlashni
davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash.
Tadbirkorlikni moliyaviy va mulkiy jihatdan
qoʻllab-quvvatlash quyidagilar vositasida amalga oshiriladi:
davlat subsidiyalarini berish;
iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni
grantlar asosida moliyalashtirish;
imtiyozli kreditlar ajratilishini taʼminlash;
coliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar
taqdim etish.
Bunda tovarlar savdosi sohasida quyidagi moliyaviy va
mulkiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etish taqiqlanadi:
eksport natijalariga bogʻlangan qoʻllab-quvvatlash
choralarini;
import qilingan tovarlar oʻrniga mahalliy tovarlardan
foydalanish talabiga bogʻlangan qoʻllab-quvvatlash choralarini.
Tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
ijtimoiy tadbirkorlik subyektlarining maʼlumotlari, tadbirkorlik
subyektlarining barqarorlik reytingi, Masʼuliyatli biznes yurituvchi
tadbirkorlik subyektlarining reyestridagi maʼlumotlar asosida hamda tumanlar va
shaharlarning toifasidan kelib chiqib taqdim etilishi mumkin.
Tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa turlarda ham amalga oshirilishi mumkin”;
21) quyidagi mazmundagi 451 — 455-moddalar bilan toʻldirilsin:
“451-modda. Tadbirkorlik subyektlarini
qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat subsidiyalari
Tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha
davlat subsidiyalari yashil texnologiyalarni joriy etish, ijtimoiy
tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, turizm sohasini rivojlantirish, taʼlimni va
sogʻliqni saqlashni qoʻllab-quvvatlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga
ulanish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga doir ragʻbatlantiruvchi
mexanizmlarni joriy etish maqsadida hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa
maqsadlarda berilishi mumkin.
452-modda. Tadbirkorlik loyihalarini davlat
grantlari asosida moliyalashtirish
Iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni,
shu jumladan ijtimoiy tadbirkorlik faoliyati loyihalarini, innovatsion hamda
novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tadbirkorlik subyektlariga
pul mablagʻlari va moddiy resurslar tarzida davlat grantlari berilishi mumkin.
Davlat grantlari respublika budjeti mablagʻlari va
qonunchilikka muvofiq boshqa manbalar hisobidan berilishi mumkin.
Davlat grantlarini ajratish tartibi va shartlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
453-modda. Tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli
kreditlar ajratilishini taʼminlash
Tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli kreditlar
ajratilishini taʼminlash boʻyicha davlat tomonidan quyidagi choralar amalga
oshirilishi mumkin:
tijorat banklarining kreditlar boʻyicha foiz
stavkasining tegishli qismini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etish;
imtiyozli foizli kreditlar ajratish maqsadida tijorat
banklariga moliyaviy resurslarni joylashtirish (kredit liniyalarini ochish);
xalqaro moliya institutlaridan davlat kafolati ostida
imtiyozli kreditlar jalb etish;
garovsiz ajratilgan kreditlar boʻyicha kredit
tavakkalchiligini taqsimlashda ishtirok etish;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa choralar.
454-modda. Soliq va boshqa majburiy toʻlovlar
boʻyicha imtiyozlar taqdim etish
Tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash
maqsadida qonunlar bilan soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar
taqdim etilishi mumkin.
Soliq imtiyozlari Oʻzbekiston Respublikasining Soliq
kodeksi bilan hamda ushbu Kodeksda belgilangan hollarda, Oʻzbekiston
Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan taqdim etiladi.
Bojxona boji va bojxona yigʻimlari boʻyicha imtiyozlar
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga muvofiq beriladi.
455-modda. Tadbirkorlik subyektlarini
infratuzilmaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash
Tadbirkorlik subyektlarini infratuzilmaviy jihatdan
qoʻllab-quvvatlash tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish
uchun umumiy shart-sharoitlarni taʼminlash, shu jumladan tadbirkorlikni tashkil
etishga koʻmaklashish, yordam berish, huquq, marketing, muhandislik va
menejment sohasida axborot taqdim etish, moddiy, texnik va boshqa resurslarni
taqdim etish orqali amalga oshiriladi”;
22) 46-modda quyidagi tahrirda bayon
etilsin:
“46-modda. Tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha
maxsus jamgʻarmalar
Tadbirkorlik subyektlarining tashabbuslarini davlat
tomonidan moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash tadbirkorlikni rivojlantirish
boʻyicha maxsus jamgʻarmalar (bundan buyon matnda maxsus jamgʻarma deb
yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Maxsus jamgʻarmalarning asosiy maqsadi tadbirkorlikni
moliyaviy jihatdan va nomoliyaviy qoʻllab-quvvatlash orqali tadbirkorlikni
sifatli rivojlantirishga koʻmaklashishdan iborat”;
23) 47-modda chiqarib tashlansin;
24) 5-bob quyidagi mazmundagi 481 — 484-moddalar bilan toʻldirilsin:
“481-modda. Ijtimoiy tadbirkorlikni davlat tomonidan
qoʻllab-quvvatlash
Tadbirkorlik subyektlarining ijtimoiy, ekologik
muammolarni hal etishga yoki ularning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan
faoliyati ijtimoiy tadbirkorlik deb eʼtirof etiladi.
Ijtimoiy tadbirkorlikni davlat tomonidan
qoʻllab-quvvatlash quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
imtiyozlar va preferensiyalar berish;
ijtimoiy loyihalarga doir xarajatlarni subsidiyalash;
davlat ijtimoiy buyurtmasini joylashtirish;
moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash;
xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning
malakasini oshirish;
maslahat berish, uslubiy yordam koʻrsatish va axborot
jihatidan qoʻllab-quvvatlash.
Ijtimoiy tadbirkorlikni davlat tomonidan
qoʻllab-quvvatlash ijtimoiy tadbirkorlik subyektlariga nisbatan amalga
oshiriladi. Ijtimoiy tadbirkorlik subyektlari deb eʼtirof etish mezonlari,
ularni qoʻllab-quvvatlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
tomonidan belgilanadi.
Ijtimoiy tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi
tadbirkorlik subyektlariga imtiyozlar va preferensiyalar berish soliq, bojxona
toʻlovlari boʻyicha imtiyozlarni qoʻllash, soddalashtirilgan moliyaviy
hisobotlarni va soliq hisobotlarini taqdim etish, davlat koʻchmas mulk
obyektlarini imtiyozli asosda ijaraga berish, davlat buyurtmachilariga
toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha ijtimoiy tovarlarni (xizmatlarni)
realizasiya qilish, ijtimoiy tovarlarni (xizmatlarni) Oʻzbekiston
Respublikasining Davlat budjetidan toʻliq yoki qisman moliyalashtiriladigan
reklama beruvchilar tomonidan reklama uchun ajratiladigan tegishli hajmda bepul
reklama qilish va boshqa usullar orqali amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan
ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun davlat subsidiyalari belgilanishi
mumkin. Subsidiyalash ijtimoiy tadbirkorlik faoliyati va ijtimoiy loyihaning
hajmi, u amalga oshirilayotgan hududning shart-sharoitlari, kutilayotgan
ijtimoiy-iqtisodiy samara va yangi ish oʻrinlarining yaratilishi mezonlari
asosida amalga oshiriladi. Davlat subsidiyalari ajratiladigan ijtimoiy
tadbirkorlik subyektlari tanlovlar oʻtkazish orqali vakolatli davlat organi
tomonidan aniqlanadi. Ijtimoiy loyihalarni davlat subsidiyalari orqali
moliyalashtirish uchun tanlovlar oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Davlat organlari ijtimoiy tadbirkorlik subyektlariga
budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan davlat ijtimoiy buyurtmasini berishi
mumkin. Ijtimoiy tadbirkorlik subyektlariga davlat ijtimoiy buyurtmasini berish
tartibi qonunchilikda belgilanadi.
482-modda. Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik
reytingi
Qonunchilik talablariga rioya etgan holda faoliyat
yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini aniqlash va qoʻshimcha ragʻbatlantirish
maqsadida Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi yuritiladi.
Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini
aniqlash va yuritish tartibi, ularni ragʻbatlantirish choralari qonunchilikda
belgilanadi.
483-modda. Masʼuliyatli biznes yuritish
Qonunchilikka rioya etish bilan bir qatorda barqaror
rivojlanishga hissa qoʻshgan hamda oʻz faoliyatining inson huquqlariga,
atrof-muhitga va jamoat manfaatlariga nisbatan salbiy taʼsirining oldini olish,
bunday taʼsirni kamaytirish, zarur hollarda uni bartaraf etish uchun choralar
koʻrgan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish masʼuliyatli biznes
yuritish deb eʼtirof etiladi.
Tadbirkorlik subyekti tomonidan masʼuliyatli biznes
yuritishning asosiy mezonlari quyidagilardan iborat:
inson huquqlariga rioya etish;
mehnatga va ishlab chiqarishga oid munosabatlar
sohasida har qanday qonunga xilof amaliyotga yoʻl qoʻymaslik;
atrof-muhitni, oʻz xodimlarining va aholining
sogʻligʻini muhofaza qilish, atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatilishining
oldini olish hamda uni bartaraf etish;
korrupsiyaga qarshi samarali choralarni joriy etish
hamda korrupsiya holatlariga yoʻl qoʻymaslik;
faoliyatni insofli biznes, marketing va reklama
qoidalariga muvofiq tashkil etish, shuningdek oʻzi taqdim etayotgan tovarlar va
xizmatlarning sifatini hamda ishonchliligini taʼminlash boʻyicha choralar
koʻrish;
oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etishda
shaffoflikni va hisobdorlikni taʼminlash;
mahalliy va milliy innovasion salohiyatni
rivojlantirishga hissa qoʻshish;
raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va axloqiy
boshqaruv prinsiplariga rioya etish;
soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etish.
Masʼuliyatli biznes yurituvchi tadbirkorlik
subyektlari qonunchilikda belgilangan tartibda grantlar, soliq imtiyozlari,
davlat xaridlarida ustuvorlik berish hamda boshqa choralar orqali davlat
tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.
Masʼuliyatli biznes yurituvchi tadbirkorlik
subyektlarini qoʻllab-quvvatlash choralari qonunchilikda belgilanadi.
Qonunchilikda belgilangan vakolatli organ tomonidan
Masʼuliyatli biznes yurituvchi tadbirkorlik subyektlarining reyestri
yuritiladi. Masʼuliyatli biznes yurituvchi tadbirkorlik subyektlarining
reyestri hamma tanishib chiqishi uchun ochiq hisoblanadi.
Tegishli mezonlarga javob bermaydigan tadbirkorlik
subyektlari Masʼuliyatli biznes yurituvchi tadbirkorlik subyektlarining
reyestridan chiqariladi va ularni qoʻllab-quvvatlash choralari toʻxtatiladi.
Masʼuliyatli biznes yurituvchi tadbirkorlik
subyektlarining reyestrini yuritish va ularni qoʻllab-quvvatlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
484-modda. Tuman va shaharning toifasi asosida
qoʻllab-quvvatlash
Tuman va shaharning toifasidan kelib chiqqan holda,
qonunchilikda tadbirkorlik subyektlari uchun soliq imtiyozlari, subsidiyalar va
ushbu subyektlarni qoʻllab-quvvatlashning boshqa choralari nazarda tutilishi
mumkin.
Tadbirkorlik faoliyatini tuman va shaharning
toifasidan kelib chiqqan holda qoʻllab-quvvatlash choralari Oʻzbekiston
Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi”;
25) 50-moddaning:
uchinchi qismi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil
24-sentabrda qabul qilingan “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar
huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-336-sonli Qonuni (Oʻzbekiston
Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-yil, № 9/2,
245-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda; 2021-yil, № 1,
3-modda, 4-songa ilova; 2022-yil, № 6, 570, 577-moddalar) 24-moddasining uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon
etilsin:
“Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish
natijalarini, shu jumladan obyektlarning qiymatini baholash hamda baholashga
oid hisobotning ishonchliligini ekspertizadan oʻtkazish natijalarini qayta
koʻrib chiqish, haqiqiy emas deb topish va bekor qilish masalalari yuzasidan
davlat organlari, shu jumladan nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi
organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulkning
daxlsizligini buzish sifatida baholanadi hamda bunday ishlar koʻrib chiqish
uchun qabul qilinmaydi”.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil
24-yanvarda qabul qilingan OʻRQ-461-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston
Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy
Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, 1-songa 2-ilova, № 7,
433-modda, № 10, 672-modda; 2019-yil, № 3, 166-modda, № 5, 261, 266-moddalar, №
9, 592-modda, № 10, 671-modda, № 11, 791-modda, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 1,
1-modda, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda; 2021-yil, № 1, 10-modda, 4-songa
ilova, № 8, 803-modda, № 9, 903-modda; 2022-yil, № 3, 216-modda, № 5,
463-modda, № 6, 577-modda, № 8, 787-modda; 2023-yil, № 4, 269-modda, № 12,
1008-modda; 2024-yil, № 2, 111-modda, № 9, 964, 969-moddalar, № 12, 1280,
1286-moddalar; 2025-yil, № 3, 373-modda, № 6, 729-modda, № 9, 1042-modda, № 10,
1153-modda, № 11, 1237-modda, № 12, 1328-modda; 2026-yil, № 2, 132-modda, № 4,
360, 364, 365-moddalar) 217-moddasining birinchi qismiga quyidagi qoʻshimcha va
oʻzgartirishlar kiritilsin:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan
toʻldirilsin:
“faoliyatni toʻxtatib turish, bundan nazorat qiluvchi
organlar tomonidan Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar
reyestriga kiritilgan omillar asosida oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga
toʻxtatib turish hollari mustasno”;
toʻrtinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishincha beshinchi —
toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon
etilsin:
“faoliyatni cheklash va taqiqlash, bundan favqulodda
vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun boshqa
haqiqiy xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda faoliyatni oʻn
ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash hollari hamda qonunda nazarda
tutilgan boshqa hollar mustasno”.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil
14-fevralda qabul qilingan “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi
OʻRQ-907-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy
Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2024-yil, № 2, 107-modda; 2025-yil, № 1,
7-modda, № 2, 188-modda; 2026-yil, № 3, 251-modda) quyidagi qoʻshimchalar
kiritilsin:
1) 8-modda quyidagi mazmundagi
uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Davlat mulkini xususiylashtirish boʻyicha imtiyozlar
va qoʻllab-quvvatlash choralari faqat qonunga muvofiq belgilanadi”;
2) 39-modda quyidagi mazmundagi toʻrtinchi
qism bilan toʻldirilsin:
“Xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan
obyektlarning qiymatini baholash hamda baholashga oid hisobotning
ishonchliligini ekspertizadan oʻtkazish natijalarini qayta koʻrib chiqish, haqiqiy
emas deb topish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu
jumladan nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar
tomonidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulkning daxlsizligini buzish
sifatida baholanadi hamda bunday ishlar koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi”.
5-modda. Oʻzbekiston
Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va
qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda boshqa manfaatdor
tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda
mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ushbu Qonun 1-moddasi 17-bandining oʻn birinchi xatboshisida nazarda tutilgan tadbirkorlik
subyektining faoliyatini oʻz arizasiga asosan toʻxtatib turish tartibini ushbu
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida ishlab chiqsin va
tasdiqlasin;
ushbu Qonun 1-moddasi 24-bandining oʻn birinchi va oʻn toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan ijtimoiy
tadbirkorlik subyektlari deb eʼtirof etish mezonlarini, ularni qoʻllab-quvvatlash
tartibini hamda ijtimoiy tadbirkorlik subyektlariga davlat ijtimoiy
buyurtmasini berish tartibini ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan
eʼtiboran uch oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonun 1-moddasi
24-bandining oʻttiz
toʻrtinchi xatboshisida nazarda tutilgan Masʼuliyatli
biznes yurituvchi tadbirkorlik subyektlarining reyestrini yuritish va ularni
qoʻllab-quvvatlash tartibini ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran
uch oy ichida ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin;
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu
Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari
va bekor qilishlarini taʼminlasin.
7-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan
eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 17-avgust,
OʻRQ-1168-son
(Qonunchilik maʼlumotlari
milliy bazasi, 17.08.2026-y., 03/26/1168/0851-son)
Sarlavxa :
Qonunlar
25 08 2026 / 15:58