Prezident O‘zbek tili bayrami
kunida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish
to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda 21-oktabr kuni Prezident
administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
“Nihoyat, uzoq yillik tarixiy
xato tuzatildi. Bugun Prezidentimiz lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini
takomillashtirishga oid qonunni imzoladilar. Bu yillar davomida bahslarga
sabab bo‘layotgan va oxiri ko‘rinmayotgan masala edi. 2023-yil 11-dekabrda
jadidlar merosiga bag‘ishlangan konferensiyadagi nutqimda alifboni tuzatish
tashabbusini ilgari surgan holda, mazkur bahslarga nuqta qo‘yish vaqti
kelganini aytgan edim”, — deb yozdi
u o‘zining Telegram kanalida.
“Albatta,
o‘zgarishlar oson kechmaydi, kimlardadir e’tiroz yoki xavotir uyg‘otishi ham
tabiiy. Lekin, ishoning, yozuvimizdagi noqulayliklarga barham berish
va tilimizning raqamli makondagi o‘rnini mustahkamlash uchun boshqa yo‘l
yo‘q edi”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
“Endi hamma hujjatlar yangidan
qilinadimi? Yo‘q, aslo! Biz xarajatlarni eng minimal darajaga tushirish yo‘lini
tanladik: amaldagi barcha hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlar o‘z
kuchida qoladi, darslik, peshlavha va ko‘rsatkichlar esa yaroqlilik muddati
tugagach, bosqichma-bosqich almashtiriladi”, — ma’lum qildi Prezident
administratsiyasi rahbari.
“Ushbu qonunning 21-oktabr
kuni qabul qilinishida chuqur ramziy ma’no bor. Tuzatilgan alifbomiz
ma’rifatparvar ajdodlarimiz orzusi, yoshlarimiz savodxonligi va tilimiz
mavqeini yuksaltirishga xizmat qilishiga ishonaman. Barchangizni O‘zbek tili
bayrami kuni bilan tabriklayman!” — deb yozdi u.
Avvalroq Senat lotin yozuviga
asoslangan o‘zbek alifbosiga kiritiladigan o‘zgartirishlarni ma’qullagan edi. Yangi variant
amaldagi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf
va bitta tutuq belgisidan iborat. Sh, Ch, Oʻ va Gʻ o‘rniga Ş, Ç, Ö va Ğ
harflaridan foydalanish, Ng ni esa alohida birlik sifatida alifbo
tarkibidan chiqarib tashlash taklif etilgan. Qonunchilik palatasi
o‘zgartirishlar to‘g‘risidagi qonunni iyul boshida qabul qilgan edi.
O‘zbekiston lotin yozuviga asoslangan o‘zbek
alifbosini 1993-yilda joriy etgan edi (unda “o‘zbek yozuvining lotin alifbosiga
o‘tilgan 1929 — 1940-yillardagi ijobiy tajribasidan kelib chiqib, keng
jamoatchilik vakillari bildirgan istak-xohishlarini inobatga olgan holda” degan
jumla mavjud edi). Birinchi tahrirda Ş, Ç, Õ va Ğ harflari bor edi. Biroq 1995-yilda ular chiqarib tashlanib, Sh, Ch, Oʻ
va Gʻ birikmalariga almashtirilgan.
Lotin alifbosiga to‘liq
o‘tishni 2000-yilgacha yakunlash rejalashtirilgan. Biroq islohot
yana 26 yilga cho‘zildi.
2020-yilning oktabr oyida
prezident mamlakatda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini
takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hukumatga
yangilangan alifboga uzil-kesil va to‘liq o‘tishni ta’minlash bo‘yicha ishchi
guruh tuzish topshirildi.
Lotin yozuviga asoslangan
yangi alifbo loyihasi muhokama qilish uchun muayyan o‘zgartirishlar bilan 2018, 2019 va 2021 yillarda e’lon qilingan, 2023 yilda esa uning muqobil varianti muhokama
qilingan. Muhokamalar bahs-munozaralar bilan kechdi. Gazeta ushbu masalaga
ko‘plab materiallarni bag‘ishladi — ularning ba’zilariga havolalar quyida
keltirilmoqda.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Qonunlar
22 10 2026 / 11:23