“Agrobank” va AgroVentures korporativ
akseleratoriga arizalar qabuli davom etmoqda. Bepul dasturga 20 tagacha startap
saralab olinib, ular bank va uning biznes mijozlari bilan pilot
loyihalarni amalga oshiradi. Arizalar 9-noyabrgacha qabul qilinadi.
AgroVentures venchur fondi prezidentning 2026-yil 13-martdagi
PQ-99-son qaroriga muvofiq “Agrobank” tomonidan tashkil etilgan.
Jamg‘arma qishloq xo‘jaligidagi startaplarni qo‘llab-quvvatlash, istiqbolli
g‘oyalarni moliyalashtirish va ularni amaliyotga joriy etishga
ko‘maklashadi.
Korporativ akselerator shu yo‘nalishdagi amaliy tashabbuslardan biridir. 12
haftalik dastur davomida jamoalar “Agrobank” bo‘linmalari hamda uning kichik va
o‘rta biznes mijozlari bilan birgalikda o‘z mahsulotlarini real sharoitda
sinovdan o‘tkazadi.
Dasturni muvaffaqiyatli yakunlagan startaplar AgroVentures’dan 25 mingdan
500 ming dollargacha sarmoya jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Dastur AI Station hamkorligida tashkil etilmoqda.
Bank bilan amaliy hamkorlik va mentorlik
Har bir jamoaga “Agrobank” tomonidan tajribali menejer biriktiriladi.
U startapga bank va uning mijozlari bilan pilot loyihani amalga
oshirishda ko‘maklashadi.
Ishtirokchilar biznes
va agrobiznes, bank va IT sohasidagi ekspertlardan dastur davomida
mentorlik asosida bilimlar va ko‘nikmalar orttirishi hamda tajriba oladi
imkoniyati mavjud. Dastur xalqaro
master-klasslar, hududlardagi amaliy seminarlar hamda mentorlar bilan
yakkama-yakka uchrashuvlarni qamrab oladi. Mashg‘ulotlarda mahsulotni bozorga
olib chiqish, sotuvni rivojlantirish, moliyaviy model tuzish
va investorlarga taqdimot tayyorlash ustida ishlanadi.
Xalqaro mentorlar orasida Microsoft va Intel kompaniyalarida ishlagan
Talos Capital asoschisi Kris Sangos hamda Mantro kompaniyasi bosh direktori
Manfred Tropper bor.
Akselerator yakunida jamoalar Demo Day tadbirida “Agrobank” rahbariyati,
investorlar va hamkorlarga o‘z mahsulotlari hamda pilot natijalarini taqdim
etadi.
Dasturda qatnashish bepul.
Ishtirok uchun startaplardan ulush yoki ularning daromadidan foiz talab
qilinmaydi.
Dastur kimlar uchun mo‘ljallangan?
Akseleratorga agrosoha va fintech, bank tizimida sun’iy intellekt,
aqilli qishloq xo‘jaligi, logistika va ta’minot, iqlim xatarlari hamda
kichik va o‘rta biznes uchun yechimlar yo‘nalishida mahsulotga ega jamoalar
taklif etiladi.
Ro‘yxatda ko‘rsatilmagan boshqa yo‘nalishlarda ishlayotgan, biroq bank yoki
fermerlar uchun foydali yechim taklif qila oladigan startaplar ham ariza
topshirishi mumkin.
Arizalar 9-noyabrgacha qabul qilinadi. Dasturga 20 tagacha jamoa saralab
olinadi. Batafsil — havolada.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Strategiya va davlat dasturlari
23 10 2026 / 9:54