O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining qarori
So‘nggi uch yilda “Obod
qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 1 500 dan ortiq qishloq va
mahallalardagi yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya
tarmoqlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarida qurilish va obodonlashtirish
ishlari amalga oshirildi, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etildi,
shuningdek, ularda istiqomat qilayotgan aholining turmush sharoitini
yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, respublikada
o‘tkazilgan xatlov natijasida ijtimoiy-iqtisodiy muammolari ko‘p bo‘lgan 1 071
ta qishloq va mahallalar mavjudligi aniqlandi.
Bundan tashqari, qishloq va
mahallalarning 179 tasida paxsadan va xom g‘ishtdan qurilgan umumta’lim
maktablari (maktab filiallari) faoliyat ko‘rsatmoqda, 5 568 tasida 29 ming
kilometr tuproq yo‘llar qattiq qoplamaga (qum-shag‘al, asfalt) o‘tkazilmagan, 1
540 tasi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, shuningdek, 49
tasida jamoat transporti qatnovi hamda 781 tasida chiqindi yig‘ish xizmatlari yo‘lga
qo‘yilmagan.
“Obod qishloq” va “Obod
mahalla” dasturlarini amalga oshirishni izchil davom ettirish orqali aholining
turmush darajasini yanada yaxshilash maqsadida, shuningdek, 2022-2026 yillarga
mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini
ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga
muvofiq:
1. Tuman (shahar) xalq
deputatlari Kengashlari tomonidan Xalq qabulxonalari va mahalliy hokimliklarga
tushgan murojaatlar soni, olis va tabiiy iqlim sharoiti og‘ir hududda
joylashganligi, aholi va tadbirkorlarning o‘zlari istiqomat qilayotgan hududni
birgalikda obodonlashtirish haqidagi tashabbuslari mavjudligini inobatga olgan
holda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari (keyingi o‘rinlarda – Dasturlar)
doirasida 2022 yil uchun:
qurilish, ta’mirlash hamda
obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan jami 413 ta qishloq va mahalla
tanlab olinganligi;
tanlab olingan qishloq va
mahallalardagi yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari,
ijtimoiy soha va boshqa infratuzilma ob’ektlarini qurish, ta’mirlash va
obodonlashtirish ishlarining manzilli dasturlari tasdiqlanganligi ma’lumot
uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
2022-2026 yillarda “Obod
qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilish, ta’mirlash hamda
obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan qishloq va mahallalar soni
bo‘yicha maqsadli parametrlar 1-ilovaga, shuningdek, 2022 yil uchun ularning
manzilli ro‘yxatlari 1a-1n-ilovalarga muvofiq;
2022-2026 yillarda “Obod
qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilish, ta’mirlash hamda
obodonlashtirish ishlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar
bo‘yicha maqsadli parametrlar 2-ilovaga, shuningdek, 2022 yil uchun
moliyalashtirish manbalari 2a-2n-ilovalarga muvofiq;
2022-2026 yillarda “Obod
qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida ijtimoiy soha ob’ektlarini
qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarining maqsadli parametrlari
3-ilovaga, shuningdek, 2022 yil uchun ularning manzilli ro‘yxatlari
3a-3n-ilovalarga muvofiq;
2022-2026 yillarda “Obod
qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida mintaqaviy yo‘llar (ichki
ko‘chalar) va ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini yaxshilash borasida amalga
oshiriladigan chora-tadbirlarning maqsadli parametrlari 4-ilovaga, shuningdek,
2022 yil uchun ularning manzilli ro‘yxatlari 4a-4n-ilovalarga muvofiq;
2022-2026 yillarda “Obod
qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida elektr ta’minoti tizimini
yaxshilash borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning maqsadli
parametrlari 5-ilovaga, shuningdek, 2022 yil uchun ularning manzilli
ro‘yxatlari 5a-5n-ilovalarga muvofiq;
2022-2026 yillarda “Obod
qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida gaz ta’minoti tizimini
yaxshilash borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning maqsadli
parametrlari 6-ilovaga, shuningdek, 2022 yil uchun ularning manzilli
ro‘yxatlari 6a-6n-ilovalarga muvofiq;
2022-2026 yillarda “Obod
qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida uy-joy fondini yaxshilash
borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning maqsadli parametrlari
7-ilovaga, shuningdek, 2022 yil uchun ularning manzilli ro‘yxatlari
7a-7n-ilovalarga muvofiq;
2022-2026 yillarda “Obod
qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish
organlari komplekslari, bozor infratuzilmasi ob’ektlarini qurish hamda
ta’mirlash borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning maqsadli
parametrlari 8-ilovaga, shuningdek, 2022 yil uchun ularning manzilli
ro‘yxatlari 8a-8n-ilovalarga muvofiq;
2022-2026 yillarda “Obod
qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida aloqa, axborotlashtirish va
aholiga transport xizmati ko‘rsatish tizimini yaxshilash borasida amalga
oshiriladigan chora-tadbirlarning maqsadli parametrlari 9-ilovaga, shuningdek,
2022 yil uchun ularning manzilli ro‘yxatlari 9a-9n-ilovalarga muvofiq;
2022-2026 yillarda “Obod
qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida aholi punktlarini
obodonlashtirish borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning maqsadli
parametrlari 10-ilovaga, shuningdek, 2022 yil uchun ularning manzilli
ro‘yxatlari 10a-10n-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasining
Bosh vaziri A.N.Aripovga, zarur hollarda, ushbu band bilan tasdiqlanayotgan
maqsadli parametrlar va manzilli ro‘yxatlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining takliflari
asosida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berilsin.
3. Respublikadagi mavjud
qishloq va mahallalarda aholining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida
aholi uchun dolzarb bo‘lgan muammolarni o‘rganish yuzasidan o‘tkazilgan xatlov
jarayonida aniqlangan ijtimoiy-iqtisodiy muammolari ko‘p bo‘lgan 1 071 ta
qishloq va mahallalarning Dasturlarga birinchi navbatda kiritilishi talab
etiladigan 447 tasidan 263 tasi 2022 yil uchun manzilli ro‘yxatlarga
kiritilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Iqtisodiy
taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi bilan
birgalikda mazkur qarorning 2-bandiga muvofiq Dasturlarga o‘zgartirish va
qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni va kelgusi yillar uchun manzilli
ro‘yxatlarni shakllantirishda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tasdiqlanadigan hududiy dasturlarni
ishlab chiqishda ularga ustuvor ravishda ushbu bandda nazarda tutilgan 184 ta
qishloq va mahallalarni kiritish choralarini ko‘rsin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
a) Dasturlar doirasida:
ichimlik suvi ta’minoti va
oqova suv tizimlari hamda yo‘l-transport infratuzilmasi ob’ektlari respublika
byudjeti mablag‘lari hisobidan tegishlicha Moliya vazirligi huzuridagi Suv
ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Avtomobil
yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasi orqali;
ijtimoiy soha ob’ektlarini va
boshqa ob’ektlarni qurish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti hamda viloyatlar mahalliy
byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan tegishlicha Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
huzuridagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamg‘armalari orqali;
elektr energiyasi, tabiiy gaz,
aloqa va axborotlashtirish tarmoqlarini qurish-ta’mirlash ishlari tegishlicha
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ, “O‘zbektelekom” AKning
o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;
b) ob’ektlarning loyiha-smeta
hujjatlariga asosan ajratilgan mablag‘lar yetishmagan taqdirda, ushbu
ob’ektlarni qurish, ta’mirlash va obodonlashtirish bilan bog‘liq qo‘shimcha
xarajatlar tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti va
viloyatlar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanadi;
v) yo‘llarni ta’mirlash uchun
qoldirilgan zaxira mablag‘lari xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari
tomonidan belgilab berilgan qishloq va mahallalardagi yo‘llarni ta’mirlashga
“Obod qishloq” dasturini amalga oshirishni muvofiqlashtirish bo‘yicha
Respublika komissiyasining (keyingi o‘rinlarda – Respublika komissiyasi) qaroriga
asosan yo‘naltiriladi.
5. Moliya vazirligi respublika
byudjetidan Dasturlar doirasida ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun 2 trillion
so‘m va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun 1 trillion so‘m mablag‘
ajratsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishlicha
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti hamda mahalliy byudjetlarning
qo‘shimcha manbalari hisobidan ijtimoiy soha va boshqa ob’ektlarni qurish
(ta’mirlash) va obodonlashtirishga 1,4 trillion so‘m mablag‘ni mazkur qarorning
2, 2a-2n-ilovalarida belgilangan miqdorlarda ajratilishini ta’minlasin.
6. Dasturlar doirasida amalga
oshiriladigan qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha
buyurtmachi etib:
ichimlik suvi ta’minoti
ob’ektlari (ijtimoiy sheriklik loyihalari bundan mustasno), ijtimoiy soha
ob’ektlari va qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari markazlashtirilgan
mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan boshqa ob’ektlar bo‘yicha –
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar
hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK DUK;
ichki avtomobil yo‘llari
bo‘yicha – Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huzuridagi “Mintaqaviy yo‘llarga
buyurtmachi xizmati” DUK;
elektr energiyasi, tabiiy gaz
va aloqa tarmoqlari bo‘yicha – tegishlicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ,
“Hududgazta’minot” AJ hamda “O‘zbektelekom” AK hududiy filiallari;
ichimlik suvi ta’minoti
sohasidagi ijtimoiy sheriklik loyihalari bo‘yicha – Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish
vazirligi belgilansin.
7. “Obod qishloq” va “Obod
mahalla” dasturlari doirasida qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari
amalga oshirilgan ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish hamda ekspluatatsiya
qilishni tashkil etish sxemasi 11-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Shunday tartib
o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2023 yildan boshlab:
qishloq va mahallalardagi
mavjud ishlab chiqarish hamda ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarining haqiqiy
holati tasdiqlangan mezonlar asosida baholanib boriladi;
baholash natijalariga ko‘ra
eng past ko‘rsatkich qayd etgan va o‘tgan davr mobaynida Dasturlarga
kiritilmagan qishloq va mahallalar Dasturlarga birinchi navbatda kiritiladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va
kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash
vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Qurilish vazirligi
bilan birgalikda bir oy muddatda qishloq va mahallalardagi mavjud ishlab
chiqarish hamda ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarining haqiqiy holatini baholash
mezonlarini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Respublika komissiyasiga kiritsin.
9. Mahalla va nuroniylarni
qo‘llab-quvvatlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda joriy yil 15 mayga
qadar ishlab chiqilgan mezonlar asosida qishloq va mahallalarni baholashdan
o‘tkazsin va ularning reyestrini shakllantirsin.
10. Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:
2022 yil 15 aprelga qadar
qishloq va mahallalarda yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya
tarmoqlarini, ijtimoiy soha va boshqa infratuzilma ob’ektlarini qurish,
ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarining manzilli ro‘yxatlariga muvofiq
ob’ektlarning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini ta’minlasin. Bunda,
har bir ob’ekt identifikatsiya raqami berilgan holda, “Shaffof qurilish” milliy
axborot tizimi va “Byudjet nazorati” elektron dasturiga kiritiladi;
Dasturlar doirasida amalga
oshiriladigan ishlar hajmi va smeta qiymatlarining asossiz ravishda oshib
ketmasligi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin;
Dasturlarga kiritilgan qishloq
va mahallalarning bosh reja sxemalari hamda batafsil rejalashtirish loyihalari
hududiy loyiha tashkilotlari tomonidan oldindan ishlab chiqilishini va ular
bilan bog‘liq tadbirlarning tegishli mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan
moliyalashtirilishini ta’minlasin;
joylarda obodonlashtirish va
ko‘kalamzorlashtirish, infratuzilma ob’ektlarini qurish hamda ta’mirlash
ishlarini moliyalashtirishga aholi va tashabbuskor tadbirkorlar mablag‘lari,
homiylik xayriyalari, tijorat banklari kreditlarini va qonunchilikda
taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mablag‘larni jalb qilish choralarini
ko‘rsin;
Dasturlar doirasida amalga
oshiriladigan qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlariga, birinchi
navbatda, shu hududda yashayotgan hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va
“Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan yoki mehnat migratsiyasidan qaytgan
ishsiz va band bo‘lmagan aholini jalb qilish choralarini ko‘rsin;
har oy yakuni bo‘yicha
Respublika komissiyasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish
vazirligi, Moliya vazirligi hamda Qurilish vazirligiga Dasturlar doirasida
bajarilgan ishlar va moliyalashtirilgan mablag‘lar to‘g‘risida axborot kiritib
borsin.
11. Qurilish vazirligi:
bir oy muddatda Dasturlarga
kiritilgan qishloq va mahallalarning bosh reja sxemalari, batafsil
rejalashtirish loyihalarini hamda qishloq va mahallalar markazining zamonaviy
qiyofasi loyihasini ishlab chiqsin;
Dasturlar doirasida ob’ektlarni
qurish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha loyiha-smeta
hujjatlarining belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini va
qurilish-montaj ishlari sifatli bajarilishi ustidan tizimli davlat nazorati
amalga oshirilishini ta’minlasin.
12. Davlat dasturlari ijro
etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabiga
(E.T.Yuldashev) Dasturlar doirasida:
tanlov (tender)lar o‘z vaqtida
va shaffof o‘tkazilishini, qurilish-pudrat ishlarining sifatli bajarilishi va
loyiha hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishini nazorat qilish;
loyihalar buyurtmachilar
tomonidan o‘z vaqtida moliyalashtirilishi hamda belgilangan muddatlarda
yakunlanishi, shuningdek, ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli hamda samarali
foydalanilishi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirish;
ijrosi kechikayotgan va
muammoli loyihalarni joyiga chiqqan holda o‘rganish hamda mavjud kamchiliklarni
bartaraf etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish;
har oy yakuni bo‘yicha amalga
oshirilgan ishlar to‘g‘risida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borish
vazifalari yuklatilsin.
13. Mazkur qaror ijrosini
samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir
o‘rinbosarlari A.J.Ramatov, J.A.Qo‘chqorov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini har oyda
muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish
va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga
yuklansin.
Amalga oshirilayotgan
chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga
har chorak yakuni bo‘yicha axborot berib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri, 2022 yil 18 mart
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari
24 03 2022 / 10:45