O‘ZBEKISTON
RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
KASANACHILIKNI RIVOJLANTIRISH
ASOSIDA AHOLI BANDLIGINI TA’MINLASHGA DOIR QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR
TO‘G‘RISIDA
Kasanachilikni
rivojlantirish orqali ishsiz aholi, ayniqsa xotin-qizlar, mehnatga layoqatli
nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish bilan bandligiga ko‘maklashish, ishlab
chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishni yanada kengaytirish maqsadida:
1. 2022-yil
1-iyuldan boshlab kasanachilikni mehnat shartnomasi bilan bir qatorda ishlarni
bajarish, tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko‘rsatish haqidagi
fuqarolik-huquqiy shartnomalar, shu jumladan pudrat shartnomasi asosida tashkil
etishga ruxsat etilsin.
Bandlik va mehnat
munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) bir oy muddatda kasanachilik shartlarida
amalga oshiriladigan faoliyat turlari ro‘yxatini tasdiqlash uchun Vazirlar
Mahkamasiga kiritsin. Bunda, kasanachilik shartlarida ko‘rsatilishi mumkin
bo‘lgan xizmat turlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilsin.
2. Belgilansinki,
2022-yil 1-iyuldan 2025-yil 1-yanvarga qadar:
kasanachilarga
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i kasanachilikdan olinadigan jami
daromadni 50 foizga, biroq hisobot davri (bir oy)da ko‘pi bilan bir million
so‘mgacha kamaytirgan holda hisoblanadi;
kasanachilar
ijtimoiy soliq to‘lovini o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan
tartibda amalga oshiradi;
Jamoat ishlari
jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ro‘yxati 1-ilovada belgilangan olis va chekka hududlardagi mahallalarda kasanachilikni
tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga har bir kasanachining dastlabki uch oy
davomidagi kasanachilik faoliyati uchun bir oylik o‘rtacha daromadi miqdorida
bir martalik subsidiya ajratiladi.
3. O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-avgustdagi “Mahallalarda tadbirkorlikni
yanada qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik subyektlari bilan aholi o‘rtasida
kooperatsiyani rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
PQ-5214-son qaroridagi “yetakchi” tadbirkorlik subyektlariga
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kredit
summasining 75 foizi miqdorigacha kafillik berish bo‘yicha tartib mazkur
qarorga 1-ilovada ko‘rsatilgan mahallalarda faoliyat yurituvchi
kasanachilar soni kamida 10 nafar bo‘lgan tadbirkorlik subyektlariga ham tatbiq
etilsin.
4. Shunday tartib
o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2022-yil 1-iyuldan 2025-yil 1-yanvarga qadar
Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan tadbirkorlik subyektlariga
“Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoki
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da bo‘lgan va kasanachilik bilan
shug‘ullanayotgan fuqarolarga asbob-uskunalar xarid qilib berish
xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining
10 baravarigacha miqdorida subsidiya ajratiladi.
Bunda, subsidiya
tadbirkorlik subyekti va tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish
markazlari o‘rtasida tuziladigan quyidagi shartlarni nazarda tutuvchi ijtimoiy
kontraktga asosan ajratilsin:
tadbirkorlik
subyekti tomonidan kasanachiga buyurtma berilayotgan ish turiga qarab,
subsidiya hisobiga xarid qilingan asbob-uskunalar kasanachiga bepul beriladi;
tuman (shahar)
aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari mahallada tadbirkorlikni
rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish
masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari bilan birgalikda
kasanachilarning ish faoliyati samaradorligini doimiy tarzda monitoring qiladi
hamda foydalanilmayotgan asbob-uskunalarga ajratilgan subsidiyalarni qaytarib
oladi.
5. Bandlik va
mehnat munosabatlari vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda
har bir hudud uchun alohida kasanachilikni rivojlantirish asosida aholi
bandligini ta’minlashga oid chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.
6. Mazkur qarorda
belgilangan chora-tadbirlarni hududlarda tatbiq etish bo‘yicha mas’ullar
ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Oilaviy
tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi koordinatorlari (S. Xolxo‘jayev, A.
Kamalov, D. Sultanov) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov)
bilan birgalikda 2022-yil uchun oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish
dasturlari doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 500 milliard so‘mini
kasanachilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishga
yo‘naltirsin.
8. Bandlik va
mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) ish beruvchilarning buyurtmasi
asosida kasanachilarni “Ishga marhamat” monomarkazlari, tuman (shahar)
kasb-hunarga o‘qitish markazlari va mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish
maskanlarida o‘qitishni tashkil etsin. Bunda:
mahallada
tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni
qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari va tuman
(shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazi xodimlari kasanachilik orqali
fuqarolarni ishga olish istagida bo‘lgan tadbirkorlarni aniqlaydi va faoliyat
yo‘nalishi kesimida ularning ro‘yxatini shakllantiradi;
tuman (shahar)
aholi bandligiga ko‘maklashish markazi xodimlari tadbirkorlar tomonidan taklif
etilayotgan kasanachilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun kasblar ro‘yxatini
shakllantiradi;
kasanachilarni
o‘qitish xarajatlari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari
hisobidan qoplab beriladi;
kasanachilik bilan
shug‘ullanmoqchi bo‘lgan ishsiz shaxslar “Ishga marhamat” monomarkazlari,
kasb-hunarga o‘qitish markazlari va mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish
maskanlarida talab etiladigan kasblarga o‘qitiladi.
9. 2023-yil
1-yanvardan boshlab nodavlat ta’lim muassasalarida davlat buyurtmasi asosida
ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarni kasanachilik yo‘nalishida kasbga
o‘qitishning quyidagi tartibi joriy etilsin:
Qoraqalpog‘iston
Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazlari
huzuridagi malakani baholash markazlari kasbiy malaka talablarini ishlab
chiqadi va salohiyatli ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasini beradi;
o‘quv kurslarini
tugatgan fuqarolarning bilim darajasi malakani baholash markazlari tomonidan
aniqlanadi va shu asosda ularga malaka sertifikatlari beriladi;
malaka
sertifikatini olgan fuqarolarga mehnat faoliyatini boshlashi uchun o‘qish
xarajatlariga teng miqdorda malakani baholash markazlari tomonidan subsidiyalar
beriladi.
Bandlik va mehnat
munosabatlari vazirligi (N. Xusanov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni
qisqartirish vazirligi (S. Xolxo‘jayev), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi
(A. Toshkulov) hamda Moliya vazirligi (T. Ishmetov) ikki oy muddatda nodavlat
ta’lim muassasalarida davlat buyurtmasi asosida ish bilan band bo‘lmagan
fuqarolarni kasanachilik yo‘nalishida kasbga o‘qitish tartibini nazarda tutuvchi
Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Bandlik va
mehnat munosabatlari vazirligi tashkiliy tuzilmasining umumiy shtatlar soni
doirasida vazirlik markaziy apparatida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik
va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh
boshqarmalari tuzilmasida kasanachilik faoliyatini rivojlantirish va
muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘lgan bo‘limlar tashkil qilinsin.
Bandlik va mehnat
munosabatlari vazirligiga quyidagi qo‘shimcha vazifa va funksiyalar
yuklatilsin:
kasanachilik
sohasida yagona davlat siyosati yuritilishini ta’minlash va hududlarning
ixtisosligidan kelib chiqib, kasanachilik faoliyati bo‘yicha maqsadli dasturlar
ishlab chiqish;
kasanachilikni
rivojlantirish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish orqali norasmiy
bandlikni qisqartirish va mahallalarda ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarni
kasanachilik faoliyatiga jalb qilish;
ishsiz fuqarolarni
kasanachilik faoliyati bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitish ishlarini tashkil etish;
kasanachilik
faoliyatini rivojlantirish yuzasidan ajratilayotgan subsidiyalarning
maqsadliligini ta’minlash va maqsadsiz foydalanilgan subsidiyalarni Davlat
budjetiga qaytarilishini ta’minlash;
ijtimoiy
muhofazaga muhtoj aholi qatlamlariga kasanachilik bilan shug‘ullanishlari uchun
imtiyozlar berish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
11. Belgilansinki,
ish beruvchi va kasanachi o‘rtasida tuzilgan mehnat, fuqarolik-huquqiy yoki
pudrat shartnomalari Davlat soliq qo‘mitasining Yagona elektron shartnomalar
axborot portalida majburiy tartibda ish beruvchi tomonidan ro‘yxatdan
o‘tkaziladi.
12. Bandlik va
mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov), Iqtisodiy taraqqiyot va
kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (S. Xolxo‘jayev), Moliya vazirligi (T.
Ishmetov) ikki oy muddatda:
a) manfaatdor
vazirlik va idoralar bilan birgalikda kasanachilik rivojlanishini samarali
monitoring qilish uchun va idoralararo ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish
maqsadida “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi
tarkibida mavsumiy va kasanachilik ishlari portali ishga tushirilishini
ta’minlasin;
b) quyidagilarni
tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
kasanachilarga
asbob-uskuna xarid qilib berish xarajatlari uchun tadbirkorlik subyektlariga
Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan subsidiya ajratish va
foydalanilmayotgan asbob-uskunalarga ajratilgan subsidiyalarni qaytarib olish
tartibini;
olis va chekka
hududlardagi mahallalarda kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlik
subyektlariga har bir kasanachining dastlabki uch oy davomidagi kasanachilik
faoliyati uchun bir oylik o‘rtacha daromadi miqdorida subsidiya ajratish
tartibini.
13. Axborot va
ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mazkur qarorning maqsadi, vazifalari va
undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy
tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.
14. Bandlik va
mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda
ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan
o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar
kiritsin.
15. Mazkur qaror
ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib bandlik va
mehnat munosabatlari vaziri N.B. Xusanov belgilansin.
Qaror ijrosini
nazorat qilish va ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga
yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh., 2022-yil 21-aprel, PQ-214-son
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari
26 04 2022 / 15:44