I. Kirish
2017 yilda boshlangan iqtisodiyotni
liberallashtirish va bozor mexanizmlari rolini oshirishga qaratilgan iqtisodiy
islohotlarning yangi bosqichi o‘rta muddatli istiqbolda bank tizimi va pul-kredit
siyosatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Ushbu yo‘nalishdagi muhim qarorlardan biri milliy valyuta almashuv
kursining bozor mexanizmlari asosida shakllanish tamoyillarini joriy etish
orqali ichki valyuta bozorini bosqichma-bosqich liberallashtirilishi bilan
bog‘liq amaliy qadamlar bo‘ldi.
Valyuta kursi shakllanishida tamomila yangi
yondashuvdan foydalanilishi, o‘z navbatida, Markaziy bankning asosiy e’tiborini
ichki bozordagi narxlar barqarorligiga qaratish asnosida pul-kredit siyosatini
takomillashtirish imkoniyatini beradi.
Ayni vaqtda valyuta bozorini liberallashtirish
borasidagi islohotlarning muvafaqqiyatli amalga oshirilishi ko‘p jihatdan
pul-kredit siyosatini takomillashtirish, tijorat banklari faoliyatini
mustahkamlash hamda bank tizimini rivojlantirish choralari samaradorligi bilan
chambarchas bog‘liq.
Shundan
kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Valyuta bozorini
liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi
Farmoni e’lon qilinishidan ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
“Pul-kredit siyosatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
Qarori qabul qilindi va Pul-kredit siyosatini 2017-2021 yillarda rivojlantirish
va inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha
chora-tadbirlar Kompleksi tasdiqlandi.
Bu boradagi keyingi muhim qadamlardan biri
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 9 yanvardagi “O‘zbekiston
Respublikasi Markaziy banki faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi
Farmonining qabul qilinishi bo‘ldi.
Mazkur farmonda narxlar barqarorligini
ta’minlash vazifasi Markaziy bankning bosh maqsadi etib belgilanib, Markaziy
bankning mustaqilligi va institutsional rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha
tegishli choralar nazarda tutilgan.
Qayd etish
lozimki, iqtisodiy siyosatni amalga oshirish yondashuvlarining qayta ko‘rib
chiqilishi davrida shakllanayotgan yangi voqeliklarda pul-kredit sohasidagi
o‘zgarishlarning aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan to‘g‘ri qabul
qilinishi va qo‘llab-quvvatlanishi muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining
o‘rta muddatli istiqbolda pul-kredit siyosatini rivojlantirish va amalga
oshirish Konsepsiyasi kommunikatsiyalar kanalining jamoatchilik fikrini
shakllantirish hamda inflyatsion targetlash rejimini amaliyotga joriy etishdagi
yetakchi roli inobatga olingan holda ishlab chiqilgan.
Ushbu Konsepsiyaning maqsadi inflyatsion
targetlashga o‘tishning konseptual asoslarini hamda ushbu pul-kredit siyosati
rejimini amaliyotga muvaffaqiyatli joriy etish uchun zaruriy sharoitlar
yaratish bo‘yicha o‘rta muddatli rejalarni keng jamoatchilikka yetkazish va
batafsil tushuntirishga qaratilgan.
II.
Makroiqtisodiy barqarorlik va rivojlanishni ta’minlashda pul-kredit
siyosatining o‘rni
Mamlakatda ichki narxlar barqarorligi
ta’minlanishi makroiqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikning kafolati bo‘lib,
iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va rivojlantirish dasturlarini
muvaffaqiyatli amalga oshirishda zaruriy sharoit hisoblanadi.
Bunda inflyatsiyaning past va barqaror
ko‘rsatkichlari muvozanatli iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, ishlab chiqarish
raqobatbardoshligi va aholini yashash darajasini oshirishning muhim omili
sanaladi. Shu nuqtai nazardan, narxlar o‘sish sur’atlarining pasayishi va
barqarorlashishi davlat iqtisodiy siyosatining asosiy maqsadlaridan biri
bo‘lishi kerak.
Inflyatsiyaning
past va barqaror darajasi aholi hamda yuridik shaxslar omonatlarini uzoq
muddatli investitsiyalarga aylanishi uchun kerakli sharoit yaratadi hamda ichki
bozordagi narxlar nomutanosibligini kamaytirib mavjud iqtisodiy resurslarning
samarali taqsimlanishiga xizmat qiladi.
Rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarning
markaziy banklari tajribalari hamda xalqaro moliya institutlari izlanishlari
natijalari pul-kredit siyosatini amalga oshirishda narxlar barqarorligini
ta’minlash maqsadining shak-shubhasiz ustuvorligini ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, pul-kredit siyosatini amalga
oshirish tartibi va ketma-ketligi turli mamlakatlarda iqtisodiyotning
xususiyatlari hamda tarkibiy tuzilishiga qarab farqlanadi.
Amaldagi
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki
to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, Markaziy bankning bosh maqsadi milliy valyuta
barqarorligini ta’minlash hisoblanadi. Bunda “milliy valyuta barqarorligi”
tushunchasini ikki xil, ya’ni almashuv kursining xorijiy valyutalarga nisbatan
barqarorligi yoki uning ichki xarid qobiliyati barqarorligi deb talqin qilish
mumkin.
Almashuv kursining erkin shakllanishi sharoitida
milliy valyutaning barqarorligi uning ichki harid qobiliyatini saqlash orqali
erishiladi.
Bunda, erkin suzib yuruvchi almashuv kursi
iqtisodiyotni ichki barqarorlashtiruvchi funksiyasini bajaradi. Boshqacha qilib
aytganda, to‘lov balansi bilan bog‘liq tashqi shok va qiyinchiliklar
kuzatilganda almashuv kursining mos ravishda o‘zgarishi ekportyorlar va import
o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarni rag‘batlantirishga
xizmat qiladi.
Ayni paytda Markaziy bank pul-kredit
siyosatining asosiy maqsadini ikki xil tushunilishini oldini olish va uning
faoliyati asosiy yo‘nalishini aniq belgilab olish maqsadida qonunchilikka
tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash
lozimki, narxlar barqarorligi deyilganda nol darajadagi yoki salbiy inflyatsiya
ko‘rsatkichlari nazarda tutilmaydi. Narxlar barqarorligi deyilganda narxlarning
turg‘un holatda turishi emas, balki ularning past darajada o‘sishi tushuniladi.
Bir qarashda narxlarning turg‘un turishi maqbul ko‘rinsa-da, narxlarning past
va barqaror o‘zgarishi iqtisodiyotning samarali faoliyati uchun eng qulay
sharoit hisoblanadi.
III.
Pul-kredit siyosatini amalga oshirishning usul va mexanizmlari (inflyatsion
targetlash rejimiga o‘tishning ahamiyati)
Ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash
vazifasi pul-kredit siyosatini amalga oshirishning aniq strategiyasi va
batafsil rejasi bo‘lishini hamda maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun
samarali instrumentlar va mexanizmlarni talab etadi.
Pul-kredit
siyosati rejimlaridan foydalanishning xalqaro tajribasi
Rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar
markaziy banklari tomonidan keng qo‘llanilayotgan usullar inflyatsion
targetlash, monetar targetlash, valyuta kursini targetlash va nominal yakorsiz
rejimlarni o‘z ichiga oladi.
Inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga
erishish vazifasi aksariyat markaziy banklar uchun bosh maqsad hisoblansa-da,
yuqorida qayd etilgan uslublar asosan tezkor va oraliq mo‘ljallarga qarab
farqlanadi.
Monetar
targetlash rejimi
Pul-kredit siyosatini amalga oshirishning ushbu
usulida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida pul agregatlari, rezerv
pullar va pul massasi hajmlari o‘zgarishini nazorat qilish nazarda tutiladi.
Ushbu strategiyaning samarali qo‘llanilishi
inflyatsiya ko‘rsatkichlari va pul agregatlari o‘rtasidagi mustahkam doimiy
bog‘liqlik bo‘lishini talab etadi. Bunda inflyatsiyaning maqsadli
ko‘rsatkichlariga pul agregatlari hajmini maqbul darajada ushlab turish
vositasida erishiladi.
Monetar targetlash rejimi 1970-chi va 1980-chi
yillarda AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveytsariya va boshqa
rivojlangan davlatlarda faol qo‘llanilgan.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda moliya
bozorlarining rivojlanishi va yangi moliyaviy instrumentlarning amaliyotga
joriy etilishi hisobiga pulga nisbatan talabning nobarqaror darajada bo‘lishi
mazkur usul samaradorligining pasayishiga olib keldi.
Natijada markaziy banklar pul massasidagi
o‘zgarishlarga samaralari ta’sir ko‘rsatish va inflyatsiyaning maqsadli
ko‘rsatkichlarini ta’minlash imkoniyati cheklanishi kuzatildi.
Pul agregatlari va inflyatsiya darajasi
o‘rtasidagi bog‘liqlikning kuchsizlanishi tufayli ko‘pchilik markaziy banklar
tomonidan pul agregatlarini targetlash amaliyotidan voz kechilib, inflyatsion
targetlash rejimini joriy qilinishiga sabab bo‘ldi.
Monetar targetlash rejimi pul taklifi va
talabining keskin o‘zgarishlari kuzatilgan rivojlanayotgan va o‘tish davridagi
mamlakatlarda iqtisodiy rivojlanishning dastlabki yillarida samarali strategiya
sifatida keng ko‘llanilgan. Bunda inflyatsiya bo‘yicha tegishli
ko‘rsatkichlarni belgilashda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsadlaridan
kelib chiqilgan.
1994 yildan
boshlab1 O‘zbekistonda amalga oshirilgan pul-kredit siyosati
ham pul massasining keskin o‘sib ketishini oldini olish orqali milliy valyuta
barqarorligini ta’minlash maqsadlariga qaratildi. Bunda rezerv pullar va pul
massasining o‘zgarishi operatsion hamda oraliq mo‘ljallar sifatida qo‘llanildi.
Mazkur rejim rasman monetar targetlash deb
tasniflansa-da, amaliyotda milliy valyutaning almashuv kursini dollarga
bog‘lash orqali bosqichma-bosqich devalvatsiya qilib borilganligi tufayli ba’zi
xalqaro institutlar va mutaxassislar tomonidan ushbu rejim aralash turga
kiritilgan.
Bir vaqtning o‘zida ikki maqsadga yo‘naltirilgan
almashuv kursi siyosati tashqi shoklar vujudga kelgan sharoitlarda samarasiz
ekanligini ko‘rsatdi. Bunda bir tomondan oltin-valyuta zahiralarini oshirish
vazifasi qo‘yilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan so‘mning almashuv kursini ma’lum
bir darajada ushlab turish maqsadi ko‘zlangan. O‘z navbatida, mazkur almashuv
kursi to‘lov balansi holati va tashqi iqtisodiy sharoitlarni o‘zida aks
ettirmagan.
Bunday siyosat, o‘z navbatida, ichki valyuta
bozorida muammolarni yuzaga keltirib, samarali pul-kredit siyosatini yuritish
imkoniyatlarini pasaytirdi. Bundan tashqari, pul-kredit instrumentlaridan
foydalanishning passiv rejimi monetar targetlashni samarali qo‘llashda
qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirdi.
Pul massasi o‘zgarishini omillar asosida
tahlili, pul massasi o‘sishi turli davrlarda oltin-valyuta zaxiralarining
oshishi hamda iqtisodiyotni kreditlash hajmlarining kengaytirish hisobiga
ta’minlanganligini ko‘rsatmoqda.
O‘z navbatida, Davlat byudjetining muvozanatli ijrosi va hukumat
hisobraqamlarida mablag‘lar yig‘ilishi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi
tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobraqamlarida mablag‘larning jamlanib
borilishi pul massasi o‘sishini maqbullashtiruv chi omillardan bo‘lgan.
Ayni paytda iqtisodiyotni kreditlashning asosiy
manbalari markazlashgan mablag‘lar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi
tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan moliyalashtirilganligi hamda
ushbu mablag‘lar asosan ishlab chiqarish texnologiyalari va xomashyo
materiallarini import qilish maqsadida foydalanilganligi tufayli iqtisodiyotda
pul massasi o‘sishiga va mos ravishda inflyatsiya darajasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri
ta’sir ko‘rsatmagan.
Umuman olganda, ushbu omillar ta’sirida pul
massasi tez sur’atlarda oshishining oldi olingan.
1-rasm