Ayni paytda Andijon viloyatida jami 147 yirik issiqxonalar mavjud bo‘lib, ularning ekin maydoni 184 gektarni tashkil etadi. Joriy yilda ushbu issiqxonalarning 167 gektariga sabzavot mahsulotlari – pomidor, bodring va bulg‘or qalampiri ekilgan. Joriy yilning birinchi mavsumida issiqxonalarda 12 ming 623 tonna mahsulot, jumladan, 8,2 ming tonna pomidori, 3,6 ming tonna bodring va 860 tonna boshqa mahsulotlar yetishtirildi.
– Viloyatimizda shu yilning o‘zida umumiy qiymati 84,9 milliard so‘mga teng 24 ta loyiha doirasida 51 gektar maydonda yangi issiqxonalar barpo etilishi rejalashtirilgan, – deydi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish agentligi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Abdumutalib Sulaymonov. – bugungi kunga qadar 21 ta loyiha ishga tushirilib, 48 gektar maydonda yangi issiqxonalar barpo etildi. Buning natijasida 400 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Asaka tumani adirliklarida “Sabo hamkor” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Net House” (isitilmaydigan) usulda 70 gektar maydonda zamonaviy issiqxonalar barpo etildi. Mazkur issiqxonalarga malina, qulupnay, maymunjon, pomidor, bodring, baqlajon, karam, bulg‘or qalampiri kabi 10 dan ortiq turdagi ekinlar intensiv usulda ekilgan bo‘lib, ayni paytda yetishtirilgan hosil yig‘ishtirib olinmoqda.
Hosildorlik esa ancha yuqori. Asaka tumanida “Net House” usulda issiqxonalar qurish ishlari davom etmoqda. Shu kunlarda Qo‘rg‘ontepa tumanida “aeroponika” usulida super elita urug‘lik kartoshka yetishtirish uchun issiqxona qurish ishlari yakunlanib, jihozlash ishlari olib borilmoqda. Mazkur inshoot to‘liq ishga tushishi bilan 3 ming gektar maydonni istiqbolli urug‘lik bilan ta’minlash imkoni yaratiladi. Bundan tashqari, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish agentligi viloyat bo‘limi tomonidan sabzavot ko‘chatlari yetkazib berish maqsadida ikkita yirik issiqxona tanlab olinib, ko‘chatlar yetishtirish uchun yer tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Viloyatda yil yakuniga qadar yana uchta loyiha asosida 3 gektar maydonda zamonaviy issiqxona barpo etilib, ishga tushiriladi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari
07 12 2022 / 12:47