22 fevral kuni «O‘zbekiston Respublikasining
Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida»gi qonun prezident tomonidan
imzolandi. Qonun bilan Shaharsozlik kodeksi yangi tahrirda tasdiqlandi.
85ta moddadan iborat yangi tahrirdagi
kodeksda asosan quyidagi yangiliklar aks etgan:
·
«aholi punkti», «shahar», «shaharcha» va
«qishloq (ovul)» kabi obektlar turlari, «o‘zboshimchalik bilan qurilish
qilish», «urbanizatsiya» tushunchalari, shaharsozlik faoliyatida fuqarolar
muhokamasi ishtiroki va boshqa iboralarga tushunchalar berilmoqda;
·
shaharsozlik faoliyatining asosiy
prinsiplari alohida moddada o‘z aksini topgan bo‘lib, ushbu prinsiplar aholi
punktlarining kompleks va barqaror rivojlanishini ta'minlash, qurilishga ruxsat
berish jarayonining oshkoraligi va ochiqligini ta'minlash kabi masalalarga
yo‘naltirilgan;
·
shaharsozlik normalari va qoidalarini
ishlab chiqish yuzasidan tegishli normaga yangi me'yorlar kiritilib, ular bilan
vazirlik va idoralar shaharsozlik qoidalarini ishlab chiqish va tegishli
o‘zgartishlarni, shuningdek, shaharsozlik normalaridan chekinish zarurati
vujudga kelganda maxsus texnik shartlar ishlab chiqilishini maxsus vakolatli
davlat organi bilan kelishib borish yo‘lga qo‘yilishi belgilanmoqda;
·
loyiha hujjatlarini ekspertizadan
o‘tkazish bo‘yicha yangi moddalar kiritilib, mazkur moddalarda ekspertlarning
huquqlari va javobgarligi, jumladan, har bir ekspert bergan xulosasi yuzasidan
qonun oldida javob berishi belgilanmoqda;
·
qurilishni nazorat qilish borasida yangi
normalar kiritilgan bo‘lib, ular bilan qurilishni nazorat qilish turlari,
qurilishni davlat tomonidan nazorat qiluvchi inspeksiyalar, texnik, mualliflik
va ichki nazoratning vakolatlari belgilanmoqda;
·
qurilishda sug‘urtalash bo‘yicha yangi modda
kiritilmoqda;
·
aholi punkti bosh rejalarining loyihalari muhokamasida
jamoatchilik ishtirokini ta'minlashga qaratilgan alohida moddalar kiritilib,
ular shaharsozlik sohasida qarorlarni qabul qilishda fuqarolar fikrlari keng
o‘rganilishiga, ortiqcha mablag‘lar sarflanishi hamda insonlar noroziligining
oldini olishga qaratilgan;
·
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va amalga
oshirishdagi taqiqlarni aks ettiruvchi yangi me'yorlar kiritilib, ular qurilish
jarayoniga vakolatga ega bo‘lmagan shaxslarning aralashuviga chek qo‘yish,
shaharlar va tumanlar markazlarida qurilishi tugallangan mavzelar, ko‘p qavatli
turar joy mikrorayonlari hududlarida bosh rejalarda nazarda tutilmagan ishlab
chiqarish, savdo, umumiy ovqatlanish, servis xizmati ko‘rsatish va bozor
infrastrukturasining obektlarini qurishni taqiqlash, eng asosiysi, yakka
tartibda uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkalarida uch va undan ortiq
qavatli (ko‘p kvartirali) uylarni qurishni taqiqlashga yo‘naltirilgan;
·
yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararning
o‘rni qoplanishining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan norma yangi
bandlar bilan to‘ldirilib, ular hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilgan
davlat dasturlari va investitsiya loyihalari doirasida fuqarolar va
tadbirkorlik sub'yektlariga tegishli bo‘lgan bino va inshootlar joylashgan yer
uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan mulkdorlarning qonuniy huquq va
manfaatlari kafolatlarini yanada mustahkamlashni ta'minlashga hamda yetkazilgan
zararlarni qoplashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf qilishga
imkoniyat yaratishga qaratilgan.
Ma'lumot uchun,
Shaharsozlik kodeksining avvalgi tahriri 2002 yil 4 aprelda tasdiqlangan bo‘lib, 59ta moddadan
iborat edi.
Shaharsozlik
kodeksining yangi tahriri 2020 yil 26 avgust kuni Qonunchilik palatasi
tomonidan qabul qilingan hamda 2021 yil 6 yanvar
kuni Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida ma'qullangan edi.
kun.uz.dan olindi
Sarlavxa :
Qonunlar
25 02 2021 / 9:31