Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Tadbirkorlik kodeksi – tadbirkorlikka oid tizimli huquqiy me’yorlar to‘plami


Ulashing :


Tadbirkorlik sub’ektlari uchun ma’muriy va soliq yuki kamaytirildi. Biznes yuritishdagi byurokratik to‘siqlarni olib tashlashga qaratilgan qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Misol uchun, o‘tgan bir yil davomida biznes muhitini yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 70 dan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi.

Imtiyoz va kafolatlarning taqdim etilishi evaziga tushumlari 1 million dollardan oshgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 5 mingtaga ortdi. Yana ming nafar tadbirkorlar tovar aylanmasini 1 milliondan 10 million dollargacha yetkazdi. Shuningdek, 220 nafar tadbirkorning tushumlari 100 million dollarga yetib, umumiy eksport hajmi 30 foizga ko‘paydi.

bugungi kunda tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari tarqoq holda va nihoyatda ko‘p, ya’ni 5 mingga yaqin.

Sohaga oid qonunchilikni tizimlashtirish maqsadida Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqildi.

Adliya vazirligida Germaniya Federal Adliya vazirligi huzuridagi Xalqaro-huquqiy hamkorlik jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan amaliy seminarda Tadbirkorlik kodeksi loyihasining ayrim masalalari muhokama qilindi.

Xorijiy ekspertlar, Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqish uchun shakllantirilgan ishchi guruh a’zolari tadbirkorlik sub’ektlarini kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratishning o‘ziga xos xususiyatlari va tadbirkorlik sub’ektlarining tashkiliy-huquqiy shakllari haqida fikr almashdi.

Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqishga 3 yilga yaqin vaqt sarflangani aytib o‘tildi. Loyihani ishlab chiqishda nafaqat milliy, balki xalqaro ekspertlar ham jalb qilindi. Loyiha 5 oydan ortiq vaqt davomida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi.

Aynan tadbirkorlarning takliflari, ularni qiynab kelayotgan tizimli muammolarni o‘rganish uchun respublika darajasida ishchi guruhlar tashkil etilib, respublikamizning barcha hududlarida tadbirkorlar bilan kodeks loyihasi muhokama qilindi.

Jamoatchilik, tadbirkorlar va soha ekspertlari bilan o‘tkazilgan muhokamalar natijasida 1,5 mingga yaqin takliflar kelib tushdi hamda loyihada korrupsiyaviy omillarning mavjudligi, gender tenglikka ta’siri va boshqa masalalar bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnomalarda 1,2 mingdan ortiq fuqarolar ishtirok etdi.

Bundan tashqari, kodeks loyihasi yetakchi xalqaro 8 tashkilot, jumladan USAID, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporasiyasi, Germaniyaning “Berlin Economics” iqtisodiy guruhi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga taqdim etilgan. Ushbu tashkilotlardan ekspertiza natijalari bo‘yicha xulosa va takliflar kelib tushgan.

bugungi kunda ushbu takliflar asosida Tadbirkorlik kodeksi loyihasi mutaxassislar tomonidan o‘z maromiga yetkazilmoqda.

Kodeksda tadbirkorlarning huquqiy himoyasiga, byurokratiya va ma’muriy yukni, shu jumladan, davlat organlarining biznesga aralashuvini keskin kamaytirishga hamda biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilgan.

Xususan, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi 16 asosiy prinsip, jumladan, tadbirkorlikning erkinligi, tadbirkorlar faoliyatiga davlatning noqonuniy aralashishiga yo‘l qo‘ymaslik, tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining ustuvorligi belgilandi.

Tadbirkorlik sub’ektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratilmoqda. Tadbirkorlar faoliyatidagi amaldagi tekshiruvlar soni ikki baravar qisqartirilib, kodeks bilan tekshiruvlarning qat’iy ro‘yxati belgilandi. Tadbirkorlar faoliyatiga davlat tomonidan aralashuv keskin qisqartirilib, uning aniq chegaralari belgilandi.

Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kodeks tadbirkorning qo‘lida yagona kompakt huquqiy me’yorlar to‘plamiga aylanib, har doim uning yonida yuradigan hujjat bo‘ladi.

N.Abduraimova, O‘zA



Sarlavxa :
Qonunlar

14 12 2022 / 15:41