Biroq eksportbop va yuqori qiymatga ega hisoblangan kavrakdan nazoratsiz, rejasiz va noto‘g‘ri foydalanilayotgani tufayli bu dorivor o‘simlikning tabiiy tarqalgan maydonlari qisqarib ketmoqda. Xususan, yurtimizda 2015 yilda 54 ming gektar yer maydonida kavrak o‘sgan bo‘lsa, hozirda bu maydon 13,5 ming gektarga qisqargan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ayni shu masala bilan bog‘liq.
— Davlatimiz rahbarining «Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan tojik kavragi o‘simligining tabiiy populyatsiyasi, takror ko‘payishi va qayta tiklanishini ta’minlash maqsadida joriy yildan boshlab uch yil muddatga tojik kavragidan foydalanishga moratoriy joriy etildi, — deydi deputat Ravshan Begmatov. — Mazkur farmonda keltirilgan talablardan kelib chiqib, qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda yanada takomillashtirildi. Mazkur hujjatga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga uning doimiy foydalanishida bo‘lgan yaylov yerlarida yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligidan maxsus foydalanish hamda uni O‘zbekistondan olib chiqish uchun ruxsatnoma berish vakolati berilmoqda.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligini saqlab qolish va muhofaza qilish samaradorligini oshirishga, O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga uning doimiy egaligida bo‘lgan yaylov yerlarda kavrakni yig‘ish (g‘amlash) va chetga olib chiqish uchun ruxsatnoma berish tartibini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Muhokamalarda so‘z olgan fraksiya a’zolari partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi.
Shuningdek, yig‘ilishda "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida"gi, "Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
M.Komilova,
O‘zA
Sarlavxa :
Qonunlar
14 03 2023 / 14:26