O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
2021-yil 3-dekabr, PF-29-son
Aholining
tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy ko‘maklashish,
ularning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash mexanizmlarini yanada
takomillashtirish, mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish
orqali kambag‘allikni qisqartirish, respublika, viloyat, tuman va shaharlarda
ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari va manzilli moliyaviy qo‘llab-quvvatlash
instrumentlarini bevosita mahalla darajasiga tushirish maqsadida:
1.
2022-yil 1-yanvardan boshlab har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek,
shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada
(keyingi o‘rinlarda — mahallalar) tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi
bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman
(shahar) hokimining yordamchisi (keyingi o‘rinlarda — hokim yordamchisi)
lavozimi ta’sis etilsin.
2.
Quyidagilar hokim yordamchilarining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari
etib belgilansin:
mahalladagi
ijtimoiy-iqtisodiy holatni xonadonbay o‘rganish, jumladan aholining bandlik
darajasini, oilalarning daromad manbalarini, tomorqa yerlaridan foydalanish
holatini hamda daromadli mehnatga bo‘lgan intilishi va ehtiyojlarini tahlil
qilish;
mahallada
tadbirkorlikni rivojlantirishning ichki imkoniyatlari, tadbirkorlik bo‘yicha
ixtisoslashuv va mehnat resurslarini inobatga olgan holda, uni rivojlantirishga
turtki beradigan omillar va yo‘nalishlarni belgilash, ularni ishga solish
orqali mahallaning iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash;
doimiy
daromad manbaiga ega bo‘lmagan va ishsiz aholining, ayniqsa, yoshlar va
xotin-qizlarning qiziqishlarini o‘rganish orqali ularni kasb-hunar va
tadbirkorlikka o‘rgatuvchi o‘quv markazlariga yo‘naltirish hamda o‘qishni
tamomlagan bitiruvchilarning bandligini ta’minlashga yordam berish;
mahalladagi
mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mavsumiy
ishchilarga bo‘lgan talabini aniqlash orqali ishsizlarni, birinchi navbatda,
“temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va
xotin-qizlarni bo‘sh (vakant) ish o‘rinlariga joylashtirish hamda haq
to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish;
mahallada
istiqomat qiluvchi aholining oilaviy tadbirkorligini rivojlantirish, jumladan
ularning hunarmandchilik, kasanachilik, tomorqadan samarali foydalanish, kichik
ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa turdagi faoliyatni yo‘lga
qo‘yishi uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar olishda
ko‘maklashish;
mahallaning
ixtisoslashuvidan kelib chiqib, kooperatsiya asosida tadbirkorlik faoliyatini
yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan yetakchi tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar
ajratishni tashkil etish, ularga tadbirkorlik bilan mustaqil shug‘ullanish
tajribasiga ega bo‘lmagan fuqarolarni o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun
ularga biriktirish;
aholi
tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish, uy sharoitida
dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik,
urug‘chilik, ko‘chatchilik, gulchilik kabi faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yishga
ko‘maklashish;
mahalladagi
ish bilan band bo‘lmagan aholining tadbirkorlik va doimiy daromad keltiruvchi
faoliyat bilan shug‘ullanishini yo‘lga qo‘yish maqsadida ularga issiqxona
qurish, tomorqasini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ilash,
qishloq xo‘jaligi kooperativiga a’zo bo‘lish, asbob-uskuna va mehnat
qurollarini xarid qilish, bino va inshootning ijara to‘lovi hamda kasb-hunar va
tadbirkorlikka o‘qishi uchun subsidiyalar olishda ko‘maklashish;
mahalladagi
bo‘sh bino va yer maydonlarini aniqlab, ularni belgilangan tartibda
tadbirkorlik subyektlariga ajratish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga takliflar
kiritish;
tadbirkorlik
faoliyatini amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarning
(muhandislik-kommunikatsiya tizimlariga ulanish va ulardan foydalanish, turli
xil faoliyatni yo‘lga qo‘yish uchun ruxsatnomalar va litsenziyalar olish, bo‘sh
bino va yer maydonlarini tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun ajratish va
boshqalar) tegishli tashkilotlar tomonidan hal etilishini tashkil etish.
Barcha
vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari hokim yordamchilariga ularning
vazifalarini amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak berish uchun shaxsan mas’ul
va javobgar hisoblanadi.
3.
Quyidagilar:
Iqtisodiy
taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni
rivojlantirish agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining
Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil
etish va muvofiqlashtirish kotibiyati negizida Iqtisodiy taraqqiyot va
kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va
tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik);
Iqtisodiy
taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni
rivojlantirish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va
Toshkent shahri bo‘yicha vakolatli ofislari hamda Qoraqalpog‘iston
Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh
vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari negizida
Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi
hududiy boshqarmalari;
tumanlar
va shaharlardagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar
murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari negizida tuman (shahar)
hokimliklari tarkibida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Mahallabay ishlash
va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari (keyingi o‘rinlarda — Markazlar)
tashkil etilsin.
Belgilab
qo‘yilsinki:
Agentlikka
Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod
etiladigan direktor rahbarlik qiladi;
Agentlik
huzurida bir yil muddatga doimiy faoliyat yuritadigan “Mahallabay ishlash
shtabi” tashkil etiladi;
Markaziy
bank, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Investitsiyalar va tashqi
savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat
palatasi rahbarlarining tegishli o‘rinbosarlari bir yil muddatga boshqa barcha
vazifalarni bajarishdan ozod etilgan holda “Mahallabay ishlash shtabi”ga xizmat
safariga yuboriladi.
4.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzurida yuridik
shaxs tashkil etmagan holda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari
jamg‘armalari shaklida ochiladigan Hokim yordamchilari faoliyatini
qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilsin.
Iqtisodiy
taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga Hokim yordamchilari
faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘larini boshqarish vazifasi
yuklansin.
5.
Belgilab qo‘yilsinki:
hokim
yordamchisi lavozimiga Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish
vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi,
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, tijorat
banklari, iqtisodiy va investitsiya komplekslariga kiruvchi boshqa idoralar,
ularning hududiy bo‘linmalarida bo‘lim (sho‘ba) boshlig‘idan past bo‘lmagan
lavozimda ishlovchi rahbar xodimlar, shuningdek, mahalliy hokimliklarning
rahbar xodimlari tayinlanadi;
hokim
yordamchisi lavozimiga nomzodlar tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari
boshchiligidagi tanlov komissiyalari orqali ochiq tanlovlar asosida ishga qabul
qilinadi;
nomzodlarning
intiluvchanligi, maqsadga yo‘nalganligi, qobiliyati, tajribasi kabilarni
inobatga olgan holda tadbirkorlar, boshqa soha vakillari, faol yoshlar,
rahbarlik lavozimida faoliyat yuritmayotgan xodimlar va oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan
fuqarolar ham ishga qabul qilinishi mumkin.
6.
Vazirliklar, idoralar, tijorat banklari, mahalliy ijro hokimiyati organlari
rahbarlariga hokim yordamchilari lavozimiga tayinlangan xodimlarning avvalgi
ish joyidagi lavozimini ikki yilgacha muddatga saqlab qolish, mazkur davrda
ushbu lavozimga boshqa shaxslarni muddatli mehnat shartnomasi asosida vaqtincha
ishga qabul qilish tavsiya etilsin.
7.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish
agentligi hokim yordamchilarini:
ish
faoliyati natijalariga ko‘ra Milliy kadrlar zaxirasiga kiritsin;
ikki
yillik mehnat faoliyati natijalariga ko‘ra lavozimini oshirish yuzasidan
vazirlik va idoralar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i
Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taklif kiritsin.
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish
agentligining takliflariga asosan hokim yordamchilarini tanlovsiz to‘g‘ridan
to‘g‘ri yuqori lavozimlarga o‘tkazishga ruxsat berilsin.
8.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish
agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining:
“Yangi
O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishonini ta’sis etish;
hokim
yordamchisi lavozimiga tayinlangan hamda ular faoliyatini samarali tashkil
etishga jalb qilingan shaxslarni ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlash
amaliyotini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
Iqtisodiy
taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va
idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda “Yangi O‘zbekiston islohotchisi”
ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar
hokimliklari Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Iqtisodiy
taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda joylarda
“inson qadri uchun” shiori bilan amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘zining
faol ishtiroki, aholining turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha tashabbuslari
bilan boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan mahallalar va hokim yordamchilarini
rag‘batlantirib borish maqsadida “Eng namunali mahalla” va “Faol hokim
yordamchisi” kabi ko‘rik tanlovlarning muntazam o‘tkazib borilishini
ta’minlasin.
10.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi
va boshqa ommaviy axborot vositalariga mahalliy davlat hokimiyati organlari
tashkiliy tuzilmasini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng
yoritib borish tavsiya etilsin.
11.
Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni
qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari S.M. Xolxo‘jayev, Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari
mazkur Farmon asosida joriy etilayotgan tizimning samarali tashkil etilishini,
ish faoliyatida aniqlanadigan muammolarning joyida hal qilinishini ta’minlasin.
12.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi:
bir
hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallada
tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni
qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasini;
ikki
oy muddatda Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan
birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan
o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga
kiritsin.
13.
Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh
vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi
rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari
07 03 2022 / 9:41