Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Konstitutsiyada inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlaydigan normalar nazarda tutilgan


Ulashing :


Munosabat

Bugun dunyoda ko‘plab mamlakatlar chinakam demokratik davlat qurishning ilg‘or tajribalarini hayotga tatbiq etishga harakat qilmoqda. Har bir davlatning o‘z modeli bo‘lib, demokratik davlat qurish uchun kompleks choralarni ko‘rish talab etiladi. Jamiyatning siyosiy madaniyatini oshirish, aholining davlat va jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlash, mahalliy urf-odatlar va an’analarni hurmat qilish, milliy qadriyatlar va diniy erkinliklarni e’zozlash, inson huquqlari hamda erkinliklarini ta’minlash, boshqa mamlakatlarga hurmat bilan qarash chinakam demokratik davlat barpo etish yo‘lida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ba’zi sa’y-harakatlardir.

Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston ham samarali davlat va jamiyat boshqaruvi bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etib kelmoqda. Eng muhimi, bu jarayonlar O‘zbekistonning ko‘p yillik davlatchilik tarixi, mamlakatda yashab kelayotgan xalqlarning ko‘p asrlik umumiy qadriyatlari va an’analari asosida amalga oshirilmoqda.

Aholining davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan xalq bilan muloqot, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohot va o‘zgarishlarning poydevoridir. Shu bois muhim qarorlar, jumladan, qonunlar va strategik hujjatlarni qabul qilish faqat jamoatchilik bilan maslahatlashilganidan keyingina qabul qilinmoqda. E’tirof etish joizki, O‘zbekistonda jamoatchilik muhokamalarini samarali tashkil etish uchun turli muloqot maydonlari va mexanizmlar mavjud. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, jamiyat islohotlarning asosiy tashabbuskori bo‘lishi, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak.

Demokratiyani ta’minlash uchun vazirlik va idoralar ochiq va oshkora faoliyat yuritishi shart. Binobarin, barcha darajadagi davlat idoralari endi jamiyat va parlament oldida hisobot beradi. Vazirlik va idoralar o‘z qarorlarini elektron platformalarga joylashtirib borishlari lozim. Bu, o‘z navbatida, mansabdor shaxslarning jamiyat hamda fuqarolar oldidagi mas’ulligini oshiradi.

So‘nggi yillarda mamlakatda mansabdor shaxslarni xalqqa yanada yaqinlashtirish va hokimiyatni nomarkazlashtirish maqsadida, fuqarolar istiqomat qilayotgan mahallalarida o‘z muammolarini hal qilishlari uchun qator ma’muriy islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonda byurokratiyani kamaytirish maqsadida davlat apparati ham qisqartirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda ham faol bo‘lib, insoniyat uchun muhim tashabbuslarni o‘rtaga tashlamoqda.

O‘z navbatida, o‘zbek jamiyati mazkur ijobiy demokratik o‘zgarishlarning davom etishini istaydi va huquqiy jihatdan eng yuqori darajada kafolatlanishini muhim, deb hisoblaydi. Shu bois xalq O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar tashabbuskori bo‘lib, bir necha bor tashkil etilgan jamoatchilik muhokamalari doirasida yangilanayotgan Konstitutsiya bo‘yicha 220 mingdan ortiq fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi. Natijada Konstitutsiyaning 65 foizi o‘zgarmoqda.

Ushbu islohotlarning asosiy tamal toshi, bu inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, inson qadr-qimmatini himoya qilish, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu bois, inson huquqlari bilan bog‘liq normalar 3 barobardan ortmoqda. Masalan, Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar barcha gumon qilinuvchilar va ayblanuvchilar uchun aybsizlik prezumpsiyasini kafolatlaydi va shu bilan ularga sukut saqlash huquqidan foydalanish imkonini beradi. Bundan tashqari, har kimning o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik bermaslik huquqi ham ta’minlanadi. Yangi tuzatishlar, shuningdek, shaxsning aybiga iqror bo‘lishi unga qarshi keltirilgan yagona dalil bo‘lsa, aybdor deb topilishi yoki jazolanishining oldini olish imkoniyatini ham nazarda tutadi.

Ma’lumki, so‘z va e’tiqod erkinligini himoya qilish ko‘p millatli O‘zbekistonda ham muhim ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Shu bois, yangilanayotgan Konstitutsiyada O‘zbekiston qonunlariga muvofiq faoliyat yuritayotgan barcha diniy tashkilotlar uchun faoliyat erkinligi kafolatlarini mustahkamlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, shaffoflik va oshkoralikni oshirish maqsadida yangilanayotgan Konstitutsiya ommaviy axborot vositalarining axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirishlarida ko‘proq faoliyat erkinligini ta’minlashni ham nazarda tutadi.

Undan tashqari, mamlakatda fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish va rivojlantirishning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash ham ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Yangilanayotgan Konstitutsiyada ilk marta fuqarolik jamiyati institutlariga ta’rif berilmoqda. Bu, ularning muloqotni ta’minlash va ishonchli jamoatchilik nazoratini o‘rnatish orqali jamiyatda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashdagi rolini oshiradi.

Shuningdek, yangilanayotgan Konstitutsiyada munosib ta’lim va sog‘liqni saqlash, uy-joy va atrof-muhitni muhofaza qilish huquqlari, mehnat huquqlari va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish huquqlarini mustahkamlash ham nazarda tutilgan.

Demokratiyaning muhim namunasi shundaki, amaldagi Konstitutsiyaga muvofiq Konstitutsiyaga parlament tomonidan o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin edi, ammo Prezident, bu masalada O‘zbekiston xalqi qaror qilishi kerak, degan taklifni berdi. Shu tariqa, 30 aprel kuni O‘zbekistonda umumxalq referendumini o‘tkazishga qaror qilindi. Bu qadamlar demokratik tamoyillarni, ya’ni fuqarolarning boshqaruvdagi ishtirokini ham kafolatlaydi.

Umuman olganda, yangilanayotgan Konstitutsiya «davlat – jamiyat – inson» tamoyilini «inson – davlat – jamiyat» tamoyiliga o‘zgartirib, inson manfaatlarini ustuvor deb hisoblagan holda, aholi farovonligi uchun muhim huquqiy asos va poydevor yaratmoqda. Qolaversa, u O‘zbekistonda demokratik jarayonlarni faollashtirishga, mamlakatning ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti va samarali boshqariladigan davlatga aylanishiga yordam beradi.

Eldor TULYAKOV,

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi

ijrochi direktori.

O‘zA



Sarlavxa :
Qonunlar

10 04 2023 / 13:08