Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Tadbirkorlik faoliyati yanada qo‘llab-quvvatlanadi


Ulashing :


Joylarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari mahalla faollari, o‘qituvchilar, tibbiyot vakillari, ishlab chiqarish korxonalari xodimlari bilan uchrashib, yangilanayotgan Konstitutsiyadan o‘rin olgan yangi demokratik qoidalar, ularning mazmun-mohiyati, ahamiyati haqida tushuntirish beryapti.

Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muborak Ahmedova Urganch shahrida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirida xususiy mulk daxlsizligiga oid norma yuzasidan batafsil ma’lumot berdi:

– Mamlakatimizda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Eski uy-joylar, bino va inshootlar o‘rniga yangilari qurilyapti. Lekin bu ishlar odamlarning mulk huquqi hurmat qilingan holda qilinishi lozim. Ammo o‘rnatilgan tartibga rioya qilmaslik, mulkdorlarni rozi qilmasdan, tegishli kompensatsiya to‘lamasdan mulk huquqidan mahrum etish holatlari hamon uchrayapti va bu ko‘pchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Shu bois, yangilanayotgan Konstitutsiyada mulkdan mahrum qilish bo‘yicha nizolar faqat sud tomonidan hal etilishi shartligi belgilanyapti. Ushbu konstitutsion norma bilan xususiy mulk daxlsizligi ta’minlanyapti. Endi mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas, – dedi deputat.

Tadbirda ta’kidlanganidek, ushbu qoida kelajakda aholining turmush farovonligini oshirish, yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, mulkchilik munosabatlarini huquqiy jihatdan kafolatlash, xususiy mulkning daxlsizligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

M.Komilova, O‘zA



Sarlavxa :
Qonunlar

25 04 2023 / 11:12