Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Tadbirkorlar huquqlarini buzgan mansabdorlarga qonuniy choralar ko‘rilmoqda


Ulashing :


Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Jizzax viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ta’kidlash o‘rinliki, kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyati soliq organi xodimlarining xatti-harakatidan norozilik mazmunida bo‘lib, ularni ko‘rib chiqishda tadbirkorlarning qonuniy huquqlari ustuvorligi ta’minlanmoqda. Jumladan, qator tadbirkorlik sub’ektlarining qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi asossiz hisobdan chiqarilgani to‘g‘risidagi murojaatlari vakil devonida ko‘rib chiqilishi jarayonida qo‘pol qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Masalan, Sharof Rashidov tuman DSIda katta inspektor lavozimida ishlab kelgan M. Bekmirzayev tadbirkorlik sub’ektida o‘tkazilgan tekshiruvda tekshirish tartibini buzgani holati yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Sharof Rashidov tuman sudining 2022 yil 27 dekabrdagi qaroriga asosan MJtKning 2412-moddasi bilan huquqbuzar deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida jarimaga tortilgan bo‘lsa-da, tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini tekshirishning va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilishning belgilangan tartibini takroran buzish holatlarini davom ettirgan. Hozirda mazkur holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilinishi uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.

Shuningdek, vakil devoni xodimlarining qonuniy aralashuvi bilan aynan ushbu tekshirish bo‘yicha yakka tartibdagi tadbirkor U. Normurodovga nisbatan Sharof Rashidov tuman soliq inspeksiyasi tomonidan Soliq kodeksining 221-moddasi bilan tayinlangan 10 million so‘m moliyaviy jarima qo‘llash haqidagi qarori bekor qilinishiga erishildi.

Xuddi shu kabi ijobiy holat yakka tartibdagi tadbirkor M. Nabiyevaning murojaatida ham kuzatilib, uning soliq organi xodimlari xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati vakil devoni tomonidan tegishli tartibda o‘rganildi. O‘rganish davomida aniqlandiki, Jizzax shahar va Yangiobod tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlari A. Hoshimov, F. Egamberdiyev va E.Quvondiqovlar tomonidan 2023 yil 16 fevral kuni tadbirkorga qarashli savdo shoxobchasida sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilib, xaridorga 60 ming so‘mga xarid cheki berilmagani va nazorat kassa mashinasiga 89 ming so‘m mablag‘ kiritilmagani haqida dalolatnoma tuzilgan.

Vakil devoni xodimlarining Jizzax shahar prokuraturasiga yo‘llagan xatiga asosan tadbirkorga nisbatan qo‘llanilgan moliyaviy jarima qo‘llash haqidagi qarori bekor qilingan.

S. USMONOV,

Vakil devonining Jizzax

viloyat sho‘’basi bosh inspektori,

Jamshid YORBEKOV (surat) O‘zA



Sarlavxa :
Qonunlar

26 04 2023 / 12:54