O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI
2022 йил 19 yanvar 92-sonli
Yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv
mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish,
yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida
ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish
maqsadida:
1. Har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek,
shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada
(keyingi o‘rinlarda — mahalla) yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilsin.
2. Quyidagilar mahalladagi yoshlar yetakchisining
(keyingi o‘rinlarda — Yetakchi) asosiy vazifalari etib belgilansin:
“Yoshlar balansi”ni shakllantirish, yoshlar
to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali”
elektron platformalariga kiritib borish, ular bilan samarali ish tashkil
qilish;
mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli
tashkil etish, milliy xalq o‘yinlari va sport turlarini yoshlar orasida
ommalashtirish, Besh muhim tashabbus loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa
madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish;
yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori,
iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini
topishlariga ko‘maklashish;
yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda
ularning intellektual jihatdan kamol topishini va ma’naviy rivojlanishini
ta’minlash;
huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar
bilan tizimli ishlash, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan,
ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yoshlarning ijtimoiy-pedagogik
reabilitatsiya qilinishi va moslashuviga ko‘maklashish.
3. Yetakchilar o‘ziga biriktirilgan mahallalarda
faoliyatini quyidagi asosiy yo‘nalishlarda amalga oshiradi:
madaniyat va san’atni targ‘ib qilish borasida —
“San’at g‘unchalari” ko‘rik tanlovi, maqom, baxshichilik va estrada bo‘yicha
“Yoshlar ovozi”, “Yosh musavvirlar” tanlovlari hamda “Kamalak yulduzlari”
bolalar ijodiyot festivalini o‘tkazadi, shuningdek, yoshlar va bolalar teatr
jamoalarini tashkil etadi;
sog‘lom turmush tarzi va sportni ommalashtirish
borasida — mini-futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, velosport, yugurish,
shaxmat, shashka, badminton, kamondan otish bo‘yicha musobaqalarni tashkil
etadi, salomatlik uchun 5 000 qadam yurish marafoni hamda “Yosh ekolog”
aksiyasini o‘tkazadi;
axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni
tashkil qilish borasida — “Bir million dasturchi”, “Dasturlashga birinchi
qadam” loyihalarini amalga oshiradi, kibersport chempionati va “Axborot
texnologiyalari bilimdoni” tanlovini o‘tkazadi;
ma’naviyat va kitobxonlikni targ‘ib qilish borasida —
“Zakovat” musobaqasi, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Zukko kitobxon”, “Yosh
kitobxon”, “Yosh kitobxon oila”, “Xorijiy tillar bilimdoni” va “Yosh poliglot”
tanlovlari hamda “Munozara” intellektual va milliy xalq o‘yinlarini tashkil
etadi;
vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy
savodxonlikni oshirish borasida — “Yosh chegarachi”, “Yosh qutqaruvchi”,
“Quvnoq startlar”, “Temurbeklar”, “To‘maris malikalari”, “Shunqorlar”, “Yosh
huquqshunos”, “Yosh saylovchi”, “Yosh deputat” tanlovlari hamda “Men ham askar
bo‘laman” aksiyalari va harbiy qismlarga sayohatlarni tashkil etadi;
tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash borasida —
“O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” va “Mahallaning ishbilarmon tadbirkori”
tanlovlari, “Biznesga birinchi qadam” grant loyihasi hamda muvaffaqiyatga
erishgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlarni tashkil etadi.
4. Yetakchilar ushbu qarorning 3-bandida nazarda tutilgan tadbirlar
mahalladagi yoshlarning qiziqishlarini inobatga olgan holda har kuni
o‘tkazilishini ta’minlab borsin.
5. O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini
qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi (Turdiyev) va Yoshlar ishlari
agentligi (Sa’dullayev):
har bir mahallada “Bir nuroniyga o‘n nafar yosh”,
“Keksa avlod uchrashuvlari” loyihalarini amalga oshirsin;
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston
Milliy axborot agentligi bilan birgalikda “Yoshlar nuroniylar e’tiborida” rukni
ostida turkum ko‘rsatuvlar tayyorlanishi va efirga uzatilishini ta’minlasin;
mahallalarda yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy
qadriyatlarga hurmat, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik,
diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan
turkum tadbirlarni tashkil etish choralarini ko‘rsin.
6. Turizm va sport vazirligi hamda O‘zbekiston sport
federatsiya (assotsiatsiya)lari rahbarlari:
har chorakda hududlar kesimida kamida bir marotaba
havaskor yoshlar orasida musobaqalar o‘tkazilishi bo‘yicha yillik
reja-grafiklarini tasdiqlab, amalga oshirilishini ta’minlasin;
musobaqalarda ijobiy natijalarga erishgan yoshlar
sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishi va professional sportchi bo‘lib
yetishishi uchun ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rsin.
Madaniyat vazirligi, Turizm va sport vazirligi,
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi,
Mudofaa vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar Yetakchilar tomonidan
mahallalarda tadbirlar o‘tkazilishida amaliy yordam ko‘rsatib borsin.
7. Belgilansinki:
har chorakda mahallada yoshlar siyosatini samarali
amalga oshirishda yuqori natijadorlikka erishayotgan mamlakat bo‘yicha eng
ilg‘or 100 nafar Yetakchilar bir oylik ish haqiga teng miqdorda bir martalik
pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
faoliyatini samarali tashkil etayotgan, o‘zining
shaxsiy fazilatlari bilan yoshlarga namuna bo‘layotgan va ularga yetakchilik
qilayotgan Yetakchilar “Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoni bilan
taqdirlanadi.
8. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2022-yil
1-martdan boshlab:
1-ilovada ko‘rsatilgan yordam turlari
Yetakchining tavsiyasi asosida beriladi;
Yetakchi yoshlarning tadbirkorlik g‘oyalarini amalga
oshirish, ular faoliyatiga kredit, subsidiya va boshqa yordam choralarini jalb
qilish bo‘yicha mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini
ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi
bilan hamkorlik qiladi;
Yetakchi yuqorida ko‘rsatiladigan yordam turlarini
berishni ko‘zda tutilgan har bir murojaatning samaradorligi va maqsadga
muvofiqligini chuqur o‘rgangan holda ularni berish uchun mas’ul idora va
tashkilotlarga o‘z tavsiyasini taqdim etadi;
Yetakchi beriladigan tavsiyalarning asosliligi,
haqqoniyligi va adolatliligi uchun mas’ul hisoblanadi.
Yoshlar ishlari agentligi Iqtisodiy taraqqiyot va
kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda
uch oy muddatda mazkur qarorga 1-ilovada ko‘rsatilgan yordam turlarini
berishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlardagi mexanizmlarni ixchamlashtirish
va soddalashtirish yuzasidan hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga
kiritsin.
9. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasi apparati tuzilmasida xodimlarning
umumiy cheklangan soni doirasida 3 nafar shtat birligidan iborat bo‘lgan
Yoshlar ishlari sho‘basi;
Yoshlar ishlari agentligi, uning hududiy boshqarmalari
va bo‘limlari tuzilmalarida mahalla va ta’lim muassasalarida yoshlar bilan
ishlash bo‘linmalari tashkil etilsin.
10. Davlat oliy ta’lim muassasalari va ularning
filiallaridagi yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha
prorektorga (direktor o‘rinbosariga) birinchi prorektor (direktorning birinchi
o‘rinbosari) maqomi berilsin.
Davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablarida direktorning
ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari yoshlar masalalarida idoralararo
hamkorlik va Yetakchilar faoliyatiga ko‘maklashish uchun mas’ul deb
hisoblansin.
11. Belgilab qo‘yilsinki:
Yoshlar masalalari bilan shug‘ullanish va hududlarda
ushbu faoliyatni muvofiqlashtirish shaxsan Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar)
hokimlari tomonidan amalga oshiriladi;
Yetakchilarning hamda Yoshlar ishlari agentligining
mahalla va ta’lim muassasalarida yoshlar bilan ishlash bo‘linmalari
xodimlarining shtat birliklari umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi 10 008 nafar
yoshlar yetakchilari shtat birliklarini qisqartirish hisobidan
shakllantiriladi;
Yetakchi lavozimiga nomzodlar tumanlar (shaharlar)
hokimlari boshchiligidagi tanlov komissiyalarini shakllantirish orqali ochiq
tanlovlar asosida ishga qabul qilinadi;
Yetakchi lavozimiga yoshlar bilan ishlash tajribasiga
ega, yoshlarni ergashtira oladigan, shaxsiy fazilatlari bilan namuna
ko‘rsatgan, fidoyi, sadoqatli va vatanparvar nomzodlar tayinlanadi.
12. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
bilan birgalikda shtat birliklari qisqartirilgan xodimlarning ish bilan
ta’minlanishi choralarini ko‘rsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi:
ish faoliyati natijalariga ko‘ra Yetakchilarni Milliy
kadrlar zaxirasiga kiritsin, bunda ushbu Yetakchilar tanlovsiz to‘g‘ridan
to‘g‘ri yuqori lavozimlarga o‘tkazilishi mumkin;
ikki yillik mehnat faoliyati natijalariga ko‘ra
Yetakchilarning lavozimini oshirish yuzasidan vazirlik va idoralar, shuningdek,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar
hokimliklariga taklif kiritsin;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat
boshqaruvi akademiyasi va Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda 2022-yil
1-martga qadar Yetakchilar uchun yangi joriy etilayotgan tizimning tub mohiyati
va samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash bo‘yicha o‘quv seminarlarini
tashkil etsin.
O‘quv seminarlarini tashkil etish bilan bog‘liq
xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini
rivojlantirish agentligi qoshidagi Davlat xizmatini rivojlantirishni
qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilansin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari zimmasiga o‘quv seminarlarini o‘tkazish
bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etish vazifasi yuklansin.
14. Yetakchining oylik ish haqi miqdori u
biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha
belgilansin:
xonadonlar soni 500 tagacha bo‘lgan mahallada — mehnatga
haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida;
xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha bo‘lgan
mahallada — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari
miqdorida;
xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq bo‘lgan mahallada —
mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 6 baravari miqdorida.
Yoshlar ishlari agentligiga faoliyat samaradorligi
ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, Yetakchilarni har chorak yakuni bo‘yicha oylik
ish haqining 50 foizigacha miqdorda mukofotlash huquqi berilsin.
15. Belgilansinki:
boshqa hududlardan kelib o‘z faoliyatini olib
borayotgan Yetakchi uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha
bo‘lgan miqdorda turar joy ijara to‘lovi qoplab beriladi;
yil yakuni bo‘yicha o‘ziga biriktirilgan hududda
yuqori natijalarga erishgan Yetakchilarga ipoteka krediti asosida sotib
olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida, biroq O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi PF-33-son Farmoniga muvofiq belgilanadigan
uy-joy hisoblangan qiymatining 50 foizidan yuqori bo‘lmagan miqdorda subsidiya
beriladi;
ushbu qarorning 7-bandi ikkinchi
xatboshisi, 14-bandi va ushbu bandning ikkinchi va uchinchi
xatboshilarida nazarda tutilgan tadbirlarning moliyalashtirilishi
belgilangan tartibda Davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi;
Yetakchi lavozimiga ishga qabul qilingan shaxslarning
harbiy va maxsus unvonlari saqlab qolinadi, Yetakchi lavozimidagi ish staji
navbatdagi harbiy va maxsus unvonlar olishda hisobga olinadi, shuningdek,
ularga oldingi ish joyiga qaytganida qonunchilikda belgilangan barcha
imtiyozlar tatbiq etiladi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq kadrlarning amaldagi
zaxirasini shakllantirish vakolatiga ega bo‘lgan vazirlik va idoralar Yetakchi
lavozimiga ishga qabul qilingan xodimlarini kadrlarning amaldagi zaxirasiga
kiritib safarbar qiladi.
16. Yoshlar ishlari agentligi Axborot texnologiyalari
va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan
birgalikda bir oy muddatda Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan budjet
mablag‘lari hisobidan har bir Yetakchining ish faoliyatini to‘liq
raqamlashtirsin hamda quyidagi yo‘nalishlarni nazarda tutuvchi elektron reyting
tizimini (KPI) joriy etsin:
mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil
etish, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini kunlik amalga oshirish holati;
tadbirlarda mahalladagi yoshlarni to‘liq qamrab
olinganlik darajasi;
“Yoshlar balansi”ni shakllantirish, “Yoshlar daftari”
va “Yoshlar portali” elektron platformalarini raqamlashtirish darajasi;
xorijda yurgan mahalla yoshlari bilan yaqindan
aloqaning yo‘lga qo‘yilganligi.
17. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2022-yil 1-martga qadar:
Yetakchilar uchun qulay sharoitga ega bo‘lgan xizmat
xonalarini ajratsin va ularni moddiy-texnik jihozlar (mebel, kompyuter
to‘plami, aloqa, Internet va boshqalar) bilan ta’minlasin;
mahalliy budjet mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari
bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan Yetakchilarni “Yoshlar daftari”
va “Yoshlar portali” elektron platformalariga ulangan, masofadan turib
hisobotlar taqdim etish hamda videokonferensaloqa shaklida yig‘ilishlarda
ishtirok etish imkonini beruvchi planshetlar bilan ta’minlasin.
Yoshlar ishlari agentligi hamda Axborot
texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy
muddatda planshetlarda foydalaniladigan dasturiy ta’minotni ishlab chiqsin va
Yetakchilarga taqdim etsin.
18. Moliya vazirligi ushbu qaror bilan ajratilishi
lozim bo‘lgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining
qo‘shimcha daromad va iqtisod qilinadigan mablag‘lari doirasida ajratilishini
ta’minlasin.
19. Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini
muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil
etilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Yetakchilarning faoliyatini samarali tashkil etish,
ularga o‘z vazifalarini lozim darajada amalga oshirishi uchun uslubiy
ko‘maklashish;
mahallalarda yoshlar bilan ishlashning yaxlit vertikal
“mahalla — tuman — viloyat — respublika” boshqaruv tizimini yaratish bo‘yicha
ishlar samaradorligini nazorat qilish;
Yetakchilar faoliyatida vujudga keladigan muammolarni
hal qilish yuzasidan idoralararo hamkorlikni ta’minlash.
20. Yoshlar ishlari agentligi:
ikki hafta muddatda Yetakchining asosiy vazifalari,
funksiyalari, huquqlari, vakolatlari va javobgarligini belgilash bo‘yicha
namunaviy nizomni tasdiqlasin;
har haftada hokimlar va Yetakchilar ishtirokida
mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama qilib borsin;
Yetakchilar faoliyatining samarali tashkil etilishini
ta’minlash maqsadida har haftada hududlarga chiqib, mahallabay ishlash tizimi
asosida amalga oshirilayotgan ishlarni joyida o‘rganib borsin;
har oyda amalga oshirilgan ishlar natijalari to‘g‘risida
Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha
respublika komissiyasiga axborot kiritib borsin;
ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan
birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish
va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
21. Yetakchilarni ularning vazifa va faoliyat
yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilish va boshqa tadbirlarga jalb
qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli bo‘lmagan
vazifalarni yuklash taqiqlansin.
22. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti,
viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tumanlar (shaharlar) mahalliy
budjetlarida shakllangan qo‘shimcha manbalarning kamida 15 foizi miqdorida
mablag‘larni har chorakda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni
qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratilishini qat’iy ta’minlab borsin.
23. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim
qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar
kiritilsin.
24. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga
mas’ul va shaxsiy javobgar etib Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini
muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi raisi K.K. Kuranbayev,
Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z. Sa’dullayev, Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari
belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun
mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston
Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida har
olti oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi PQ-92-son qaroriga
T/r | Yordam turi | Tavsiya mazmuni | Xulosa kimga taqdim etilishi |
1. | Moddiy ahvoli qiyin yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha miqdorda bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish. | Moddiy yordam berish yoki rad etish bo‘yicha tavsiya | “Yoshlar daftari” jamg‘armasi Vasiylik kengashiga (keyingi o‘rinlarda — Vasiylik kengashi) |
2. | Ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarga 12 oygacha turar joy ijarasi kompensatsiyasini qoplash uchun — har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratish. | Subsidiya ajratish yoki rad etish bo‘yicha tavsiya | Vasiylik kengashiga |
3. | Psixologik maslahatga muhtoj yoshlarga ixtisoslashgan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan pullik psixologik xizmat ko‘rsatilishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun subsidiya ajratish. | Subsidiya ajratish yoki rad etish bo‘yicha tavsiya | Vasiylik kengashiga |
4. | Mamlakatdagi professional va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj iqtidorli yoshlarning to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha qismini qoplash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratish. | Subsidiya ajratish yoki rad etish bo‘yicha tavsiya | Vasiylik kengashiga |
5. | Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tash badalini to‘liq miqdorda qoplash uchun subsidiya ajratish. | Subsidiya ajratish yoki rad etish bo‘yicha tavsiya | Vasiylik kengashiga |
6. | Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash o‘quv kursi xarajatlarini qoplash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratish. | Subsidiya ajratish yoki rad etish bo‘yicha tavsiya | Vasiylik kengashiga |
7. | Ijtimoiy himoyaga muhtoj yangi turmush qurayotgan yosh oilalarga o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurishi uchun tijorat banklari tomonidan 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratishga kafillik berish. | Kafillik berish yoki rad etish bo‘yicha tavsiya | Vasiylik kengashiga |
8. | Uy-joy so�ib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun subsidiya to‘lashda alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalar toifasiga mansubligi bo‘yicha tavsiya berish. | Alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalar toifasiga mansubligi bo‘yicha tavsiya | Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limiga |
9. | Sport to‘garaklarini tashkil etish uchun mahallada bo‘sh turgan davlat mulki hisoblangan bino va inshootlar elektron savdolar o‘tkazmagan holda, ushbu obyektga nisbatan belgilangan eng kam ijara to‘lovi stavkasining 50 foizi miqdorida ijaraga berish. | Ijaraga berish yuzasidan tavsiya | Yoshlar ishlari agentligiga |
10. | Ahvoli og‘ir bo‘lgan 30 yoshdan oshmagan bemor fuqarolarga mamlakatda yoki xorijiy davlatlarda davolanish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratish. | Subsidiya ajratish yoki rad etish bo‘yicha tavsiya | Vasiylik kengashiga |
11. | Yoshlarning xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qish xarajatlarining 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha bo‘lgan qismi hamda ular bo‘yicha milliy sertifikatlar olish uchun o‘tkaziladigan imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplab berish. | Xarajatlarni qoplash yoki rad etish bo‘yicha tavsiya | Yoshlar ishlari agentligiga |
12. | Nogironligi bo‘lgan yoshlarga nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasb-hunarga o‘rgatish, ularda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish, axborot texnologiyalari, kompyuterda dasturlash amaliyoti, umumta’lim fanlari va xorijiy tillarni o‘rgatish, shuningdek, zarur hollarda yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha bo‘lgan miqdorda subsidiya ajratish. | Subsidiya ajratish yoki rad etish bo‘yicha tavsiya | Yoshlar ishlari agentligiga |
13. | Nogironligi bo‘lgan yoshlarga kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, malaka oshirish, tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘rgatish kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan hamda maxsus sertifikatni olgan, shuningdek, tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganlarga asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha bo‘lgan miqdorda subsidiya ajratish. | Subsidiya ajratish yoki rad etish bo‘yicha tavsiya | Yoshlar ishlari agentligiga |
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari
07 03 2022 / 12:01