Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Iqtisodiy islohotlar izchil davom ettiriladi


Ulashing :


O‘zbekiston butun dunyo, nufuzli xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar tomonidan iqtisodiyoti tez sur’atda o‘sib borayotgan mamlakatlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

Chindan ham so‘nggi yillarda yurtimiz – iqtisodiyotida keskin o‘zgarish bo‘lgan, liberallashgan davlatlardan biriga aylandi. Aholi jon boshiga hisoblangan yalpi ichki mahsulot yil sayin ortmoqda. Xorijiy investitsiyalar ko‘lami kengayib, tadbirkorlarga imtiyoz va imkoniyatlar yaratilmoqda.

Bu boradagi ishlar bundan keyin ham jadal davom ettiriladi. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev parlament palatalari qo‘shma majlisida hamda saylovoldi uchrashuvlarida ushbu masalaga ahamiyat qaratib, erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaslik, kelgusida yangi marralarni zabt etish kerakligiga alohida urg‘u berdi.

Xususan, 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 2 barobar ko‘paytirib, 160 milliard dollarga yetkazish, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgi 2 ming 200 dollardan 4 ming dollarga oshirish asosiy strategik maqsadlarimizdan biri bo‘ladi.

Avvalo, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish va bu orqali mehnat unumdorligini 2 barobar oshirish yuzasidan zarur choralar ko‘riladi. Ayni chog‘da 2030 yilgacha yuqori daromadli mahsulot uchun zarur bo‘lgan mis ishlab chiqarishni 3,5 barobar, oltinni 1,5 karra, kumushni 3 marta, uranni 3 barobar oshirish uchun bor imkoniyatlar ishga solinadi.

Avtomobilsozlik sohasida haqiqiy raqobat paydo bo‘lishi uchun to‘rtta nufuzli xorijiy kompaniyaning loyihalarini ishga tushirish va ishlab chiqarish hajmini yiliga bir million donaga yetkazish ham asosiy ustuvor vazifalarimizdan sanaladi. Bunda yiliga 300 mingta elektromobil ishlab chiqarilishini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.

Sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmi 20 milliard dollardan 45 milliard dollarga yetkazilishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi.

Butun dunyoda tez rivojlanayotgan “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, uning asosi bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish kengaytiriladi. 2030 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari hajmini 25 ming megavattga, ular ulushini hozirgi 14 foizdan 40 foizga yetkazishga alohida ahamiyat beriladi.

2024 yildan boshlab sanoatda “yashil sertifikat”lar bozori yaratiladi. Iqtisodiyotda energiya samaradorligini ikki karra oshirib, 2030 yilga borib 50 milliard kilovatt soat “yashil energiya” ishlab chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Bunda 10 ming kilometr magistral va 110 ming kilometr hududiy elektr tarmoqlarini barpo etish rejalashtirilib, aniq dasturlar asosida amalga oshiriladi.

Erkin Gadoyev,

Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar

masalalari qo‘mitasi raisi.

O‘zA



Sarlavxa :
Qonunlar

18 07 2023 / 11:18