Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Tadbirkor qanday holatlarda tekshiruvchilarni o‘z hududiga qo‘ymasligi mumkin?


Ulashing :


Har bir tadbirkor borki, faoliyati davomida o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini bilishi lozim. Doimiy ravishda tegishli qonun hujjatlari bilan tanishib borishi kerak. Toki, ularga bo‘ladigan noqonuniy to‘siqlardan himoyalanishi uchun. Sababi, tadbirkorlarning faoliyatini noqonuniy tekshiruvchi yoki ularga noo‘rin ayblovlar bilan jarimaga tortuvchi mansabdor shaxslar talaygina.

Xo‘sh, tadbirkor qanday holatlarda tekshiruvchilarni o‘z hududiga qo‘ymasligi mumkin? Bu boradagi savolga Biznes-ombudsman masul xodimi Aziz Usmonaliyev quyidagilarni ma’lum qildi.

–Quyidagi hollarda tadbirkorlik sub’ektlari nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslarini tekshiruv o‘tkazish uchun o‘z hududiga qo‘ymaslik huquqiga ega.

Jumladan, tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilmaganda, tekshiruv belgilangan tartibda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilmaganda yoki u xabardor etilmaganda tekshiruv o‘tkazish mumkin emas.

Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma mavjud bo‘lmaganida hamda ular tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobiga ma’lumotlarni kiritishdan bosh tortganida ham ruxsat bermaslik huquqi mavjud.

Xususan, tekshiruv o‘tkazish tartibini buzgan mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortiladi.

Andijon viloyatida faoliyat yurituvchi “Jayrona” (nomi o‘zgartirilgan) MCHJ rahbari Biznes-ombudsmanga o‘z korxonasi faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvdan norozi bo‘lib, tekshiruv o‘tkazish tartibi buzilgani yuzasidan murojaat qildi.

Aniqlanishicha, soliq organlarining ikki nafar mas’ul xodimi “Jayrona” MCHJ tomonidan kassa cheki berilmagani bo‘yicha “Soliq hamkor” avtomatlashtirilgan tizimi orqali yo‘llangan murojaat asosida sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazgan.

Murojaat o‘rganilganda, sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish jarayonida, bir qator qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Xususan, davlatimiz rahbarining 2022 yil 13 sentyabrdagi “Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, tekshiruv o‘tkazish uchun asos bo‘lgan hujjatlar nusxasi tekshirilayotgan tadbirkorlik sub’ektiga tilxat olingan holda topshirilishi lozimligi belgilangan.

Mazkur Nizomning 26-bandida tadbirkorlik sub’ekti faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarda tadbirkorga uning huquqlari tushuntirilishi hamda bu haqda tadbirkorlik sub’ekti rahbari (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxs) tomonidan tekshiruv o‘tkazishga asos bo‘lgan hujjatlar nusxalari olinganini tasdiqlovchi tilxatda ma’lumot qayd etilishi belgilangan.

Biroq tekshiruvchilar tomonidan MCHJ faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruv jarayonida tadbirkorga tekshiruv o‘tkazish uchun asos bo‘lgan hujjatlar nusxasi topshirilmagan, shuningdek, uning huquqlari tushuntirilmagan.

Bundan tashqari, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 39-moddasida tekshiruv boshlanishidan oldin tekshiruvni amalga oshiruvchi mansabdor shaxs tomonidan tadbirkorlik sub’ektining vakolatli vakiliga uning tekshiruvda ishtirok etish uchun yuridik xizmat vakillarini va (yoki) advokatni jalb etish yoki ularning ishtirokini rad etish huquqi yozma shaklda tushuntirilib, bu haqda bayonnoma tuzilishi belgilangan bo‘lsa-da, huquqbuzar tomonidan bayonnoma rasmiylashtirilmagan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazgan ikki nafar soliqchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-2-moddasiga asosan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzildi va Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudining qaroriga ko‘ra, BHMning 10 baravari miqdorida ma’muriy jarima tayinlandi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA



Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari

24 08 2023 / 10:58