O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Mamlakatda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish,
ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini
saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb
etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni
ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni tizimli davom ettirish,
shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Global kun tartibining Barqaror
rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
2022-2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy
hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy
dastur 1-ilovaga muvofiq;
2022-2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy
hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dasturni
2022-2023 yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks
chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab:
byudjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda oxirgi 6 oy
davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga har oy uchun minimal
iste’mol xarajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda Davlat byudjeti mablag‘lari
hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanadi;
mazkur yuridik shaxslarning ushbu band ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan
xodimlar oldidagi majburiyatlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan
to‘langan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi hajmida kamaytiriladi.
3. Xotin-qizlarga ta’lim olishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar
yaratish, ularning ilmiy salohiyati va malakasini tizimli oshirib borishni
qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab:
a) oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda, shu jumladan, sirtqi
va kechki ta’lim shaklida o‘qiyotgan xotin-qizlarning ta’lim kontraktlarini
to‘lash uchun 7 yil muddatga foizsiz ta’lim
kreditlarini moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga Davlat
byudjetidan har yili 1,8 trillion so‘m resurs mablag‘lari
yo‘naltirilsin.
Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim
vazirligi (A.H. Toshkulov) ikki oy muddatda mazkur kichik
bandda nazarda tutilgan mablag‘larni ajratish grafigini tijorat banklari
kesimida tasdiqlasin;
b) davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida
o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qaytarish
shartisiz qoplash maqsadida, Davlat byudjetidan har yili
kamida 200 milliard so‘m moliyalashtirilsin.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.H. Toshkulov) hamda Moliya
vazirligi (T.A. Ishmetov) 2022 yil 1 sentyabrga qadar davlat
oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida
qabul qilingan va ta’lim olayotgan xotin-qizlarning davlat oliy ta’lim
muassasalari kesimida ro‘yxatini shakllantirsin hamda 2022 yil 1
oktyabrga qadar kontrakt to‘lovlarini qoplab bersin;
v) xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim dasturlari
bo‘yicha – 50 nafar, magistratura ta’lim dasturlari bo‘yicha
– 10 nafar xotin-qizlarga har yili “El-yurt umidi”
jamg‘armasi orqali qo‘shimcha grantlar ajratib borilsin.
Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) ushbu kichik bandda nazarda tutilgan
tadbirlarni moliyalashtirish uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasiga har
yili Davlat byudjetidan kamida 6 milliard so‘m ajratilishini
ta’minlasin;
g) har yili Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining
(keyingi o‘rinlarda – Qo‘mita) tavsiyalariga asosan Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
tomonidan 150 nafardan jami 2 100 nafar ijtimoiy
ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum
bo‘lgan talaba xotin-qizlarning ta’lim kontraktlari mahalliy
byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplab
borilsin.
Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.H.
Toshkulov) ikki oy muddatda mazkur kichik bandda nazarda
tutilgan ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan
mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlar ro‘yxatini shakllantirish, ularga tavsiyalar
berish va ta’lim kontraktlarini qoplab berish tartibini tasdiqlash uchun
Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
d) mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy
ma’lumotga ega bo‘lmagan 500 nafar xotin-qizlarni har
yili Qo‘mita tavsiyanomalariga asosan davlat oliy ta’lim
muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga umumiy qabul
parametrlaridan tashqari alohida test sinovlari natijalariga muvofiq to‘lov-kontrakt
asosida o‘qishga qabul qilish amaliyoti joriy etilsin.
Qo‘mita (Z.B. Maxkamova), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.H.
Toshkulov) hamda Davlat test markazi (M.M. Karimov) bir oy muddatda mazkur
kichik bandda nazarda tutilgan alohida kvotalarni davlat oliy ta’lim
muassasalari kesimida taqsimlash, xotin-qizlarga tavsiyalar berish, alohida
test sinovlarini o‘tkazish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga
kiritsin;
ye) davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy ta’lim muassasalari doktoranturasiga xotin-qizlar
uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratib
borilsin.
Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmanov) hamda Oliy va o‘rta
maxsus ta’lim vazirligi (A.H. Toshkulov) ikki oy muddatda xotin-qizlar
uchun mazkur kichik bandda nazarda tutilgan maqsadli kvotalar davlat ilmiy
tashkilotlari yoki oliy ta’lim muassasalari kesimida tasdiqlanishini
ta’minlasin.
4. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ipakchilik va jun sanoatini
rivojlantirish qo‘mitasi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va “O‘zbekiston
paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasining:
asosan xotin-qizlarga dizayn, to‘qimachilik, axborot
texnologiyalari, tarmoqlar iqtisodiyoti, marketing va talab yuqori
bo‘lgan boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim beradigan alohida
universitetni;
ushbu universitet huzurida paxta-to‘qimachilik va pillachilik klasterlari
ishtirokida bosqichma-bosqich hududiy texnikumlarni tashkil
etish to‘g‘risidagi takliflari qo‘llab-quvvatlansin.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.H. Toshkulov), Qo‘mita (Z.B.
Maxkamova), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J. Ortiqov), Toshkent
shahar hokimligi (J.A. Artikxodjayev) ikki oy muddatda universitet
faoliyatini yo‘lga qo‘yish, uning moddiy-texnika ta’minoti va joylashtirilishi
bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Xotin-qizlarni ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanishga
jalb qilish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmanov):
Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) bilan birgalikda har yili mart oyida amaliy
innovatsion loyihalar bo‘yicha “Olima ayol” tanlovini o‘tkazib
borsin;
ikki oy muddatda “Bo‘lajak
olim” tanlovi doirasida “Ayollar biznesi uchun birinchi qadam”
tanlovini o‘tkazish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va
innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan
kamida 10 milliard so‘m ajratilishini ta’minlasin.
6. Qo‘mita, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus
ta’lim vazirligining xotin-qizlar ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy-tadqiqot
natijalarini hayotga tatbiq etish, startap loyihalarini moliyalashtirish
maqsadida Qo‘mita huzurida “Olima ayollar jamiyati”ni tuzish
haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) va Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bir oy
muddatda “Olima ayollar jamiyati”ni tashkil etish chora-tadbirlari
bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda “Olima
ayollar jamiyati”ga xotin-qizlarni amalda qo‘llab-quvvatlash va yanada
rag‘batlantirish uchun Davlat byudjetidan 50 milliard so‘m ajratilishi
nazarda tutilsin.
7. 2022 yil 1 iyundan boshlab davlat va nodavlat ta’lim
muassasalarida davlat buyurtmasi asosida xotin-qizlarni kasbga o‘qitishning
yangi tartibi joriy etilsin. Bunda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi “Ishga
marhamat” monomarkazlari huzurida malakani baholash markazlari tashkil
etiladi;
malakani baholash markazlari kasbiy malaka talablarini ishlab chiqadi va
salohiyatli ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasini beradi;
o‘quv kurslarini tugatgan xotin-qizlar bilimi darajasi malakani
baholash markazlari tomonidan aniqlanadi va shu asosda ularga malaka sertifikatlari
beriladi;
malaka sertifikatini olgan xotin-qizlarga mehnat faoliyatini boshlashi
uchun o‘qish xarajatlariga teng miqdorda malakani baholash
markazlari tomonidan subsidiyalar beriladi;
malakani baholash markazlari tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablari,
kasb-hunar maktablari, akademik litsey va kollejlarning bitiruvchi sinf o‘quvchi-qizlarini
axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida qo‘shimcha kurslarda o‘qitish
bo‘yicha davlat buyurtmasi beriladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (S.M.
Xolxo‘jayev), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Xusanov), Oliy va
o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.H. Toshkulov) hamda Moliya vazirligi (T.A.
Ishmetov) bir oy muddatda davlat va nodavlat ta’lim
muassasalarida davlat buyurtmasi asosida xotin-qizlarni kasbga o‘qitish
tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga
kiritsin.
8. “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti
to‘g‘risida”gi Qonunga asosan 2022 yilda xotin-qizlarni kasbga
o‘rgatish va bandligini ta’minlashga ko‘maklashadigan hamda ularning muammolari
bilan shug‘ullanadigan nodavlat notijorat tashkilotlariga 17,1 milliard
so‘m miqdoridagi grant mablag‘lari ajratilganligi ma’lumot uchun qabul
qilinsin.
Qishloq joylaridagi ayollarni kasbga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb qilish va ish bilan ta’minlash loyihalarini
amalga oshirish maqsadida 2023 yildan boshlab:
har yili nodavlat tashkilotlarga
bazaviy hisoblash miqdorining 7 ming baravari miqdorigacha
grantlar berish uchun Davlat byudjetidan kamida 50 milliard so‘m Oila
va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasiga ajratib
borilsin;
tuman (shahar) sektor shtablari joylashgan binolarning
kamida bittadan xonasida o‘quv kurslarini o‘tkazish uchun
zarur sharoitlar yaratilsin.
9. 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab mehnat resurslari
zich bo‘lgan qishloq joylarining reyestri (keyingi o‘rinlarda –
Reyestr) joriy etilsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (S.M.
Xolxo‘jayev):
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari
viloyatlar Kengashlari bilan birgalikda 2022 yil 1 iyulga qadar
tumanlarda mehnat resurslari zich bo‘lgan qishloq joylari
ro‘yxatini shakllantirsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Reyestrni
shakllantirish va yuritish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini
Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Belgilansinki, 2022 yil 1 sentyabrdan 2025 yil 1 yanvarga qadar Reyestrga
kiritilgan hududlardagi umumiy xodimlari soni kamida 10 nafar bo‘lgan
va ularda ishlovchi xotin-qizlarning mehnatiga haq to‘lash fondi umumiy
mehnatga haq to‘lash fondining kamida 50 foizini tashkil
etadigan kichik tadbirkorlik sub’ektlariga:
Reyestrga kiritilgan hududda joylashgan ob’ektlar bo‘yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga
solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer
solig‘i 50 foiz imtiyoz qo‘llagan holda hisoblanadi;
ularda ishlovchi xotin-qizlar mehnatiga haq to‘lash fondiga ijtimoiy
soliq 1 foizlik stavkada hisoblanadi;
byudjet tashkilotlariga yillik umumiy qiymati bazaviy hisoblash
miqdorining 750 baravarigacha bo‘lgan mahsulotlarini
to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish huquqi beriladi;
ular tomonidan ko‘chmas mulk ijaraga olinganda 3-ilovaga muvofiq imtiyozlar
beriladi.
10. Oliy Majlis Senati va Vazirlar Mahkamasi tomonidan Xotin-qizlarning
jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika
komissiyasi tarkibi tasdiqlanganligi, Oliy Majlis Senati
raisi T.K. Narbayeva – komissiya raisi hamda Bosh vazir
o‘rinbosari Z.B. Maxkamova va O‘zbekiston kasaba uyushmalari
Federatsiyasi raisi Q.M. Rafikov – komissiya raisi
o‘rinbosarlari etib belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila
masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi (T.K. Narbayeva) bir oy
muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Davlat boshqaruvida
xotin-qizlar faolligini oshirish dasturi”ni tasdiqlasin va ijroga
qaratilishini ta’minlasin:
a) Davlat boshqaruvi akademiyasida rahbar xotin-qizlarni tayyorlash
bo‘yicha alohida o‘quv kurslarini tashkil etish hamda har yili kamida 100
nafar xotin-qizlarni o‘qitish;
b) 2024 yil 1 yanvarga qadar:
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi,
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq
qo‘mitasi hamda ularning tizimidagi tashkilotlar xodimlari orasida
xotin-qizlarning ulushini kamida 30 foizga yetkazish;
barcha davlat organlari va tashkilotlari, ustav kapitalida davlat ulushi 50
foiz va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlar hamda ularning tizimidagi tashkilotlar
rahbarlarining kamida 1 nafar o‘rinbosarini xotin-qizlar
orasidan tayinlash. Bunda mazkur talab tegishli tashkilot rahbari xotin-qizlar
orasidan tayinlanganda yoki unda faqat bir nafar o‘rinbosar bo‘lgan taqdirda
majburiy hisoblanmaydi.
11. Moliya vazirligi (T.A Ishmetov) Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish
dasturi doirasida xotin-qizlarning biznes-loyihalarini moliyalashtirish
uchun 2022 yilda qo‘shimcha 1 trillion so‘m ajratsin.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi koordinatorlari (S.M.
Xolxo‘jayev, A.A. Kamalov, D.Sh. Sultanov) 2022 yilda mazkur
dastur doirasida ajratilayotgan mablag‘larning jami 4 trillion so‘m qismi
tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish
va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan xotin-qizlarga
yo‘naltirilishini ta’minlasin.
12. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.A. Vafayev) uch
oy muddatda xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va
rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro moliya
institutlarining 300 million AQSH dollari miqdoridagi
moliyaviy resurslari jalb etilishini ta’minlasin.
13. Belgilab qo‘yilsinki, 2022 yil 1 apreldan boshlab:
tadbirkorlik faoliyatini yangi boshlayotgan tadbirkor xotin-qizlarga
ajratilayotgan subsidiya miqdori 7 million so‘mdan 10 million
so‘mga oshiriladi;
“Hunarmand” uyushmasi qoshidagi hunarmandchilik markazlarida kamida 40
foiz tadbirkor xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar
joylashtiriladi.
14. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartish vazirligi (S.M.
Xolxo‘jayev), Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) hamda Investitsiyalar va tashqi savdo
vazirligi (A.B. Voitov) ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda
tutuvchi 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan “Biznes ayollar” dasturi loyihasini
Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
tadbirkorlik sub’ektlari orasida xotin-qizlarning ulushini 40
foizgacha yetkazish;
xotin-qizlarga o‘z tomorqasida gul va meva-sabzavot yetishtirish uchun
issiqxona qurish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilikni
yo‘lga qo‘yish uchun 35 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar
ajratish.
15. 2022 yil 1 iyundan boshlab mahallalarda xotin-qizlarning
bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari (keyingi
o‘rinlarda – markazlar) tashkil qilinsin. Bunda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent
shahar hokimliklari markazlarni barpo etish uchun har bir mahalladan 300
kvadrat metrgacha bo‘lgan yer maydonini doimiy foydalanish huquqi
asosida yoki bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektini operativ boshqaruv huquqi
asosida mahallalarga ajratsin;
Markazlar tuman (shahar) hokimliklari tomonidan mahalliy
byudjetlarning qo‘shimcha manbalari yoki qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan
boshqa mablag‘lar hisobidan barpo etilishi nazarda tutilsin;
barpo etilgan markazlar mahallalar tomonidan tikuvchilik,
qandolatchilik, fitnes, sheyping, xotin-qizlarni kasbga o‘qitish faoliyatini
tashkil etish uchun tadbirkorlik sub’ektlariga uzoq muddatli ijaraga berilsin.
16. Xotin-qizlarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida:
a) 2022 yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha ajratiladigan
subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga
yo‘naltirilsin;
b) 2022 yil 1 apreldan boshlab uy-joy sharoitlarini
yaxshilashga muhtoj bo‘lgan, shu jumladan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”
va “Temir daftar”ga kiritilgan, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum
bo‘lgan voyaga yetgan uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni ijara huquqi asosida
vaqtinchalik joylashtirish uchun ijtimoiy uy-joylarni “Xalqparvar”
komissiyalari bilan kelishgan holda ikkilamchi uy-joy bozoridan sotib olishga
ruxsat berilsin;
v) uy-joyga muhtoj, jumladan, xususiy uy-joy fondida ijara huquqi asosida
istiqomat qilayotgan “Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarga
ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50
foizi, lekin ko‘pi bilan 500 ming so‘mgacha bo‘lgan qismi
“Ayollar daftari” jamg‘armasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika
byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablag‘lari
hisobidan qoplab berilsin. Bunda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent
shahar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan 2022 yildan
boshlab zarur mablag‘lar ajratib borilsin;
ushbu bandda ko‘rsatilgan imtiyozlardan foydalanish uchun
xotin-qizlarga ijtimoiy kontrakt asosida kasb o‘rganish,
mehnat qilish imkoniga ega bo‘lsa, mustaqil yoki Aholi bandligiga ko‘maklashish
markazlari yo‘llanmasi asosida ishga joylashish bo‘yicha ijtimoiy
majburiyatlarni yuklash tartibi joriy etilsin.
17. 2022 yil 1 apreldan boshlab:
a) boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlarning:
farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga to‘lanadigan ota-onalar
badalidan ozod qilinsin;
3 yoshgacha bo‘lgan farzandlari
uchun nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga Davlat byudjetidan
subsidiyalar belgilangan tartibda ajratilsin;
b) to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan davlat maktabgacha ta’lim
tashkilotlariga 2 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni pullik
xizmat ko‘rsatish shaklida qabul qilishga ruxsat berilsin;
v) kechki smenada xotin-qizlar ishlaydigan korxona va tashkilotlar o‘z
huzurida maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil qilganda,
ulardagi tarbiyachilarning ish haqi Davlat byudjeti mablag‘lari
hisobidan qoplab berilsin.
Maktabgacha ta’lim vazirligi (A.V. Shin) va Moliya vazirligi (T.A.
Ishmetov) ikki oy muddatda mazkur bandning “v” kichik bandida
nazarda tutilgan kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish tartibini nazarda
tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. Belgilansinki:
aliment to‘lovchining boshqa ijro hujjatlari bo‘yicha majburiyatlari mavjud
bo‘lganda, qarzdordan undirilgan mablag‘lar aliment to‘lovlari bo‘yicha
qarzdorlik to‘liq qoplangandan so‘ng qonun hujjatlarida belgilangan
tartibda va navbatda taqsimlanadi. Xuddi shu kabi, ijro harakatlari davomida
qarzdorga solingan jarimalar va ijro harakatlarini amalga oshirish xarajatlari
ham aliment to‘lovlaridan joriy qarzdorlik to‘liq qoplangandan
so‘ng undiriladi;
aliment majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlab kelayotgan va qidiruvga
e’lon qilingan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni majburiy ijro
organlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirish, shuningdek,
davlat ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi. Bunda
ushbu manbalarda qidiruvdagi shaxslar va ularning mol-mulki to‘g‘risida
ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolarga majburiy ijro va ichki ishlar organlariga
xabar berish imkoniyati yaratiladi.
19. Adliya vazirligi (R.Q. Davletov) va Bosh prokuratura (N.T.
Yo‘ldoshev) uch oy muddatda aliment to‘lovlarini undirish
tizimi samaradorligini oshirish yuzasidan qonun loyihasini belgilangan
tartibda kiritsin. Bunda, shu jumladan, quyidagilar nazarda tutilsin:
a) aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda qarzdorlik to‘liq bartaraf
etilguniga qadar:
qarzdorning transport vositasini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash;
qarzdorga litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan davlat
xizmatlarini vaqtincha ko‘rsatmaslik;
b) aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjudligini nikoh tuzish uchun monelik
qiladigan holat sifatida belgilash.
20. Majburiy ijro byurosi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan
holda “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil
etilsin va unga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari
hisobidan 50 milliard so‘m ajratilsin.
Belgilansinki, sud qarori bilan aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan
shaxslardan belgilangan mablag‘larni uch oy ichida undirish
imkoni bo‘lmagan hollarda “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi
mablag‘lari aliment to‘lovlari bo‘yicha shakllangan qarzdorlikni bir
yo‘la to‘lash uchun yo‘naltiriladi hamda keyinchalik aliment to‘lash
majburiyati yuklatilgan qarzdordan sud qarorisiz majburiy tartibda
undirib olinadi.
Bosh prokuratura (N.T. Yo‘ldoshev) va Moliya vazirligi (T.A.
Ishmetov) ikki oy muddatda “Aliment to‘lovlari” davlat
maqsadli jamg‘armasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, jamg‘arma mablag‘lari
hisobidan aliment to‘lovlaridan qarzdorlik to‘lanadigan holatlar va shaxslar
toifasini belgilash tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini
Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
21. Xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, xotin-qizlarga xos bo‘lgan
kasalliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish maqsadida:
a) Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) va Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.A.
Musayev) ikki oy muddatda yuqori texnologik tibbiy yordam
ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan ehtiyojmand 6 ming nafar xotin-qizlar,
reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlanishga muhtoj bo‘lgan 10 ming
nafar nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar ro‘yxatlarini Xotin-qizlarning
jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha
respublika komissiyasiga taqdim etsin;
b) Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.A. Musayev):
Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) bilan hamkorlikda 2022 yilda 3
million nafar xotin-qizlar onkologik skriningdan o‘tkazilishini
ta’minlasin;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.A. Vafayev) bilan birgalikda
2022-2025 yillar davomida 227 ta tug‘uruq kompleksi va 46
ta tumanlararo perinatal markazlarni to‘liq ta’mirlash va jihozlash
uchun xalqaro moliya institutlarining 105 million AQSH dollari miqdoridagi
mablag‘larni jalb qilsin;
v) Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) 2022 yilda Davlat
byudjeti mablag‘lari hisobidan quyidagilar ajratilishini ta’minlasin:
yuqori texnologik tibbiy yordamga muhtoj xotin-qizlar uchun Davlat tibbiy
sug‘urtasi jamg‘armasiga qo‘shimcha – 100 milliard so‘m;
nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni reabilitatsiya vositalari bilan
ta’minlash uchun Tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligiga
qo‘shimcha – 17 milliard so‘m;
barcha tuman va shahar tibbiyot birlashmalari tarkibidagi “Onko-nazorat”
(“Cancer – nazorat”) ayollar ko‘rik xonalarini tibbiy asbob-uskunalar
va tibbiy vositalar bilan jihozlash uchun – 20 milliard so‘m;
9-12 yoshdagi 815 ming nafar o‘smir qizlarni odam papillomasi virusiga
qarshi hamda 12 turdagi vaksinalar bilan emlash uchun – 200 milliard
so‘m.
22. Adliya vazirligi (R.Q. Davletov), Bosh prokuratura (N.T. Yo‘ldoshev),
Oliy sud (K.F. Kamilov), Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov) va Qo‘mita
(Z.B. Maxkamova) 2022 yil 1 iyunga qadar quyidagilarni nazarda
tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi
order sud tomonidan bir yil muddatgacha berilishini belgilash;
chet el fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi hududida aliment majburiyatlarini
bajarmaganlik uchun sudlangan yoki ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa,
unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasidan chiqarib yuborish va O‘zbekiston
Respublikasiga kirish huquqini cheklash bo‘yicha majburlov choralarini
qo‘llamaslik;
ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun
javobgarlikni kuchaytirish;
yaqin qarindoshi bo‘lgan xotin-qizga qasddan tan jarohati yetkazganlik
uchun javobgarlikni kuchaytirish;
shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni va
nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni
belgilash;
ikki oydan ortiq muddat mobaynida moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga
yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan
shaxsga nisbatan haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yoki boshqa ishga majburiy
jalb qilish tarzidagi ma’muriy huquqbuzarlikka oid jazo turini belgilash.
23. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J. Xadjayev) Qo‘mita (Z.B.
Maxkamova) va Yoshlar ishlari agentligi (A.Z. Sa’dullayev) bilan
birgalikda uch oy muddatda:
iqtidorli qizlarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda
intellektual va innovatsion tashabbuslarini rivojlantirish maqsadida “Bilimdon
qizlar” teleko‘rsatuvi;
turli sohalarda yutuqlarga erishgan xotin-qizlar to‘g‘risida ibo-hayo,
poklik, sabr-toqat va ilmga intilish singari ezgu qadriyatlarni targ‘ib
qiluvchi “Ayol muvaffaqiyati” ruknidagi teledasturlar tayyorlanishi
hamda efirga uzatilishini ta’minlasin.
24. Farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish
maqsadida oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va
rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan oilalarga beriladigan “Ibratli
oila” ko‘krak nishoni ta’sis etilsin
va uni 15 may – Xalqaro oilalar kunida topshirish
tartibi belgilansin.
Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) bir oy muddatda “Ibratli oila”
ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom loyihasini tasdiqlash uchun Vazirlar
Mahkamasiga kiritsin.
25. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 4-ilovaga
muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
26. Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) ikki oy muddatda qonunchilik
hujjatlariga muvofiq ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va
qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
27. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilish maqsadida:
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila
masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi T.K. Narbayeva – 10-band;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A. Abduvahitov –
3-band;
Bosh vazir o‘rinbosari Z.B. Maxkamova – 1, 4, 5, 22-25-bandlar;
Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov – 2, 6-9, 11, 13-16, 20-bandlar;
Bosh vazir o‘rinbosari S.O‘. Umurzakov – 12-band;
Bosh prokuror N.T. Yo‘ldoshev – 17-19, 21-bandlarda nazarda tutilgan
tadbirlar ijrosi sifatli va o‘z vaqtida ta’minlanishi uchun mas’ul va javobgar
etib belgilansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida Xotin-qizlarning
jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha
respublika komissiyasi raisi T.K. Narbayeva va Bosh vazir o‘rinbosari Z.B.
Maxkamova har uch oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga
axborot kiritib borsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri, 2022 yil 7 mart
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari
18 03 2022 / 15:32