Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega yirik loyihalar qo‘llab-quvvatlanmoqda


Ulashing :


Prezident tashrifidan so‘ng...

Huzur-halovatdan kechib, imkoniyati va mablag‘ini sarf qilib, o‘z ishi uchun kecha-yu kunduz jonini berib mehnat qiladigan ishbilarmonlar yuksak natijalarga erishaveradi.

Prezidentimiz nafaqat o‘z oilasi, balki el-yurti ravnaqi uchun xizmat qilayotgan bunday tadbirkorlarni haqiqiy fidoyilar, deb e’tirof etgandi. Davlatimiz rahbari 2017 yilning boshidagi yig‘ilishlardan birida ikkitagina ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshiga ko‘tarishga tayyorligini ham aytgan edi.

Mamlakatimizdagi ishbilarmonlik muhiti, bugungi natijalar o‘sha va’da shunchaki aytilmaganini ko‘rsatmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 noyabr kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Termiz shahridagi “Indenim Textile” klasterining to‘qimachilik korxonasida ham bo‘ldi.

Klasterda paxta yetishtirish va qayta ishlash, ip-kalava tayyorlash, tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish hamda tayyor mahsulotlarni sotish zanjiri yaratilgan. Bu umumiy hisobda ayni paytda korxona tizimida 9 ming nafardan ortiq xodim mehnat qilayotganini anglatadi.

Termiz shahridagi to‘qimachilik korxonasi shu zanjirning bir halqasi sanaladi. Bu korxona 2019 yil ishga tushirilgan bo‘lib, uning umumiy loyiha qiymati 10 million dollardan ortiqni tashkil etadi. Korxonaning jami hududi 12 gektar, ishlab chiqarish maydoni 3 ming metr kvadrat tashkil etadi.

– Ish boshlaganimizda ikkita do‘konimiz bor edi, – deydi klaster ta’sischisi Sherzod Shoymardonov. – Tovarlarimizning katta qismi import mahsulotlar edi. Oz bo‘lsa ham o‘zimizning trikotaj mahsulotlarimizni savdoga chiqardik. Savdoni tahlil qilganda o‘zimiz ishlab chiqarayotgan kiyim-kechaklar ham yaxshi sotilayotganiga amin bo‘ldik. Keyin ishlab chiqarishga kuch berdik. Oradan to‘rt yil o‘tdi, jahon brendlari bilan raqobatlasha oladigan darajaga chiqdik. Hozir mamlakatimizning turli hududlarida savdo do‘konlarimiz ishlab turibdi. O‘zimiz yetishtirgan paxtadan kiyim-kechakkacha bo‘lgan bosqichni bosib o‘tyapmiz. Bu mahsulotlarimiz tannarxi hamyonbop bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Natijalarga erishishimizning asosiy omili mamlakatimizda tadbirkorlik muhitining juda yaxshiligida deb bilamiz.

Prezidentimiz to‘qimachilik korxonamizda bo‘ldi. Uni yanada rivojlantirish uchun nimalarga ahamiyat qaratishimiz lozimligi haqida tavsiyalarini berdi. Davlat rahbarining tashrifi jamoamiz uchun katta energiya bo‘ldi.

Darhaqiqat, bu korxonada Germaniya, Yaponiya, Turkiya va Xitoy kabi davlatlardan keltirilgan ilg‘or texnologiya va uskunalar samarasida yiliga 800 turdagi 9 million dona to‘quvchilik mahsulotlari, jinsi, qishki kiyimlar tayyorlash quvvati yaratilgan.

Ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotning bir qismi eksportga, asosiy qismi ichki bozor – klasterning “Indenim” do‘konlariga chiqariladi.

Bu kabi loyihalar hududda aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Buni birgina shu korxonada 800 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlanganida ham ko‘rish mumkin.

– Bundan oldin chet davlatdagi yirik tekstil korxonasida ishlaganman, – deydi korxona tikuvchisi Ro‘zigul Merganova. – O‘sha korxona bilan hozirgi ishxonamni solishtiraman. Bu yerdagi sharoitlar a’lo. Uskunalarimiz zamonaviy, ish joyimiz toza-ozoda, jamoamiz ahil, daromadi yaxshi. Eng muhimi, oilamdan uzoqda emasman. Ishidan xursand, oilasiga qo‘shimcha daromad keltirayotgan men kabi xotin-qizlar mana shu sharoitlarni qilib berganlarga hamisha rahmat aytamiz.

Ishga qabul qilinadigan xotin-qizlar dastlab korxonaning monomarkazida o‘qitiladi. Ish jarayoni ikki smenada tashkil etilishi natijasida unumdorlik yuqoriligi ta’minlanmoqda.

Korxonada kelgusida gazlama mato to‘qish va bo‘yash, kiyim-kechak ishlab chiqarish hajmi oshiriladi. Buning uchun umumiy qiymati 55 million dollar investitsiya yo‘naltiriladi. Natijada yana 10 ming 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ikrom AVVALBOEV,

Nosirjon HAYDAROV(surat), O‘zA



Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari

24 11 2023 / 13:05