O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining qarori
O‘tgan davrda keksalarni
davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, ularga ijtimoiy xizmatlar
ko‘rsatish tizimini yaxshilash borasida kompleks chora-tadbirlar amalga
oshirildi.
Jumladan, sohaga oid 10 dan
ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi, nuroniylarning ijtimoiy faolliklarini
qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Faxriy murabbiy” ordeni va “Mehnat faxriysi”
ko‘krak nishoni ta’sis etildi.
Keksalar uchun 152 ta tuman va
shaharda “Nuroniylar maskani” majmualari tashkil etildi, barcha ishlovchi
pensionerlarga pensiyalarni to‘liq miqdorda to‘lash yo‘lga qo‘yildi,
viloyatlar, tumanlar va shaharlarda nuroniylar jamoatchilik kengashlari,
mahallalarda “Keksalar maslahati” guruhlari tashkil etildi, “Keksalar haftaligi”
va “Keksalar uchun turizm oyligi”ni o‘tkazish an’anaga aylandi.
Shu bilan birga,
mamlakatimizda keksalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush
darajasi va ijtimoiy faolliklarini yanada oshirish maqsadida:
1. Belgilansinki, Mahalla va
nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi unga yuklatilgan asosiy
vazifa va faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqib, mahallalarda nuroniy va
keksalar bilan ishlarni takomillashtirish yo‘nalishida quyidagi
tadbirlarni amalga oshiradi:
mahallalarda “Bir
nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyilini qaror toptirishda tashabbuskorlik
ko‘rsatayotgan ijtimoiy faol nuroniylarni moddiy va ma’naviy
qo‘llab-quvvatlash;
vazirlik va idoralar, xo‘jalik
birlashmalari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, korxona va
tashkilotlardagi “Faxriylar kengashlari”, fuqarolar yig‘inlaridagi
“Keksalar maslahati” guruhlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
mehnat faxriylarining mahallalarda
tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni
sog‘lomlashtirishdagi ishtirokini kengaytirish;
“Hech kim mehr va e’tibordan
chetda qolmasin” shiori ostida ijtimoiy
himoyaga muhtoj bo‘lgan keksalar va nuroniylar holidan doimiy xabar olish
tizimini tashkil qilish hamda ijtimoiy himoya dasturlari doirasida davlat
xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlash;
keksalar va faxriylarning
ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida “Nuroniylar
maskani” majmualarida va mahallalarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar
o‘tkazish;
fuqarolar yig‘inlari
raislarining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchilari va
mahallalardagi boshqa jamoatchilik tuzilmalarining samarali faoliyat
ko‘rsatishini ta’minlash.
2. Mahalla va nuroniylarni
qo‘llab-quvvatlash vazirligi (S.T.Turdiyev):
a) ikki oy
muddatda Yoshlar ishlari agentligi (A.Z.Sa’dullayev) Respublika Ma’naviyat
va ma’rifat markazi (M.M.Xodjimatov) bilan birgalikda “Bir nuroniy o‘n
yoshga mas’ul” tamoyili asosida mahallalarda hayotiy va katta
amaliy tajribaga ega bo‘lgan obro‘-e’tiborli nuroniylar va ziyolilarni ishsiz,
tarbiyasi og‘ir va muammoli yoshlarga biriktirish orqali ularni jamiyat uchun
foydali insonlar bo‘lib yetishishlariga ko‘maklashish dasturlarini ishlab
chiqsin.
Belgilansinki,
mahallalardagi yoshlarning tarbiyasi va axloqida bo‘lgan ijobiy
o‘zgarishlardan kelib chiqib nuroniy va ziyolilar O‘zbekiston
faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi
(keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirib
boriladi;
b) fuqarolar yig‘inlari
tomonidan nuroniylar tashabbusi va tajribasidan keng foydalangan holda “Yashil
makon” umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish
ishlarini amalga oshirish bo‘yicha mahallalarning dasturlari qabul
qilinishini ta’minlasin;
v) fuqarolar
yig‘inlarida “Keksalar maslahati” guruhlarining jamoatchilik nazorati yo‘nalishidagi
faoliyatini samarali tashkil etsin.
Bunda, mahallalarda aholiga
ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar, maktablarda o‘quvchilarning darslarni
o‘zlashtirishi, davomati, bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan
fuqarolarni ish bilan ta’minlash darajasi va boshqa davlat xizmatlarining
ko‘rsatilishi bo‘yicha nuroniylarning jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.
3. Mahalla va nuroniylarni
qo‘llab-quvvatlash vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari
vazirligining xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan u
bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor
qilish tartibini taqiqlash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bandlik va mehnat
munosabatlari vazirligi (N.B.Xusanov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan
birgalikda ikki oy muddatda xodimning pensiya
yoshiga to‘lganligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat
shartnomasini bekor qilishni taqiqlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonuni
loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga
kiritsin.
4. Belgilansinki, 2022
yil 1 apreldan boshlab:
a) Jamg‘arma mablag‘lari
hisobidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz
yashaydigan keksalar har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul
sog‘lomlashtiriladi;
b) Jamg‘arma mablag‘lari
hisobidan sharoiti og‘ir va kam ta’minlangan keksalarga shifokorlarning
retseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori
vositalari, tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalari olib
beriladi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplanadi;
v) Jamg‘arma mablag‘lari
hisobidan og‘ir tashxisli kasalliklari hamda nogironligi bo‘lgan keksalarga
shifokorlarning retseptlariga muvofiq, 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib
dori vositalarining 50 foizigacha bo‘lgan summasi kompensatsiya qilinadi.
Bunda, dori vositalarining
ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishiladi hamda Mahalla va
nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligining qarori qabul qilingan kundagi
dori vositalarining tegishli summasi kompensatsiya qilinadi;
g) Jamg‘arma mablag‘lari
hisobidan keksalarning jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi muassasalarda
(stadion, sport zallari, basseyn va boshqa sport majmualari) jismoniy
tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun abonement xarajatlari
qoplanadi.
Bunda, abonement
xarajatlarining bir oylik summasi bazaviy hisoblash miqdorining 2
baravaridan oshmagan holda sport yo‘nalishidagi muassasalarning hisob
raqamiga o‘tkazib boriladi;
d) Jamg‘arma mablag‘lari
hisobidan davlat teatrlari va muzeylariga keksalar uchun chipta
narxlari to‘liq qoplab beriladi.
Mahalla va nuroniylarni
qo‘llab-quvvatlash vazirligi (S.T.Turdiyev) Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov),
Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.A.Musayev) bilan birgalikda bir oy
muddatda mazkur bandda ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni Jamg‘arma
mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish va mablag‘ ajratishni tartibga soluvchi
normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda qabul
qilinishini ta’minlasin.
5. Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash
vazirligi (S.T.Turdiyev) Turizm va madaniy meros vazirligi (U.A.Azamov) bilan
birgalikda:
keksalarning
respublikamizdagi diqqatga sazovor joylarga sayyohlik safarlarini tashkil
etish maqsadida Jamg‘armaga ajratilgan mablag‘lar hisobidan ikkita zamonaviy
avtobus xarid qilsin;
sayyohlik safarlarini
uyushtirish bo‘yicha tarixiy shaharlar va diqqatga sazovor joylarning
ro‘yxatini shakllantirsin hamda tumanlar (shaharlar) kesimida avtobuslar
qatnovlari grafigini tasdiqlasin;
2022 yil uchun grafikda
belgilangan safarlarni uyushtirish joyi, vaqti haqida ommaviy axborot
vositalari va axborot tarqatishning boshqa manbalari, shu jumladan, “Nuroniy”
elektron platformasi orqali hududlar aholisini kamida uch oy oldindan
xabardor qilish tizimini yo‘lga qo‘ysin.
6. 2022 yilda Jamg‘arma
mablag‘larining amalda o‘zlashtirilishiga qarab Davlat byudjetidan 50
milliard so‘m ajratilsin.
Moliya vazirligi
(T.A.Ishmetov) Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligining
asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq kelgusi yillarda Jamg‘armaning asosiy
vazifalarini amalga oshirish uchun zarur mablag‘larning Davlat byudjeti
parametrlarida nazarda tutilishini ta’minlasin.
7. Mahalla va nuroniylarni
qo‘llab-quvvatlash vazirligi (S.T.Turdiyev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini
rivojlantirish vazirligi (Sh.X.Shermatov) bilan birgalikda:
a) 2022 yil 1
oktyabrga qadar Jamg‘armaning “Nuroniy” elektron platformasi
va yagona elektron bazasi faoliyatini yo‘lga qo‘ysin hamda
Jamg‘armaning faoliyati to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarning platformada
joylashtirib borilishini va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini
ta’minlasin.
Belgilansinki:
Jamg‘arma mablag‘larining
sarflanishi, shu jumladan, mablag‘ oluvchilar va xizmatlardan foydalanganlar
to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek, Davlat byudjetidan ajratiladigan
mablag‘lar va ularning ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar belgilangan tartibda
hisobot choragi yakuni bilan Jamg‘armaning rasmiy veb-saytiga
joylashtirib boriladi;
Jamg‘arma o‘z mablag‘larining
sarflanishiga oid masalalarni muhokama qilishga keng jamoatchilikni
jalb qilgan holda o‘z faoliyatining auditorlik tekshiruvi natijalari
hisobotini ommaviy axborot vositalariga taqdim etib boradi;
b) 2022 yil 1
sentyabrga qadar byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bilan
hamkorlikda keksalarga oid ma’lumot va yangiliklarni ularning mobil telefon
raqamlariga SMS-xabarnoma yuborish orqali ma’lum qilib borishni
tashkil qilsin;
v) 2022 yil 1 dekabrga
qadar Jamg‘armaning yagona elektron ma’lumotlar bazasiga keksalarning
ijtimoiy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish,
tibbiy-ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha tezkor murojaat qilish kabi masalalar
kiritilishini ta’minlasin;
g) 2023 yil 1 yanvarga
qadar “Nuroniy” elektron platformasini byudjetdan tashqari Pensiya
jamg‘armasining pensiya va nafaqa oluvchilarning elektron ma’lumotlar bazasi,
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” hamda “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasi
bilan integratsiya qilish choralarini ko‘rsin.
8. 2022 yil 1
maydan boshlab ijtimoiy yordam ko‘rsatish xizmati xodimlari yolg‘iz
keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar
tomonidan Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining
“Sall-markazi”ga qilingan murojaatlar asosida quyidagi xizmatlarni ko‘rsatadi:
a) axborot-servis
xizmati:
oilaviy shifokorlik punktlari
va oilaviy poliklinikalar shifokorlarining ko‘rigiga yozdirish, ularni
uyga ko‘rikdan o‘tishga chaqirish;
Jamg‘arma xizmatlaridan
foydalanish uchun buyurtma berish, ro‘yxatdan o‘tish va buyurtmaning
holatiga aniqlik kiritish;
Jamg‘arma tomonidan tashkil
etiladigan profilaktik, tibbiy davolanishlar va sayyohlik safarlari bo‘yicha
ma’lumotlar olish;
jismoniy tarbiya va sport
bilan shug‘ullanish uchun jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi
muassasalar (stadion, sport zallari, basseyn va boshqa sport majmualari) to‘g‘risida
ma’lumotlar olish;
madaniy hordiq chiqarish
maqsadida kinoteatrlar, teatrlar, muzeylar va boshqa madaniy
tadbirlar to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar olish;
b) uyda xizmatlarni
ko‘rsatish:
Jamg‘arma tomonidan
ko‘rsatiladigan xizmatlar doirasida dori vositalari, protez-ortopediya
moslamalari va kreslo-aravachalarni uyga yetkazib berish;
shifokorlar retseptlariga
asosan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalar hamda nogironligi
bo‘lgan shaxslarga ularning mablag‘lari hisobiga dori vositalarini olib
kelish hamda oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy
poliklinikalarning shifokori ko‘rigidan so‘ng tibbiy ko‘rik ma’lumotlarini
yetkazish;
kutubxonalarga a’zo bo‘lgan
yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalar hamda nogironligi bo‘lgan
shaxslar uchun kitoblar, jurnallar, gazetalar va boshqa nashrlarni
yetkazish.
9. Mahalla va nuroniylarni
qo‘llab-quvvatlash vazirligi (S.T.Turdiyev) O‘zbekiston Milliy
teleradiokompaniyasi (A.A.Xadjayev), Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov) bilan
birgalikda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining telekanallari orqali
Jamg‘armaning moliyaviy ko‘magi asosida keksalar uchun quyidagi
mazmundagi ko‘ngilochar-ma’rifiy ko‘rsatuvlar va videoroliklar efirga uзaтилishиni tashkil qilsin:
a) “Otalar so‘zi –
aqlning ko‘zi” teleko‘rsatuvining har oyda kamida ikkita yangi soni.
Bunda, ko‘rsatuv mazmunan
boyitilgan holda oilalarni mustahkamlash, milliy va umuminsoniy
qadriyatlarni asrab-avaylash, Vatanga muhabbat ruhida tasvirga
olinadi;
b) “Nuroniylar
maslahati”, “Mahallada gurung” va “Yoshlar nuroniylar nigohida” rukni
ostida obro‘-e’tiborli keksa avlod vakillarining boy hayotiy
tajribasiga bag‘ishlangan ma’rifiy teleko‘rsatuvlarning har kunlik soni;
v) zamonaviy to‘lov
vositalaridan va bank xizmatlaridan foydalanish hamda moliyaviy
savodxonlikni oshirish, uy sharoitida dehqonchilik, chorvachilik,
parrandachilik, ko‘chatchilik, gulchilik kabi faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yish hamda
hunarmandchilik, kasanachilik va tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish
bo‘yicha qisqa metrajli videoroliklar.
10. Shunday tartib
o‘rnatilsinki, unga ko‘ra barcha davlat boshqaruvi organlarida har yili ikki
marta mazkur tashkilotlarda uzoq yillik tajribaga ega bo‘lgan, shu jumladan,
rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan keksa avlod vakillari bilan
vazirlik va idoralarning rahbarlari ishtirokida “Keksa avlod uchrashuvlari” mavzusida
maslahat suhbatlari tashkil etib boriladi.
Belgilansinki, maslahat
suhbatlari vazirlik va idoralarning mutasaddi xodimlari ishtirokida
tashkilotning so‘nggi yillardagi faoliyati natijalari, istiqboldagi
rejalari hamda uzoq muddatli strategik ko‘rsatkichlari bo‘yicha
muhokamali tarzda tashkil qilinadi.
11. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim
vazirligi (A.H.Toshkulov) Xalq ta’limi vazirligi (B.O.Saidov), Yoshlar ishlari
agentligi (A.Z.Sa’dullayev), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022 yil
1 apreldan boshlab doimiy ravishda:
a) oliy ta’lim, o‘rta maxsus,
professional ta’lim muassasalari va maktablarda yoshlarni milliy va umuminsoniy
qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash maqsadida hayotiy tajribaga ega
bo‘lgan nuroniylar bilan ochiq davra suhbatlarini, shu jumladan,
videokonferensiya tarzida tashkil etish;
b) o‘zgalarning parvarishiga
muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashovchi keksalarni ma’naviy-ruhiy
hamda psixologik qo‘llab-quvvatlash maqsadida joylardagi davlat
organlari va muassasalarining malakali psixologlari, faol yoshlardan iborat
bo‘lgan volontyorlik guruhlarini tashkil qilish.
Bunda, volontyorlik guruhlari
tomonidan har ikki oyda kamida bir marotaba o‘zgalarning
parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarning holidan xabar olish
masalalarini muvofiqlashtirishga yoshlar yetakchilari shaxsan mas’ul
hisoblanadi.
12. Quyidagilar:
O‘zbekiston faxriylarining
ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasining markaziy
apparati tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy
faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston
Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bo‘limlari tuzilmasi 2-ilovaga
muvofiq;
Keksalarni har tomonlama
qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasi va ijtimoiy faolliklarini yanada
oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Jamg‘armaning
markaziy apparati va hududiy bo‘limlarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar
Jamg‘armaning shakllantirilgan o‘z mablag‘lari hisobidan qoplab boriladi.
13. Mahalla va nuroniylarni
qo‘llab-quvvatlash vazirligi (S.T.Turdiyev) Iqtisodiy taraqqiyot va
kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I.I.Norqulov), Sog‘liqni saqlash
vazirligi (B.A.Musayev) va boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022
yil 1 sentyabrga qadar xalqaro tajribadan kelib chiqib,
mamlakatimizda faol qarish indeksini joriy etish yuzasidan
Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
14. O‘zbekiston Milliy axborot
agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar agentligi nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash,
ularning turmush darajasini oshirish yuzasidan ushbu qarorning maqsad va
vazifalari bosma va elektron axborot vositalarida, shu jumladan, Internet jahon
axborot tarmog‘i orqali aholi o‘rtasida muntazam, tizimli va keng ko‘lamda
yoritib borilishini ta’minlasin.
15. Mahalla va nuroniylarni
qo‘llab-quvvatlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda
ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan
o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar
kiritsin.
16. Mazkur qaror ijrosini
samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib mahalla va
nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari S.T.Turdiyev,
sog‘liqni saqlash vaziri B.A.Musayev hamda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni
rivojlantirish agentligi direktori A.K.Inakov belgilansin.
17. Qaror ijrosini muhokama
qilib borish, mas’ul ijrochi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va
nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.A.Xudaybergenov
zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan
chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga
2022 yil 1 avgustga qadar axborot berilsin.
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti
Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri, 2022 yil 15 mart
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari
18 03 2022 / 15:59