О‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining farmoni
So‘nggi yillarda amalga
oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash, fuqarolar va
tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan qonunchilik
hujjatlarining mazmun va mohiyatini tushuntirish, joylarda aholini tashvishga
soluvchi huquqiy muammolarni hal etish, davlat xizmatlarining sifatini
oshirish, o‘z faoliyati yuzasidan jamoatchilikka tizimli ravishda ma’lumotlar
taqdim etish masalalarida adliya organlari va muassasalarining roli va
mas’uliyati sezilarli ravishda oshmoqda.
Shu bilan birga, “Yangi
O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasini ro‘yobga
chiqarish adliya organlari tizimida ma’muriy islohotlarni yanada
chuqurlashtirishni taqozo qilmoqda.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish
va intellektual mulkning huquqiy himoyasi sohasida yagona davlat siyosatini
amalga oshirishda tizim imkoniyatlaridan oqilona foydalanish, ushbu sohalarda
muvofiqlashgan faoliyatni ta’minlash hamda mavjud ma’muriy tuzilmalarning
yaxlit vertikal boshqaruvini shakllantirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Mamlakatimizda adolat va huquq
ustuvorligini mustahkamlash, aholiga professional xizmat qiladigan ixcham va
samarali boshqaruvni yaratish, deklarativ xususiyatga ega vazifalarni bekor
qilish, funksiyalarni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini aniq
belgilash va takrorlanishlarning oldini olish orqali byudjet mablag‘larini
tejash va ulardan oqilona foydalanish, shu jumladan, aholining huquqiy
muammolarini hal etishda adliya organlarining roli va mas’uliyatini yanada
kuchaytirish maqsadida:
1. 2022-2023 yillarga
mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturini ishlab chiqishni
muvofiqlashtiruvchi respublika komissiyasining Davlat xizmatlari
agentligi va uning hududiy boshqarmalari hamda Intellektual
mulk agentligi va uning hududiy markazlarini vazifa, funksiya va
vakolatlarini Adliya vazirligiga (keyingi o‘rinlarda −
Vazirlik) o‘tkazgan holda qo‘shib olish to‘g‘risidagi
taklifiga rozilik berilsin.
2. Vazirlik zimmasiga quyidagi
qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:
a) aholiga davlat
xizmatlari ko‘rsatish yo‘nalishida:
jismoniy va yuridik shaxslarga
davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
ortiqcha ma’muriy
tartib-taomillarni bartaraf etish hisobiga tezkor, qulay va sifatli davlat
xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlash;
davlat xizmatlari ko‘rsatish
sohasida, shu jumladan, tegishli axborot tizimlari, resurslar va ma’lumotlar
bazalarini joriy etish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar
faoliyatini nazorat qilish va samaradorligini baholash;
b) intellektual mulkni
huquqiy muhofaza va himoya qilish yo‘nalishida:
intellektual mulk sohasida
yagona davlat siyosatini ishlab chiqish hamda ixtirolar, tovar belgilari,
mualliflik huquqi va boshqa intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni
himoya qilish;
ixtirolar, foydali modellar,
sanoat namunalari, tovar belgilari va boshqa intellektual mulk ob’ektlarini
huquqiy muhofaza qilish.
3. Adliya vazirligi faoliyati
samaradorligini yanada oshirish hamda raqamlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar
dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
a) yuridik xizmat ko‘rsatish
markazlari, tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari va ularning filiallari
hamda FHDYO organlari barcha huquq va vakolatlarini saqlagan holda tuman
(shahar) adliya bo‘limlari tuzilmasiga va bo‘ysunuviga o‘tkaziladi;
b) Vazirlik:
Davlat xizmatlari agentligi
hamda Intellektual mulk agentligining barcha huquqlari, majburiyatlari va
shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
jismoniy va yuridik shaxslarga
davlat xizmatlari ko‘rsatish hamda intellektual mulk (intellektual mulk
ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni muhofaza va himoya qilish) sohalarida yagona
davlat siyosatini amalga oshiruvchi hamda Butunjahon intellektual mulk
tashkiloti va intellektual mulk sohasidagi boshqa xalqaro tashkilotlarda
O‘zbekiston Respublikasini ifodalovchi vakolatli davlat boshqaruvi
organi hisoblanadi;
v) Davlat xizmatlari agentligi
hamda Intellektual mulk agentligining byudjetdan tashqari jamg‘armalari ularni
shakllantirish manbalari va foydalanish yo‘nalishlarini saqlagan holda barcha
qoldiq mablag‘lari bilan birgalikda Vazirlik tasarrufiga o‘tkaziladi.
Agentliklarning byudjetdan
tashqari jamg‘armalari tegishli ravishda Vazirlikning Davlat xizmatlarini
rivojlantirish jamg‘armasi hamda Intellektual mulkni rivojlantirish jamg‘armasi
etib qayta nomlansin.
5. Vazirlik bir oy
muddatda Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk
agentligining bino-inshootlari, tovar-moddiy boyliklari, zarur axborot
tizimlari va boshqa mol-mulklarini hamda tegishli hujjatlarini qabul qilib
olishni ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining 2018 yil 8 avgustdagi PF–5505-son Farmoni bilan tasdiqlangan
Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasidagi vazifalarni
amalga oshirish hamda qonunchilik hujjatlarini qabul qilish tartibini takomillashtirish
maqsadida 2022 yil 1 maydan boshlab quyidagi tartib
o‘rnatilsin, unga muvofiq:
qonunchilikka muvofiq mahalliy
ijro hokimiyati organlari qarorlarini qabul qilishda hududiy adliya organlari
ijobiy xulosasi olinishi belgilangan hollarda, bunday xulosa olinmasdan
tegishli qarorlarni qabul qilish (chiqarish)ga yo‘l qo‘yilmaydi;
Vazirlik tomonidan
vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro hokimiyati organlarining norma
ijodkorligi faoliyati monitoring qilinadi hamda uning natijasi bo‘yicha har
chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot
kiritib boriladi.
7. Shunday tartib
o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2023 yil 1 apreldan boshlab:
mualliflik huquqi
ob’ektlarining elektron nazorat nusxalari majburiy tartibda mualliflik huquqi
ob’ektlarining yagona bazasida (keyingi o‘rinlarda – Yagona baza) saqlanadi;
“Intellektual mulk markazi”
davlat muassasasi Yagona bazani yuritish, texnik ta’minlash hamda mualliflik
huquqi ob’ektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazaga kiritish jarayonini
muvofiqlashtirish bo‘yicha mas’ul – operator etib belgilanadi;
ob’ektning elektron nazorat
nusxalari Yagona bazaga mualliflik huquqi ob’ektlarini saqlash faoliyatini
amalga oshiruvchilar (depozitariylar) tomonidan joylashtiriladi;
mualliflik huquqi ob’ektlarini
saqlash faoliyatini amalga oshiruvchilar (depozitariylar) tomonidan ob’ektning
elektron nazorat nusxalari Yagona bazaga kiritilgandan so‘ng, uning saqlovga
qabul qilinganligi to‘g‘risida hujjat taqdim qilinadi.
8. Vazirlik:
2022 yil 1 iyulga qadar mualliflik huquqi ob’ektlarining elektron nazorat nusxalarini
Yagona bazada saqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini ishlab chiqib,
Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2023 yil 1 yanvarga qadar Yagona baza ishlab chiqilib, joriy etilishini ta’minlasin.
9. Vazirlik va uning hududiy
bo‘linmalariga o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun
quyidagi qo‘shimcha vakolatlar berilsin:
davlat xizmatlari ko‘rsatish
sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa
tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash;
intellektual mulk sohasidagi
huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llash;
davlat organlari va davlat
ishtirokidagi tashkilotlarda yuzaga kelgan mehnat nizosini ko‘rish haqidagi
ariza bilan sudga murojaat qilish.
10. Vazirlik huzuridagi Huquqiy
siyosat tadqiqot institutiga quyidagi huquqlar berilsin:
tahlil va tadqiqot o‘tkazish
uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va axborotlarni, shu jumladan, normativ-huquqiy
hujjatlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida zarur statistik ma’lumotlar,
tahliliy materiallar, hujjatlar va boshqa axborotlarni davlat organlari hamda
tashkilotlaridan bepul tarzda so‘rash va olish;
davlat organlari va
tashkilotlarida qonunchilik hujjatlarini qo‘llash amaliyoti bilan Adliya
vazirligi bilan birgalikda joyiga chiqqan holda tanishish;
tadqiqot ishlarini amalga
oshirish uchun respublikaning yetakchi ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari,
davlat organlari va jamoat tashkilotlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va
xorijiy mamlakatlarning nufuzli ta’lim va ilmiy muassasalarining tajribali
olimlari, boshqa xodimlari va ekspertlarini shartnoma asosida jalb etish;
shartnoma asosida ishlarni
bajarish va xizmat ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘larni (ularni amalga oshirish
xarajatlarini chegirib tashlagan holda) 80 foizgacha xodimlarni ijtimoiy himoya
qilish va moddiy rag‘batlantirish tadbirlariga yo‘naltirish.
11. Belgilansinki, davlat
tashkilotlaridagi ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan
shug‘ullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lashga doir
rag‘batlantirish shartlari Institut xodimlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
12. Vazirlik tuzilmasida:
a) boshqaruv xodimlarining
cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida:
Xalqaro-huquqiy hamkorlik
boshqarmasi, Xalqaro va xorijiy tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining
manfaatlarini huquqiy himoya qilish boshqarmasi hamda Xalqaro reyting va
indekslar bilan ishlash boshqarmasidan iborat Xalqaro-huquqiy hamkorlik
departamenti;
Ijtimoiy-iqtisodiy sohada
huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish boshqarmasi hamda Fuqarolik-huquqiy
munosabatlarni rivojlantirish boshqarmasi negizida Huquqni qo‘llash
amaliyotini o‘rganish boshqarmasi;
Yuridik xizmatlarning
faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi hamda Huquqiy xizmat ko‘rsatishni
davlat tomonidan tartibga solish boshqarmasi negizida Huquqiy xizmat
ko‘rsatishni tartibga solish boshqarmasi;
Qonun hujjatlarini tahlil
qilish va turkumlash boshqarmasi hamda Tartibga solish ta’sirini baholash boshqarmasi
negizida Qonunchilikni tizimlashtirish va tartibga solish ta’sirini
baholash boshqarmasi tashkil etilsin;
b) Davlat xizmatlari agentligi
hamda Intellektual mulk agentligi qo‘shib olinishi munosabati bilan
bo‘shayotgan shtat birliklari doirasida:
Davlat xizmatlari
departamenti;
Intellektual mulk departamenti
tashkil etilsin.
13. Belgilab qo‘yilsinki,
Vazirlikning yangi tashkil etilayotgan tarkibiy tuzilmalari shtatlari birinchi
navbatda Vazirlikka qo‘shilayotgan Davlat xizmatlari agentligi hamda Intellektual
mulk agentligi tizimi xodimlari hisobidan to‘ldiriladi.
Vazirlik ikki oy
muddatda ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi
o‘zgarishlardan kelib chiqib, tuman (shahar) adliya bo‘limlari
va davlat xizmatlari markazlari rahbarlarini lavozimidan ozod qilish hamda
ushbu lavozimni ichki tanlov asosida yuksak malaka va yuqori professional
tayyorgarlikka ega boshqaruv kadrlari bilan to‘ldirishni ta’minlasin.
14. Adliya vaziriga:
Vazirlik markaziy apparati,
adliya organlari va muassasalarining tuzilmasiga xodimlarning belgilangan
umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish;
zarur hollarda O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishgan holda, Vazirlikning
byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan davlat xizmatlari markazlari va
ularning filiallariga qo‘shimcha shtat birliklarini joriy qilish;
davlat organlari va boshqa
tashkilotlar, ilmiy va ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy
kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek, ekspertlarni
maslahatchi sifatida jalb qilish;
malakali xorijiy
mutaxassislarni ishga qabul qilish va ularga ish haqini milliy valyutada yoki
xorijdagi hisobvaraqlariga o‘tkazgan holda chet el valyutasida to‘lash huquqi
berilsin.
15. Vazirlikning quyidagi
takliflariga rozilik berilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi
Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi qoshidagi Intellektual
mulk konsultativ markazi” davlat unitar korxonasini O‘zbekiston
Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat
muassasasi sifatida qayta tashkil etish;
Davlat xizmatlari agentligi
huzuridagi “Davlat xizmatlarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi” davlat
muassasasini Adliya vazirligi huzuridagi “Davlat xizmatlarini
rivojlantirish markazi” davlat muassasasi etib qayta nomlash.
Belgilansinki, “Intellektual
mulk markazi” davlat muassasasi intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatdan
o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarni, shu jumladan, ularni ro‘yxatdan o‘tkazishga
doir talabnomalarning davlat ekspertizasini va ular yuzasidan tegishli
ma’lumotlar markaziy saqlovini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli tashkilot
hisoblanadi.
16. O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti va Hukumatining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq
o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining ayrim hujjatlari 3-ilovaga muvofiq o‘z kuchini
yo‘qotgan deb hisoblansin.
18. Vazirlik:
bir oy muddatda Moliya vazirligi bilan birgalikda mazkur Farmonga muvofiq
Vazirlikning xarajatlar smetasi va shtatlar jadvaliga o‘zgartirish va qo‘shimchalar
kiritsin;
uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan
o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
19. Mazkur Farmonning ijrosini
samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib
adliya vaziri R.Q.Davletov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib
borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va
nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi B.D.
Islamov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning
natijadorligi to‘g‘risida 2022 yil 1 sentyabrga qadar O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentiga axborot kiritilsin.
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti
Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri, 2022 yil 17 mart
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari
18 03 2022 / 16:23