Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI YOSHLAR TADBIRKORLIGINI RIVOJLANTIRISH VA BANDLIGINI TA’MINLASHGA DOIR QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA


Ulashing :


Yoshlarning tadbirkorlik g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ishbilarmonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, yosh tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiyot tarmoqlari va sohalaridagi, shu jumladan, startap va innovatsion loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, kasb-hunar, raqamli texnologiyalar hamda xorijiy tillarni chuqur egallashi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, shuningdek, yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida:

1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Markaziy bank, Yoshlar ishlari agentligi hamda AT “Aloqabank”ning 2025 — 2027-yillarda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yoshlar biznesi” dasturini (keyingi o‘rinlarda — Dastur) amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:

Dastur doirasida 350 mingta yoshni qamrab olish, shu jumladan, o‘n sakkiz yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan shaxslar uchun kamida 100 mingta qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish;

yosh tadbirkorlarga kompleks xizmatlar ko‘rsatish, ularning faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida AT “Aloqabank”ni tayanch “yoshlar banki” etib belgilash;

zamonaviy tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish uchun yoshlarning startap va investitsiya loyihalariga imtiyozli moliyaviy mablag‘larni ajratish;

iqtisodiyot tarmoqlari va sohalaridagi, shu jumladan, raqamli texnologiyalar tatbiq etilgan innovatsion loyihalar hamda ijtimoiy tadbirkorlik yo‘nalishidagi qo‘llab-quvvatlash choralarini joriy etish.

2. Belgilansinki, Dastur doirasida:

a) “Biznesga birinchi qadam” loyihasiga muvofiq o‘n sakkiz yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan ijtimoiy soliq to‘lagan o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslarga onlayn shaklda asosiy qarzdan 2 yilgacha va foiz to‘lovlaridan 3 oygacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga sug‘urta polisi ta’minoti yoki uchinchi shaxs kafilligi asosida 100 mln so‘mgacha mablag‘lar quyidagi kredit mahsulotlari bo‘yicha imtiyozli mikroqarz sifatida ajratiladi:

tomorqalardan samarali foydalanish maqsadida ekin ekish va yetishtirish, chorvachilik, parrandachilik hamda qishloq xo‘jaligining boshqa yo‘nalishlaridagi faoliyatni amalga oshirish uchun;

ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish faoliyatini tashkil etish hamda amalga oshirish, shu jumladan, hunarmandchilik jihozlarini sotib olish va aylanma mablag‘larni to‘ldirishga;

fan, san’at va sport yo‘nalishlarida o‘z qobiliyatini namoyon etgan iqtidorli yoshlarni hamda frilanserlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun;

b) “Yoshlar uchun ish o‘rinlari” loyihasi asosida yakka tartibdagi tadbirkorlik subyekti sifatida faoliyat yurituvchi yosh fuqarolarga, shuningdek, ta’sischilari yosh fuqarolar bo‘lgan yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat yurituvchi kichik tadbirkorlik subyektlarining yoshlarga kamida 20 ta ish o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi loyihalariga 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga 5 mlrd so‘mgacha mablag‘lar quyidagi yo‘nalishlardagi kredit mahsulotlari bo‘yicha ajratiladi:

ishlab chiqarish asbob-uskunalarini xarid qilish, qurilish ishlarini amalga oshirish, asosiy vositalarni sotib olish (shu jumladan, “sanoat ipotekasi” asosida) hamda aylanma mablag‘larga;

tijorat maqsadlarida foydalanishga mo‘ljallangan avtotransport vositalarini xarid qilish uchun;

savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil qilishga;

yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, shu jumladan, raqamli texnologiyalar va xorijiy tillar kabi yo‘nalishlarda ta’lim xizmatlari faoliyatini tashkil etish uchun;

v) “Innovatsion yoshlar” loyihasi bo‘yicha venchur jamg‘armalari orqali yoshlar quyidagi yo‘nalishlarda qo‘llab-quvvatlanadi:

yoshlarning startap loyihalari uchun kapital investitsiyalar kiritish;

ilmiy tadqiqotlar, texnologik ishlanmalar va startaplar uchun infratuzilmani rivojlantirishga qarz mablag‘larini ajratish;

ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish uchun sharoit yaratish, shu jumladan, robototexnika yo‘nalishidagi zamonaviy asbob-uskunalar va laboratoriyalardan foydalanishda imtiyozli moliyaviy qo‘llab-quvvatlash;

startap-inkubatorlar, texnoparklar va tadqiqot markazlarini yaratishga investitsiyalar kiritish;

xalqaro tanlovlar, konferensiyalar va ko‘rgazmalarda ishtirok etishni qo‘llab-quvvatlash;

g) yoshlarning zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga, shu jumladan, raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarga o‘qishi o‘rnatilgan tartibda moliyalashtiriladi.

3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq Dastur doirasida:

imtiyozli kreditlarning kamida 30 foizi xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltiriladi. Bunda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan xotin-qizlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish kurslarida o‘qishiga ko‘maklashiladi;

imtiyozli kredit mablag‘lari uning hisobiga yaratiladigan ish o‘rinlarining kamida 50 foizida yoshlar ishga joylashtirilishi nazarda tutilgan holda ajratiladi;

imtiyozli kreditlarning taqdim etilishi shartlarini bajarmagan qarz oluvchilarga nisbatan kredit foiz stavkalari bozor stavkalariga o‘zgartiriladi.

4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda AT “Aloqabank”ning Dasturni moliyalashtirish bo‘yicha quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan AT “Aloqabank”ga 5 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga 150 mln AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘larni milliy valyutada Markaziy bank asosiy stavkasi darajasida subordinar qarz sifatida bosqichma-bosqich AT “Aloqabank” talabnomalariga muvofiq ajratib borish;

2025-2026-yillarda jami 50 mln AQSh dollarini teng ulushlarda AT “Aloqabank” ustav kapitaliga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining ulushini oshirish hisobiga yo‘naltirish;

imtiyozli kreditlarni Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada ajratish.

5. AT “Aloqabank” hamda Markaziy bankning:

mazkur qarorda nazarda tutilgan qo‘llab-quvvatlash instrumentlaridan foydalangan tadbirkorlik subyektlarining hisobvaraqlariga bepul asosda xizmat ko‘rsatish;

2025-yil 1-aprelga qadar “Yosh tadbirkorlar” raqamli platformasini joriy etib, biznes-rejalar tuzish, onlayn treninglar o‘tkazish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan kooperatsiya hamkorligini tashkil etish, mahsulot va xizmatlar uchun bozor topishga ko‘maklashish, shuningdek, tartibga solish qumdoni mexanizmini qo‘llash orqali kraudfanding imkoniyatlarini yaratish;

ikki oy muddatda tan olingan xalqaro sertifikatlar bo‘yicha hamda belgilangan tartibda xorijiy ish beruvchilar talablariga muvofiq ta’lim xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ygan o‘quv markazlari bilan hamkorlikda mazkur qarorning 2-bandi “g” kichik bandida nazarda tutilgan yoshlarning kasb-hunarga o‘qishini moliyalashtirishga qaratilgan kredit mahsulotlarini ishlab chiqish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

6. AT “Aloqabank” tomonidan hududlarda yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlar va texnologik ishlanmalarni tijoratlashtirishga hamda moliyalashtirishga ko‘maklashish loyihasi (keyingi o‘rinlarda — “Startaplar” loyihasi) amalga oshirilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Markaziy bank hamda AT “Aloqabank”ning Raqamli texnologiyalar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:

2025-yil 1-martga qadar “Startaplar” loyihasini respublikaning barcha hududlarida amalga oshirish va loyihaning hududlardagi bo‘linmalarini malakali kadrlar bilan to‘ldirish;

2025-yil 1-apreldan boshlab har oyda 1 ta hududda “investor kun”larini tashkil etish hamda hududdagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish;

2025-yil yakuniga qadar akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlagan startaplar sonini 200 taga yetkazish;

2025-yil yakuniga qadar hududlarda “Yoshlar biznes-inkubatori” markazlarini tashkil qilib, tadbirkorlik faoliyatini yangidan boshlagan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda muvaffaqiyatli tadbirkor darajasigacha rivojlanishlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, jumladan ularga tayyor ofislarni ijaraga berish, buxgalteriya, marketing, eksport bozorlariga chiqish bilan bog‘liq kompleks xizmatlarni ko‘rsatish to‘g‘risidagi tashabbuslari ma’qullansin.

7. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Raqamli texnologiyalar vazirligi, AT “Aloqabank”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda biznes inkubatorlar tashkil etish uchun mos bo‘lgan bo‘sh turgan davlat obyektlari va yer maydonlari ro‘yxatini shakllantirib, Vazirlar Mahkamasiga “Yoshlar biznes inkubatorlari” tizimini yaratish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini kiritsin.

8. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga professional va oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarni axborot platformasi orqali, shu jumladan, ish beruvchilarning talabnomalarini kiritishni nazarda tutgan holda ishga joylashtirish tizimini joriy qilish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini kiritsin.

Bunda amaliyot o‘tash, malaka oshirish hamda ishga qabul qilish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish orqali soddalashtirish ko‘zda tutilsin.

9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 14-fevral,

PQ-62-son

(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 07/25/62/0152-son)



Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari

05 03 2025 / 14:04