Meva-sabzavot
va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini koʻpaytirish, issiqxona
xoʻjaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish hamda yangi zaxira va
imkoniyatlarni ishga solish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1.
Quyidagilar 2025 — 2027-yillarda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari
eksporti hajmini oshirish, issiqxona xoʻjaliklari faoliyatini yanada
rivojlantirish hamda qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishning asosiy maqsadli
koʻrsatkichlari etib belgilansin:
(a)
meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini 2026-yilda — 3,5
milliard AQSH dollari, 2027-yilda 4 milliard AQSH dollariga yetkazish;
(b)
issiqxona xoʻjaliklarini tabiiy gaz bilan kafolatli taʼminlagan holda
meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmini 2026-yilda — 620 ming tonnaga,
2027-yilda 670 ming tonnaga yetkazish, ushbu mahsulotlarning eksporti hajmini
30 foizdan 70 foizga oshirish;
(v)
2026-yilda qoʻshimcha aniqlangan 20 ming gektar, 2027-yilda 15 ming gektar dala
chetiga mevali koʻchat va sabzavotlar ekishni tashkil etish;
(g)
organik mahsulot yetishtiriladigan yer maydonlari hajmini 2026-yilda — 20 ming
gektarga, 2027-yilda — 25 ming gektarga, “Global GAP” xalqaro standartlari
asosida sertifikat olingan yer maydonlari hajmini esa 2026-yilda 10 ming
gektarga, 2027-yilda 15 ming gektarga yetkazish.
II. Issiqxona
xoʻjaliklarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ularning faoliyatini
samarali yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish
2.
Issiqxona xoʻjaliklari uzluksiz ishlashini taʼminlash uchun ularga quyidagi
imtiyozlar berilsin:
(a)
issiqxona faoliyatidan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari
boʻyicha jami daromadining kamida 60 foizini tashkil etgan tadbirkorlik
subyektlari uchun 2026-yil 1-yanvardan boshlab 2028-yil yakuniga qadar ijtimoiy
soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi;
(b)
faoliyat yuritayotgan issiqxona xoʻjaliklarining 2025-yil 1-oktabr holatiga
mavjud soliq qarzi yuzasidan toʻlov muddati foizlarni hisoblamagan holda
2028-yil yakuniga qadar uzaytiriladi hamda ushbu soliq qarzi 2029-yilning har choragida
teng ulushlarda toʻlanadi. Bunda soliq qarzini undirish boʻyicha:
(i)
issiqxona xoʻjaliklariga qoʻllangan maʼmuriy va moliyaviy jarimalar hamda
barcha hisoblangan penyalar toʻliq hisobdan chiqariladi;
(ii)
issiqxona xoʻjaliklari bank hisobvaraqlariga qoʻyilgan inkasso
topshiriqnomalari chaqirib olinadi;
(v)
yuridik va jismoniy shaxslarning issiqxona xoʻjaliklari boʻyicha yer soligʻi
yer fondi toifasidan qatʼi nazar qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlar
uchun belgilangan soliq stavkalarida hisoblanadi. Bunda qishloq xoʻjaligi uchun
moʻljallanmagan yerlar uchun soliq stavkalarida hisoblangan yer soligʻi summasi
2025-yil yanvardan qayta hisob-kitob qilinadi;
(g)
kredit majburiyatlari bajarilmagani sababli tijorat banklari balansiga oʻtgan
issiqxonalar va garov taʼminotida boʻlgan koʻchmas mulk obyektlarini
realizatsiya qilish boʻyicha aylanmalar 2028-yil 1-yanvarga qadar qoʻshilgan
qiymat soligʻi toʻlashdan ozod etiladi, shuningdek, mazkur mulklar tijorat
banklari balansiga qabul qilingan vaqtdan yangi tashabbuskorga sotilgunga qadar
boʻlgan davr mobaynida yer soligʻi toʻlashdan ozod qilinadi;
(d)
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarida qurilgan issiqxona
majmualarini foydalanishga qabul qilish va ularga boʻlgan huquqlarni davlat
roʻyxatidan oʻtkazishda Yer kodeksining 43-moddasiga asoslangan
holda mazkur yer uchastkalarini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar
toifasidan chiqarish talab etilmaydi, ushbu majmualar va ular joylashgan yer
uchastkalariga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin tijorat
banklari tomonidan ularni kredit taʼminoti sifatida qabul qilishni rad etishga
yoʻl qoʻyilmaydi;
(j)
issiqxona xoʻjaliklari uchun ajratilgan yer maydonining 5 foizi, lekin 20
sotixdan oshmagan qismiga qishloq xoʻjaligi yerlari toifasini oʻzgartirmagan
holda issiqxona infratuzilmasini (qozonxona, mahsulotlarni saralash va
qadoqlash, issiqxona ehtiyot qismlarini saqlash, xizmat binolari) barpo
qilishga ruxsat beriladi.
3.
Tijorat banklari:
(a)
bir oy muddatda mavjud issiqxona xoʻjaliklarini xatlovdan oʻtkazsin hamda
xatlov natijalariga koʻra istiqbolli deb topilgan issiqxona xoʻjaliklariga
2025-yil 1-oktabrgacha ajratilgan kreditlar boʻyicha muddati oʻtgan
qarzdorliklar toʻlov grafiklarini kelgusidagi pul oqimlaridan kelib chiqib,
qayta koʻrib chiqsin hamda hosil boʻlgan penya summalarini hisobdan chiqarsin;
(b)
tijorat banklari huzuridagi investitsiya kompaniyalari orqali qarzdorlik
hisobiga banklar balansiga olingan issiqxona majmualarini salohiyatli
investorlarga bozor qiymatida toʻgʻridan-toʻgʻri sotish choralarini koʻrsin.
Bunda 2027-yil yakuniga qadar quyidagilarga ruxsat beriladi:
(i)
tijorat banklariga va ular huzuridagi investitsiya kompaniyalariga vakolatli
davlat organining roziligisiz qarzdor issiqxona xoʻjaliklari ustav kapitalida
ulushga ega boʻlishga yoki yangi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tashkil
qilishga;
(ii)
tijorat banklari huzuridagi investitsiya kompaniyalari hamda ularning ulushi
jami 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga issiqxona
majmualari faoliyatini tiklash jarayonida toʻgʻridan-toʻgʻri xaridlarni amalga
oshirishga.
4.
Issiqxona xoʻjaliklari faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida
tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingidan qatʼi nazar 2030-yilga
qadar quyidagi moliyaviy imtiyozlar joriy qilinsin:
(a)
Kredit foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish jamgʻarmasi hisobidan:
(i)
issiqxona xoʻjaliklari loyihalarining biznes-rejasidagi ish oʻrinlarini
yaratish va mahsulotlar realizatsiyasidan tushum kabi koʻrsatkichlar
bajarilishining oʻrtacha miqdori 2025 — 2027-yillarda 30 foizdan va
2028-2029-yillarda 50 foizdan yuqori boʻlgan issiqxona xoʻjaliklariga
“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan
ajratilayotgan kompensatsiya yordami qayta tiklanadi va toʻlab beriladi;
(ii)
2025-yil 1-oktabrga qadar issiqxona yoʻnalishida ajratilgan kredit (lizing)lar
miqdoridan qatʼi nazar barcha toifadagi tadbirkorlik subyektlariga hisobot oyi
yakunida muddati oʻtgan qarzdorliklar mavjud boʻlmagan taqdirda, xorijiy
valyutada ajratilgan kredit foizining 4 foiz punktidan yuqori qismi, milliy
valyutada ajratilgan kredit foizining 14 foiz punktidan yuqori qismi
kompensatsiya qilib beriladi;
(iii)
mazkur kichik bandning ikkinchi
va uchinchi xatboshilarida
nazarda tutilgan imtiyozlar bir vaqtning oʻzida qoʻllanishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
(b)
Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari
hisobidan tijorat banklari tomonidan issiqxona xoʻjaliklariga hosil qiymatining
50 foizi miqdorida aylanma mablagʻlarni toʻldirishga, shuningdek, chang-gaz
tozalash uskunalarini oʻrnatishga 12 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada
(shundan 4 foiz bank marjasi) imtiyozli kreditlar ajratiladi;
(v)
issiqxona xoʻjaliklari tomonidan Energiya samaradorligini oshirish raqamli
platformasi orqali xarid qilingan issiqlik nasoslarini oʻrnatish
xarajatlarining 20 foizgacha qismi Energiya samaradorligini ragʻbatlantirish va
qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
5.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir
oy muddatda issiqxona xoʻjaliklari bilan tuzilgan yer ijara shartnomalari
muddatini kredit muddatlariga mutanosib ravishda uzaytirish choralarini
koʻrsin.
6.
Belgilansinki, tabiiy gazda ishlaydigan issiqxona xoʻjaliklariga oktabr — mart
oylarida har oy uchun 50 foiz oldindan toʻlovlar asosida tabiiy gaz kafolatli
hajmda yetkazib beriladi.
7.
Energetika vazirligi:
(a)
har yili 1-oktabrga qadar (2025-yil uchun 10 kun muddatda) mazkur Farmonning 6-bandida belgilangan shartlarda tabiiy
gazni yetkazib berish boʻyicha shartnomalar tuzilishini taʼminlasin. Bunda
shartnomalarda tabiiy gaz yetkazib berilmagani natijasida yoʻqotilgan hosil
uchun yetkazib beruvchi tomonning javobgarligi aniq belgilab qoʻyilishga
eʼtibor qaratilsin;
(b)
amalda barpo etilgan issiqxona xoʻjaliklari tijorat banklari balansiga
oʻtkazilgan yoki yangi investorga sotilgan yoxud boshqacha tarzda samarali
foydalanish uchun berilganda (shu jumladan, respublikaning boshqa hududlariga
koʻchirilganda), shuningdek, yangi issiqxonalar tashkil etilganda, ushbu
issiqxonalar uchun texnik shartlar belgilangan tartibda 10 kun muddatda taqdim
etilishini hamda ularning gaz va elektr tarmoqlariga ulanishini taʼminlasin.
8.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi markaziy apparatida vazirlik tizimiga ajratilgan
amaldagi shtat birliklari doirasida issiqxona xoʻjaliklari faoliyatini
muvofiqlashtirish boʻyicha tarkibiy boʻlinma tashkil etilsin va unga issiqxona
xoʻjaliklari faoliyatini muvofiqlashtirish, sohada mavjud muammolarni tahlil
qilish hamda ularni bartaraf etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish vazifasi
yuklatilsin.
9.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank
bilan birgalikda xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda ikki oy
muddatda issiqxona xoʻjaliklari faoliyatini rivojlantirish va samaradorligini
oshirishga qaratilgan dasturni ishlab chiqsin. Bunda samarali boshqaruv
tizimini yoʻlga qoʻyishga masʼul tashkilot taʼsis etish koʻzda tutilsin.
10.
Issiqxona xoʻjaliklari faoliyatini rivojlantirish va samaradorligini oshirishga
qaratilgan dasturni ishlab chiqish ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-oktabrdagi “Respublika ijro
etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatiga raqamlashtirishni keng joriy etish
hisobiga boshqaruv shtat birliklari sonini maqbullashtirish chora-tadbirlari
toʻgʻrisida”gi PF-178-son Farmoni
bilan Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlardan qisqartirilgan
shtat birliklari hisobidan Vazirlar Mahkamasi huzurida 6 ta shtat birligidan
iborat loyiha ofisi tashkil etilsin.
III. Meva-sabzavot
va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini oshirish
11.
Belgilansinki:
(a)
eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari uchun minimal eksport narxlarini
belgilash amaliyoti bekor qilinadi;
(b)
dukkakli ekinlarni yigʻish texnikasini xarid qilgan tadbirkorlik subyektlariga
Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari
hisobidan texnika qiymatining 15 foizi hamda lizing va kredit stavkasining 10
foizdan oshgan qismi qoplab beriladi.
IV. Tashkiliy
chora-tadbirlar va mazkur Farmon ijrosini taʼminlash
12.
Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi:
(a)
Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2025-yil yakuniga qadar:
(i)
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi boʻyicha laboratoriya tahlillarini
oʻtkazish hamda xalqaro sertifikat berish tizimini joriy qilish yuzasidan
xorijiy kompaniyalar bilan kelishuvga erishish choralarini koʻrsin;
(ii)
importchi xorijiy davlatlarning oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi boʻyicha
talablariga muvofiq karantin ostidagi mahsulotlarni (hoʻl va quritilgan)
respublikadan eksport qilish uchun mahsulot tarkibidagi pestitsid va nitrat
qoldiq miqdorlarini aniqlash boʻyicha laboratoriya tahlilini oʻtkazish tizimini
joriy qilsin;
(b)
Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Ichki ishlar vazirligi,
“Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ, Qoraqalpogʻiston Respublikasi
Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2025-yil
15-oktabrga qadar mavjud 200 dona boshoqli don oʻrish kombaynlarini dukkakli
mahsulotlarni yigʻib olishga moslashtirish hamda dukkakli mahsulotlarni
yetishtiruvchilarga biriktirishni tashkil qilsin.
13.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki oy
muddatda:
(a)
Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda issiqxona xoʻjaliklari uchun berilayotgan
soliq imtiyozlarini qoʻllash tartibi boʻyicha tegishli normativ-huquqiy hujjat
loyihasini;
(b)
Energiya samaradorligi milliy agentligi bilan birgalikda issiqxona xoʻjaliklari
tomonidan Energiya samaradorligini oshirish raqamli platformasi orqali xarid
qilingan issiqlik nasoslarini oʻrnatish xarajatlarining bir qismini qoplab
berish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bir oy
muddatda issiqxonalarni isitishda ekologik talablarni buzgan subyektlarga
nisbatan koʻriladigan choralarni kuchaytirish yuzasidan takliflarni Vazirlar
Mahkamasiga kiritsin.
15.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi
Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga
muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
16.
Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar
etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J. Xodjayev va J. Qoʻchqorov, qishloq xoʻjaligi
vaziri I. Abduraxmonov, Soliq qoʻmitasi raisi Sh. Kudbiyev hamda davlat ulushi
mavjud tijorat banklari raislari belgilansin.
17.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini
muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.
Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston
Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent
sh.,
2025-yil
8-oktabr,
PF-181-son
Oʻzbekiston
Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-oktabrdagi PF-181-son Farmoniga
ILOVA
Oʻzbekiston
Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga
kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi “Paxta xom
ashyosini yetishtirish va sotishda bozor mexanizmlarini qoʻllashni izchil davom
ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-7-son Farmonining 2-bandi
quyidagi mazmundagi “d” kichik band bilan toʻldirilsin:
“d)
fyuchers va forvard shartnomalarida belgilangan paxta xomashyosi hajmidan ortiq
qismiga ham mazkur shartnomalar asosida hisob-kitoblar amalga oshirilishiga
ruxsat beriladi”.
2.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi “Qishloq xoʻjaligi
sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni yanada jadallashtirish orqali
samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-130-son Farmoni
2-bandi “a” kichik bandining toʻrtinchi
xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“(iii)
2027-yil hosilidan boshlab ruxsat etilgan foydalanish turlariga asosan bir
nechta turdagi ekinlarni ekish rejalashtirilgan taqdirda, Agroportalga yer
uchastkasining 90 foiz qismiga belgilangan ekin turlarini joylashtirish
boʻyicha maʼlumotlar, paxta va boshoqli donni yetishtirish rejalashtirilgan
taqdirda — yer uchastkasining 45 foiz qismiga paxta, qolgan 45 foiz qismiga
boshoqli don joylashtirishga oid maʼlumotlar kiritiladi. Bunda yer
uchastkasining qolgan 10 foiz qismiga qishloq xoʻjaligi tashkilotlariga
istalgan ekinlarni ekishga ruxsat beriladi (2026-yil hosili uchun qishloq
xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan ekin turlarini joylashtirish mustaqil
ulushlarda amalga oshiriladi)”.
3.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-fevraldagi “Respublikada meva-sabzavot
mahsulotlari eksportini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 107-son
qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb
hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2025-y., 06/25/181/0919-son)
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari
16 10 2025 / 13:21