O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining qarori
Mamlakatimiz
ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan
to‘liq va samarali foydalanish, ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish
tizimini takomillashtirish, uning sofligini saqlash va muntazam boyitib borish,
zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol
integratsiyalashuvini ta’minlash, xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini
kengaytirish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy
maqsadlar
1. Quyidagilar davlat
tilini yanada rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib
belgilansin:
a) mamlakatimiz
ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan
to‘liq va samarali foydalanishga erishish;
b) ta’lim
tashkilotlarida davlat tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, uning
ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish;
v) davlat
tilining sofligini saqlash va uning lug‘at boyligini muntazam oshirib borish;
g) davlat
tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol
integratsiyalashuvini ta’minlash,
bu borada sun’iy intellekt imkoniyatlaridan unumli foydalanish;
d) davlat
tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish, xorijiy hamkorlik
aloqalarini rivojlantirish;
j) mamlakatimizda
istiqomat qiladigan barcha millat va elatlar vakillari hamda xorijdagi
vatandoshlarimizning davlat tilini o‘rganishi uchun qulay shart-sharoitlar
yaratish.
II.
Respublikada davlat tili imkoniyatlaridan samarali foydalanishga erishish
2. 2020-2030
yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish
konsepsiyasini 2025-2026 yillarda amalga oshirish dasturi ilovaga
muvofiq tasdiqlansin.
3. 2026
yil 1 yanvardan boshlab respublika darajasidagi davlat organlari va
xo‘jalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar)
hokimliklarida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni
doirasida rahbarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha
maslahatchisi lavozimi joriy etilsin.
4. Maktabgacha
va maktab ta’limi vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi
bilan birgalikda 2026 yildan boshlab:
a) ta’lim
qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari uchun
o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha darsliklarning davriyligi asosida yangi
avlodini yaratsin;
b) maktabgacha
ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha pedagoglar uchun o‘quv
qo‘llanmalarni ishlab chiqsin;
v) maktabgacha
ta’lim yoshidagi bolalar uchun “Mening ilk izohli lug‘atcham” rasmli lug‘at
kitobini yaratsin;
g) bolalarga
o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha zamonaviy animatsion video va audio
mahsulotlar ishlab chiqilishini tashkil etsin.
5. Fanlar
akademiyasi:
a) 2026
yil 1 iyunga qadar ko‘p jildli “O‘zbekiston milliy
qomusi”ni elektron shaklda tayyorlash va e’lon qilish bo‘yicha
normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) 2026
yil 1 dekabrga qadar “Ona tili. Qomus” kitobining nashrga
tayyorlanishi va chop etilishini ta’minlasin.
6. Davlat
tilining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol
integratsiyalashuvini ta’minlash borasida:
a) Raqamli
texnologiyalar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar
akademiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026 yil 1
mayga qadar o‘zbek tilini sun’iy intellekt yordamida
qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladigan platforma ishlab chiqish bo‘yicha
normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) Oliy
ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2025 yil 1 dekabrga qadar:
i) yangi
qabul qilinayotgan atamalar bo‘yicha jamoatchilik muhokamasida bildirilgan
taklif, fikr va tavsiyalarni qayd etib boruvchi;
ii) tasdiqlangan
yangi so‘z va atamalarni o‘zida aks ettiradigan elektron reyestrni yurituvchi;
iii) o‘zbek
tilida chop etilgan sohaviy, izohli va imlo lug‘atlarini o‘zida jamlash va
foydalanish uchun mo‘ljallangan elektron platformani yaratish
bo‘yicha ilmiy loyihaga tanlov e’lon qilsin.
III. Davlat
tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish hamda ilm-fan tili sifatida
nufuzini oshirish
7. Har
yili oktyabr oyida:
a) Fanlar
akademiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi
huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi o‘zbek tilining dunyo
tillari o‘rtasida tutgan o‘rni va xalqaro nufuzini oshirishga qaratilgan xalqaro
ilmiy-amaliy konferensiyani;
b) Oliy
ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mamlakatimizdagi oliy ta’lim
muassasalarida tahsil olayotgan chet ellik talabalar o‘rtasida:
i) o‘zbek
tili bo‘yicha respublika olimpiadasini;
ii) “O‘zbek
tili – qalbim tarjimoni” ko‘rik-tanlovini yuqori saviyada tashkil
etsin;
v) Vazirlar
Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi, Oliy ta’lim, fan
va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda
o‘zbek tilini rivojlantirishga qaratilgan eng yaxshi ilmiy, ijodiy, amaliy
ishlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Jonajon o‘zbek tilim” tanlovini;
g) Respublika
Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston
Yozuvchilar uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari vazirlik va idoralar bilan
birgalikda umummilliy diktant loyihasini;
d) Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari
hamda vazirlik va idoralar 21 oktyabr O‘zbek tili bayrami
kuniga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy, adabiy tadbirlar, yangi kitoblar
taqdimotlarini;
j) Maktabgacha
va maktab ta’limi vazirligi:
i) umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘zbek tili mavzusida insholar
tanlovini;
ii) o‘zbek tili fani o‘qituvchilari o‘rtasida “Yilning eng yaxshi
o‘zbek tili o‘qituvchisi” respublika tanlovini o‘tkazsin.
8. Maktabgacha
va maktab ta’limi vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi,
“Vatandoshlar” jamoat fondi bilan birgalikda har yili Alisher
Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasini o‘tkazib borsin. Bunda
olimpiada g‘oliblarini respublika oliy ta’lim muassasalarining “filologiya va
tillarni o‘qitish: o‘zbek tili va adabiyoti” ta’lim yo‘nalishiga umumiy qabul
kvotasidan tashqari davlat granti asosida o‘qishga qabul qilish yo‘lga qo‘yilsin.
9. Oliy
ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat
o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish
asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hamda Qoraqalpog‘iston
Respublikasi va viloyatlarda uning hududiy bo‘linmalarida mamlakatimizdagi oliy
ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan o‘zbek tilini o‘rganish istagida
bo‘lgan chet ellik talabalarni ular o‘qiyotgan oliy ta’lim tashkilotlari
mablag‘lari hisobidan o‘zbek tiliga bepul o‘qitish kurslarini tashkil etsin.
10. Millatlararo
munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita:
a) 2026
yil davomida o‘z mablag‘lari hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mamlakatimizda
faoliyat ko‘rsatayotgan milliy madaniy markazlar vakillari uchun o‘zbek tiliga
o‘qitish kurslarini kengaytirish;
b) Tashqi
ishlar vazirligi, “Vatandoshlar” jamoat fondi va manfaatdor vazirlik va
idoralar bilan birgalikda “Vatandoshlar” jamoat fondi mablag‘lari hisobidan
xorijiy davlatlardagi o‘zbek diaspora tashkilotlari huzurida vatandoshlarning
farzandlariga o‘zbek tilini o‘rgatishga ixtisoslashgan o‘quv markazlari tashkil
etishga ko‘maklashish, ularni zarur o‘quv qo‘llanmalari, darsliklar va
adabiyotlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.
11. Yoshlar
ishlari agentligi uch oy muddatda o‘zbek tilini boshqa millat
va elatlar vakillari, xorijdagi vatandoshlarning farzandlarini, o‘zbek tilini
o‘rganish istagida bo‘lgan chet el fuqarolarini o‘qitish maqsadida “Ibrat
farzandlari” loyihasi bilan hamkorlikda alohida sun’iy intellekt yordamida
o‘zbek tilini o‘rgatish modulini ishga tushirsin. Bunda o‘zbek modulini
yaratish uchun xarajatlar Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash
jamg‘armasidan amalga oshirilishi nazarda tutilsin.
IV. Qaror
ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
12. Adliya
vazirligi uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu
qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar
Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning
ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib vazirliklar
va idoralar rahbarlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi
Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.
14. Ushbu
qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri
A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbkiston
Respublikasi
Prezidenti
Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2025 yil 20 oktyabr
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari
21 10 2025 / 10:06