Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasining navbatdagi majlisida partiya tuzilmalarining Konstitutsiyani takomillashtirish jarayonida faol ishtirokini samarali tashkil qilish masalalari muhokama qilindi.
— Konstitutsiyaviy islohotlarni
keng targ‘ib qilish maqsadida har bir hududda kamida 5 nafar a’zodan iborat
targ‘ibot guruhlari shakllantirildi, — dedi partiya yetakchisi Aktam Hayitov. —
Davlatimiz rahbari tomonidan konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha belgilab
berilgan 9 ta yo‘nalish bo‘yicha partiya Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi
qoshida Ishchi guruhlar tashkil etildi. Xususan, Bosh qomusimizga o‘zgartish va
qo‘shimchalar kiritish zarurati va bu islohotning mazmun-mohiyati bo‘yicha
nafaqat partiyaning bir milliondan ortiq a’zosi, balki aholi keng qatlamlari
orasida, jumladan, mahallalarda, tadbirkorlik sub’ektlari, boshlang‘ich partiya
tashkilotlarida ochiq muloqot, davra suhbatlari shaklida tushuntirish ishlari
olib borilyapti. Ishchi guruh tomonidan Asosiy qonunga o‘zgartirish va
qo‘shimchalar kiritish yuzasidan ilgari surilgan takliflar umumlashtirilib
borilmoqda hamda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha milliy
komissiyaga taqdim etilmoqda.
Majlisda ta’kidlanganidek,
Konstitutsiyaviy islohotlar boshlangan davrdan to shu kunga qadar respublika va
hududiy targ‘ibot guruhlari tomonidan partiya quyi bo‘g‘inlari, mehnat
jamoalari, oliy ta’lim muassasalari, mahallalarda 410 ta tadbir o‘tkazilgan
bo‘lib, ularda jami 21 mingga yaqin ishtirokchilar qamrab olindi. Tadbir
ishtirokchilari tomonidan 270 dan ziyod takliflar bildirildi. Shulardan 142 ta
taklif partiya tomonidan pochta orqali Respublika komissiyasiga kiritilgan
bo‘lsa, qolganlari partiya faollari tomonidan elektron pochta, “Mening Konstitutsiyam”
portali va Telegramm-botlar vositasida Komissiyaga yetkazildi.
Majlisda ushbu targ‘ibot
ishlarini tizimli davom ettirish hamda bildirilgan takliflarni Milliy
komissiyaga muntazam taqdim etib borish yuzasidan vazifalar belgilab
olindi.
Shuningdek, yig‘ilishda partiya
Qashqadaryo viloyat Kengashining Ko‘kdala tuman bo‘limini tashkil etish
to‘g‘risidagi masala muhokama qilinib, bu bo‘yicha qaror qabul qilindi. Mazkur partiya bo‘limining faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yish vazifalari
belgilab olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
Sarlavxa :
Qonunlar
06 06 2022 / 11:27