Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Tadbirkor va mulkdorga «bosh og‘riq» bo‘layotgan topshiriq va «labbaychilik», ayrim qonun va qonun osti hujjatlar oqibati...


Ulashing :


Sharh

Bugunning qizg‘in va dolzarb mavzusi tadbirkor va mulkdorning muammosi haqida so‘z borar ekan, quyidagi fikrlarni bildirish mumkin.

1. Tan olish lozimki, mulkdor va tadbirkorning muammosiga sabab avvalo qonunlar. Nega?

Chunki, avval-boshdan yaratilgan ayrim qonunlar xususiy mulk va tadbirkorlikning gurkirab rivojlanishiga yetarli huquqiy zamin hozirlay olmadi.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra, bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi.

Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shartлиgi belgilangan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega «xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz», nega boshqa mulk shakllari xususiy mulk kabi emas, yoki nega mulkdan foydalanish davlatning huquqlarini buzmasligi shart. Axir davlatning o‘zi xususiy mulk kafolatchisi emasmi?

Xullas, mustaqillikni ilk davri bo‘lgani boismi, boshqa qonunlarni qo‘yib turaylikda, asosiy qonunimizdagi xususiy mulk va tadbirkorlikka oid ayrim normalar ham ehtiyotkorlik, qolaversa, ham xususiy mulk, ham tadbirkorlikka nisbatan to‘la ishonch bilan yozilmagan.

Shuning uchun ham mulkni tasarruf etish, foydalanish, egalik qilish borasidagi «O‘zbekiston respublikasida mulkchilik to‘g‘risida»gi, «Ijara to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va boshqa bir qator mulk va tadbirkorlikka oid qonunlar amalda, hayotda tatbiq etilishda o‘zining ustuvor yuridik kuchini ko‘rsata olmadi.

«Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir», deb belgiladik. Nega qonun himoyasidadir, deb belgilamadik? Balki shu konseptual asosdanmi, mulk himoyachisi bo‘lgan davlat mulkning haqiqiy nazoratchisiga aylandi.

Oqibatda esa, davlat islohotchi va nazoratchi bo‘lib, «Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida»gi, keyinchalik «Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida»gi qonunlar huquqiy maydonga chiqdiki, natija hammaga ma’lum...

2. Qonun osti hujjatlar bugun ham tadbirkor va mulkdorning asosiy muammolaridan biriligicha qolmoqda.

Tadbirkorlik va mulkka daxldor 12 000 dan ortiq qonun hujjatlariga egamiz...

Misol uchun, birgina yakka tartibdagi tadbirkorlikni olaylik, ular faoliyati asosan O‘zbekiston Respublikasi FK va «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan belgilansada, yana shu soha 40 dan ortiq qonun osti hujjatlari bilan tartibga solinadi. Ushbu qonun osti hujjatlarining ayanchli ahvoli shundaki, hatto bir hujjatda ular yakka tartibdagi tadbirkor deb ta’riflansa, boshqasida xususiy tadbirkor deb belgilangan va bu hujjatlar amalda.

Gapirsa, gap ko‘payadi, maqsad uzoqlashadi, lekin o‘z o‘rnida aytib o‘tish kerakki, qonun osti hujjatlarda tadbirkor va xususiy mulkka nimaki qiyinchilik bo‘lsa, barchasi yaratib bo‘lingan. Ushbu huquqiy makonni tozalash va takomillashtirish oson bo‘lmaydi...

3. Cheksiz qonun osti hujjatlar oqibati bo‘lgan topshiriq va «labbaychilik» bugun tadbirkor va mulkdorga qattiq bosh og‘rig‘idir.

Hech kimga sir emas, yig‘ilishlarda, ayrim mansabdorlar qabul qilayotgan ma’lum qonunsiz hujjatlarda, tadbirkorlarga berilayotgan yozma va og‘zaki ko‘rsatmalarda, tadbirkor faoliyati va mulkdor mulkiga nisbatan topshiriqlar oqibatida tadbirkor va mulkdorga tizimli ziyon bo‘layotgani achchiq haqiqatdir.

Masalan: ayrim mansabdorlarning hududlardagi obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirishlari uchun quyi mansabdorlar, ya’ni, tuman hokimi yoki sektor rahbarining tezkor og‘zaki yoki yozma ko‘rsatmasi bilan obodonlashtirish, ta’mirlash, qurilish ishlarini qilgan yo bunday ishlarni qilishga majburiy, ixtiyoriy jalb etilgan tadbirkorga keyinchalik u amalga oshirgan ishlari uchun haq yoki barpo etgan binosi uchun hujjat rasmiylashtirib berilmaganligi holatlari uchraydi.

Vaholanki, tadbirkor ishonib bajargan ish uchun haq to‘lashning huquqiy asosi mavjud emas, shuningdek, mansabdorga ishonib tadbirkor tomonidan hududni obod etish aksiyasi doirasida barpo etilgan bino ham hujjatsiz va noqonuniy qurilmadir.

Ushbu holatlar tahlil qilinganda, tadbirkorga ko‘rsatma berish vakolatiga na tuman, na viloyat miqyosidagi rahbarlar ega emaslar. Bergan topshiriqlar esa, qonunga muvofiq emasligi aniqlangan.

Masalan, sayyor qabulda tijorat bankini fuqaroga kredit berishga majburlayotgan mansabdorning topshirig‘ini olaylik.

Bir tomondan olib qaralsa, to‘g‘ri, xayrli ish, fuqaroni kredit muammosi joyida yechildi, deyiladi. Lekin ushbu holat o‘z-o‘zidan qonunlarimizga zid. Chunki har qanday holatda ham kredit shartnomasi ikki tomonlama va har ikki tomonning xohish irodasidan kelib chiqishi hamda tadbirkorlik sub’ekti bo‘lgan banklarning ham ziyoniga ishlamasligi, shartnoma erkin tuzilishi darkor. Bu holat ham topshiriq tizimiga yopishib olgan mansabdorlikning salbiy odatidir.

4. Tadbirkor va mulkdorning huquq, manfaat va kafolatlari iqtisodiy sudlarda to‘la ta’minlanmayotir.

Avvalo, sud-huquq sohasidagi bugungi davlat siyosati, olib borilayotgan islohotlar adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga, sudlarda qaror chiqarish bilangina cheklanmasdan tom ma’noda nizolarni hal etishga, sudga murojaat etayotganlarni sud, jamiyat va davlatdan imkon qadar rozi etishga qaratilgan.

Shu asosda bugungi iqtisodiy sudlar besh-olti yil avvalgi xo‘jalik sudlariga nisbatan ancha ijobiy farq bilan progressiv, ochiqlik, shaffoflik, sudyalarning ham moddiy, ham ijtimoiy mustaqilligi ta’minlangani bilan izohlanadi.

Lekin, qanchalik og‘riqli bo‘lsa ham, aytish kerakki, hali tadbirkorning sudga qo‘yayotgan talabini to‘la oqlay olganimiz yo‘q. Ya’ni tadbirkorning, mulkdorning huquq va kafolatlari iqtisodiy sudlarda to‘la ta’minlanmoqda, desak baland parvoz gap bo‘lib qoladi. Demak, faktik holat xuddi ayrim mansabdorlar hali-hamon sudlarga tepadan turib qarashini qo‘ymayotgani kabi bir holat yoki aksiomadir.

Negaki, ushbu holatlar yuqorida aytganim kabi qonunchilik bilan chambarchas bog‘liq. Misol uchun, bir da’vogar sudga javobgar bo‘lgan ikkinchi taraf – davlat tashkilotiga ijara shartnomasini uzaytirish majburiyatini yuklashni so‘radi.

Birinchidan, endilikda mulk ijarasi faqatgina auksion savdolar orqali realizatsiya qilinishi farmon asosida belgilanganligi barchamizga ma’lum.

Ikkinchidan, «Ijara to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni va O‘zbekiston Respublikasi FKda mulkdan foydalanib kelayotgan ijarachi o‘sha mulk ijarasida imtiyozli huquqqa ega. Aytingchi, bunday holatda sud qanday qaror qabul qiladi?..

O‘zbekiston SSP va uning tizimlari sudlarda tadbirkorlarni himoya qiluvchi eng faol tashkilotdir. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tashkilot tomonidan joriy yil 6 oyi davomida berilgan 5980 ta da’vo arizaning 50 tasida ham shu tashkilot vakillari ishtirok etishmagan bo‘lsa, berilgan da’volarning 149 tasi qanoatlantirishdan rad etilgan. Bunday holatda amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, sud xarajatlarini manfaati ko‘zlangan shaxs – tadbirkorlik sub’ekti to‘laydi.

Sizning-cha, SSP yoki uning boshqarmasi sudda nizoni boy bersa, garchi bu qonunlarda ko‘rsatilgan bo‘lsada, sud xarajatini tadbirkor qoplashi adolatlimi? Shundan so‘ng tadbirkor suddan rozi bo‘ladimi? Albatta yo‘q?

Yana bir misol...

Biznes ombudsman ham bir tadbirkor manfaatida ikkinchi bir tadbirkorni sudga berdi, deylik. Bu kabi holatlar ham tadbirkorlik sub’ektlarining teng huquqliyligi tamoyili sudda buzilayotganidan dalolat emasmi?

Hali-hanuz sudlarda prokuror ikki tadbirkor o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlardan kelib chiqqan nizolar bo‘yicha ham protest keltirishi mumkin. Ushbu holat sudda taraflar tengligi, sud tortishuvi tamoyillariga mosmi? Javobingiz aniq...

Shuningdek, iqtisodiy sudda ish yuklamasi ko‘p, albatta ushbu omil ham o‘z-o‘zidan sud protsessini vaqtida o‘tkazish va sud qarorlarining sifatiga, tadbirkor va mulkdorning huquq va manfaatlariga ta’sir etmay qolmaydi.

Afsuski, bu kabi holatlar yetarlicha, demak, tadbirkor va mulkdorlar muammolarini sudlarda to‘la hal etish yuzasidan hali qiladigan ishlarimiz ko‘p.

5. Tadbirkor va mulkdorga qarash juda sekin o‘zgarmoqda

Bir tarafdan, yuqorida aytganimizdek, tadbirkor va mulkdor, ular faoliyati bilan bog‘liq qonunda yo‘q topshiriqlar, qonundan ustun ko‘rsatmalar, majburiy-ixtiyoriy homiylik va boshqalar kabi topshiriq va ko‘rsatmalardan ortib, soha faoliyatida qonun boshqaruvi tizimiga to‘la o‘ta olmayotganligimizni isbotlash shart emas...

Yaxshiyamki, «bizga katta mulkdorlar kerakmas», deya aytilgan, Konstitutsiyaga zid bo‘lgan jumla va qarashlarga davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi bilan chek qo‘yildi.

Ikkinchi tarafdan tadbirkorlarning tadbirkorlik faoliyatiga qarashi...

Masalan, yangi tashkil etilayotgan kichkinagina tadbirkorlik sub’ektini olaylik, «10 ta tikuv mashinasi bilan 10 ta ish o‘rni yarataman, gullataman», deb intervyu beradi yoki 100 000 000 so‘m daromad olgan tadbirkor to‘y qilaman, avtoo‘lov olaman, Hajga boraman, deydi. Aslida, birinchi misolda 10 ta ish o‘rni emas, u 10 kishini vaqtincha ish bilan bandligidir, ish o‘rni bevosita tadbirkorlikni yurib ketishi va daromadi bilan bog‘liq mezonlar asosida o‘lchanishi, ikkinchi misolda esa, daromad olgan tadbirkor faoliyatni kengaytirish, yangicha yo‘nalishlar, kreativ yondashuv va eksport, jahonga chiqish haqida o‘ylashi maqsadga muvofiqdir.

Demak, hozircha xulosa o‘rnida shunday fikr bildirish mumkinki, xususiy mulk va tadbirkorlikka oid qonunlar imkon qadar mukammal bo‘lishi, unda urg‘u ko‘proq tartib va cheklovlarga emas, balki huquq va manfaatlarga berilishi lozim. Ya’ni bu sohada qonun normalari ishni qanday tartib asosida tashkil qilishga emas, aksincha, natijani qanday qilib ta’minlashga qaratilishi darkor.

Shuningdek, qonun osti hujjatlaridan qo‘rqmay voz kechilishi, sudlar ham tadbirkorning to‘la ishonchini oqlaydigan darajada barcha shart-sharoitlari mustaqil bo‘lishi, tadbirkor ishonchini oqlash darajasida kuch-qudratli bo‘lishi, oxirgi nuqtani sud qo‘yadi, deb baralla qo‘rqmay ayta olishi, kundalik odatga aylanishi va nihoyat, davlat organlari, ularning mansabdorlari ham va aynan tadbirkorlarning o‘zlari ham xususiy mulk va tadbirkorga, shartnomaviy munosabatlarda o‘zaro hurmat va intizomga rioya etishi shart.

Bunday qarashning zamirida tadbirkorni davlat organi bilan bog‘lab turuvchi tizim faqatgina soliq bo‘lishi, soliqdan boshqa hech qanday yuklamalar, ayniqsa, tadbirkorlar yig‘ilish, homiylikka jalb etiluvchi sub’ektlar qatorida bo‘lmasligi, tadbirkor davlat byudjetini to‘ldirish birlamchi, so‘ngra tadbirkorlar va mulkdorlar manfaati, degan qarashlardan voz kechishi lozim.

Tadbirkor manfaati – jamiyat va davlat manfaati, natijada aholi farovonligi, davlat taraqqiyoti degan qarashlar ustuvor bo‘lishiga erishish ilg‘or davlatlarning qiyin, ammo xayrli tajribasidir.

Nuriddin MURODOV,O'zA


Ulashing :


Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari

09 08 2022 / 14:47