16.07.2024
Ayni vaqtda davlat
organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlaridan qonunchilikda nazarda
tutilmagan statistika, moliya, soliq hisobotini va boshqa hisobotlarni talab
qilib olish, xuddi shuningdek, hisobotni taqdim etishning belgilangan
muddatlari va tartibiga zid ravishda talab qilib olish kabi huquqbuzarliklarni
qayta ko‘rib chiqish zarurati mavjud. Shu bois O‘zbekiston Respublikasining
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan
davlat organlariga taqdim etiladigan hisobot va statistik ma’lumotlarning
yagona ro‘yxatiga kiritilmagan hisobotlarni talab qilganlik uchun javobgarlik
belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda.
Mazkur «Tadbirkorlik
sub’ektlari tomonidan davlat organlariga hisobotlarni taqdim etish jarayonlari
soddalashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy
javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 241/10-moddasiga o‘zgartirish kiritish
haqida»gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida
birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Adliya vaziri
A.Toshqulov mazkur loyiha haqida batafsil ma’lumot berar ekan, yagona ro‘yxatga
kiritilmagan hisobotlarni talab qilish taqiqlanayotgani, hisobotlarni qog‘oz
tartibida taqdim etish bekor qilinib, faqatgina axborot tizimlari orqali
topshirilishi belgilanayotganini ta’kidladi. Vazir qayd etganidek, tadbirkorlar
bilan muloqotlarda vakolatli organlar tomonidan ortiqcha, qonunchilikda
belgilanmagan statistik ma’lumotlar va hisobotlarni talab qilish holatlari mavjudligi
ayon bo‘lmoqda. Bu esa ortiqcha ovoragarchilik va xarajatlarga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu qonun
loyihasida belgilanayotgan tartiblar davlat organlarining hisobotlarni talab
qilib olish borasidagi mas’uliyatini oshirishga va tadbirkorlik faoliyatini amalga
oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishi alohida
ta’kidlandi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Shuningdek, quyi
palata majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini
tasdiqlash to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan
ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda
tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq 5000 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar
mavjud. Tadbirkorlik kodeksi loyihasiga 100 dan ortiq qonunchilik hujjatlarini
unifikasiya qilish orqali tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni yagona hujjat
bilan tartibga solish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini
kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni
belgilash ko‘zda tutilmoqda.
Kodeks loyihasi
bilan tadbirkorlik faoliyatining qonuniylik, tadbirkorlik erkinligi, sub’ektlar
tengligi, halol raqobat, vijdonlilik prezumpsiyasi, korrupsiyadan holilik kabi
asosiy prinsiplari mustahkamlanmoqda. Tadbirkorlik sub’ektlari kichik, o‘rta va
yirik toifalarga ajratilmoqda (amalda toifa sifatida faqat kichik tadbirkorlik
sub’ekti mavjud edi).
Bundan tashqari,
kodeks loyihasida yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilishi
bilan mumkin bo‘lmagan faoliyat turlarini belgilagan holda ularga qonunchilikda
taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda.
M.Komilova, O‘zA
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari
17 07 2024 / 11:29