Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati
institutlarining o‘z o‘rni bor
Korrupsiya keltiradigan zarar siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy
sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarga hamda mamlakatning xalqaro
maydondagi imidji va investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy ta’sir
ko‘rsatishini ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz.
Shuning uchun mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat
siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, huquqiy qonunchilikning
takomillashtirilishi, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha alohida davlat
organining tashkil etilishi, vazirlik va idoralar faoliyatining
raqamlashtirilishi natijasida so‘nggi 7-8 yilda bu borada muayyan ijobiy
natijalarga erishildi.
Xususan, "Transparency International" xalqaro nodavlat tashkiloti
tomonidan Korrupsiyani qabul qilish indeksining 2024 yil natijalariga ko‘ra,
mamlakatimiz 32 ball to‘plab, 2017 yilgi 157 o‘rindan 121 o‘ringa ko‘tarildi.
Qolaversa, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida olib
borilayotgan ishlar natijadorligini oshirishda ijtimoiy masalalarga oid ochiq
ma’lumotlar ko‘lami yanada kengayganligi, ulardan to‘siqlarsiz foydalanish
imkoniyatlari yaratilganligi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, ushbu tahdidga
qarshi kurashda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining
boshqa institutlari yanada faol bo‘lishi zarurligini davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Zero, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan
strategiyalar, chora-tadbirlar, xalqaro aloqalar jamiyat va davlat rivoji uchun
g‘oyatda manfaatli hisoblanadi.
Keyingi paytda yurtimizda
nodavlat notijorat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashdagi o‘rni va
roli tobora ortib bormoqda. Bu ishlarni samarali amalga oshirish uchun
fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat sektorning boshqa vakillari faol
jalb qilinmoqda. Bunda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan
chora-tadbirlarning amalga oshirilayotgani ham e’tiborga molik.
Joriy yil 5 mart kuni Prezident
Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining
yig‘ilishida fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaning oldini
olishdagi roliga alohida e’tibor qaratdi.
Davlatimiz rahbari korrupsiyaga
qarshi kurash umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning
vijdon ishi, bu jarayondan hech kim chetda turmasligi kerakligini qayd etdi.
Shu bois, korrupsiyaga nisbatan murosasiz bo‘lish uchun yanada ko‘proq sharoit
yaratib, bunga keng jamoatchilikni jalb qilishimiz zarurligi, avvalo, nodavlat
tashkilotlar faolligini oshirish lozimligi va bu eng to‘g‘ri yo‘l ekanligi
ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, yig‘ilishda parlament
nodavlat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularning
imkoniyatlaridan keng foydalanishi maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi. Masalan,
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha konvensiya talablarini monitoring
qilishga nodavlat tashkilotlar jalb qilinsa, katta samara berishiga ishonch
bildirildi. Ushbu maqsadlar uchun yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga har
yili 10 milliard so‘mdan ajratib borilishi aytildi.
Shu o‘rinda e’tirof etish
kerakki, korrupsiyaning har qanday turiga qarshi kurashishda davlat fuqarolik
jamiyati institutlari bilan hamkorlikda ish yuritishi maqsadga muvofiq. Buning bir qancha afzal tomonlari bo‘lib, u muayyan
ko‘rinish va mexanizmlarda o‘z aksini topgan. Xususan, sohada olib borilayotgan
davlat siyosatini monitoring qilib borishda nodavlat notijorat tashkilotlarning
ham o‘rni va roli bor. Zero, monitoring yuritish orqali mas’ul rahbarlarda
javobgarlik hiscining oshishiga, ularning omma oldida muntazam hisobot berib
borishiga erishiladi. Bu esa, o‘z navbatida, davlat organlarining xalqqa hisob
berib borish tizimining takomillashishiga, shuningdek, aholining fikrini doimiy
eshitib borish orqali korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi islohotlarning
samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Aytish mumkinki, korrupsiyaga qarshi kurashishda nodavlat notijorat
tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan olib
borilayotgan ishlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Xususan, ekologiya va
atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, inson huquqlarini himoya
qilish kabi sohalarni tartibga solish borasida ko‘rsatilayotgan tashabbuslar
shular jumlasidandir. Bu ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish va
samaradorligini oshirish mumkin.
Elyor ULUG‘MURODOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Samarqand hududiy bo‘limi rahbari.
O‘zA
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari
11 03 2025 / 10:26