O‘n-o‘n besh yil oldin dalaga qishloqning chorvasini haydab chiqqan
podachining yaylov bilan bog‘liq muammosi yo‘q edi. Kechagina sabzi-piyoz,
pomidor-bodring ekib, mo‘l hosil olayotgan bobodehqon bugungi bebarakalikdan
hayron. Ekinning joni suv bilan, qishloq xo‘jaligida ham obi-hayotsiz ishning
rivoji bo‘lmaydi. Bog‘iga
notanish “dard” oralab, yetilayotgan mevalari sifatsiz bo‘layotgan bog‘bonning
holini ko‘ring.
Bog‘dan-tog‘dan misol keltirilgan bu kabi holatlarni qishloq
xo‘jaligidagi ayrim muammolar bir-biri bilan bog‘lab turadi.
Hozirgi kunda agrar soha jahon miqyosida ko‘plab murakkab va dolzarb
muammolarga duch kelmoqda. Bu muammolar nafaqat oziq-ovqat xavfsizligi, balki
iqtisodiy barqarorlik va atrof-muhit muvozanati uchun ham jiddiy tahdid solmoqda.
Ayniqsa, global iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, yer resurslarining
yetishmasligi va aholi sonining o‘sishi kabi omillar agrar sohadagi muammolarni
yanada kuchaytirmoqda.
Qishloq xo‘jaligida suv asosiy resurs hisoblanadi. Biroq dunyoda suv
manbalari tobora kamayib, samarasiz sug‘orish tizimlari katta yo‘qotishlarga
sabab bo‘lmoqda.
Ortiqcha ishlov berish, notekis mineral o‘g‘itlash va yerni uzluksiz
ekspluatatsiya qilish oqibatida yerning tabiiy hosildorligi pasaymoqda. Ba’zi
mamlakatlarda katta maydonlar butunlay yaroqsiz holga kelgan.
Yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va bozorga
chiqarish jarayonlari yetarli darajada rivojlanmagan davlatlar ham ko‘p. Bu esa
mahsulot yo‘qotishlariga va fermerlarning daromadi kamayishiga olib kelyapti.
Ota-bobolarimiz atrofga qarab fikr qilish, bilmaganni
so‘rab-surishtirib o‘rganish lozimligi haqida ko‘p gapirishgan. Shunday ekan,
dunyodagi bu vaziyatdan xulosa chiqarmoq lozim. Zero, O‘zbekiston shu ona
sayyoramizning bir qismi, unda kuzatilayotgan muammolar bizga ham begona emas.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro
hamkorlikni rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishganda ham qator
masalalarni hal qilish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq bergan edi. Shuningdek,
unda mamlakatimiz agrar sohasi rivojiga xizmat qiluvchi bir qator tashabbuslar
ilgari surildi.
Dunyo tajribasida ham xalqaro tashkilotlar orqali mamlakatlar o‘rtasida
tajriba almashish, moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega
ekanligi o‘z isbotini topmoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimiz agrosanoati samaradorlik va bozor
munosabatlari jihatidan isloh qilinayotgani e’tiborga molik. Qishloq
xo‘jaligiga zamonaviy agrotexnologiyalar, fan yutuqlari izchil joriy qilinmoqda.
Bizda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘n to‘rtta ilmiy institut, ellik
beshta urug‘chilik xo‘jaligi mavjud. Shunday
dargohlar bo‘lgani bilan yangi nav va agrotexnologiya masalasida hal qilinishi
kerak bo‘lgan masalalar bor. Dehqonlarimizning mahalliy urug‘dan manfaat
ko‘rmagani uchun chet elnikini olib ekayotgani ham sir emas. Zero, yuqori va
sifatli hosildorlikning muhim omili urug‘chilik sanaladi. Bu borada qishloq
xo‘jaligi akademiyasi ekinlar urug‘i va ko‘chatchiligida katta tajribaga ega
Xitoy bilan hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda.
Yuqori Chirchiq tumanida shu mamlakat tajribasi asosida urug‘chilik va
ko‘chatchilikni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Buning uchun yetarli sarmoya
kiritiladi. Natijada paxta, bug‘doy, sholi, makka, uzum va meva navlari
ko‘paytiriladi. Urug‘ olishdan boshlab, uni zamonaviy texnika va dronlar
yordamida ekish, dorilash, yig‘ish va qayta ishlash bo‘yicha namunaviy hudud
tashkil qilish ko‘zda tutilmoqda.
– Davlatimiz rahbaridan qishloq xo‘jaligida ilm-fan, innovatsiyalarni
joriy qilishda xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar
olingan, – deydi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – Yaqinda
mutaxassislarimiz Xitoy, Italiya, Yaponiya kabi mamlakatlarda bo‘lib, ilmiy
institutlar, yirik kompaniya va xo‘jaliklar tajribasini o‘rgandi. Natijada
yangi, istiqbolli hamkorlik dasturlari ishlab chiqildi. Buning uchun mablag‘lar
yo‘naltirish masalalari ham hal qilingan. Malakali kadrlar masalasi sohada ham
bor. Bu borada Italiya, Germaniya, Angliya, Yaponiya kabi davlatlarda yaxshi
ta’lim tizimi mavjud. Ushbu mamlakatlardagi
tajribalarni o‘rganish maqsadida qator oliygohlar bilan hamkorlik qilib
kelinadi. Bu tajribalarimiz izchil davom ettiriladi. Xalqaro tajribani
o‘rganishda o‘qib, ishlash dasturlari ham qo‘l keladi.
Davlatimiz rahbari mamlakat taraqqiyotiga, xalqimiz turmush-tarzi
o‘sishiga xizmat qiladigan tashabbuslarni har domim qo‘llab-quvvatlab keladi. Prezident
navbatdagi taqdimotda ham bir qator rejalarni ma’qulladi. Bunday hamkorlikni
Vengriya, Niderlandiya, Kanada, Avstraliya, Janubiy Koreya kabi agrosanoat
rivojlangan davlatlar bilan ham kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Xulosa oddiy, agrar sohadagi muammolarni bartaraf etish uchun tizimli,
uzoq muddatli va innovatsion yondashuv talab etiladi. Davlatlar, xalqaro
tashkilotlar va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik bu sohada barqaror
rivojlanishga erishishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari
10 04 2025 / 15:06