Toshkent
shahrida qurilish qilayotgan tadbirkorlarga daraxt kesishga cheklov qo‘yish
noto‘g‘ri, dedi tadbirkor Murod Nazarov 17 iyul kuni
qurilish sohasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda. Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlar qurilish jarayoniga xalal bergani
uchun ayrim daraxtlarni kesishga majbur bo‘lmoqda.
«Toshkent
shahri bosh rejasiga tuzatish kiritilyapti. Bundan buyon poytaxtda qurilishlar
yo renovatsiya, yo rekonstruksiya hududlarida bo‘ladi. Tabiiyki, bo‘sh joy
yo‘q. Har bir bino atrofida daraxt bor. Daraxtlarni o‘ylamasdan kesib
tashlashgani uchun katta rezonansga olib kelib, moratoriy qo‘yilgandi. Lekin
tan olish kerak, bu joylarda hatto rekonstruksiya paytida texnikaga daraxtlar
xalaqit beradi. Va qandaydir yo‘llar bilan baribir daraxtlar kesilyapti.
Cheklov qo‘yish kerak emas, cheklovlar korrupsiyani kuchaytiradi. Imtiyozlarga
ham qarshiman», dedi Nazarov.
Tadbirkor
mazkur masalaga yechim sifatida quruvchi kompaniya zimmasiga kesilgan daraxtlar
o‘rniga yangilarini ekishni yuklash kerakligini aytdi.
«Har
bir quruvchi kompaniya yoki bo‘lmasa uchinchi shaxs «daraxtlar banki» ustida
ishlasin. Masalan, biz kelasi yoki undan keyingi yilda taxminan qancha qurilish
qilishimizni bilamiz. Taxminan nechta daraxt kesilishi mumkinligini ham
hisoblaymiz. Oldindan yangi daraxtlarni ekib qo‘yaylik. Ertaga nechta daraxt
kesishga to‘g‘ri kelsa, diametri, ko‘rsatkichlari belgilab qo‘yilsin. Kerak
bo‘lsa, uchinchi shaxslar bu bilan shug‘ullansin. Chunki oldindan daraxt
ekmagan kompaniya bo‘lsa, daraxtni uchinchi shaxsdan sotib olsin. Natijada
daraxt ekishga ham investitsiyadek qaraladi. Masalan, Mirobod tumanida
kesadigan bo‘lsak, yangi ekilgan daraxtlarni o‘sha tuman balansiga (kesilgan
daraxt o‘rniga) o‘tkazib qo‘yaylik. Cheklov bo‘lgandan ko‘ra, shunday mexanizm
yarataylik», dedi tadbirkor.
Yig‘ilishda
ishtirok etgan Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev tadbirkor so‘zlariga
qo‘shimcha ravishda: «Mirobodda 1000 ta daraxt ekkan quruvchi, masalan boshqa
joyda 50 ta daraxt kesishi mumkin bo‘ladi», dedi.
Oliy
Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov daraxtlarni kesishni
qonuniylashtirishga urinishlarga qarshi chiqdi.
«Moratoriy
muhokama mavzusi emas. Developer daraxt kesishni qonuniylashtirish kerak,
deyapti. Ekologlar esa developerlar uylarini shahardan tashqarida qursin,
deyapti. Nima haqiqat ekanini belgilovchi — bu jamoatchilik. Bugun odamlar
shahar markazida qurilishlar emas, yashil hududlarni ko‘paytirish tarafdori»,
dedi u.
Shuningdek,
Bekmurodov kesilgan daraxtlar o‘rniga yangi daraxtlar ekish haqidagi bahslarni
ham tanqid qildi.
«Bitta
chinor biroz soya berishi uchun 7−10 yil vaqt kerak. Taklif berayotgan
developer shuncha yil oldin daraxt ekib, bog‘ yaratdimi?» degan savolni qo‘ydi
deputat.
O‘zbekistonda
daraxtni noqonuniy kesganlik uchun jazo choralari Ma’muriy javobgarlik
to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasida belgilangan. Jumladan, daraxtlar, butalar,
boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundak qilish,
shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish fuqarolarga
BHM 25 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdorlarga BHM 50 baravaridan 75
baravarigacha jarima solinishiga sabab bo‘ladi.
kun.uz
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari
18 07 2025 / 10:53