Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekistonda fermerlar va biznes faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda


Ulashing :



Mahsulot tanlovi, narx belgilash va sotish jarayonlariga aralashgan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortiladi. Bu fermerlar va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasida nazarda tutilgan. Ijaraga olingan erni boshqa shaxsga o‘tkazish huquqiga oid o‘zgartirishlar ham rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi kuni kecha fermerlar va tadbirkorlar faoliyatiga aralashganlik uchun mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Deputat Muqaddasxon Ahmedovaning so‘zlariga ko‘ra, fermerlardan etishtirgan hosilni respublika bo‘ylab erkin realizatsiya qilishda ayrim to‘sqinliklar bo‘lganligi yuzasidan murojaatlar kelib tushgan. Qonun loyihasida xo‘jalik faoliyatiga aralashganlik, jumladan, tovar va xizmatlarning erkin harakatlanishi hamda sotilishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Bu maqsadda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241−1-moddasiga (Xususiy mulk huquqini buzish) hamda Jinoyat kodeksining shu nomdagi 192−1-moddasiga qo‘shimchalar kiritish rejalashtirilmoqda. Ushbu moddalarda ma’muriy jazodan keyin qonunbuzarlik takror sodir etilgan taqdirda javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilgan.

Yangi normalar kuchga kirgach, fermerlar va tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilayotgan mahsulot tanlovi, narx belgilash va sotish jarayonlariga aralashgan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyat hokimliklari tomonidan hududlardagi IIBlarga paxta chigitining boshqa viloyatlarga olib chiqilishini taqiqlash bo‘yicha og‘zaki topshiriq berilgani ma’lum bo‘lgan edi. SHuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Gavhar Alimova Qashqadaryodan Samarqand viloyatiga chigitni olib o‘tishni guyoki taqiqlash to‘g‘risida og‘zaki ko‘rsatma bergani uchun Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ustidan shikoyat qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyat rahbari uning SMS xabarlariga javob bermagan hamda uning to‘rt kun davomida yukni o‘tkazish masalasini hal qilish borasidagi sa’y-harakatlari zoe ketgan.

Erni boshqa shaxsga o‘tkazish huquqi.

Bundan tashqari, qonun loyihasida ijaraga olingan erni boshqa shaxsga o‘tkazish huquqiga oid o‘zgartishlar ham nazarda tutilgan. Amaldagi qonunchilikda davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga haqli emasligi belgilangan. Amaliyotda ayrim hollarda davlat fuqarolik xizmatiga kirgan fermerlar nomidagi fermer xo‘jaligini boshqa shaxsga o‘tkaza olmayapti. Bu esa, o‘z navbatida qonun buzilishi hamda korrupsion holatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Taklif etilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, fermer xo‘jaligi rahbari er uchastkasini ijaraga olish huquqini o‘z oila a’zolaridan biriga ijara shartnomasi amal qiladigan muddatga bera oladi.

Shu bilan birga, ijaraga olingan er uchastkasi bo‘yicha o‘z huquqlari va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishi (qisman qayta ijaraga berishi) mumkinligini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda. Loyiha mualliflarining fikricha, bu chora fermerlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi — ayniqsa, o‘z resurslari cheklanganligi sababli butun er maydonidan samarali foydalana olmaydiganlar uchun.

Hujjat Senatga yuborilishidan oldin ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda ko‘rib chiqiladi.

Fermerlarimizning 1-raqamli kanali: FERMER.UZ (https://t.me/fermer_uzbekistan)


Ulashing :


Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari

14 10 2025 / 9:38