Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

SIning strategik kelajagi: O‘zbekiston undan jamiyat va iqtisodiyot ravnaqi yo‘lida foydalanishni qanday o‘rganishi mumkin?


Ulashing :


Sun’iy intellekt iqtisodiyot, ta’lim va boshqaruv tizimiga tobora ko‘proq ta’sir ko‘rsatmoqda. ICT Week Uzbekistan doirasida mutaxassislar texnologiyalar taraqqiyotida axloq me’yorlari va shaffoflik tamoyili saqlanib qolishi uchun davlat siyosati qanday bo‘lishi kerakligini muhokama qildi.

Sun’iy intellekt (SI) endi shunchaki texnologiya emas — u zamonaviy taraqqiyot infratuzilmasining bir qismiga aylanib, iqtisodiyot, ta’lim va boshqaruv tizimiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu sohadagi davlat siyosati qanday tamoyillarga asoslanishi lozim, texnologiyalarning shaffofligi va axloq me’yorlariga mosligini qanday ta’minlash mumkin? Toshkentda o‘tkazilgan ICT Week Uzbekistan 2025 tadbiri doirasidagi muhokamalarda SIni strategik rivojlantirish mavzusi markaziy o‘rinni egalladi. Unda Oxford Insights, Toni Bler Global o‘zgarishlar instituti mutaxassislari va xususiy sektor vakillari iqtisodiyot va jamiyat kelajagida texnologiyalarning o‘rni haqida o‘z qarashlarini taqdim etdi.

O‘zbekiston SIning global rivojlanish xaritasida

Har yili davlatlarning SIni jamiyat farovonligi yo‘lida qo‘llashga qay darajada tayyorligini baholaydigan Oxford Insights`ning AI Readiness Index ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston barqaror taraqqiyotni namoyish etmoqda: 2024-yilda mamlakat 2023-yilga nisbatan 17 pog‘ona yuqoriga ko‘tarilib, 188 ta davlat orasida 70-o‘rinni egalladi. Hozirda respublika Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni band qilib turibdi.

ICT Week`da namoyish etilgan Oxford Insights taqdimotidan.

Oxford Insights direktori Richard Stirlingning ta’kidlashicha, O‘zbekiston o‘z mavqeini mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlarni qo‘yib ulgurdi:

· SI bo‘yicha aniq ishlar rejasi, moliyalashtirish va monitoring mexanizmini o‘z ichiga olgan Milliy strategiyani qabul qildi, bu esa strategiyani texnologiyalar bilan birgalikda rivojlantirish imkonini beradi;

· SI yechimlarini joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratib, davlat darajasidagi raqamli infratuzilmani rivojlantirmoqda. Bunda IT Park muhim rol o‘ynamoqda. U xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va mahalliy kompaniyalarning o‘sishi uchun qulay sharoit yaratuvchi ekotizim hisoblanadi;

· GPU klasterlari va ma’lumotlar markazlarini yaratishga investitsiya kiritmoqda — investitsiyalarning umumiy hajmi taxminan 6,5 mlrd dollarni tashkil etadi;

· SI savodxonligini rivojlantirish va kadrlar tayyorlash dasturlarini ishga tushirdi, AI Study, One Million Prompters va davlat xizmatchilari uchun o‘quv kurslari shular jumlasidan;

· mahalliy SI ishlanmalarini qo‘llab-quvvatlamoqda — 60 dan ortiq pilot loyiha allaqachon davlat sektorida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Mutaxassislar, shuningdek, STEM fanlariga yo‘naltirilgan yosh avlodni alohida e’tirof etib o‘tdi, bu barqaror SI sektorini shakllantirishga hissa qo‘shadi.

Oldindagi vazifalar

Reyting batafsil ko‘rib chiqilganda, O‘zbekiston eng yuqori bahoni strategik uzoqni ko‘ra bilish nuqtai nazaridan olganini ko‘rish mumkin. Siyosat, texnologiya sektori va ma’lumotlar infratuzilmasida bartaraf etilishi lozim bo‘lgan kamchiliklar saqlanib qolmoqda:

· Government & Policy: davlat boshqaruvi sohasida SIni joriy etish bo‘yicha davlat xizmatchilari uchun aniq amaliy ko‘rsatmalar hozircha mavjud emas. Davlat xaridlari tizimi SI ishlanmalarning jadal sur’atlariga moslashtirilmagan, tartibga solish asoslari esa hali ham shakllantirish jarayonida.

· Technology & Ecosystem: SI sohasida davlat, ilm-fan va biznes o‘rtasidagi hamkorlik cheklanganligicha qolmoqda. Tadqiqot va ishlanmalarga (R&D) xarajatlar, shuningdek, venchur investitsiyalari past darajada. Bu barqaror ekotizimni shakllantirish va mahalliy innovatsiyalarni rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda.

· Data & Infrastructure: hisoblash resurslariga kirish imkoniyati hali ham cheklangan, bu esa keng ko‘lamli SI loyihalarini amalga oshirishni qiyinlashtiradi. Vazirliklarning zamonaviy texnologiyalardan notekis foydalanishi kuzatilmoqda, davlat sektori ichida ma’lumotlar almashinuvi esa tarqoqligicha qolmoqda.

ICT Week `da namoyish etilgan Oxford Insights taqdimotidan.

Oxford Insights tavsiyalari

Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish uchun Oxford Insights tahlilchilari bir qator chora-tadbirlarni taklif qiladi:

AI Playbook — xodimlarga texnologiyalarni mas’uliyat bilan qo‘llashni, o‘z vazifalari doirasida SIni qanday joriy etishni, yetkazib beruvchilar bilan qanday muloqot qilishni va qanday qadamlar qo‘yishni o‘rgatish uchun davlat boshqaruvida SIdan foydalanish bo‘yicha yagona amaliy qo‘llanmani ishlab chiqish.

Milliy SI ekotizimini rivojlantirish — bunda gap R&D sohasida besh yillik maqsadlarni belgilash, GovTech Hub`ni yaratish hamda davlat, biznes va ilm-fan o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish ustida bormoqda.

“Kuchli ekotizim forumlarda emas, balki har kuni — muloqot, qo‘shma loyihalar va tajriba almashish orqali shakllanadi. Aynan shu narsa O‘zbekistonda SIning barqaror rivojlanishi uchun asos bo‘ladi”, — deydi Richard Stirling.

Hisoblash resurslari strategiyasini qabul qilish uzoq muddatli reja bo‘lib, u investitsiyalarni muvofiqlashtirish, infratuzilmani optimallashtirish va o‘sib borayotgan talabga chidamlilikni oshirish imkonini beradi.

“GPU va ma’lumotlar markazlariga katta sarmoya kiritilmoqda, lekin investitsiyalarni qayerga yo‘naltirish va quvvatlarni qanday kengaytirishni tushunish uchun 3−5 yil oldinni ko‘ra bilish muhim”, — deya qo‘shimcha qiladi mutaxassis.

Shaffoflik va ochiq ma’lumotlar — ishonch poydevori

Mutaxassislarning fikricha, shaffoflik va ochiq ma’lumotlar SI sohasidagi muvaffaqiyatli strategiyaning asosini tashkil etadi. Ular davlat boshqaruvi samaradorligini oshiradi, korrupsiyaga qarshi kurashda yordam beradi, fuqarolarning ishonchini mustahkamlaydi va davlat texnologiyalardan jamiyat farovonligi yo‘lida qanday foydalanayotganini yaxshiroq tushunish imkonini beradi.

“Ochiq ma’lumotlar tizimining mavjudligi — muvaffaqiyatli SI ekotizimining asosiy tarkibiy qismidir. Bundan tashqari, bularning barchasi ishonch va bashoratlilikka asoslanadi, shaffoflik esa ushbu tamoyillarni mustahkamlashga yordam beradigan eng muhim omildir”, — deydi Richard Stirling.

Toni Bler Global o‘zgarishlar instituti raqamli texnologiyalar bo‘yicha katta maslahatchisi Kalum Xendfordning Gazeta bilan suhbatda qayd etishicha, shaffoflik turlicha namoyon bo‘lishi mumkin: SIdan hukumat faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida foydalanishdan tortib, korrupsiya va shunga o‘xshash muammolarga qarshi kurashishgacha. Shuningdek, u fuqarolarga davlat qanday ishlashini va u ularga qanday foyda keltirishini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

“Ochiq ma’lumotlar shunga o‘xshash afzalliklarni beradi — masalan, shartnomalar va hamkorlikning shaffofligini oshiradi. Bundan tashqari, ular SIni rivojlantirishning muhim katalizatori bo‘lib, ham davlat, ham xususiy sektorda mahsulot va xizmatlarni yaratish uchun asos vazifasini o‘taydi”, — deya tushuntiradi mutaxassis.

Bu, shuningdek, davlatga boshqa ishtirokchilarga fuqarolarning ehtiyojlarini yanada samarali qondirish uchun SIdan foydalanishda yordam berish orqali rag‘batlantiruvchi rolini o‘ynash imkonini beradi.

Raqamli yechimlar davlat boshqaruvi sifatini oshirishning muhim vositasiga aylanmoqda. Kalum Xendfordning so‘zlariga ko‘ra, Singapurda, masalan, 180 idora va kompaniyani qamrab olgan 2700 dan ortiq davlat xizmatlaridan 4 million aholi foydalanishi mumkin. Tranzaksiyalarning 95 foizdan ortig‘i onlayn amalga oshiriladi va fuqarolarning qoniqish darajasi 86 foizga yetadi.

Raqamli inklyuziya

Raqamli transformatsiya — nafaqat ochiq ma’lumotlar va samaradorlik, balki texnologiyalarga kim va qanday kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi masalasidir. Raqamli davrning muammolaridan biri raqamli inklyuziya — SIning rivojlanishi ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirmasligi, aksincha, kamaytirishini ta’minlash bo‘lib qolmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, inson kapitaliga e’tibor qaratilmasa, hatto eng ilg‘or texnologiyalar ham barqaror samara bermaydi.

Texnologiyalar misli ko‘rilmagan sur’atda rivojlanmoqda va SI kundalik jarayonlarga tobora chuqurroq singib bormoqda: mijozlarga xizmat ko‘rsatishdan tortib boshqaruv qarorlarini qabul qilishgacha. Buning fonida avtomatlashtirish ko‘plab kasblarni siqib chiqarishi mumkinligi haqidagi xavotirlar tobora ortmoqda. Shuning uchun bugungi kundagi masala nafaqat SIdan qanday foydalanish, balki odamlarni u bilan yonma-yon yashash va ishlashga qanday tayyorlashdir.

Jamiyat inklyuziv va iqtisodiyot barqaror bo‘lishi uchun asosiy raqamli va SI ko‘nikmalari hamma uchun me’yorga aylanishi kerak. Bir paytlar savodxonlik va internetdan foydalanish qobiliyati ijtimoiy faollikning elementlariga aylanganidek, bugungi kunda SI tamoyillari va imkoniyatlarini o‘rganish yangi fuqarolik kompetensiyasining bir qismiga aylanmoqda.

Kalum Xendfordning ta’kidlashicha, asosiy SI ko‘nikmalarini o‘rgatish maktab o‘quvchilaridan tortib amaldorlargacha hammabop va turli darajada bo‘lishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamli tengsizlikni faqat foydalanish va imkoniyatlar tengligini bir vaqtning o‘zida ta’minlash orqali hal qilish mumkin. Inson texnologiyalardan mustaqil ravishda foydalana olmaydigan joylarda qo‘llab-quvvatlashning yordamchi shakllari mavjud bo‘lishi kerak.

Biroq raqamli tenglik nafaqat foydalanish imkoniyati, balki ishonch va foydalanuvchi tajribasi sifati masalasidir, deya ta’kidlaydi Kalum. Samarali siyosat inson atrofida qurilishi kerak — uning haqiqiy cheklovlariga: narx, malaka yetishmasligi yoki ishonchsizlikka nisbatan hamnafaslik bilan. Yechimlar zaif guruhlarni jalb qilgan holda tegishli jamoalar bilan birgalikda ishlab chiqilishi kerak.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, raqamli inklyuziya statik holat emas. Qurilmalar eskiradi, texnologiyalar o‘zgaradi va foydalanish imkoniyati yo‘qolishi mumkin. Shuning uchun raqamli tengsizlikka qarshi kurash doimiy jarayon va davlatning ustuvor vazifasi bo‘lishi kerak.

Kalum bu yo‘nalishda oldinga siljib ulgurgan mamlakatlarning bir nechta muvaffaqiyatli misollarini keltirdi:

· Finlyandiya. 2018-yilda mamlakatda SI haqidagi bilimlarni “demokratlashtirish” uchun yaratilgan ochiq ta’lim dasturi — Elements of AI kursi ishga tushirildi. Loyihaning maqsadi — SIning asosiy tushunchalari va tamoyillarini, kasb yoki yoshidan qat’i nazar, hamma uchun tushunarli qilishdir. Ishtirokchilarning to‘rtdan bir qismi 45 yoshdan oshgan kishilar bo‘lib, bitiruvchilarning umumiy soni milliondan oshdi.

· Janubiy Koreya. Raqamli infratuzilmaning yuqori darajasiga qaramay, mamlakat amaliy ko‘nikmalar yetishmovchiligiga duch keldi. Odamlar texnologiyalarni bilishsa-da, ularni amalda qo‘llamasdi. Shu bois 30 yoshdan oshgan, qayta ixtisoslashish va raqamli kasblarni egallashni xohlovchi katta yoshlilarga mo‘ljallangan AI Digital 30+ dasturi ishga tushirildi. Bu qadam SI sohasidagi ta’lim asosiy bosqichdan professional darajagacha ko‘p bosqichli bo‘lishi lozimligini ko‘rsatdi.

· Singapur. Mamlakatda AI Trailblazers Initiative tashabbusi amal qiladi. U davlat xizmatchilariga generativ SI va “qumdonlar” — yangi yechimlarni sinab ko‘rish muhitlariga kirish imkonini beradi. Bu amaldorlarga texnologiyalar haqida shunchaki eshitish emas, balki ularni amalda “his qilish” — SIning haqiqiy ishda, davlat siyosatini ishlab chiqish va xizmatlar ko‘rsatishda qanday yordam berishini ko‘rish imkonini yaratdi.

Til to‘sig‘i

Raqamli asrdagi inklyuziya — faqat internetning ommabopligi yoki ko‘nikmalar emas, balki texnologiyalar “so‘zlashadigan” til masalasidir.

TBC Uzbekistan mijozlar tajribasi yo‘nalishi rahbari Sergey Chekalkinning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston bugungi kunda raqamli banking darajasi bo‘yicha mintaqada yetakchilardan biri hisoblanadi, biroq til to‘sig‘i asosiy muammo bo‘lib qolmoqda. O‘zbek tili global SI platformalari qiyin ishlaydigan “kam resursli” tillar toifasiga kiradi. Bir iborada o‘zbek va rus tillarining aralashib ketishi, shuningdek, shuningdek, ikki alifbo — kirill va lotin alifbosidan foydalanish vaziyatni murakkablashtiradi.

Ushbu cheklovlarni bartaraf etish uchun TBC o‘z til modellarini ishlab chiqmoqda. Ularga har ikkala alifboni o‘rgatib, jonli so‘zlashuv nutqiga moslashtirmoqda.

“Lekin o‘zbek tilidagi ma’lumotlar hali ham yetarli emas, bu esa mamlakatda SIni rivojlantirish uchun asosiy to‘siq hisoblanadi”, — deya tan oldi Chekalkin.

Shunga qaramay, ijobiy o‘zgarishlar allaqachon ko‘zga tashlanmoqda. Yaqinda “Yandeks” Alisaning o‘zbek tilidagi ovozli yordamchisini ishga tushirdi va oldindan 12 milliondan ortiq veb sahifalarni tarjima qildi: Wikipedia`dan Stack Overflo`gacha.

“Bugungi kunda ilm-fan va texnologiyalarning asosiy tili — ingliz tili. Lekin ona tilimizda SI modellarini yaratish orqali biz millionlab odamlarga eng so‘nggi ma’lumotlarga kirish va o‘zlarini global raqamli makonning bir qismi sifatida his qilishga yordam beramiz”, — deydi Yandex mobil dasturlash bo‘limi rahbari Gennadiy Yevstratov.

Siyosiy mas’uliyat va texnologiya etikasi

Bugungi kunda eng yirik raqamli ekotizimlarni boshqarish sanoqli korporatsiyalar va ularning rahbarlari qo‘lida to‘plangan. Bir nechta kompaniyalar tomonidan qabul qilingan qarorlar milliardlab odamlarning qanday ma’lumot olishi, muloqot qilishi, ishlashi va o‘rganishini belgilaydi. Ta’sir kuchining bunday markazlashuvi raqamli kun tartibini shakllantirishda davlatning siyosiy mas’uliyati va roli masalasining ahamiyatini oshiradi.

Mutaxassislarning fikricha, hukumatlar nafaqat texnologiyalarning jadal rivojlanishiga moslashishi, balki shaffoflik, adolat va jamoat manfaatlarini himoya qilishni ta’minlaydigan qoidalarni ham belgilashi kerak.

SIning ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarga ta’siri tobora ortib borayotgan davrda strategik va axloqiy jihatdan puxta qarorlar qabul qila oladigan yetakchilarni tayyorlash asosiy muammolardan biriga aylanmoqda.

“Biz benuqson ishlaydigan texnologiyani yaratishimiz mumkin, lekin axloqiy tamoyillarsiz u jamiyatga amalda foyda keltirmaydi”, — deydi Kalum Xendford.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan yetakchilar SI ekotizimi rivojlantiriladigan chegaralarni shakllantiradi. Ularning tamoyillar va ustuvorliklarni qanchalik aniq belgilashiga nafaqat texnologiyalarni joriy etish samaradorligi, balki jamoatchilik ishonchi darajasi ham bog‘liq.

“SIning xatolari muqarrar. Biroq agar jamiyat jarayonni boshqarayotganlarga ishonsa, bu xatolarni rivojlanishning bir qismi sifatida qabul qilishga tayyor bo‘ladi. Ishonch yo‘qotilsa, keyinchalik uni tiklash juda qiyin”, — deya qo‘shimcha qiladi ekspert.

Ko‘plab mamlakatlarda axloqiy me’yorlar nafaqat tartibga solish vositasi, balki raqobatbardosh ustunlikning elementiga aylanmoqda. Masalan, Singapur SIni tartibga solish bo‘yicha o‘z yondashuvlarini faol ilgari surmoqda, Yevropa Ittifoqida esa ishonch va shaffoflikni mustahkamlashga qaratilgan SI tizimlarini sertifikatlash va baholash sanoati shakllanmoqda. Asta-sekin yetakchilikning yangi modeli shakllanmoqda — bunda texnologiyalarning rivojlanishi nafaqat joriy etish tezligi va ko‘lami bilan, balki ularning insoniylik va ijtimoiy mas’uliyat tamoyillariga qanchalik mos kelishi bilan ham baholanadi.

Innovatsiya va xavfsizlik muvozanati

Texnologiyalarning rivojlanishi foydalanuvchilarning ishonchi va himoyasi masalalari bilan uzviy bog‘liq. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, innovatsiyalarni joriy etish tezligi va ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash o‘rtasidagi muvozanatni topish muhim ahamiyatga ega.

“Biz „murosasiz“ deb ataydigan tamoyillarni, ya’ni ma’lumotlar maxfiyligi, xavfsizlik va maqbul texnologik siyosatning asosiy standartlarini boshidanoq joriy etish kerak”, — deya tushuntiradi Kalum Xendford.

Bugungi kunda “dizayn xavfsizligi” yondashuvi “dizayn barqarorligi” tushunchasiga aylanib, texnologiyalarni yaratishning barcha bosqichlarida — loyihalashdan tortib to amalga oshirishgacha — ishonchlilik va shaffoflikni o‘rnatishni nazarda tutmoqda.

Foydalanuvchilar bilan xizmatlarni odamlarning real ehtiyojlariga moslashtirish va raqamli yechimlarga ishonchni mustahkamlashga yordam beradigan ochiq muloqot o‘rnatish ham muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekistonning istiqboldagi yo‘nalishi

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonga SIni rivojlantirishdagi o‘rnini yaxshilashga yordam beradigan ko‘plab qadamlar qo‘yilmoqda. Keyingi 3−5 yil uchun asosiy vazifa — strategiyani amalga oshirish: aniq maqsadlar va tamoyillar amalda o‘z ifodasini topishi muhim.

Keyingi bosqich — innovatsiyalarni iqtisodiyotga integratsiya qilish va eksportni rag‘batlantirish. Vazirning forum ochilishida ta’kidlaganidek, innovatsiyalarning asosiy samaradorlik ko‘rsatkichi — eksport. 2030-yilga qadar bu ko‘rsatkichni 5 mlrd dollarga yetkazish maqsad qilingan.

“Agar siz modelni hayotga tatbiq eta olsangiz va izchil amalga oshirishga e’tibor qaratsangiz, barqaror o‘sishga erishasiz”, — deya xulosa qiladi Richard Stirling.

«Gazeta»


Ulashing :


Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari

24 10 2025 / 11:17