Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Iqlim va suv resurslari moritoringi agrar siyosatni rejalashtirishga qanday yordam beradi? Ekspert fikri


Ulashing :


Iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi qishloq xo‘jaligini tobora ko‘proq xavf ostiga qo‘ymoqda. Mutaxassislar iqlim va suv resurslari haqidagi aniq ma’lumotlarsiz agrar siyosatni rejalashtirish imkonsizligi hamda monitoring davlat va fermerlarga yangi sharoitlarga moslashishda qanday yordam berishi haqida.

Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi va kuchayib borayotgan suv tanqisligi muammosi qishloq xo‘jaligi barqarorligini tobora xavf ostiga qo‘ymoqda. Bunday sharoitda davlatlarga agrar siyosat va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida qarorlar qabul qilish uchun iqlim va tabiat o‘zgarishlari to‘g‘risida aniq ma’lumotlar zarur.

Shunday yondashuvlardan biri — iqlim va suv resurslari monitoringi tizimlarini rivojlantirishdir. Bu tabiiy jarayonlarga asoslanib samarali boshqaruv qarorlari qabul qilish imkonini beradi. Iqlim va tabiiy resurslar monitoringiga bag‘ishlab Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (Green University) o‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminarda O‘zbekiston va Yaponiya olimlari, davlat tuzilmalari va ilmiy tashkilotlar vakillari shu haqda so‘z yuritdi. Gazeta muxbiri tadbirda bo‘lib, unda tilga olingan eng muhim tezislarni keltirdi.

Qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Jahon banki va Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017−2019-yillarda agrar sektorda barcha band aholining chorak qismi mehnat qilgan va soha mamlakat yalpi ichki mahsulotiga sezilarli ulush qo‘shgan.

Orolbo‘yi mintaqasi iqlim xavflariga ayniqsa zaif bo‘lib qolmoqda. Qoraqalpog‘istonda, 2018-yil ma’lumotlariga ko‘ra, barcha band aholining 27 foizga yaqini qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida faoliyat yuritadi. Bu esa mintaqa iqtisodiyoti suv resurslari va iqlim sharoitlariga bevosita bog‘liq ekanini anglatadi.

Orol inqirozining oqibatlari — ekotizimlarning yemirilishi, tuproqning sho‘rlanishi va suv tanqisligi — o‘nlab yillar davomida mintaqa rivojlanishini belgilab kelgan. Bugungi kunda e’tibor oqibatlarni bartaraf etishdan asta-sekin uzoq muddatli yechimlarni topishga ko‘chmoqda. Bunda yechimlar iqlim o‘zgarishiga moslashish va ilmiy ma’lumotlarga asoslangan xavflarni boshqarishga qaratilgan bo‘lishi lozim.

Shunday yechimlardan biri Orolbo‘yi mintaqasida suv resurslari, iqlim va barqaror qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy-texnologik yechimlarni rivojlantirishga qaratilgan SATREPS BLUE loyihasi bo‘ldi. U O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan birgalikda SATREPS-2020 (Science and Technology Research Partnership for Sustainable Development) xalqaro dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida monitoringning bir nechta yo‘nalishlari ishlab chiqilmoqda va sinovdan o‘tkazilmoqda: real vaqt rejimida quyosh radiatsiyasi va qurg‘oqchilikni kuzatish, sun’iy yo‘ldosh va yer usti ma’lumotlaridan foydalangan holda qum va chang bo‘ronlarini, shuningdek, Orol dengizi havzasidagi suv resurslarini nazorat qilish. Ushbu vositalar iqlim risklarini hamda ularning qishloq xo‘jaligi va suvdan foydalanishga ta’sirini kompleks baholash imkonini beradi.

SATREPS BLUE loyihasi o‘zbek va yapon olimlarining qo‘shma tadqiqotlariga asoslangan bo‘lib, ilmiy jamoalarni birlashtirish va texnologiyalar almashishga qaratilgan, deydi Kioto universiteti ilmiy xodimi Temur Xo‘janazarov. Loyihada Yaponiya tomonidan 11 ta universitet, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan muvofiqlashtiriladigan 11 ta ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari ishtirok etmoqda.

Ikki mamlakat olimlari meteorologiya, gidrologiya va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikda ish olib bormoqda. Yaponiyada yillar davomida qo‘llanib kelinayotgan kuzatuv va tahlil texnologiyalari O‘zbekistonga “nou-xau” sifatida o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, mahalliy mutaxassislarni o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan: har yili Yaponiyada treninglar va stajirovkalar uyushtiriladi.

Suv resurslarini baholashda monitoringning ahamiyati

Temur Xo‘janazarovning so‘zlariga ko‘ra, mavjud agrar strategiyalar ko‘p jihatdan o‘tmishdagi suv resurslari hajmiga tayanadi, biroq iqlim o‘zgarishi sharoitida bu resurslar endi kafolatlanmagan. Shu bilan birga, suv resurslarining mavjudligiga to‘liq ishonch hosil qilmasdan turib, qaysi ekinlarni va qanday muddatlarda yetishtirish kerakligi davlat tomonidan oldindan belgilash amaliyoti saqlanib qolmoqda.

“Bizda katta hajmda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar — paxta, sabzavotlar, mevalar yetishtiriladi. Ular uchun ma’lum miqdorda suv kerak, bu esa bugungi kunda iqlim omillari va transchegaraviy suvdan foydalanish bilan bog‘liq siyosiy sabablar tufayli mavjud bo‘lmasligi mumkin”, — deya tushuntiradi u.

Bunday sharoitda, mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, haqiqiy suv balansini tushunish muhim ahamiyat kasb etadi.

“Kerakli miqdordagi suv mavjud bo‘lish-bo‘lmasligini yuz foiz bilmaymiz, lekin har qanday holatda ham dalalarga ekin ekilaveradi. Iqlim o‘zgarishi sharoitida bu jiddiy xavfga aylanadi. Ixtiyorimizda qancha hajmda suv mavjudligini bilib, qaysi ekinlarni va qaysi hududlarda barqaror yetishtirish mumkinligini aniqlash mumkin. Faqat aniq iqlimiy va gidrologik ma’lumotlar asosidagina davlat organlari muvozanatli agrar strategiyani ishlab chiqa oladi”, — deya xulosa qiladi Xo‘janazarov.

Seminarning maqsadi ham aynan shu edi — iqlim va tabiiy jarayonlar to‘g‘risida dolzarb ma’lumotlarni olish imkonini beruvchi sun’iy yo‘ldosh va boshqa ma’lumotlarni muhokama qilish hamda ularni to‘plash va uzatish uchun yagona platformani rivojlantirish.

Asosiy yo‘nalishlardan biri quyosh radiatsiyasi monitoringi bo‘ldi. Bu ma’lumotlar taxminan har 15 daqiqada kelib tushadi va suv resurslarini baholash uchun muhim ahamiyatga ega.

“Quyosh radiatsiyasi Markaziy Osiyodagi asosiy suv manbai bo‘lgan qor va muzliklarning erish jarayonlariga, demak, suv oqimining shakllanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Agar biz bu parametrni noto‘g‘ri baholasak, qancha suv bo‘lishini aniq aytolmaymiz”, — deydi Temur Xo‘janazarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bunday ma’lumotlardan to‘g‘ri foydalanilganda, suv oqimining gidrologik modellari suv oqimi hajmini yetarlicha aniq baholash imkonini beradi — hatto bunday hisob-kitoblarni amalga oshirish ayniqsa qiyin bo‘lgan murakkab tog‘li hududlarda ham . Shu bilan birga, quyosh radiatsiyasi monitoringini energetika sohasida ham qo‘llash mumkin. Ushbu ma’lumotlar asosida yaqin soatlar va kunlar uchun quyosh energiyasi salohiyatini bashorat qilish imkoni tug‘iladi, bu esa iste’molning eng yuqori nuqtalarini hisobga olgan holda energiya tizimlarini muvozanatlashni osonlashtiradi.

Xo‘janazarovning ta’kidlashicha, loyihada qo‘llaniladigan texnologiyalar dastlab Yaponiya uchun ishlab chiqilgan. Ular ob-havoni doimiy kuzatish va tayfunlarni kuzatish uchun ishlatiladigan “Himavari” geostatsionar sun’iy yo‘ldoshi ma’lumotlariga asoslanadi.

“Ushbu ma’lumotlar asosida Yaponiyada mashinali o‘qitish va sun’iy intellekt usullaridan foydalangan holda quyosh radiatsiyasini baholash texnologiyasi ishlab chiqilgan. Loyiha doirasida biz ushbu yondashuvni Markaziy Osiyo sharoitiga moslashtirganmiz va Yevropa sun’iy yo‘ldoshlari ma’lumotlaridan foydalanamiz”, — deya tushuntiradi ekspert.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa sun’iy yo‘ldoshlarining aniqlik darajasi nisbatan past ekaniga qaramay, modellarni moslashtirish va o‘qitishdan so‘ng, quyosh radiatsiyasi bo‘yicha olingan ma’lumotlar aniqligi bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi mavjud manbalar bilan taqqoslanadi, meteostansiyalardagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer usti o‘lchovlari bundan mustasno.

Ilmiy ma’lumotlar qanday qilib va nima uchun amaliy tavsiyalarga aylantiriladi?

Temur Xo‘janazarovning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning asosiy vazifalaridan biri murakkab ilmiy ma’lumotlarni tushunarli va amaliy foydalanish uchun foydali qilishdir.

“Gidrologiya va meteorologiya — ilm talab qiladigan sohalar. Suv hajmlarini hisoblash uchun fizik jarayonlar va ko‘p sonli parametrlarni hisobga olish kerak. Lekin fermerlar va ilm-fanga aloqasi bo‘lmagan odamlar uchun boshqa narsani tushunish muhim: qancha suv bo‘lishi, ob-havo issiqroq yoki sovuqroq kelishi va qanday sharoitlar kutilayotgani”, — dedi u.

Muammo asosan shundaki, ilmiy tadqiqotlar kamdan-kam hollarda yakuniy foydalanuvchilarga tushunarli shaklda yetib boradi. Shuning uchun loyiha doirasida ma’lumotlarni moslashtirish — murakkab hisob-kitoblarni qaror qabul qilishda foydalanish mumkin bo‘lgan oddiy va amaliy tavsiyalarga aylantirish ustida ish olib borilmoqda.

“Bizning vazifamiz — Orol dengizi havzasida qancha suv resursi borligini aniqroq baholash va ulardan foydalanishning mumkin bo‘lgan ssenariylarini taklif qilish. Biz qarorlarni belgilay olmaymiz, lekin ilmiy asoslangan ma’lumotlarni taqdim etishimiz, ular asosida davlat va boshqa manfaatdor tomonlar kelishib, rejalashtirishi mumkin”, — deydi ekspert.

O‘zbekiston agrobiznes assotsiatsiyasi va Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanishi bu boradagi amaliy qadam bo‘ldi.

Agrobiznes assotsiatsiyasi butun mamlakat bo‘ylab 30 mingga yaqin fermerlarga huquqiy va maslahat yordamini ko‘rsatadi va allaqachon gidrometeorologik ma’lumotlarni uzatish uchun raqamli vositalardan foydalanmoqda. Xususan, ob-havo ma’lumotlari va asosiy ma’lumotlar @agro_meteo_bot Telegram-kanali orqali fermerlarga taqdim etib boriladi.

O‘zbekiston Agrobiznes assotsiatsiyasi raisi Kamoliddin Ikromov ta’kidlaganidek, GMITI doimiy ravishda prognozlarni hisoblash va aniq joylashuvlar kesimida ma’lumotlarni uzatish uchun zarur infratuzilma va hisoblash quvvatlariga ega. Kelgusida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda tizimning funksional imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan — jumladan, tuproq namligini baholash, ekish muddatlari bo‘yicha tavsiyalar berish va iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda ekinlarni tanlash kabi imkoniyatlar qo‘shiladi.

Uning fikricha, ilmiy ishlanmalarni bunday platformalarga integratsiya qilish tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etishni tezlashtirish va iqlim o‘zgarishi sharoitida qishloq xo‘jaligining barqarorligini oshirish imkonini beradi.

Gazeta.uz


Ulashing :


Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari

26 01 2026 / 16:15