Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekistonda nega qishloq xo‘jaligi ham ro‘yxatga olinyapti? Rasmiylar va ekspertlar izohi


Ulashing :


O‘zbekiston tarixida qishloq xo‘jaligi ilk bor ro‘yxatga olinmoqda. Unda fuqarolarga tarmoqqa oid 17 ta savol berilyapti. 28-fevral kuni yakunlanadigan ushbu tadbir nimasi bilan ahamiyatli, bu jarayon nega aholini ro‘yxatga olish tadbiri bilan birga o‘tkazilyapti? Gazeta ekspertlar bilan shu haqda suhbatlashdi.

Кириллчада2026-yil, 28-fevral, 03:10 Jamiyat

O‘zbekiston tarixida qishloq xo‘jaligi birinchi marta ro‘yxatga olinmoqda. Ushbu jarayon 2026-yilning 15-yanvaridan 28-fevraliga qadar aholini ro‘yxatga olish tadbiri doirasida bo‘lib o‘tmoqda. Bunda fuqarolarga jami 71 ta savolga berilayotgan bo‘lsa, shundan 17 tasi qishloq xo‘jaligiga taalluqli. Xo‘sh, qishloq xo‘jaligi nima uchun ro‘yxatga olinyapti, bu jarayon nega aholini ro‘yxatdan o‘tkazish tadbiriga qo‘shildi, bunda qaysi toifadagi xo‘jaliklar qamrab olinmoqda, qishloq xo‘jaligi to‘g‘risida to‘plangan ma’lumotlar kelgusida nimalarga ta’sir ko‘rsatadi? Gazeta muxbiri Mirolim Isajonov shu kabi savollarga javob olish maqsadida xalqaro ekspertlar hamda mahalliy mas’ullar bilan suhbatlashdi.

“O‘zbekistonda ilk bor ro‘yxatga olinyapti”

Milliy statistika qo‘mitasi vakili Madina Yo‘ldoshevaning so‘zlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatdan o‘tkazish dunyo amaliyotida ilk marta 1840-yilda AQShda aholini ro‘yxatga olish doirasida amalga oshirilgan.

“Keyinchalik mustaqil statistik tadbir sifatida shakllanib, ko‘plab mamlakatlarda joriy etilgan. Bugungi kunda xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga muvofiq, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish qoida tariqasida har 10 yilda bir marotaba o‘tkaziladi hamda agrar sohani rivojlantirish uchun asosiy statistik manba hisoblanadi”, — deydi u.

“Oxirgi yillarda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish Polsha, Italiya, Ispaniya, Fransiya kabi Yevropa mamlakatlari, shuningdek, Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston va Moldova singari MDH davlatlarida xalqaro tavsiyalar asosida o‘tkazildi”, — deya qo‘shimcha qildi Yo‘ldosheva.

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha eksperti Georgiy Kvinikadze ham O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi birinchi marta ro‘yxatga olinayotganini ta’kidladi.

“Sobiq ittifoq davrida mamlakatda aholini ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lsa-da, bu ba’zi yillarda ayrim yo‘nalishlarda, masalan, chorva mollarining hisobini olish, ayrim ekin turlari maydonlarini aniqlash uchun amalga oshirilgan. Ammo bunday statistik o‘rganishlar soha tarkibi bo‘yicha batafsil ma’lumotlar olish imkonini bermaydi”, — deydi Kvinikadze.

Madina Yo‘ldoshevaning aytishicha, qo‘mita tomonidan 2023-yilda Parkent va Jomboy tumanlarida qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish savolnomasi hamda metodologiyasi pilot sifatida sinovdan o‘tkazilgan.

“Unda faqat ro‘yxatga olish tadbirlari uchun tayyorlangan metodologiya va savollar sinovdan o‘tkazilib, aholining qabul qilish darajasi o‘rganilgan. Savolnoma kengroq bo‘lgan, har bir xo‘jalik bo‘yicha alohida savollar tayyorlangan. Hatto qishloq xo‘jaligi texnikalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham bor edi. Fuqarolar bergan javoblar hech qayerda e’lon qilinmagan. 2026-yilda esa O‘zbekiston tarixida birinchi marta qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olinyapti”, — deydi Yo‘ldosheva.

Ma’lumot yig‘ishning qanday usullari bor?

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi eksperti Rasmiya Aliyevaga ko‘ra, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatdan o‘tkazishda ma’lumot yig‘ishning bir qancha usullari mavjud. Jumladan:

· Qog‘oz va qalamdan foydalangan holda intervyu o‘tkazish (PAPI) — bu an’anaviy usul bo‘lib, unda ro‘yxatdan o‘tkazuvchilar respondentlar bilan suhbat o‘tkazadi va ma’lumotlar qog‘oz ro‘yxatga olish varaqalari yordamida to‘planadi;

· Kompyuterdan foydalangan holda shaxsan intervyu o‘tkazish (CAPI) — ushbu usulda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi respondent bilan cho‘ntak kompyuteri, planshet, noutbuk yoki smartfon kabi mobil qurilmalardagi elektron ro‘yxatga olish varag‘idan foydalangan holda suhbat o‘tkazadi va u yerga javoblarni yozadi;

· Kompyuterdan foydalangan holda telefonda intervyu o‘tkazish (CATI) — mazkur usul telefon orqali ma’lumot olish imkonini beradi. Bunda operator masofadan turib, savollarni o‘qib beradi va kompyuterdagi ro‘yxatga olish varag‘ini to‘ldiradi;

· Tarmoqda kompyuter vositasida o‘zidan o‘zi intervyu olish (CAWI) — internet tarmog‘ida respondentlar tomonidan xavfsiz usullarni qo‘llagan holda to‘ldirilgan ro‘yxatga olish varaqlari yordamida ma’lumotlarni yig‘ish usuli;

· Muxbirlik usuli — ro‘yxatga olish varaqlarini pochta orqali respondentlarga yuborish, ular tomonidan varaqlarni to‘ldirish va pochta orqali qayta yuborishni nazarda tutuvchi o‘zini o‘zi ro‘yxatdan o‘tkazish usuli;

· Topshirish va qabul qilish usuli — bunda ro‘yxatga olish shakli hisobchi tomonidan respondentning manziliga qoldiriladi va respondent uni to‘ldirgandan so‘ng pochta orqali yuborishi yoki keyinroq hisobchi olib ketishi mumkin.

“O‘zbekistonda yuqorida sanab o‘tilganlardan CAPI va CAWI usullari tanlab olindi. Chunki ular tez va nisbatan kamroq xarajat evaziga zaruriy ma’lumotlarni yig‘ish imkonini beradi. Mazkur usullarni qo‘llash uchun Milliy statistika qo‘mitasi O‘zbekistonning o‘ziga xos sharoitlariga moslashtirilgan dasturiy mahsulotlarini yaratdi. Qolaversa, mamlakatda yuridik shaxslardan ma’lumotlar yig‘ishi uchun CAWI usuli bo‘yicha tajriba mavjud”, — deydi Rasmiya Aliyeva.

Uning qayd etishicha, FAO har 10 yilda bir marta dunyoning barcha mamlakatlari uchun Butunjahon qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish dasturini taqdim etadi, bu mazkur tadbirning asosiy hujjati hisoblanadi.

“O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazilayotgan qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik 2016−2025-yillarni qamrab olgan 2020 dasturi doirasida amalga oshirildi. Dala (joylardagi) ishlari muddatining ko‘chirilishi munosabati bilan ro‘yxatga olish 2026−2035-yillar davriga to‘g‘ri kelsa-da, 2030 dasturi FAO tomonidan shu yilning boshida chiqariladi”, — deya qo‘shimcha qildi Aliyeva.

Bu tadbir nima uchun muhim?

FAO eksperti Rasmiya Aliyevaning so‘zlariga ko‘ra, mazkur jarayon kichik ma’muriy birliklar bo‘yicha mamlakatda qishloq xo‘jaligining holati, sohadagi jarayonlar yoki tarkibiy uzilishlarni aniqlash hamda mumkin bo‘lgan ta’sir ko‘rsatish yo‘nalishlarini belgilash imkonini beradi.

“Ro‘yxatga olish natijalaridan joriy statistika uchun asos sifatida foydalaniladi. Shuningdek, sohaga investitsiya, ma’lumotlar bilan asoslangan biznes yechimlarni yo‘naltirish siyosatini belgilashda ham ahamiyati yuqori bo‘ladi. Ko‘pincha foydalanuvchilar o‘z ehtiyojlarini qishloq xo‘jaligining ma’lum bir tarmoqlaridagi chuqur tadqiqotlarda deb biladi. Bundan tashqari, ro‘yxatga olishga batafsil tanlanma tadqiqotlar uchun umumiy ma’lumotlar to‘plami sifatida qaraydi”, — deydi BMT vakili.

“Har qanday sohada biron-bir tadbirni rejalashtirish uchun aniq ma’lumotlar bazasi, ya’ni asos kerak. Sodda qilib aytganda, manzara aniq bo‘lishi lozim. Shundagina reja to‘g‘ri, natijali va samarali bo‘ladi. Birinchi navbatda, ro‘yxatga olish natijalari kelgusidagi agrar siyosatni, sohani rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ikkinchidan, hukumat va mas’ul tashkilotlar oldida mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdek muhim vazifa turadi. Buni amalga oshirishda ham qishloq xo‘jaligini ro‘yxatdan o‘tkazishning ahamiyati katta”, — deya qo‘shimcha qildi Kvinikadze.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Javlon Xoliqovning ta’kidlashicha, ushbu jarayon orqali qishloq xo‘jaligi bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar bazasi shakllanadi.

“Bizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar soni juda ko‘p. Fermerlar va yuridik shaxslar qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hisobot beradi, ammo uy xo‘jaliklari hech qayerga ma’lumot taqdim etmaydi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raislari o‘z hududiga taalluqli umumlashtirilgan hisobotni beradi, xolos. Ro‘yxatga olish tadbiri natijasida uy xo‘jaliklari, kichik ishlab chiqaruvchilarning yer maydonlari, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘liq yig‘iladi. Ularning qay darajada suv bilan ta’minlangani, qanday o‘g‘itlardan va yerdan qanchalik samarali foydalanayotgani, uchrayotgan qiyinchiliklariyu qanday infratuzilmaga ehtiyoji borligi oydinlashadi”, — deydi Xoliqov.

Madina Yo‘ldoshevaning aytishicha, mazkur tadbirdan maqsad — O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasidagi vaziyat va yer fondiga aniqlik kiritish.

“Ro‘yxatga olish jarayonida yer maydonlari va ulardan foydalanish holati hamda maqsadlari, yetishtirilayotgan ekin turlari, uy hayvonlari, sug‘orish manbalari va xo‘jalik yuritish shakllari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar yig‘iladi. Bu esa qishloq xo‘jaligi salohiyatini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga taalluqli davlat dasturlarini yaratishga muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Bundan tashqari, mikro ma’lumotlar yig‘ilib, butun mahalla haqidagi umumiy kartinani ko‘rsatib beradi. Qaysi mahallada nimalar yetishtirilayotganiga qarab, mahalla drayverlariga aniqlik kiritiladi”, — deya qo‘shimcha qildi Yo‘ldosheva.

Nega aholi va qishloq xo‘jaligi birga ro‘yxatdan o‘tkazilyapti?

Javlon Xoliqov aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatdan o‘tkazish tadbirlarining birlashtirilishi vaqt hamda xarajatga bog‘liq ekanini aytdi.

“Agar ikkisi ham alohida-alohida tashkil etilsa, bu davlat budjetiga juda katta yuk bo‘ladi. Ya’ni volontyorlar, kuzatuvchilar va ro‘yxatdan o‘tkazuvchilarni jalb qilish hamda onlayn ro‘yxatdan o‘tish uchun dasturlar yaratishga ikki martadan mablag‘ sarflanadi. Bundan tashqari, savolnomani to‘ldirish 30−40 daqiqa vaqt oladi. Shu sababli savollar saralanib, 17 ta eng muhimi tanlab olindi. Bunda, albatta, xorijlik ekspertlar bilan kelishildi”, — deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassisi.

FAO eksperti Rasmiya Aliyevaga ko‘ra, Belarus (2019-yil), Gruziya (2014 va 2024-yillar), Kanada (2001 va 2011-yillar), Serbiya (2002-yil), Uganda (2002-yil) kabi mamlakatlarda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni aholini ro‘yxatga olish bilan bir vaqtda tashkil etilgan.

“FAO bunday yondashuvni istisno qilmaydi, tanlov mamlakatdagi holatga bog‘liq. Odatda tanlab olingan yondashuv ro‘yxatga olish muddatlari, xarajatlar, tadbirni tashkil qilish, ma’lumot yig‘ish usullari, shuningdek, muvofiqlashtirishning mavjud mexanizmlariga bog‘liq. Har qanday holatda FAO xalqaro standartlarga mos keladigan atamalar, tushuncha va klassifikatsiyalardan foydalanishga alohida e’tibor qaratadi”, — deydi Aliyeva.

Qaysi toifadagi xo‘jaliklar ro‘yxatga olinyapti?

Georgiy Kvinikadzening qayd etishicha, ro‘yxatga olish jarayoniga barcha toifadagi xo‘jaliklar qamrab olinmoqda. Tadbir natijalari har bir toifa va ular o‘rtasidagi asosiy farqlarni batafsil tavsiflashda juda muhim hisoblanadi.

“Hamma toifadagi xo‘jalik yuritish shakllarini qamrab olishi lozim. Chunki busiz to‘laqonli ma’lumot shakllantirib bo‘lmaydi. Bugun O‘zbekistonda fermer xo‘jaliklari, dehqon va tomorqa xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi klasterlari, sohaga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlarining tajriba xo‘jaliklari, bir qator yirik korxona va tashkilotlarning yordamchi xo‘jaliklari qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi bilan shug‘ullanadi”, — deydi u.

“Ularning asosiy farqi yer maydonlari o‘lchamlari va yerdan foydalanish shartlarida. Masalan, fermer xo‘jaliklariga yer maydonlari uzoq muddatli ijaraga berilsa, tomorqa xo‘jaliklari yerdan umrbod egalik qilish huquqi bilan foydalanadi. Xo‘jalik shakllarining hammasi ahamiyatli va o‘z o‘rniga ega. Misol uchun, statistika bo‘yicha tomorqa va dehqon xo‘jaliklari chorvachilik mahsulotlarining asosiy qismini yetishtirib bersa, fermer xo‘jaliklarining boshoqli don, paxta xomashyosini ishlab chiqarishdagi ulushi yuqori”, — deydi Georgiy Kvinikadze.

“Ro‘yxatga olish jarayonida barcha toifadagi xo‘jaliklardan chorva mollari, parrandalar va ularning turlari, asalari uyalari va issiqxonalar soniga ham aniqlik kiritiladi. Shu ma’lumotlar asosida aholining go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlanishiga oid ko‘rsatkichlar hisob-kitobi yuritiladi”, — deya qo‘shimcha qildi Madina Yo‘ldosheva.

Ro‘yxatga olish natijalari nimalarga ta’sir ko‘rsatadi?

BMT vakili Rasmiya Aliyevaga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida ro‘yxatdan o‘tkazish agrar siyosat maqsadlari uchun muhim tarkibiy ma’lumotlar olish imkonini beradi.

“Shu sababli asosan xo‘jalikning hajmi, yerga egalik qilish shakli, yerdan foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlari maydonlari, sug‘orish, mol bosh soni, ishchi kuchi, texnika va boshqa qishloq xo‘jaligi resurslaridan foydalanish kabi xo‘jaliklarning tashkiliy tarkibi to‘g‘risida ma’lumotlar yig‘iladi. Odatda bu tadbirga yildan yilga o‘zgarib turuvchi ma’lumotlar, masalan, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi yoki qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlari singari ma’lumotlar kiritilmaydi”, — deydi u.

“Qishloq xo‘jaligini rejalashtirish va siyosatni ishlab chiqish jarayoni haqiqiy ma’lumotlarga asoslanishi lozim, bu statistika tizimiga kuchli bog‘liq bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligida ro‘yxatdan o‘tkazish oziq-ovqat xavfsizligi va gender masalalari kabi bir qator muhim sohalarda bu jarayonga o‘zining muhim hissasini qo‘shadi”, — deydi Rasmiya Aliyeva.

Uning qo‘shimcha qilishicha, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish davomida qishloq xo‘jaligi tashkilotlari yerga qanday egalik qilayotgani, shuningdek, mamlakatda qishloq xo‘jaligi yerlarining tarkibi va taqsimlanishi tahlili uchun turli zaruriy ma’lumotlar to‘planadi.

“Bunday tahlil maqsadlari uchun xo‘jaliklar hajmi, yerdan foydalanish va yerga egalik qilish shakllari to‘g‘risida ro‘yxatga olish ma’lumotlari birinchi navbatda zarur bo‘ladi. Tahlil turli nuqtai nazarlardan amalga oshirilishi mumkin. Masalan, xo‘jalik rahbarining yoshi va jinsi, ishlab chiqarishning asosiy yo‘nalishi, egasining yuridik maqomi, yerdan foydalanish turlari, yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari, xo‘jalikning o‘rtacha va umumiy qishloq xo‘jaligi maydonlari, xo‘jalikda qo‘llanilayotgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish usullari. Ushbu ma’lumotlar aniq maqsadli guruhlar — yosh fermerlar, xo‘jaliklar egalarining ehtiyojlarini qondirish, yer maydonlari hajmlarini yiriklashtirish va hokazolar uchun siyosat va dasturlar tadbirlarini shakllantirish hamda monitoring qilish qilish imkonini beradi”, — deydi BMT vakili.

Georgiy Kvinikadzening aytishicha, mamlakat agrar siyosatini shakllantirishda aholini ro‘yxatga olishning ahamiyati juda yuqori. Bu orqali O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishdagi salohiyatiga aniqlik kiritilib, strategiya va boshqaruv qarorlari ishlab chiqishda ham asqatadi.

“Mamlakatlar hukumatlari oldida o‘ta muhim vazifa bor, bu — oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash. Aholining turli yosh guruhlari bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojini bilish va mavjud ehtiyoj asosida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rejalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ro‘yxatga olish natijalaridan qaysi ekin turlari maydonlarini kengaytirish, ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish, qaysi hududlarda ishlab chiqarish hajmi talabni qondira olmaydi, bu muammoni hal qilish uchun qanday choralar ko‘rish kerak, degan savollarga javob olsa bo‘ladi”, — deydi FAO eksperti.

Rasmiya Aliyevaning ma’lum qilishicha, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatdan o‘tkazish quyidagi rejalashtirish va siyosatni ishlab chiqish sohalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi:

1. Qishloq xo‘jaligini ishlab chiqarishi va iqtisodiy o‘sishi uchun investitsiyalarni rag‘batlantirish. Yerdan foydalanish shakli, mehnat xarajatlari, qishloq xo‘jaligi uchun yaroqli foydalanilmayotgan yerlar, xo‘jaliklarga to‘g‘ri keladigan qishloq xo‘jaligi ekinlarining o‘rtacha maydoni, xo‘jaliklarga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha chorva hayvonlari bosh soni, kredit olish, mashina va jihozlardan foydalanishga imkoniyatning mavjudligi kabi ro‘yxatga oshish natijalari ushbu maqsadga aloqador;

2. Qishloq hududlarini rivojlantirish. Eng quyi ma’muriy darajalardagi yoki agroekologik hududlar bo‘yicha xo‘jaliklar soni, yerdan foydalanish shakli, yer egalarining jinsi va yoshi, ma’lumoti, qishloq xo‘jaligi yerlarining o‘rtacha maydoni, turlari bo‘yicha chorva hayvonlarining o‘rtacha bosh soni, qishloq xo‘jaligida ishchi kuchi, mashina va jihozlardan foydalanish, jamoalar darajasidagi ma’lumotlar, odatda, qishloq hududlarini rivojlantirish, aniqroq aytganda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni bozorga yo‘naltirishni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha dasturlar tayyorlashda foydalaniladi;

3. Qishloq xo‘jaligini yuritish tizimi. Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish xo‘jaliklarning qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini yuritish tizimi turlari bo‘yicha ma’lumotlarning asosiy manbai bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, xo‘jaliklar natural, bozorga yo‘naltirilgan, oilaviy yoki korporativ, dehqonchilik va chorvachilik yo‘nalishi yoki aralash xo‘jalik kabi belgilariga asosan guruhlanishi mumkin. Turli maqsadli guruhlar uchun turli siyosat va dasturlar ishlab chiqilishi mumkin.

Qo‘mita vakili Madina Yo‘ldoshevaga ko‘ra, tomorqadagi yer maydoni, undan olingan hosil va daraxtlar hamda chorva mollari soni bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar berilishi soliqqa tortishga olib kelmaydi.

“Ro‘yxatga olish jarayonida taqdim etilayotgan ma’lumotlar soliq solish maqsadida to‘planayotgani yo‘q. Ular davlat tomonidan qishloq xo‘jaligini rivojlantirishni rejalashtirish, hududlar kesimida ehtiyojlarni o‘rganish, resurs va imtiyozlarni to‘g‘ri taqsimlash uchun faqat statistik maqsadlarda qo‘llaniladi. Shu bois ma’lumotlarni to‘liq, aniq va xolis taqdim etish xavfsiz bo‘lib, bu fuqarolar manfaati uchun xizmat qiladi. Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ma’lumotlari soliq yoki moliya organlariga individual tarzda taqdim etilmaydi”, — deydi u.

Avvalroq Gazeta Toshkent shahri hamda Forish tumanida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish qanday ketayotgani bo‘yicha reportaj tayyorlagandi.

gazeta.uz


Ulashing :


Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari

02 03 2026 / 15:17