MDH mintaqasida islomiy moliya va islomiy bank
tizimini rivojlantirish uchun ehtimol eng yaxshi fundamentga ega mamlakat –
aynan O‘zbekistondir.
Sababi oddiy: bu yerda sun’iy ravishda yaratib bo‘lmaydigan muhim omil
mavjud – islomiy moliyani qadrlovchi mijozlarning katta bazasi. Bu mijozlar:
·
islomiy moliya
tamoyillarining qadriyatini tushunadi;
·
adolatli va
shaffof bitimlar konsepsiyasi ishonadi;
·
moliya real
iqtisodiyot va aktivlarga yo‘naltirilishini xohlaydi.
Ko‘plab boshqa bozorlarda islomiy bank tizimi asosan yuqoridan, tartibga
solish orqali joriy etiladi. O‘zbekistonda esa unga bo‘lgan talab tabiiy
ravishda pastdan shakllanmoqda. Aynan shuning uchun bu yerda salohiyat ayniqsa
yuqori.
Mamlakatda islomiy bank tizimi endigina shakllana boshlagan bo‘lsa-da,
zarur poydevor allaqachon mavjud:
·
demografik salohiyat yuqori;
·
ijtimoiy-diniy asoslar mavjud;
·
iqtisodiyot o‘sib bormoqda;
·
tadbirkorlar faolligi yuqori.
Bularning barchasi O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda islomiy moliya uchun eng
istiqbolli bozorlardan biriga aylantiradi.
Nega islomiy moliya bank sektori o‘sishining drayveriga aylanishi mumkin?
1. Bozorni kengaytirish
Islomiy moliyaviy mahsulotlar an’anaviy bank instrumentlaridan
foydalanmaydigan mijozlarga bozorga kirish imkonini beradi.
Biroq bundan ham muhim jihati shundaki, bunday mahsulotlar quyidagilarni
qadrlaydigan an’anaviy mijozlarni ham jalb qiladi:
·
tuzilmalarning shaffofligi;
·
real aktivlarga asoslangan bitimlar;
·
risklarni taqsimlashga asoslangan bitimlar.
Natijada
banklar chakana mijozlar, kichik va o‘rta biznes hamda korporativ sektor
hisobiga mijozlar bazasini kengaytirishi mumkin.
2. Aholi mablag‘larini jalb qilish
Eng kam baholanayotgan omillardan biri – investitsion depozitlar
salohiyatidir.
O‘zbekistonda aholida sezilarli miqdorda jamg‘armalar to‘plangan, biroq
tushunarli va qulay investitsiya instrumentlari soni juda kam.
Shunday sharoitda islomiy investitsiya hisoblari ushbu mablag‘larni jalb
qilish uchun tabiiy kanalga aylanishi mumkin. Bu esa bir vaqtning o‘zida bir
nechta ijobiy natijalarni beradi:
·
banklar barqaror
va uzoq muddatli resurs bazasiga ega bo‘ladi;
·
iqtisodiyot real
sektorni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha manbaga ega bo‘ladi;
·
aholi passiv daromad
olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
3. Mijozlarni jalb qilish iqtisodiyoti
Ishonch – o‘sishning eng kuchli drayverlaridan biridir. Mahsulotlar
tushunarli bo‘lsa, real bitimlarga (savdo, ijara) asoslangan bo‘lsa va
muvofiqlik nazoratidan o‘tsa, mijozlar ularni boshqacha qabul qiladi.
Eng muhim omil – fikrlash tarzi va xabardorlik
Islomiy bank tizimini joriy etishda asosiy muammo texnologiya yoki
mahsulotlarda emas, balki bozorning bu mahsulotlarni qanchalik tushunishida.
Aholining katta qismi islomiy moliyaviy instrumentlar haqida hali ham
yaxshi bilmaydi. Odamlar o‘nlab yillar davomida foizli kredit va depozitlardan
foydalangan, shuning uchun muqobil moliyalashtirish modeli haqida barqaror
tushunchalar shakllanishi va qabul qilinishi uchun vaqt kerak.
Islomiy mahsulotlar boshqa terminologiyadan, boshqa iqtisodiy mantiqdan va
boshqa huquqiy konstruksiyalardan foydalanadi (savdo, ijara va hamkorlikka
asoslangan). Shu sababli ularni muvaffaqiyatli joriy etish uchun moliyaviy
savodxonlikni oshirish va xabardorlikni kengaytirish bo‘yicha tizimli ish olib
borish zarur.
Bu yerda quyidagilar muhim rol o‘ynaydi:
·
banklardagi kadrlarning malakasi;
·
mijozlar uchun
tushunarli va shaffof kommunikatsiya;
·
bank
xodimlarining mahsulotni oddiy va aniq tilda tushuntira olish qobiliyati.
Ko‘pincha eng yaxshi marketing – bu bank xodimi bo‘lib, u mijozga 120
soniya ichida islomiy mahsulot qanday ishlashini va uning iqtisodiy mantiqi
nimada ekanini tushuntirib bera olishi lozim.
Shuning uchun islomiy bank tizimini joriy etish shunchaki IT-loyiha yoki
mahsulotlar qatorini o‘zgartirish emas. Bu bank ichida ham, mijozlar orasida
ham fikrlash tarzini o‘zgartirish va yangi moliyaviy madaniyatni
shakllantirishdir.
Aynan shu sababli inson kapitali va to‘g‘ri kommunikatsiya strategiyasi islomiy
moliya mahsulotlarini muvaffaqiyatli joriy etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Avval maqsad, keyin strategiya
Strategiya – xodimlar ishonadigan hikoya bo‘lishi kerak, hech kim
o‘qimaydigan prezentatsiya emas.
Odamlar platformalardan muhimroq. Hech qanday mukammal AT tizimi
quyidagilarni o‘rnini bosa olmaydi:
·
yagona missiya;
·
to‘g‘ri siyosat;
·
xodimlarni o‘qitish;
·
to‘g‘ri rag‘bat
tizimi.
Islomiy moliya mahsulotlari bo‘yicha kuchli mutaxassisni jalb qilish juda
muhim. U:
·
islomiy moliya talablarini tushunishi;
·
mahsulotlarni
to‘g‘ri tizimlashtirishi;
·
to‘liq
mahsulotlar liniyasini shakllantira olishi kerak.
Bu O‘zbekistonga nima beradi?
O‘zbekistonda islomiy moliyani rivojlantirish nafaqat mumkin, balki
strategik jihatdan muqarrar jarayondir. Bu qadriyatlarga asoslangan katta
bozorga kirish imkonini beradi va yanada barqaror moliyalashtirish manbalarini
yaratadi.
Bundan tashqari, islomiy moliyani joriy etish iqtisodiy o‘sishni quyidagi
yo‘llar orqali rag‘batlantiradi:
·
savdo va ishlab
chiqarishning kengayishi;
·
davlat uchun
soliq tushumlarining ortishi;
·
biznes faolligi
va tadbirkorlikning rivojlanishi;
·
xavfsiz
investitsiyalar orqali aholi farovonligining oshishi;
·
iqtisodiyotga
yangi moliyaviy resurslarning kirib kelishi.
Albatta, bu mamlakat uchun oson yo‘l emas. Bu shunchaki biznes modelini
o‘zgartirish emas, balki tizimli transformatsiyadir. Biroq to‘g‘ri strategiya,
malakali kadrlar va intizom bo‘lsa, bu transformatsiya muvaffaqiyatli, barqaror
va o‘z vaqtida amalga oshishi mumkin.
Ehtimol, eng muhimi
Bugun O‘zbekiston noyob bosqichda turibdi.
Mamlakat islomiy moliya infratuzilmasini endigina shakllantirmoqda. Bu esa
o‘yin qoidalari, standartlar va eng yaxshi amaliyotlar aynan hozir
shakllanayotganini anglatadi.
Bugun ushbu bozorga kirganlar shunchaki ishtirokchilar bo‘lib qolmaydi –
ular Markaziy Osiyodagi islomiy moliya bozorining kelajak me’morlariga
aylanishadi.
Xondamir Nusratxo‘jayev,
moliya sohasida xalqaro mutaxassis, кун.уз
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari
10 03 2026 / 14:33