Suv
endilikda faqatgina tarmoqqa oid masala bo‘lishdan to‘xtab, iqtisodiyot, iqlim,
geosiyosat va energetika chorrahasidagi strategik resursga aylandi. Mart
oyi oxirida bo‘lib o‘tgan Tashkent Water Week forumida ekspertlar global suv
tendensiyalari va Markaziy Osiyo davlatlari oldida turgan mintaqaviy
muammolarni muhokama qildi. Gazeta muxbiri ularning chiqishlari asosida obzor
tayyorladi.
O‘zbekiston
Progressiv islohotlar markazi ijrochi direktori Mirshohid
Aslanovning fikricha, bugungi kunda Markaziy Osiyo duch
kelayotgan suv muammolari resurslarni baholashning eskirgan usullaridan real
vaqt rejimidagi monitoring tizimlariga zudlik bilan o‘tishni talab qilmoqda.
Uning
so‘zlariga ko‘ra, suvdan samarasiz foydalanish oqibatlari allaqachon global
miqyos kasb etgan.
“Orol dengizi
tubidagi tuz hatto Shimoliy qutbda ham qayd etilgan. Bu umumiy muammolarga
nisbatan yagona yondashuvni ishlab chiqish qanchalik muhimligini
ko‘rsatadi”, — dedi u.
Tarixiy
xatolar Orol dengizining deyarli yo‘q bo‘lib ketishiga olib keldi, bu esa
iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va aholi salomatligi uchun og‘ir oqibatlarni
keltirib chiqardi. Aslanovning fikricha, bu O‘zbekistonga qo‘shnilar
bilan ham to‘plangan tajriba va chiqarilgan xulosalar, ham inqirozni hal
qilishning yangi yondashuvlari bilan bo‘lishish huquqini beradi.
O‘zbekiston Progressiv islohotlar markazi rahbari
mintaqa mamlakatlari, jumladan, Afg‘oniston uchun ham asosiy muammo sifatida
resurslarni boshqarishni ko‘rsatdi. Uzoq vaqt davomida Markaziy Osiyoda suv taqsimoti taxminiy hisob-kitoblarga
tayangan holda amalga oshirib kelingan.
“Afsuski,
hozircha biz suv hajmini yetarlicha aniq baholamayapmiz va uni samarasiz
boshqaryapmiz. Real ma’lumotlarga asoslangan shaffof yondashuv
zarur”, — dedi Aslanov.
Hozirda O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalarni keng
joriy etish rejalashtirilayotganini u yana bir bor eslatib o‘tdi. Xususan, prezidentning fevral oyidagi farmoniga
muvofiq, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari millionlab gektar qishloq
xo‘jaligi yerlariga tatbiq etiladi.
Transchegaraviy
daryolar haqida gapirar ekan, ekspert Afg‘oniston va boshqa davlatlarning
umumiy suv resurslaridan foydalanish huquqini qo‘llab-quvvatladi.
“Biz
Afg‘onistonga o‘zimiz yo‘l qo‘ygan xatolardan qochishga yordam berishga
tayyormiz. Tajribamiz shuni ko‘rsatadiki, suv yetarli bo‘lgan taqdirda ham, uni
asrash kerak”, — dedi u.
Mirshohid Aslanov mintaqa
davlatlarini yagona ma’lumotlar bazasiga ega bo‘lgan suv resurslarini
boshqarishning birlashgan tizimini yaratishga chaqirdi. Uning fikricha, suv
iste’molining shaffof hisobi mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaydi
va mintaqaning iqtisodiy o‘sishiga xizmat qiladi.
Strategik
va mintaqalararo tadqiqotlar instituti Mintaqaviy tadqiqotlar markazi
rahbari Murod Uzoqov o‘z chiqishida mintaqadagi suv
inqirozini kuchaytirayotgan asosiy omillarni sanab o‘tdi.
Uning fikricha,
suv resurslari taqchilligining ortib borishi demografik o‘sish bilan bog‘liq:
oxirgi 25 yil ichida Markaziy Osiyo aholisi deyarli ikki baravar ko‘paydi
va 2050-yilga kelib 100 million kishidan oshishi mumkin. Bu jarayon
faol urbanizatsiya va iqtisodiy rivojlanish bilan birga kechmoqda, bu esa
suv resurslariga bo‘lgan bosimni bir necha barobar oshiradi.
Boshqaruv va texnologik
muammolar tufayli suvdan foydalanish tizimi samarasizligicha qolmoqda.
Kanallar, to‘g‘onlar va taqsimot tizimlarining eskirgani sababli suv
isrofi ayrim joylarda 40−50 foizga yetmoqda. Suv
resurslarining qariyb 90 foizi sug‘oriladigan dehqonchilikka sarflanadi —
vaholanki, dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich taxminan 30 foizni tashkil
etadi.
Suv xo‘jaligini samarasiz boshqarish oqibatida
mintaqaning yillik iqtisodiy yo‘qotishlari 2 milliard dollarga baholanmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo yerlarining
qariyb 37 foizi allaqachon degradatsiyaga uchragan. Vaziyat yomonlashgan
taqdirda, 2050-yilga kelib hosildorlik 40 foizga kamayishi mumkin, bu esa
oziq-ovqat inqirozi xavfini keltirib chiqaradi.
“Suv va
iqlim kun tartibi ekologik muammolar toifasidan milliy va mintaqaviy
xavfsizlik darajasiga ko‘tarildi. U iqtisodiy rivojlanish, energetika
va oziq-ovqat barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi”, — dedi
Murod Uzoqov.
Ekspert vaziyatga ta’sir etuvchi alohida omil sifatida
global isishni ko‘rsatib o‘tdi. Mintaqada harorat dunyodagi o‘rtacha
ko‘rsatkichdan tezroq ko‘tarilmoqda, bu esa suv resurslarining 80 foizini
ta’minlovchi Pomir va Tyan-Shan muzliklarining erishini tezlashtiryapti.
Oxirgi 50 yil ichida ularning maydoni uchdan birga qisqargan.
Prognozlarga ko‘ra, 2050-yilga kelib Amudaryo
va Sirdaryo havzalaridagi suv oqimi 5−13 foizga kamayishi mumkin. Bu ekotizimlar va yog‘ingarchilik tartibining
o‘zgarishiga, shuningdek, qurg‘oqchilik va ob-havo anomaliyalari tez-tez
takrorlanishiga olib keladi. Uzoqov so‘nggi yillarda mintaqada jala quyishi
holatlari kuchayayotganiga e’tibor qaratdi — bunda bir oylik
yog‘ingarchilik me’yori bir necha kun ichida yog‘ib o‘tadi.
Suv tanqisligi va qishloq xo‘jaligidagi daromadlarning
kamayishi ichki iqlim migratsiyasiga sabab bo‘lishi mumkin,
ya’ni aholi qishloq xo‘jaligi hududlarini ommaviy ravishda tark etib,
shaharlarga ko‘chib o‘ta boshlaydi. Odamlarning bunday
oqimi mavjud infratuzilma va ijtimoiy xizmatlarga qo‘shimcha bosim
yuklaydi.
Shu nuqtai
nazardan, ekspert suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha yondashuvlarni qayta
ko‘rib chiqish, shuningdek, mintaqadagi asosiy daryolarning transchegaraviy
xususiyatini inobatga olgan holda, kompleks boshqaruv sohasida Markaziy Osiyo
davlatlari hamkorligini mustahkamlash uchun samarali va kelishilgan
choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladi. O‘zaro manfaatli
yechimlarga olib boruvchi yo‘l so‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasida
mustahkamlanib borayotgan ishonchdir. Ijobiy misollar sifatida u Norin
daryosining suv-energetika resurslaridan birgalikda foydalanish, Qambarota
GES-1 qurilishiga tayyorgarlik va Zarafshon daryosida gidroenergetikani
rivojlantirish loyihalarini sanab o‘tdi. Ekspert, shuningdek, Afg‘oniston bilan
Qo‘shtepa kanali bo‘yicha munosabatlardagi progreslarni alohida qayd etdi.
“Qo‘shtepa kanali qurilishi
masalasidagi hamkorligimiz tizimli ekspertlar muloqoti formatiga o‘tdi. Doimiy
faoliyat yurituvchi qo‘shma ishchi guruhi tuzildi, bu esa muhokamalarni
siyosiy tekislikdan sof professional darajaga o‘tkazish imkonini berdi”, —
deb ta’kidladi Murod Uzoqov.
Inqirozni
bartaraf etish uchun Uzoqov suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, soha
mutaxassislarini tayyorlash va xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun
moliyaviy vositalarni yaratishga e’tibor qaratishni taklif qildi. Uning
fikricha, suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha
mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish va qabul qilish ustuvor vazifa bo‘lishi
kerak.
Xalqaro suv
resurslarini boshqarish institutining (IWMI) Markaziy Osiyo bo‘yicha ofisi
katta ilmiy xodimi Iskandar Abdullayev mintaqaning
qat’iy suv iqtisodiyotiga o‘tishi zarurligini ta’kidladi. Uning
so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘zlarining “suv izi”ni diqqat bilan kuzatib
borishlari kerak: suv qayerda, qanday hajmda va qanday sarflanayotganini hamda
bu jarayonlarning iqtisodiy samaradorligi qanday ekanini aniq tushunib
olishlari lozim.
U zamonaviy
suv xavfsizligi konsepsiyasi endilikda bitta davlat doirasi yoki
iqtisodiyotning alohida ustuvor tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanib
qolmasligini ta’kidladi. Markaziy Osiyo davlatlari qo‘shni
mamlakatlar manfaatlarini hisobga olgan holda tarmoqlararo yondashuvni joriy
etishlari zarur. Abdullayev qishloq xo‘jaligiga
alohida e’tibor qaratib, har bir tomchi suvdan maksimal hosil olish tamoyili
asosida ishlovchi “aqlli” agro va biotexnologiyalarni rivojlantirishga
chaqirdi.
Global isish ta’sirini baholar ekan, IWMI vakili
e’tiborni resurslarning jismoniy tanqisligidan oldindan aytib bo‘lmaydigan
omillarga qaratdi.
“Iqlim
o‘zgarishi faqat suv yetishmasligi degani emas. Bu o‘sib borayotgan
noaniqlikdir. Oylar va yillar oldin an’anaviy rejalashtirishga
tayanishimiz mumkin bo‘lgan davrlar o‘tdi. Bugungi kunda vaziyat doimiy
ravishda o‘zgarib bormoqda”, — dedi Iskandar Abdullayev.
Markaziy Osiyo davlatlari infratuzilmaning
modernizatsiyasiga, suv saqlash tizimlarini qurishga va hisob-kitobni
raqamlashtirishga faol sarmoya kiritayotganiga qaramay, ekspertning fikricha,
faqatgina texnokratik yondashuv muammoni to‘liq hal qilishga qodir emas. Uning hisoblashicha, mintaqa tabiiy ekotizimlarning
salohiyatiga yetarlicha baho bermayapti.
“Biz yashil tizimlarimizni unutib qo‘ydik. Ulardan
foydalanish murakkab infratuzilma qurishga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi va
iqlim bilan bog‘liq xavflarni yumshatadi, shuningdek, katta miqdordagi
mablag‘larni tejash imkonini beradi”, — deya ta’kidladi Abdullayev.
Uning fikricha, yangi texnologiyalarni muvaffaqiyatli
ommalashtirish uchun hukumatlarning muvofiqlashtirilgan harakatlari, daryo
havzalari darajasida boshqaruvning raqamli tizimlarini joriy etish
va birgalikda ekologik prognozlar ishlab chiqish zarur.
Ekspert suv resurslarini samarali boshqarish yo‘lidagi
asosiy to‘siqlardan biri sifatida akademik doiralar va davlat tuzilmalari
o‘rtasidagi tarqoqlikni ko‘rsatdi. Ma’lumotlar
cheklangan, tadqiqotchilar va siyosatchilar o‘rtasida axborot almashish
kanallari yo‘lga qo‘yilmagan sharoitda qaror qabul qilish jarayonining
samaradorligi pasayadi. Ma’lumotlar yetishmasligi va aloqaning zaifligi
boshqaruv qarorlari sifatini tushiradi va ilmiy bazaning rivojlanishiga
to‘sqinlik qiladi.
“Reaktiv boshqaruvdan uzoq muddatli rejalashtirishga
o‘tish kerak. Inqirozlarni bartaraf etish bilan cheklanmaslik kerak”, —
deya xulosa qildi Iskandar Abdullayev.
O.Hoshimov, gazeta.uz
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari
06 04 2026 / 11:53