Qonunchilikka ko‘ra, korxona kirimida mavjud bo‘lmagan tovar uchun
hisob-faktura rasmiylashtirish cheklanishi kerak. Bu vazifa Soliq qo‘mitasi
zimmasiga yuklangan. Amalda esa “obnalchilar” o‘zida yo‘q mahsulot uchun
hisob-faktura rasmiylashtiryapti, natijada ular to‘lamagan soliq majburiyatlari
halol tadbirkorlar zimmasiga tushyapti.
6 aprel kuni soliq maslahatchilari, auditorlar va buxgalterlar ishtirokida
o‘tkazilgan ochiq muloqotda Vazirlar
Mahkamasining 2021 yildagi 595-son qarori, xususan,
uning 6-band “g” kichik bandi atrofidagi muammolar muhokama qilindi.
“Turon himoyasi” advokatlik firmasi direktori Shokir Boqiyevga ko‘ra,
mazkur qaror tadbirkorlar uchun eng og‘riqli masalalardan biriga aylangan.
“595-qaror – bugun tadbirkorlar uchun eng og‘riqli nuqtalardan biri.
Qarorda aniq belgilangan: agar korxona kirimida mahsulot bo‘lmasa,
hisob-faktura rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak edi. Bu vazifa 2021
yilda Soliq qo‘mitasiga yuklatilgan. Lekin amalda buning aksi kuzatilmoqda”, – deydi u.
Boqiyevning ta’kidlashicha, buning oqibatida halol ishlayotgan tadbirkorlar
javobgar bo‘lib qolmoqda.
“Afsuski, bugun tovarni sotgan emas, balki sotib olgan tadbirkor
jazolanmoqda. “Obnal” bilan shug‘ullanuvchi korxona topiladi, u bir mardikorni
rasmiylashtirib qo‘yadi – u esa qamoqda o‘tiribdi. Natijada barcha soliq
majburiyatlari halol ishlayotgan korxona gardaniga tushmoqda”, – deydi mutaxassis.
Uning aytishicha, bu masala Oliy sudgacha yetib borgan.
“Kuni kecha Oliy sud qaror chiqardi. Kulgili holat – masala shu darajaga
yetib bordi. Davlat xavfsizlik xizmati bilan tuzilgan ayrim shartnomalar
qalbaki deb baholangan, lekin Oliy sud bunga to‘g‘ri huquqiy baho berdi. Endi
savol tug‘iladi: agar hatto shu tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar
haqiqiy emas deb topilsa, tadbirkor kim bilan ishlashi kerak?” – deydi Boqiyev.
Advokat ayrim tadbirkorlar oylar davomida o‘z muammolarini hal qila
olmayotganini ta’kidladi.
“Bir tadbirkor bir yarim yil sudda yurdi. QQS guvohnomasini tiklash
bo‘yicha sud qarori chiqqaniga 4 oy bo‘ldi, lekin hali ham tiklab berilmadi.
Bunga hech kim javob bermaydi”, – deydi u.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ham muammoning tizimli ekanini
qayd etdi.
“Agar qaysidir korxona soliq to‘lamagan bo‘lsa, uning kontragenti
jazolanmoqda – QQS guvohnomasi olib qo‘yilyapti”, dedi
u.
Shokir
Boqiyev muammo uchun Soliq qo‘mitasi javobgar ekanini bildirdi, chunki 2021 yil
1 dekabrdan boshlab qo‘mitaga aniq vazifa yuklatilgan: mahsuloti bo‘lmagan
korxona hisob-faktura yozolmasligi kerak. “Oldini olish mexanizmi bor – faqat u
ishlashi kerak”, – dedi u.
Soliq qo‘mitasi vakili Ravshan Imomov esa yuqorida aytilgan vazifa ijrosi
ta’minlanmayotganini rad etdi.
“Bu norma ishlamayapti deyapsizlar, lekin u ishlayapti. Faqat hozircha
savdo korxonalari uchun qo‘llanmoqda. Chunki savdo korxonasi tovarni omborda
saqlaydi va sotadi. Ishlab chiqaruvchi esa xomashyo olib, boshqa mahsulot
ishlab chiqaradi”, – dedi u.
Soliqchi ulgurji savdo korxonalarida cheklovlar mavjudligini
ta’kidladi. “Ulgurji savdo korxonalari MXIKdan foydalanganda bu taqiq
ishlaydi”, – dedi Imomov.
Biroq Shokir Boqiyev bunga e’tiroz bildirdi.
“Mening qo‘limda yigirmadan ortiq jinoyat ishi bor – aynan ulgurji savdo
korxonalari bilan bog‘liq holatlar. Demak, tizim ishlamayapti”, – dedi u.
Bahs davomida soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov shunday savol
qo‘ydi: “2023 yildan beri savdo korxonalari o‘zida yo‘q mahsulotni
sotmagan deb ayta olasizmi?” dedi u.
Imomov bunga javoban tizim imkoniyatlari cheklangan bo‘lishi mumkinligini
istisno etmadi.
“Korxona yangi tashkil topgan bo‘lsa, uni darhol cheklab bo‘lmaydi”, dedi Soliq qo‘mitasi vakili.
Tadbirkor Faxriddin Ilyosov quyidagicha savolni o‘rtaga tashladi:
“Agar tizim ishlayotgan bo‘lsa, nega yo‘q tovar uchun hisob-faktura
yozilmoqda? Va nega buning uchun halol tadbirkor javob beryapti?”
Ilyosov Kun.uz'ga bergan izohida aytishicha, aynan masala muhokama
qilinganda soliq organi mas’uli bu tizim ishlayotgani yoki ishlamayotgani
borasida asoslangan javob bera olmagan.
“Soliq inspeksiyasi o‘z vazifasini bajarmayapti. Natijada “obnal” tashkilotlar
paydo bo‘lyapti. Yo‘q tovarni sotib yuboradi, keyin esa uning kontragentidan
soliq undiriladi. Bu – boshqaning xatosi uchun boshqa shaxsga javobgarlik
yuklash degani”, dedi Ilyosov.
U tizimdagi g‘alati holatlarni ham misol keltirdi:
“Bir kunda bitta korxona o‘sha bir kontragentga 10 ta hisob-faktura yozadi.
Mahsulot o‘zgarmaydi, kontragent o‘zgarmaydi, lekin fakturalarning yarmi
“qizil”, yarmi “yashil”. Bu nimani anglatadi?”
Soliq qo‘mitasi bayonoti
Soliq qo‘mitasi 8 aprel kuni rasmiy munosabat bildirib, 595-son
qaror talablari bosqichma-bosqich joriy etilganini bildirdi. Qayd etilishicha,
hozirda cheklovlar faqat savdo korxonalariga nisbatan to‘liq ishlamoqda.
Qo‘mitaga ko‘ra, E-aktiv tizimi to‘liq joriy etilmagani sababli barcha
sohalarda bu mexanizmni qo‘llash imkoniyati cheklangan.
“Mazkur tizim to‘liq ishga tushirilsa, barcha tadbirkorlik sub’yektlari
uchun omborda mavjud bo‘lmagan mahsulotni realizatsiya qilish cheklanadi”, – deyiladi rasmiy izohda.
Qo‘shimcha qilinishicha, joriy yilning birinchi choragida savdo korxonalari
tomonidan omborda mavjud bo‘lmagan 4,6 trln so‘mlik tovarlarni realizatsiya
qilish holatlariga chek qo‘yilgan.
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari
10 04 2026 / 9:15