“UTAX” soliq
maslahati tashkiloti rahbari, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Tadbirkorlikni
qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi a’zosi Murod Muhammadjonov
Kun.uz'ga bergan intervyusida 2025 yildan boshlab yer, mol-mulk soliqlarini
hisoblashda nimalar o‘zgargani va tadbirkorlar ijara narxlari bilan yuzaga
kelayotgan qiyinchiliklar haqida gapirib berdi.
— Mol-mulk solig‘ini hisoblashda nima
o‘zgardi?
— Bu yildan hisoblash usuli o‘zgartirildi: oldin
balans qiymatiga qarab 1,5 foiz hisoblanadigan bo‘lsa, hozir minimal qiymatdan
kelib chiqib 1,5 foiz hisoblanadigan bo‘ldi.
Shu paytgacha korxonalar ko‘chmas mulkining balans
qiymatidan kelib chiqib 1,5 foiz stavkada mol-mulk solig‘i hisoblanar edi. 2024
yildan boshlab, mol-mulk solig‘iga minimal qiymat qo‘yila boshlandi, ya’ni
Toshkent shahri uchun 1 kv metrga 3 mln so‘m qiymat belgilandi va o‘sha 3 mln
so‘m qiymatdan 1,5 foiz soliq hisoblanadigan bo‘ldi.
100 kv metrlik do‘kon bo‘ladigan bo‘lsa, uning balans
qiymati 100 mln so‘m bo‘lishi mumkin. 100 mln so‘mdan 1,5 foiz hisoblaydigan
bo‘lsangiz, 1,5 mln so‘m chiqadi. Lekin yangi tartib bo‘yicha 1 kvadrat metr 3
mln so‘m deb baholanadi, endi 3 mln so‘mdan 1,5 foiz hisoblanadi. Ya’ni 100 kv
metr maydoningiz balans qiymati 100 mln so‘m bo‘lsa-da, 300 mln so‘mdan kelib
chiqib soliq hisoblanadi, bu esa o‘z-o‘zidan 4,5 mln so‘m soliqqa aylanadi.
Bu tartib o‘tgan yili kuchga kirdi va juda ko‘pchilik
mulkini qayta baholatib, agar 1 kvadrat metri 3 mln so‘mdan pastroq bo‘lsa, baholash
aktini soliq organiga taqdim etib, pastroq qiymatda soliq to‘lasa bo‘lar edi.
Bundan ko‘pchilik foydalandi. 100 kvadrat metrlik misol bilan tushuntiraman:
balans qiymati 100 mln so‘mlik mulkni davlat 300 mln so‘mdan kelib chiqib 4,5
mln soliq to‘laysan desa, tadbirkorlar baholash o‘tkazib, aslida 300 mln so‘m
emas, bahosi 200 mln so‘m deb baholovchi aktini topshirgandan keyin, 200
milliondan kelib chiqib soliq to‘lashdi. Ya’ni 4,5 mln so‘m emas, 3,5 mln so‘m
soliq to‘lab kelishdi.
2025 yildan boshlab Toshkent shahrida kvadrati 3 mln
300 ming so‘mlik joy yo‘qligini inobatga oladigan bo‘lsak, hech kim yolg‘on
ma’lumot bilan past qiymatda baholamay qo‘ydi. Fakt qiymati 3 mln 300 ming
so‘mdan baland bo‘lsa, hech kim past baholab bermadi. Natijada 100 mln so‘mlik
qiymatga ega do‘kon uchun 330 mln so‘mdan kelib chiqib, 1,5 foizlik stavkada
soliq to‘lanadigan bo‘ldi. Bu o‘z navbatida, 4 mln 950 ming so‘mni tashkil
qiladi. O‘tgan yili 3 mln ekanida pasaytirib olib kelgan tadbirkorlar bu yil
pasaytirib ololmadi. Buning natijasida mol-mulk solig‘i ko‘pchilikda 2-3
barobar, ayrim joylarda 5 barobar oshib ketgan holatlar ham bo‘ldi. Mulkka
soliq solish maqsadida minimal qiymat o‘rnatilishi munosabati bilan, soliq
qiymati bir necha barobarga o‘sdi.
— Yer solig‘ini hisoblashda-chi, nima
o‘zgardi?
— Yer solig‘i masalasi ham xuddi shunday. Oldin
tadbirkor yer solig‘i toifasini o‘zi mustaqil belgilardi. Oddiy misol, qishloq
xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yer va sanoat uchun mo‘ljallangan yer toifalari
bor edi. Tadbirkor zavod va fabrikasi qishloqda joylashganiga qarab turib,
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer toifasiga kiritib, hisobot topshirardi.
Buning natijasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer sifatida pastroq
qiymatda yer solig‘i chiqardi. Lekin aslida bu yerlar qishloqda joylashganiga qaramay,
sanoat uchun mo‘ljallangan yer bo‘lardi.
Endi bu yildan boshlab, kadastr o‘zining dasturiy
mahsulotini takomillashtirib, soliq organi bilan integratsiya qilganidan keyin,
yerlarning toifasi soliq to‘lovchining ishtirokisiz, avtomatik ko‘rinadigan bo‘ldi.
Buning natijasida oldin sanoat yerida joylashsa ham qishloq xo‘jaligi yerlari
toifasiga kiritgan odamlar avtomatik sanoat zonasiga o‘tib, sanoat zonasi
stavkasidan kelib chiqib soliq to‘laydigan bo‘ldi. Ya’ni oldin stavkaning
arzonligiga qarab odamlar o‘zi toifasini belgilardi, bu yil buning imkoni yo‘q.
Soliq organi bilan kadastr agentligining dasturiy mahsuloti integratsiya
qilinib avtomatik chiqadigan bo‘ldi.
Yer solig‘i qimmatroq toifaga o‘tgani va koeffitsiyent
jihatdan qimmatlashgani hisobiga, yer solig‘i ham 2-3 barobar, ayrim joylarda
10 barobargacha oshib ketdi.
— Ijara miqdorlari masalasida,
tadbirkorlarning e’tirozi nimada?
— Yer va mol-mulk solig‘i stavkalari oshganini “yurtga
kelgan to‘y” deb qabul qilishgan bo‘lsa, ijara haqlarining minimal miqdorlari
eng ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘lyapti.
2025 yilgi Toshkent shahri uchun ijara haqlarini
oladigan bo‘lsak, noturar joylarga 1 kv m uchun 45 ming so‘m etib belgilandi.
Shahar va tuman deputatlar kengashlariga bu stavkani 2 barobargacha oshirish huquqi
berildi. Bundan oldingi qonunchilik normalarida esa, aksincha, shahar
kengashida pasaytirish huquqi bor edi. Lekin deyarli hech kim bu huquqdan
foydalanmadi. Bu yildan ko‘tarish huquqi berilishi bilan, darrov 2 barobarga
ko‘tarib qo‘yishdi. Shu juda og‘irlik qilyapti.
Hozirgi kunda tadbirkorlik sub’yektlari ijara haqining
minimal miqdori 45 ming so‘m, oshirilgan stavka asosida 90 ming so‘mdan kelib
chiqib soliq to‘lashyapti. Ayrim soliqchilar bilan gaplashganimda, Olx kabi
saytlarni ko‘rsatib, “mana, 1 kvadrati 17-20 dollar, hatto 30 dollardan
turibdi, odamlar 90 ming so‘mdan arzon deb aldayapti” degan argumentlarni
keltirishdi. Hamma narsani eng qimmat kategoriya bilan o‘lchab gapirishyapti.
Vaholanki, katta maydonlarni ijaraga beruvchilar 1 kvadratni 5-6 dollardan
beryapti. Katta omborlar, katta sanoat zonalari bor, savdo va o‘quv markazlari
bor, ular uchun beriladigan maydonlar 90 ming so‘mdan ham olinmayapti.
Minimal ijara to‘lovining oshirilgan koeffitsiyenti
natijasida, tadbirkorlar olmagan daromadi uchun soliq to‘lashiga to‘g‘ri
kelyapti, bu esa e’tirozlarga sabab bo‘lyapti. Bizda bu bo‘yicha prezident
huzuridagi Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash kengashi tomonidan ham e’tirozlar
bo‘ldi. “Toifasiga qarab o‘zgartiramiz” degan gaplar bo‘ldi, lekin bular
gapligicha qolib ketdi. Tadbirkorlarga yer va mol-mulk solig‘i og‘irligi, ijara
minimal miqdori qimmat qilinishi hisobiga, topmagan puli uchun ham soliq
to‘lashi og‘irlik qilyapti.
O‘zi undan tashqari yana bir holat bor. Kengash
tomonidan Soliq qo‘mitasiga ham e’tiroz bildirildi. Hozir ijara shartnomalarini
E-ijara dasturida ro‘yxatdan o‘tkazish majburiy. Ro‘yxatdan o‘tkazayotganda
ijara miqdori 90 ming so‘mdan past bo‘lsa, jismoniy shaxs bilan yuridik shaxs
o‘rtasidagi shartnomani E-ijara qabul qilmayapti. Ya’ni sen eng kamida 90 ming
so‘mlik shartnoma tuzishing kerak, degan noqonuniy talab qo‘yilyapti. Insonning
qulayligi uchun ishlashi kerak bo‘lgan dastur noqulaylik tug‘diryapti, bu –
barcha qonunlarga zid holat.
Bu masalalar kengashda ko‘rilib, o‘zgartirish borasida
Soliq qo‘mitasiga talab qo‘yildi. Hozircha qo‘mita o‘zgartirish kiritish
borasida rejalar borligini ma’lum qildi,
Yer va mol-mulk soliqlarining minimal miqdorlari
oshirilishi esa kengash maslahatiga qo‘yilmagan.
кun.uz, M.Ochilova
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari
01 06 2026 / 12:27