Suv
inqirozini yengib o‘tish masalalari o‘tgan hafta Toshkentda bo‘lib o‘tgan
Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi doirasida tashkil etilgan “Iqlim
o‘zgarishiga birgalikda moslashish va ekologik barqarorlikni
mustahkamlash” sessiyasida ekspertlar va xalqaro mutaxassislar tomonidan
muhokama qilindi.
Gazeta ma’ruzalarning asosiy
tezislarini keltiradi: nima uchun mintaqada daryo havzasi bo‘yicha yagona
boshqaruvga o‘tish zarur, nima uchun moslashuv sur’ati iqlim o‘zgarishlari
sur’atidan ortda qolmoqda va ekspertlar kelajakda mintaqa hamda
Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlikni qanday tasavvur qilmoqda?
Davlatlararo suv xo‘jaligini
muvofiqlashtirish komissiyasi huzuridagi Ilmiy-axborot markazi ekspertlari
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida Sirdaryo havzasidagi 32
ta muhim gidrotexnik inshootni tahlil qildi.
Markaz direktori Dinara Ziganshinaning ta’kidlashicha, mazkur
infratuzilmaning katta qismi sovet davrida barpo etilgan. Shu bilan birga,
tahlil mintaqadagi davlatlar bu obyektlarni modernizatsiya qilish
va yangilash uchun salmoqli moliyaviy mablag‘ sarflayotganini ko‘rsatgan.
Biroq ekspert fikricha, iqlim barqarorligiga erishish uchun har bir
gidrotexnik inshootni alohida baholash va modernizatsiya qilishning o‘zi
yetarli emas. Asosiy ahamiyat modernizatsiya qilingan infratuzilmaning qanday
boshqarilayotgani, uning ishlash qoidalari yangilangan-yangilanmagani
va barcha davlatlar tezkor ma’lumotlardan birgalikda foydalana olishiga
bog‘liq. Markaz direktori ta’kidlashicha, havzaning bir qismida qabul qilingan
qarorlar boshqa hududlarga qanday ta’sir ko‘rsatishini tushunmasdan turib
samarali moslashuvni ta’minlash mumkin emas.
Dinara Ziganshina qo‘shma investitsiyalarni
rejalashtirishda butun havza miqyosida yondashuvni qo‘llash zarurligini
ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi kompleks xatarlarni
keltirib chiqaradi: haroratning oshishi va yog‘ingarchilik miqdorining
kamayishi infratuzilmani qishki toshqinlarni o‘tkazish hamda qurg‘oqchilikka
qarshi kurashishda ekstremal rejimlarda ishlashga majbur qiladi. Eng katta
bosim aholi zich joylashgan Farg‘ona vodiysi hamda Qozog‘iston hududidagi Sirdaryoning
quyi oqimida kuzatilishi kutilmoqda.
Markaziy Osiyodagi Xalqaro suv resurslarini boshqarish institutining
(IWMI) mintaqaviy vakili va tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi
rahbari Barbara Yanush-Pavletta ham mintaqa iqlim barqarorligi alohida
to‘g‘onlar, suv omborlari yoki kanallarni modernizatsiya qilishga emas, balki
butun tizimning barqaror ishlashiga bog‘liqligi haqidagi fikrni
qo‘llab-quvvatladi.
Ekspert fikricha, xalqaro hamjamiyat va mintaqa davlatlari iqlim
masalasini muhokama qilish yondashuvini o‘zgartirishi kerak.
“Keling, faqat qancha suvimiz qolgani yoki iqlim o‘zgarishi tufayli
kelajakda vaziyat qanday bo‘lishi haqida gaplashmaylik. Resurslar hajmi ma’lum
vaqtgacha ko‘payishi, keyin esa qisqarishi mumkin. Keling, boshqaruv haqida
o‘ylaylik: bugun bu suv bilan nima qilayapmiz, suv xo‘jaligi tizimini
qanday qo‘llab-quvvatlashimiz mumkin va u Markaziy Osiyoda hozir
qanday ishlamoqda?” — dedi Barbara Yanush-Pavletta.
Ekspert ta’kidlashicha, davlat
va transchegaraviy boshqaruv sifati Markaziy Osiyo mamlakatlari uzoq
muddatli istiqbolda suv va iqlim xavfsizligini ta’minlay oladimi-yo‘qmi, shuni
belgilab beradi.
Uning
fikricha, mintaqada shakllangan transchegaraviy hamkorlik tizimi —
jumladan, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ), shuningdek ko‘plab ikki
tomonlama kelishuvlar va komissiyalar endi o‘z-o‘zidan ishlaydigan
mexanizm sifatida qabul qilinmasligi kerak. Zamonaviy chaqiriqlar avvalgi o‘n
yilliklarga qaraganda ancha chuqur muvofiqlashuvni talab qilayotgani uchun
bu tizimni jiddiy mustahkamlash zarur.
Agar ilgari mazkur institutlarning
asosiy vazifasi mintaqada suv iste’molining qariyb 90 foizi to‘g‘ri keladigan
qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv oqimini taqsimlash bo‘lgan bo‘lsa,
bugungi kunda kun tartibi ancha murakkablashgan. Endi mamlakatlar oziq-ovqat
xavfsizligi va energetika sohasining ortib borayotgan ehtiyojlari
o‘rtasida muvozanat topishi, shuningdek resurslar taqchilligi kuchayib
borayotgan sharoitda cho‘llanish jarayonlariga qarshi kurashishi
va ekotizimlarni saqlab qolishi talab etilmoqda.
BMTning Markaziy Osiyo uchun
Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi (MOPDMM) suv resurslarini
boshqarish bo‘yicha mutaxassisi Xayns Xabeggerning ta’kidlashicha, mintaqada
va uning ayrim davlatlarida suvning o‘rtacha iste’moli jahon o‘rtacha
ko‘rsatkichlaridan ancha yuqori, ayni paytda qayta tiklanuvchi suv zaxiralari
darajasi esa jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan pastligicha qolmoqda.
Vaziyat resurslarning o‘ta
noteng taqsimlangani bilan yanada murakkablashmoqda: ayrim
davlatlarda mahalliy suv manbalari ichki ehtiyojning atigi 5−20 foizini
qoplaydi, qolgan qismi esa qo‘shni mamlakatlardan keladi. Shu bois
transchegaraviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mintaqa uchun “muqobili yo‘q yashab
qolish omili” hisoblanadi.
“Agar Markaziy Osiyo haqida
gapiradigan bo‘lsak, suv haqidagi har qanday suhbat uning miqdori haqidagi
suhbatdir. Mintaqadagi suv miqdori haqida gapirganimizda esa uning tanqisligini
nazarda tutamiz. Global nuqtai nazardan ham bugungi vaziyat juda jiddiy va o‘ta
og‘ir ko‘rinadi, ammo iqlim o‘zgarishi tufayli u yanada
keskinlashmoqda”, — dedi mutaxassis.
Markaziy
Osiyoda suv resurslariga tushayotgan bosimning o‘sish sur’ati moslashuv
choralarini joriy etish tezligidan yuqori bo‘lib, bu kelajakda ziddiyatlar
yuzaga kelishi xavfini oshirmoqda. Xabeggerning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa ikki
tomonlama bosimga duch kelmoqda. Bir tomondan, bu yerda mahalliy isish
sur’ati jahon o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan 1,5−2 daraja yuqori. Ikkinchi
tomondan, aholi sonining o‘sishi (yiliga taxminan 2 foiz), qishloq
xo‘jaligining kengayishi va tog‘-kon sanoati, to‘qimachilik hamda IT
sohasidagi sovutish tizimlari kabi suv talab qiluvchi tarmoqlarning
rivojlanishi suv iste’molining yil sayin ortishiga olib kelmoqda.
Xabegger vaqt omillari o‘rtasidagi nomutanosiblikdan xavotir
bildirdi: ekologik tizimlarga bosim har yili ortib bormoqda, ammo
tizimli infratuzilmaviy va qonunchilik choralarini amalga oshirish uchun o‘nlab
yillar talab etiladi.
“Shveysariya tajribasidan misol keltirishim mumkin. Suvlarni
ifloslanishdan muhofaza qilish to‘g‘risidagi birinchi qonun qabul qilinganidan
yaxshi natijalarga erishilguncha ikki avlod almashdi — 50 yil vaqt o‘tdi.
Bu Shveysariyada mustahkam qonunchilik bazasi, siyosiy iroda va moliyaviy
resurslar mavjud bo‘lgan sharoitda yuz bergan. Meni tashvishlantirayotgan
jihat shundaki, Markaziy Osiyoda keyingi 10−20 yil ichida tashqi bosimning
kuchayish sur’ati mintaqaning unga moslashish imkoniyatlaridan ancha yuqori
bo‘lishi mumkin”, — dedi Xabegger.
Ekspertning qayd etishicha, milliy darajada davlatlar suv
strategiyalarini ishlab chiqmoqda va pilot loyihalarni amalga oshirmoqda,
ikki va uch tomonlama darajada esa samarali ishchi muloqot mavjud.
Biroq umummintaqaviy darajada yuqori rahbariyatning jalb etilganlik darajasi
hali ham cheklanganligicha qolmoqda. MOPDMM vakili fikricha, mintaqadagi keng
ko‘lamli chaqiriqlarni Markaziy Osiyoning barcha besh davlati
va Afg‘oniston birgalikda hal qilishi zarur.
Jeneva suv habi Afg‘oniston bo‘yicha yangi dasturni ishga
tushirmoqda. Bu haqda tashkilotning siyosat va huquq bo‘yicha
dasturi rahbari Bazilio Gizletta ma’lum qildi. Uning aytishicha, dasturning
asosiy maqsadi Afg‘oniston va uning qo‘shnilari o‘rtasida adolatli suv
kelishuvlarini shakllantirish uchun sharoit yaratishdan iborat. Birinchi
bosqichda tashabbus uchta asosiy yo‘nalishga qaratilgan bo‘ladi.
Birinchi yo‘nalish — Afg‘onistonning o‘zida suv
resurslarini boshqarish va suv diplomatiyasini mustahkamlash. Xalqaro
darajaga chiqishdan oldin tashkilot mahalliy mutaxassislarni
integratsiyalashgan suv resurslari boshqaruvi, GIS modellashtirish
va xalqaro suv huquqi bo‘yicha o‘qitish orqali ichki ishonchni
mustahkamlashni rejalashtirmoqda.
Ikkinchi yo‘nalish yagona bilimlar bazasini shakllantirishga qaratilgan.
Ekspertlar iqlim o‘zgarishining transchegaraviy daryolarga ta’siri bo‘yicha
ko‘p tarmoqli baholashlar tayyorlab, mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotni umumiy
va tekshirilgan faktlar asosida qurishni maqsad qilgan.
Dasturning uchinchi ustuni barcha manfaatdor tomonlar
o‘rtasida ko‘p bosqichli hamkorlikni rivojlantirishdan iborat
bo‘ladi. Bu bosqichning asosiy vazifasi Termiz muloqotiga o‘xshash
muntazam uchrashuvlar orqali ishtirokchilar pozitsiyalarini yaqinlashtirish
va mintaqadagi vaziyat bo‘yicha umumiy tushunchani shakllantirishdir.
“Yangi dastur doirasidagi maqsadimiz — Afg‘oniston va uning
qo‘shnilari o‘rtasida adolatli va barqaror transchegaraviy suv
kelishuvlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga hissa qo‘shish”, —
dedi Bazilio Gizletta.
Jeneva suv habi vakilining
ta’kidlashicha, agar iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq mavjud chaqiriqlar
va Afg‘onistonning suv sohasidagi muammolari e’tiborsiz qoldirilsa,
bu muqarrar ravishda mamlakat ichidagi hamda xalqaro miqyosdagi
taranglikning kuchayishiga olib keladi. Bundan esa, avvalo, mahalliy aholi jabr
ko‘radi. Aksincha, o‘z vaqtida amalga oshirilgan qo‘shma harakatlar geosiyosiy
xatarlarni iqlim barqarorligini mustahkamlash va mintaqaviy iqtisodiy
integratsiyani kuchaytirish imkoniyatlariga aylantirishi mumkin.
Bazilio Gizlettaning qayd etishicha, hozir mintaqada ijobiy dinamika
kuzatilmoqda va tomonlar muloqotga ochiqlik namoyon etmoqda. Uzoq muddatli
maqsadlar haqida gapirar ekan, ekspert tashkilotning 2035-yilgacha bo‘lgan
strategik qarashi Afg‘onistonning qo‘shni davlatlar bilan tinch va huquqiy
jihatdan mustahkamlangan munosabatlarini shakllantirish orqali mintaqada har
qanday suv mojarolarining oldini olishdan iborat ekanini ta’kidladi.
“Tajribamiz shuni ko‘rsatadiki, puxta ilmiy yondashuv transchegaraviy suv
oqimlari bo‘yicha hamkorlikni rag‘batlantirishi mumkin. Biroq shu bilan
birga ishonchni mustahkamlash
va muzokaralar stoli atrofiga o‘tirishga tayyorlik naqadar muhim
ahamiyatga ega ekanini ham anglashimiz kerak. Suv tinchlikka erishishning
kuchli vositasiga aylanishi mumkin va aylanishi lozim”, — deya xulosa
qildi ekspert.
gazeta.uz, O.Xoshimov
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari
10 06 2026 / 11:34