Soliq qo‘mitasi bank siri va p2p o‘tkazmalar monitoringi bo‘yicha
Markaziy bank pozitsiyasiga hurmat bilan qarashini ma’lum qildi. Idora
ta’kidlashicha, p2p o‘tkazmalarning o‘zi soliqqa tortilmaydi, loyiha esa ommaviy
nazoratni nazarda tutmaydi. MBning e’tirozlari o‘rganib chiqilishi va’da
qilindi.
Soliq qo‘mitasi bank siri va p2p o‘tkazmalar monitoringi masalalari
bo‘yicha Markaziy bankning pozitsiyasiga hurmat bilan qarashini ma’lum qildi.
Muassasa
qayd etishicha, banklar bilan har qanday axborot almashinuvi faqat qonun
doirasida, bank sirini saqlash, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish
va fuqarolarning bank tizimiga bo‘lgan ishonchini ta’minlash sharti bilan
amalga oshirilishi lozim.
Qo‘mita
eslatishicha, Konstitutsiyaning 41-moddasida bank operatsiyalari, omonatlar
va hisobvaraqlar sirining qonun bilan kafolatlanishi belgilangan. Ushbu
masalalar qonunchilikda, xususan “Bank siri to‘g‘risida"gi qonun
va Soliq kodeksi bilan tartibga solinadi.
“Bank siri
to‘g‘risida"gi qonunda bank mijozining soliqqa oid masalalari bo‘yicha
ma’lumotlar qonunchilikka muvofiq soliq organlariga taqdim etilishi nazarda
tutilgan. Soliq kodeksida ham banklarning soliq organlariga axborotni soliq
qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda va tartibda taqdim etish
majburiyatlari belgilangan.
Shu bilan
birga, jismoniy shaxslar o‘rtasidagi p2p o‘tkazmalar o‘z-o‘zidan soliq solish
obyekti hisoblanmaydi, deya ta’kidlanadi Soliq qo‘mitasi xabarida.
“Bu fuqarolarning shaxsiy o‘tkazmalari ustidan ommaviy nazorat
o‘rnatishni anglatmaydi”, — deya qayd etdi muassasa.
Qo‘mita
ma’lumotlariga ko‘ra, ishlab chiqilgan loyihaning mohiyati banklar bilan o‘zaro
hamkorlikning “xavfsiz, aniq va xalqaro amaliyotga mos” formatini
shakllantirishdan iborat.
Loyihaning
jamoatchilik muhokamasi yakunlandi. Kelib tushgan barcha takliflar, shu
jumladan Markaziy bankning pozitsiyasi ham diqqat bilan o‘rganiladi, shundan
so‘ng tegishli xulosalar chiqariladi, deyiladi xabarda.
Markaziy bank nima degandi?
Avvalroq
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev kartadan kartaga yirik
pul o‘tkazmalari haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etishni
nazarda tutuvchi taklif O‘zbekiston Konstitutsiyasining 41-moddasiga
zidligini ma’lum qilgandi.
Markaziy
bank mazkur qaror loyihasi bank siri to‘g‘risidagi qonunga ham zid ekanini qayd
etgan.
Regulyatorning fikricha, loyihaning amalga oshirilishi fuqarolarning
konstitutsiyaviy huquqlari buzilishiga, naqd puldan foydalanishning ortishiga,
mablag‘larning bank tizimidan norasmiy aylanmaga chiqib ketishiga hamda
yashirin iqtisodiyot ko‘lamining kengayishiga olib kelishi mumkin.
Shu bilan
birga, regulyator ma’lumotlarni taqdim etish uchun nega oyiga bazaviy hisoblash
miqdorining 500 baravariga teng (206 mln so‘m) mezon tanlangani haqida
ma’lumotga ega emasligini bildirgan.
Iyun oxirida
Soliq qo‘mitasi banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning
hisobvaraqlari yoki omonatlariga oid axborotlarni soliq organiga taqdim etish
tartibini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini
jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan edi. Yaqin qarindoshlardan kelgan o‘tkazmalar bundan mustasno hisoblanadi.
Shuningdek, jismoniy shaxsning o‘z kartalaridan biriga ikkinchisidan amalga
oshirgan o‘tkazmalari ham hisobga olinmaydi.
Loyiha
jamoatchilik muhokamasi davomida tanqidga uchradi. Foydalanuvchilar bunday
norma fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini buzishi va bank tizimiga
bo‘lgan ishonchga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi.
Keyinroq
Soliq qo‘mitasi tashabbus bank sirini bekor qilmasligi va soliq organlariga
fuqarolarning hisobvaraqlaridan erkin foydalanish huquqini bermasligini ma’lum qildi. Idoraga ko‘ra, loyiha banklar va soliq xizmati o‘rtasida ma’lumot
almashishning yagona qoidalarini belgilashga qaratilgan.
p2p
o‘tkazmalarni monitoring qilish mavzusi birinchi marta muhokama qilinayotgani
yo‘q. 2023-yilning may oyida Markaziy bank p2p o‘tkazmalari bo‘yicha bank
siriga oid ma’lumotlarning soliq organlariga berilishiga qarshi chiqqan edi.
Shu yilning aprel oyida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov p2p o‘tkazmalari
monitoringi kuchaytirilishi mumkinligi haqida gapirar ekan, qanday qaror
topilmasin, u bank siri talablariga rioya qilgan holda amalga oshirilishi
kerakligini aytgan edi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari
13 07 2026 / 12:22