O‘zbekiston va Ozarbayjon
prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev 23-avgust kuni Abadiy
do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Toshkent uchun bu 26 yil
ichida ushbu nomlanishdagi birinchi yangi ikki tomonlama hujjat bo‘ldi —
bundan avvalgi bunday shartnoma 2000-yilda Tojikiston bilan tuzilgan.
Gazeta so‘nggi o‘ttiz yil
ichida bunday hujjatlar mazmuniga yondashuvlar qanday o‘zgarganini
o‘rgandi — 1990-yillardagi iqtisodiy integratsiya va xavfsizlik
masalalaridan tortib, keyingi kelishuvlarda chegaralarni tartibga solish,
mintaqaviy bog‘liqlik va strategik sheriklikkacha.
Ushbu ro‘yxatda birinchi
bo‘lib O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi 1996-yil 8-may kuni
Toshkentda imzolangan Abadiy
do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma turadi. Hujjatning nomi ham
e’tiborga molik: unda “abadiy do‘stlik” bilan bir qatorda hamkorlikka ham
alohida urg‘u berilgan. Tomonlar tarixiy, madaniy va til yaqinligi,
shuningdek, suverenitet, hududiy yaxlitlikni o‘zaro hurmat qilish va ichki
ishlarga aralashmaslikka urg‘u bergan.
Toshkent uchun
bu mustaqil O‘zbekistonning tashqi siyosiy me’morchiligini shakllantirgan
dastlabki yirik hujjatlardan biri edi. Shu bois shartnoma Turkiya bilan
siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va boshqa aloqalarni rivojlantirish uchun
asos yaratdi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston
o‘rtasidagi Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma 1996-yil 24-dekabr kuni Toshkentda
imzolangan. U ikki tomon ratifikatsiya qilganidan so‘ng 1998-yil
30-noyabrda kuchga
kirgan.
Ushbu hujjatda ham Turkiya
bilan tuzilgan shartnomadagi kabi xalqlarning tarixiy, madaniy va til
yaqinligi haqida so‘z boradi. Biroq Umumiy iqtisodiy fazo doirasida iqtisodiy
hamkorlik va ikki mamlakat xo‘jalik yurituvchi subyektlari o‘rtasida
bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yishga alohida urg‘u berilgan.
Yana bir o‘ziga xos
jihat — xavfsizlikka oid qoidalar. Tomonlar o‘z hududlaridan bir-biriga
qarshi harbiy agressiya yoki dushmanlik faoliyati maqsadida foydalanilishiga
yo‘l qo‘ymaslik, uchinchi davlatlar tomonidan hujum xavfi tug‘ilgan taqdirda
esa maslahatlashuvlar o‘tkazish majburiyatini olgan. Harbiy sohada hamkorlikni
rivojlantirish ham alohida nazarda tutilgan.
Shu tariqa, Qirg‘iziston
va O‘zbekiston o‘rtasidagi shartnoma bir vaqtning o‘zida bir nechta
yo‘nalishni: tarixiy-madaniy yaqinlik, iqtisodiy integratsiya va o‘zaro
xavfsizlikni ta’minlash elementlarini qamrab oldi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston
o‘rtasidagi Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma 1998-yil 31-oktabr kuni
Toshkentda imzolangan va 2000-yil 17-yanvarda kuchga kirgan. Ushbu hujjatning
asosiy farqlaridan biri — davlat chegarasi masalasining alohida
mustahkamlanganidir. Tomonlar mavjud ma’muriy-hududiy chegarani davlat chegara
asosi deb tan olgan va uning rejimi bilan bog‘liq masalalarni
rasmiylashtirish uchun qo‘shma komissiya tuzishga kelishgan.
Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi
shartnoma 1992-yilda imzolangan Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam
to‘g‘risidagi avvalgi shartnomaning o‘rnini egallagan. Keyinchalik uni 2013-yildagi
Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma va 2022-yildagi Ittifoqchilik
munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma to‘ldirgan bo‘lsa-da, bugungi kunda ham
ushbu hujjat ikki mamlakat munosabatlarining asosiy hujjatlaridan biri bo‘lib
qolmoqda,
O‘zbekiston Abadiy do‘stlik
to‘g‘risidagi navbatdagi ikki tomonlama shartnomani Tojikiston bilan tuzgan.
U 2000-yil 15-iyun kuni Dushanbe shahrida imzolangan va 2001-yil
28-martda kuchga kirgan. Hujjatda ham munosabatlar mustaqillik
va suverenitetni hurmat qilish tamoyiliga asoslanishi belgilab qo‘yilgan.
Unda eng avvalo mustaqillik
va suverenitetga, hududiy yaxlitlikka tahdid solinishining oldini olish
masalalarida bir-biriga har tomonlama ko‘maklashish to‘g‘risidagi qoida alohida
o‘rin egallaydi.
Avvalgi shartnomalar bilan
solishtirganda, bu yerda siyosiy va mintaqaviy xavfsizlikka urg‘u
ayniqsa yaqqol ko‘rinadi. Shu bilan birga, shartnoma Toshkent
va Dushanbe o‘rtasidagi yanada yaqinlashuv uchun poydevor bo‘ldi.
2018-yilda tomonlar strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani, 2022-yilda
abadiy do‘stlik va ittifoqchilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi
deklaratsiyani, 2024-yilda esa ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi
shartnomani imzoladi. 2000-yilgi shartnoma esa ikki mamlakatning amaldagi
shartnomaviy-huquqiy bazasining bir qismi bo‘lib qolmoqda.
Alohida o‘rinni 1997-yil
10-yanvar kuni Bishkekda imzolangan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston
o‘rtasidagi Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma egallaydi.
O‘zbekiston uni o‘sha yilning avgustida ratifikatsiya qilgan.
Shartnoma Markaziy
Osiyoning uch davlati o‘rtasida yanada yaqin mintaqaviy hamkorlikni yo‘lga
qo‘yishga urinishlar fonida paydo bo‘ldi. Uning muqaddimasida Yagona iqtisodiy
makon doirasida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, xo‘jalik yurituvchi
subyektlar o‘rtasida bevosita aloqalar o‘rnatish, mintaqada siyosiy barqarorlik
va millatlararo totuvlikni mustahkamlash zarurati to‘g‘ridan-to‘g‘ri qayd
etilgan.
Ushbu hujjatni uchta ikki
tomonlama do‘stlik shartnomasining oddiy yig‘indisi sifatida emas, balki
Markaziy Osiyoning uch davlati o‘rtasida alohida mintaqaviy hamkorlik
arxitekturasini shakllantirishga urinish sifatida ko‘rish mumkin.
Qirg‘iziston, Tojikiston va
O‘zbekiston prezidentlari 2025-yil 31-mart kuni Xo‘jandda abadiy do‘stlik
to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasini imzoladi. Shu bilan
bir vaqtda uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi
to‘g‘risidagi shartnoma ham imzolandi.
2025-yildagi
kontekst 1990-yillar oxiridan sezilarli darajada farq qiladi. Agar 1997-yilgi
uch tomonlama shartnoma Markaziy Osiyoni iqtisodiy integratsiya qilish
bo‘yicha o‘sha davrdagi loyihalarning bir qismi bo‘lgan bo‘lsa, Xo‘jand
deklaratsiyasi uch davlat o‘rtasidagi qator murakkab
chegara masalalari hal etilganidan keyin paydo bo‘ldi. Unda asosiy
urg‘u yaxshi qo‘shnichilik, suverenitet va hududiy yaxlitlikni o‘zaro hurmat
qilish, ishonchni mustahkamlash va mintaqani birgalikda rivojlantirishga
qaratilgan.
Deklaratsiyaning davlat
chegaralari tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma bilan bir vaqtda
imzolanishining o‘zi hududiy kelishmovchiliklarni hal etishdan mintaqaviy
hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga o‘tish ramzi bo‘ldi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon
o‘rtasidagi Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma 2026-yil 23-avgust kuni
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning mamlakatimizga tashrifi doirasida
Toshkentda imzolandi.
Hujjatning asosiy o‘ziga xos
jihati shundaki, u ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik yoki
ittifoqchilik munosabatlarini yaratmaydi, balki allaqachon shakllangan
munosabatlarni tasdiqlaydi: bu munosabatlar 2024-yilgi Ittifoqchilik
munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma bilan mustahkamlangan. Yangi hujjat esa
ularga qo‘shimcha uzoq muddatli asos beradi.
Shartnomada ikki mamlakat
munosabatlari bir vaqtning o‘zida abadiy do‘stlik, o‘zaro ishonch, strategik
sheriklik va ittifoqchilikka asoslanishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qayd etilgan.
Tomonlar, shuningdek, bir-birining milliy voqelikdan kelib chiqqan holda
rivojlanish yo‘llari va modellarini mustaqil tanlash huquqini
qo‘llab-quvvatlaydi.
Yangi shartnoma
siyosiy yaqinlikni zamonaviy iqtisodiy va transport kun tartibi —
logistika, tranzit, raqamli iqtisodiyot, elektron savdo, kosmik texnologiyalar
va energetika bilan ancha batafsil bog‘laydi. Bu Boku
va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi darajasi hamda ulrning
Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida transport aloqalarini
rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishiga mos keladi.
Umuman olganda, 30 yil
davomida O‘zbekiston diplomatiyasidagi “abadiy do‘stlik” formulasi mazmuni
o‘zgarib bordi: 1990-yillardagi iqtisodiy integratsiya va xavfsizlik
masalalaridan o‘zaro ishonchni mustahkamlash va chegaralarni tartibga
solishga, keyin esa mintaqaviy yaqinlashuv va ittifoqchilikkacha.
Ozarbayjon bilan tuzilgan shartnoma ushbu evolyutsiyani davom ettirib,
allaqachon shakllangan strategik sheriklikni mustahkamlaydi hamda uni
iqtisodiy, transport va gumanitar kun tartibi bilan to‘ldiradi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari
27 08 2026 / 10:20