Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Toshkentda uy-joylar ommaviy baholashdan o‘tkazildi. Mulkdorlar uchun bu nimani anglatadi va nimani o‘zgartiradi?


Ulashing :


Toshkentda ko‘chmas mulklarning kadastr qiymati ommaviy qayta baholashdan o‘tkazildi. Bu nima uchun kerak, nega qiymat bir necha barobarga oshib ketgan va qayta baholash soliqlarning oshishiga olib keladimi? Bu savollarga Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi javob berdi.

5-sentabrdan boshlab toshkentliklar MyGov.uz portalidan o‘zlariga tegishli ko‘chmas mulkning kadastr qiymati qayta baholangani to‘g‘risida xabarnomalar ola boshladi. Xizmat sahifasi ochilganda, ko‘plab mulkdorlar hujjatlarda qayd etilgan qiymatdan tubdan farq qiluvchi miqdorlarga duch kelishdi. Foydalanuvchilarga bu miqdorga rozi bo‘lish yoki rozi bo‘lmaslik taklif etilmoqda. Har bir variantning oqibatlari va yangi qiymatning mol-mulk solig‘i miqdoriga ta’sir qilishi yoki qilmasligi haqida rasmiy izoh yo‘qligi ko‘plab savollarni yuzaga keltirib, ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. 7-sentabr kuni Kadastr agentligi huzuridagi Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari matbuot anjumani o‘tkazib, Gazeta va boshqa OAV vakillari savollariga javob qaytardi.

Ko‘chmas mulkni ommaviy baholashga nima uchun ehtiyoj tug‘ildi?

Soliqqa tortish maqsadida qo‘llaniladigan ko‘chmas mulkning kadastr qiymati O‘zbekistonda 2018-yilda joriy qilingan. Kadastr agentligi huzuridagi Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi direktori Muhiddin Xolmurodovning so‘zlariga ko‘ra, o‘shandan beri ko‘chmas mulk bozori sezilarli darajada o‘zgargan: qurilish hajmi o‘sib, urbanizatsiya kuchaygan, biroq amaldagi baholash tizimi bu o‘zgarishlarni aks ettirmayotgan edi.

“Biz qiymatlarni to‘g‘ri taqsimlash yo‘lini topishimiz kerak edi, lekin bunday taqsimotning o‘zi yo‘q edi”, — deya tushuntirdi u.

Ommaviy baholash — bu katta hajmdagi ma’lumotlarni yagona metodika asosida tahlil qilish orqali ko‘chmas mulkning bozor narxiga maksimal darajada yaqin qiymatini aniqlashdir. Maqsad — ko‘chmas mulk qiymati to‘g‘risida yagona raqamli ma’lumotlar bazasini shakllantirish bo‘lib, undan turli vazifalar, jumladan, soliqqa tortish va ko‘chmas mulk bo‘yicha bitimlarni amalga oshirishda foydalanish mumkin.

2025-yil 5-martdagi “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi prezident farmoni loyiha uchun huquqiy asos bo‘ldi. Hujjatda Kadastr agentligi huzurida Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazini tashkil etish hamda ommaviy baholashni bosqichma-bosqich o‘tkazish nazarda tutilgan: 2025−2026-yillarda — Toshkent shahrida, 2026−2027-yillarda — Nukus shahri va viloyatlar markazlarida, 2027-yildan boshlab esa — qolgan hududlarda.

Ommaviy baholashning yagona metodikasi Kadastr agentligi direktorining 2026-yil 18-maydagi 74−10-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlanib, 25-iyun kuni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi (3858-son). U turar joy va noturar joy obyektlarining bozor narxiga yaqinlashtirilgan qiymatini aniqlash tartibini belgilaydi.

“Biz amaldagi qiymatni real bozor narxiga yaqinlashtirishga harakat qilyapmiz, lekin negadir hamma faqat soliq haqida o‘ylayapti — vaholanki, masalaga kengroq qarash kerak. Agar ertaga bu qiymat huquqiy kuchga kirsa, u nafaqat soliq masalasida, balki ipoteka krediti olishda ham yordam beradi, shuningdek, mol-mulk davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan taqdirda, tovon pulini hisoblash uchun mo‘ljal bo‘lib xizmat qiladi”, — deya ta’kidladi Xolmurodov.

Markaz rahbari insofsiz riyeltorlar muammosiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tezroq komissiya puli olish ilinjida mulkdorlarni ko‘chmas mulkni real qiymatidan ancha arzon sotishga ko‘ndiradigan holatlar ham uchrab turadi. Bunday vaziyatlarda ommaviy baholash, uning fikricha, mulkdorlarga yo‘l-yo‘riq bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Nima uchun eski va yangi qiymatlar bunchalik katta farq qiladi?

Mulkdorlarda eng ko‘p savolni ko‘chmas mulkning yangi qiymati uyg‘otdi — ayrim hollarda u hujjatlarda ko‘rsatilgan kadastr qiymatidan bir necha baravar yuqori. Bunday misollarni Xolmurodovning o‘zi keltirdi. Ko‘p qavatli uylardagi maydoni deyarli bir xil bo‘lgan ikkita xonadonning — biri Yangihayot, ikkinchisi Yunusobod tumanida joylashgan — kadastr qiymati mos ravishda 112 million va 132 million so‘mni tashkil etgan. Ommaviy baholash natijalariga ko‘ra esa ularning qiymati 574 million so‘m va 1 milliard so‘mdan oshdi.

Xuddi shunday holat xususiy uylarda ham kuzatilmoqda. Bektemir va Yunusobod tumanlaridagi obyektlarning shahardagi joylashuvi, infratuzilmasi mavjudligi va boshqa omillardagi tafovutlarga qaramay, ularning kadastr qiymati ham deyarli farq qilmasligi mumkin edi. Mutaxassislar ikkita uy misolida farqni ko‘rsatib berdi: Bektemirdagi obyektning yangi bahosi avvalgisidan 13 baravar, Yunusoboddagisi esa 36 baravar oshgan.

Xolmurodovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent shahrida 1 kv metr uy-joyning o‘rtacha kadastr qiymati qariyb 1 mln so‘mni tashkil etadi. Ayni paytda, markazdan olisda joylashgan Yangihayot tumanida uy-joyning bozor qiymati 1 kv metr uchun 4−8 mln so‘mga teng. Shu tariqa, ommaviy baholash shuni ko‘rsatmoqdaki, kadastr qiymati bozor narxlarining quyi chegarasidan o‘rtacha qariyb 5 baravar past.

Umuman, Toshkentdagi 600 mingdan ortiq xonadonning jami kadastr qiymati 57,7 trln so‘mni, ommaviy baholash natijalariga ko‘ra esa 426,7 trln so‘mni tashkil etadi. Boshqacha aytganda, xonadonlarning baholangan qiymati kadastr qiymatidan qariyb 7,4 baravar yuqori. Yer uchastkasiga ega 213 mingdan ziyod xususiy hovli-joylar uchun bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 39 trln va 587 trln so‘mni tashkil etadi — farq deyarli 15 baravarni tashkil qiladi.

Shu bilan birga, ommaviy baholash doirasida hisoblangan qiymat aniq bir obyektning bozor narxiga teng emas. Markazda ta’kidlanishicha, uslubiyat bozor darajasidan 20−30 foiz pastroq natijani nazarda tutadi. Markaz vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bu Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki ekspertlarining tavsiyalariga mos keladi hamda ommaviy hisob-kitoblardagi statistik xatolikni inobatga olish imkonini beradi. Masalan, Ahmad Yugnakiy dahasidagi 94 kv metr maydonga ega xonadon amalda 1,2 mlrd so‘mga sotilgan bo‘lsa, ommaviy baholash natijalariga ko‘ra, xususiyatlari o‘xshash bo‘lgan obyekt 1,01 mlrd so‘mga baholangan.

Yangi kadastr qiymati qanday hisoblandi?

Markazning qayd etishicha, ommaviy baholashda obyektlar alohida baholanmaydi — bunday yondashuvni mamlakatdagi barcha ko‘chmas mulkka nisbatan qo‘llab bo‘lmas edi.

Buning o‘rniga hudud narx zonalariga — ko‘chmas mulkning o‘xshash xususiyatlariga ega bo‘lgan va bir guruhga birlashtirilgan uchastkalarga bo‘linadi. Har bir zona uchun etalon obyektlar — eng tipik va tez-tez sotiladiganlari aniqlanadi. Ular asosida bir kvadrat metrning bazaviy qiymati hisoblab chiqiladi.

Xolmurodovning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent uchun bozordagi eng keng tarqalgan va xaridorgir uy-joy turi sifatida maydoni 60−70 kv metrgacha bo‘lgan ikki xonali kvartiralar ana shunday etalon obyektga aylangan. Yakka tartibdagi uy-joylar uchun esa maydoni 200 kv metrgacha bo‘lgan yer uchastkalari etalon vazifasini o‘taydi.

Keyinchalik etalon obyektning bazaviy qiymati tuzatish koeffitsiyentlari yordamida muayyan obyektga moslab tuzatiladi. Hisob-kitobda binoning qurilgan yili, joylashuvi, yer uchastkasining maydoni, obyektning umumiy maydoni, devor materiali va qavati inobatga olinadi. Masalan, kvartira maydonining 70 kv metrdan oshishi bir kvadrat metrning yakuniy narxini biroz pasaytirishi mumkin.

Hisoblash formulasi va muayyan obyektga qo‘llanilgan koeffitsiyentlar bilan davreestr.uz platformasidagi shaxsiy kabinetda tanishish mumkin.

Hisob-kitoblar uchun 2026-yil boshidan joriy yilning 1-iyuliga qadar bo‘lgan davrdagi bozor takliflari va bitimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanilgan. Bunga ko‘chmas mulkni sotish bo‘yicha 100 mingga yaqin taklif va 85 mingdan ortiq notarial tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomalari asos qilib olingan.

Xolmurodov qurilishi tugallanmagan obyektlar haqidagi savolga javob berar ekan, har bir narx zonasi uchun etalon qiymat allaqachon belgilanganini tushuntirdi. Kadastr agentligi har chorakda yangi ro‘yxatga olingan obyektlar ro‘yxatini taqdim etadi, shundan so‘ng ularga tegishli zona uchun hisoblash formulasi avtomatik tarzda qo‘llanadi. Shu sababli har bir yangi obyektni alohida qo‘lda baholash talab qilinmaydi.

“Roziman” yoki “rozi emasman” variantlari nimani anglatadi?

Mulkdorlarning ko‘chmas mulkning yangi qiymati to‘g‘risidagi xabarnomada ko‘radigan ikkita tugmasi ularga o‘z obyektining ommaviy baholash natijasiga munosabat bildirishni — hisoblangan qiymatni ma’qullash yoki unga qo‘shilmaslikni bildirishni taklif etadi.

Hozirgi vaqtda variantlarning birortasi ham huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi. Muhiddin Xolmurodovning tushuntirishicha, agar mulkdor “roziman” tugmasini bossa ham, kelajakda bu qiymatga huquqiy kuch berilgan taqdirda, u baribir uning ustidan shikoyat qila oladi — buning tartibi jamoatchilik muhokamasi 7-sentabrda yakunlangan “Ommaviy baholash to‘g‘risida”gi qonun loyihasida belgilangan.

“Agar shaxs hech qanday munosabat bildirmasa va o‘z pozitsiyasini izhor qilmasa, ommaviy baholash natijalariga ko‘ra ko‘rsatilgan summa o‘zgarmaydi — ya’ni sukut bo‘yicha u rozi deb hisoblanadi”, — dedi u.

Kadastr ma’lumotlarida xatolar aniqlansa, ularni “Noto‘g‘ri ko‘rsatilgan kadastr ma’lumotlari” shakli orqali tuzatish, masalan, obyekt maydoni, xonalar soni yoki boshqa xususiyatlariga o‘zgartirish kiritish mumkin.

Agar mulkdor hisoblangan qiymat obyekt xususiyatlariga mos kelmaydi deb hisoblasa, u o‘z summasini ko‘rsatib, uni asoslab berishi mumkin. Asosnomaga fotosurat ham ilova qilish mumkin. Buni nafaqat MyGov.uz portalida, balki markazning asosiy platformasi bo‘lgan davreestr.uz saytida ham amalga oshirish mumkin.

Markaz direktori o‘rinbosari Feruz Sultonovning aniqlik kiritishicha, har qanday murojaat ham bahoni qayta ko‘rib chiqish uchun asos bo‘lavermaydi. Qaror uning qanchalik asosli ekaniga bog‘liq bo‘ladi.

“Ba’zida bu shunchaki mulkdorning shaxsiy istagi bo‘lib chiqadi. U o‘z kvartirasini milliard [so‘m] turadi, deb o‘ylaydi, vaholanki, real bozor buni tasdiqlamaydi. Aytaylik, biz uning mulkini o‘zboshimchalik bilan emas, balki aynan shu hudud bo‘yicha minglab sotuv takliflari va o‘rganilgan bitimlar asosida 700 mln deb baholaganmiz. Ammo murojaat o‘z tasdig‘ini topsa — masalan, butun bir mahalla ularning mulki arzon baholangani haqida yozsa — biz joyiga borib vaziyatni o‘rganamiz va zarurat tug‘ilsa, narxni bitta obyekt bo‘yicha emas, balki butun hudud yoki mahalla bo‘yicha qayta ko‘rib chiqamiz”, — deya izoh berdi Sultonov.

MyGov.uz portaliga kira olmaydigan yoki davreestr.uz saytidan foydalanishda qiynalayotgan aholi o‘z mahalla qo‘mitalariga murojaat qilishi mumkin. Xolmurodovning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahridagi barcha 585 ta mahallada tushuntirish ishlari olib borilgan.

7-sentabrga qadar 5000 ga yaqin kishi yangi baholash yuzasidan o‘z munosabatini bildirgan. Ularning 78 foizi natijalardan rozi bo‘lgan, — deya ma’lum qilindi matbuot anjumanida. Baholashdan norozi bo‘lgan 22 foiz aholining aksariyati, Xolmurodovning aytishicha, mulki juda past baholanganini aytib, narxni pasaytirishni emas, aksincha, oshirishni so‘ramoqda.

Baholash tufayli mol-mulk solig‘i oshishi mumkinmi?

“Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ommaviy baholashning o‘zi fuqarolar uchun soliq majburiyatlarini vujudga keltirmaydi va soliq summasining o‘z-o‘zidan oshishiga olib kelmaydi. Ya’ni, baholash natijasida turar joyingizning qiymati yuqori aniqlangani „endi solig‘ingiz ham shuncha baravar oshadi“ degani emas. Soliq stavkalari, soliqqa tortish tartibi va soliq miqdori bilan bog‘liq masalalar soliq qonunchiligi asosida alohida belgilanadi”, — dedi Muhiddin Xolmurodov.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Resurs soliqlari bo‘limi boshlig‘i Sardorbek Abdurahmonovning qo‘shimcha qilishicha, baholash natijalarini soliqqa tortishda qo‘llash farmonda haqiqatan ham ko‘zda tutilgan, biroq gap bugungi tartib haqida emas, balki kelajak haqida ketmoqda.

“Avvalo, ommaviy baholash to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishi kerak — bu keyingi qadamlar uchun huquqiy asos yaratadi. Ana shu qonun asosida keyinchalik soliq bazasi qayta ko‘rib chiqiladi, shuningdek, farmonning alohida topshiriqlariga muvofiq, soliq stavkalarining o‘zi ham ko‘rib chiqiladi”, — deb ta’kidladi mutaxassis.

Jurnalistning “yangi, yuqoriroq qiymat soliqni oshirish uchun asos bo‘ladimi?” degan savoliga Abdurahmonov shunday javob berdi: “Aksincha, farmonda kelajakdagi soliq to‘lovi mulkdor uchun og‘irlik qilmasligi uchun stavkalarni pasaytirish bo‘yicha topshiriq mavjud”.

Bu mantiqni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlil instituti direktori o‘rinbosari Dilshod Sultonov batafsil tushuntirib berdi. U 2018-yildagi o‘zgarishlarga to‘xtalib, o‘shanda respublika bo‘yicha ko‘chmas mulkning kadastr qiymati o‘rtacha 4−6 baravarga oshgani, biroq ayni vaqtda soliq stavkalari pasaytirilib, soliq summasining o‘sishi qonunchilik bilan cheklab qo‘yilganini aytdi.

“2018-yilda biz ayni shu yo‘ldan o‘tganmiz. O‘shanda joriy yilda siz to‘laydigan soliq o‘tgan yilgiga nisbatan 20 foizdan ko‘pga oshmasligi haqidagi qoida belgilangan edi — hatto kvartirangizning baholangan qiymati bir necha barobar oshgan taqdirda ham. Ya’ni, agar uning qiymati 150 milliondan 1,5 milliardga ko‘tarilgan bo‘lsa, solig‘ingiz baribir birdaniga oshib ketmaydi — u shu chegara doirasida bosqichma-bosqich o‘sib boradi”, — deya aniqlik kiritdi u.

Keyin nima bo‘ladi?

Ommaviy baholash natijalarini amaliyotda qo‘llash to‘g‘risidagi qaror uchun “Ommaviy baholash to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi shart. Uning 12-moddasida baholash natijalaridan, xususan, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni amalga oshirishda va soliqqa tortish maqsadlarida foydalanish mumkinligi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, hujjatda keyingi baholashlarni o‘tkazish tartibi ham belgilanadi. Har bir yangi baholash uni o‘tkazishdan kamida ikki oy oldin Kadastr agentligining alohida buyrug‘i bilan tasdiqlanishi kerak. Qamrab olingan hududlarda qayta baholashni uch yilda kamida bir marta o‘tkazish taklif etilmoqda.

Natijalar e’lon qilingach, mulkdorlarga e’tiroz bildirish uchun uch oydan olti oygacha muddat beriladi — bu muddat hududga qarab belgilanadi. Agar mulkdor belgilangan muddatda e’tiroz bildirmasa, natija qabul qilingan hisoblanadi.

Bo‘lajak qonunda nizolarni sudgacha hal etish tartibi ham ko‘zda tutilgan. Milliy markaz huzurida markaz rahbari boshchiligida besh yoki undan ortiq kishidan iborat komissiya tuzish taklif etilmoqda. Komissiya mulkdorlarning yozma murojaatlarini 15 kun ichida ko‘rib chiqib, qiymatni o‘zgarishsiz qoldirish yoki uni qayta hisoblash to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak bo‘ladi. Agar mulkdor komissiya qaroriga qo‘shilmasa, u mustaqil baholash buyurtma qilishi yoki sudga murojaat etishi mumkin.

gazeta.uz


Ulashing :


Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari

10 09 2026 / 11:22