Iqtisodchi Otabek Bakirov xususiylashtirishda faqat ijtimoiy obyektlar davlatda
qolishi kerakligini aytadi. Uning fikricha, qolgan barcha sohalarda teng
raqobatli savdo va soliq majburiyatlari qat’iy bo‘lishi lozim. Gazeta
mutaxassis bilan mulkchilik shakllari va xususiylashtirish siyosatini
muhokama qildi.
Avgust oyi
oxirida iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish to‘g‘risida prezident
farmoni imzolanib, O‘zbekistonda xususiylashtiriladigan yirik davlat
aktivlarining yangi ro‘yxati tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, bir qancha moliyaviy muassasalar, sanoat, transport
va savdo korxonalaridagi ulushlar sotiladi. Hujjat bilan davlat aktivlari
va yer uchastkalarini sotish, auksionga chiqarishning shartlari ham
yangilanadi.
Ayni vaziyat fonida Gazeta iqtisodchi Otabek Bakirov bilan
mulkchilik shakllari va xususiylashtirish siyosati muhokama qilingan
suhbatini taqdim etadi. Unda O‘zbekistonda yagona mulkchilikdan qachon voz
kechila boshlangani, o‘zi aslida davlat mulki tadbirkor, investorlarga
sotilishining mohiyati, bu jarayon idealda qanday kechishi kerakligi hamda
oddiy xalq uchun uning ahamiyati haqida so‘z boradi.
Videoni to‘liq holda YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin. Quyida
suhbatning matni keltiriladi.
— Davlat mulki nega xususiylashtiriladi, dastavval shuni tushuntirib
berolasizmi?
— Birinchidan, juda ko‘p zamonaviy jamiyatlarda allaqachon qabul
qilingan konsensus shundan iboratki, bozor iqtisodiyoti sharoitida mulk ko‘p
ukladli bo‘lishi kerak. Mulkka nisbatan munosabat, ya’ni mulkchilikning turli
shakllari tan olinishi kerak. Bu davlat mulki bo‘lishi bilan birga,
xususiy va boshqa jamoaviy ko‘rinishdagi mulkchilik shakllarini ham
nazarda tutadi. Ya’ni istalgan huquqiy makon, bu O‘zbekiston yoki AQSh yoki
Yevropa Ittifoqi bo‘ladimi, farqi yo‘q, barchasi bo‘lishi kerak.
Bugungi kunda turli xil
siyosiy, ijtimoiy tajribalar, tuzumlar oqibatida qaysidir mamlakatlarda davlat
mulki mutlaq ustunlikka ega bo‘lib qolgan. Agar biz o‘tmishimizga qaraydigan
bo‘lsak, sovet ittifoqi bevosita o‘zining hududida yoki uning arbitasida
bo‘lgan Sharqiy Yevropa, Osiyo mamlakatlarida davlat mulki asosan monopol
bo‘lgan. Ya’ni sotsialistik ishlab chiqarishda asosan davlat mulki tan olingan.
Boshqa mulkchilik shakllari g‘oyaga, mafkuraga yot deb hisoblanilgan.
1980-yillar oxirida tuzumlar turli chaqiriq, ya’ni muammolarga duch kela
boshlagandan keyin mulkchilik shakli ham o‘zgarishni boshladi. Avval Sharqiy
Yevropada, keyin sovet ittifoqida va shu yo‘sinda ko‘pchilikda davlat
mulkini xususiylashtirish masalasi kun tartibiga chiqdi.
Chunki iqtisodiy rivojlanish, iqtisodiy erkinlik haqida gapiradigan
bo‘lsak, qaysidir mulkchilik, xususan davlat mulkchiligi mutlaq katta
ustunlikka ega bo‘lishi kerak emas, bu raqobat va iqtisodiy rivojlanishga
yo‘l ochmaydi. Shuning uchun ham, tariximizda ilk qabul qilingan norma bu ko‘p
ukladli iqtisodiyot qurish deyilgan. Ya’ni mulkchilikning boshqa shakllarini
ham tan olish deyilgan. 1988−1989-yillarda sovet ittifoqi parchalanmasdan
turib, mulkchilikning boshqa shakllarini tan olish kun tartibiga chiqqan. Xususiylashtirish
masalasi ancha keyinroq, oradan bir necha yillar o‘tib turib ittifoq tarqab
bo‘lgandan keyin kun tartibiga chiqqan.
Polshada ertaroq chiqqan, chunki ularda “solidarnost” harakati yuqori
bo‘lgan. O‘zi Sharqiy Yevropaning qator mamlakatlarida xususiy sektor
to‘la-to‘kis yo‘q qilib yuborilmagandi. Siyosiy nazorat bo‘lgani bilan Polsha,
Chexoslovakiya, Yugoslaviya, Ruminiyada xususiy mulkchilik, xususiy biznesning
juda kichik elementlari bo‘lgan. Sovet ittifoqining ulardan farqi shundaki, bizda
shaxsiy mulk, ya’ni uy-joy yoki shaxsiy buyumlarimizdan boshqa mulkchilik
shakli tan olinmagandi. Bu burjua elementi, kapitalistik jamiyatining
sarqiti deb hisoblangan. 1988−1989-yillarda turli mulkchilik shakllarining tan
olinishi “Kooperativlar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi bilan boshlangan.
Qonun qabul qilinishi, albatta kooperativlarning qayta ishlab, xizmat ko‘rsata
boshlashi ularda qo‘shimcha kapitalni, bu esa qo‘shimcha mulkka ehtiyojni
paydo qilgan.
— Shunda maqsadini qanday ko‘rasiz? Masalan, hozir bir qancha
variantlarni aytib o‘tishadi-ku, ya’ni xususiylashtirishning maqsadi —
davlat o‘z aktivlaridan qutulishi yoki budjetga pul jalb qilish yoki umuman
xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash. Bularning hammasi muhimmi yoki ustuvori
bormi?
— Siz bilan suhbatimiz boshida sotsialistik tuzum, u vaqtda
o‘zini oqlamagan va raqobatga dots. bermagan mafkura haqida gaplashdik.
Mazkur rejimdagi mulkchilik munosabatlari haqida qisqacha tushuncha berdik.
Busiz ham sog‘lom iqtisodiyot, erkin bozorga ega bo‘lgan mamlakatlarda davlat
mulki mavjud. Juda ko‘p sohalar, misol uchun, temiryo‘l, pochta, hatto,
ayrimlarida banklar ham davlat nazoratida bo‘lgan.
Agar Buyuk Britaniya misolini olib qaraydigan bo‘lsak, uzoq vaqt siyosiy
hokimiyat leyboristlar hukumati nazoratida bo‘lgandan keyin juda katta mulk
davlat qo‘lida yig‘ilib qolgan. Konlar, temiryo‘l tizimi, banklar va
o‘z-o‘zidan u davlatga, budjetga og‘irlik qilishni boshlagan.
Samaradorligi pasaygan. Shuning uchun ham agar g‘arb misolida olib qaraydigan
bo‘lsak, davlat mulkining siyosat, ijtimoiy hayot, iqtisodiyotdagi roli haqida
gap ketsa, Buyuk Britaniya namuna sifatida keltiriladi. Margaret Tetcher (Buyuk
Britaniya sobiq bosh vaziri) hokimiyatga qaytgandan keyin juda katta
xususiylashtirish dasturi e’lon qilingan. Ya’ni temiryo‘llar, konlar, energetik
sektor davlat tasarrufidan chiqarilgan. Bu jarayon biz kabi sotsialistik
o‘tmishni boshidan kechirgan mamlakatlarga xos deb aytish qiyin.
Ayni bir paytda yana bir masala bor, ya’ni vaqti-vaqti bilan turli mamlakatlarda
sotsialistlar yoki so‘l kuchlar hokimiyatga keladi va ular o‘z g‘oyalarini
realizatsiya qilishdagi odatiy birinchi qadamlaridan biri — qator
iqtisodiy sektorlarni davlat nazoratiga qaytarish. Misol uchun, Chilida
sotsialistlar hukumati xuddi shunday harakatlarni 1970-yillarda amalga
oshirgan. Ya’ni “xususiy sektor eplay olmayapti, biz mehnatkashlar sinfining
talab-istaklarini amalga oshirishimiz kerak” degan da’vo bilan chiqishgan.
Davlatning qo‘lida ma’lum bir sektorlar, albatta, bo‘lishi kerak degan g‘oyaga
asoslanadi.
— Yuqorida aytib o‘tdingiz, baribir davlat tasarrufida ayrim
korxonalar, aktivlar qoladi va u qaysi aktivlar bo‘lishi kerak?
— Mulkchilikning mundarijasi ko‘pincha siyosatdagi o‘zgarishlarning
in’ikosi (aksi) o‘zi aslida. Siyosatda qanday o‘zgarishlar bo‘lsa, parlament
saylovlari, hukumat shakllanishida qaysi kuchlar ustun bo‘lsa, ular jarayonni
qanday tasavvur qilayotgan bo‘lsa, o‘zlarini bergan va’dalarini qanday amalga
oshirilishini rejalashtirayotgan bo‘lsa, shunga yarasha reallik shakllanadi.
Misol uchun, o‘ng kuchlar yoki liberallar hokimiyatga keladigan bo‘lsa, ular
imkon qadar davlatning hamma sektorlardan, hattoki infratuzilma tizimlaridan
ham chiqib ketishini istaydi. Hatto, ayrim liberallarda qamoqxonalarni ham
xususiy sektorga berish kerak degan qarashlar bor. Bu bo‘yicha tajribalar
o‘tkazilgan. Davlat ijtimoiy va infratuzilma obyektlarini o‘z nazoratida
ushlashi kerak. Raqobat qilish, bozor o‘zini o‘zi tartibga solishi mumkin
bo‘lgan qolgan barcha sektorlardan davlat ketishi mumkin deb hisoblayman.
Mening idealimda shunday.
— Mulkchilik sifati o‘zgarishi, ya’ni biz muhokama qilayotgan
vaziyatda xususiylashtirish korxonani samaraliroq ishlashini kafolatlaydimi?
Ya’ni bu borada boshqaruvning ham ahamiyati haqida gaplashsak bo‘ladi.
— Judayam yuqori ahamiyatga ega bo‘lgan savolni beryapsiz. Judayam
muhim savol. Boisi, mulkchilik shaklining davlat sektoridan xususiy sektorga
o‘tishi samaradorlikni oshiradi degan noto‘g‘ri qarash shakllangan.
Bu shablon qarash odatda davlat o‘zining nazoratidagi mulklarni tezroq
samarali bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’i nazar sadoqatli mulkdorlarga qayta
taqsimlash rejasi bo‘lganda ilgari suriladi. Ya’ni, misol uchun,
1990-yillardagi Rossiyani tasavvur qiladigan bo‘lsangiz, eng yirik neft
kompaniyalari, temir, metallurgiya kombinatlari, hozirgi mavjud bo‘lgan
oligarxlarning nazoratidagi eng yirik aktivlar shubhali garov auksionlari
orqali taqsimlab berilgan.
U yerda samarali mulkchilikni shakllantirish emas, barqaror siyosiy
rejimni davom ettirish maqsadi bo‘lgan. Ya’ni Yelsin hokimiyatini 1996-yildagi
prezidentlik saylovidan keyin ham davom ettirish istagi bo‘lgan. Ya’ni
xohlaymizmi yoki yo‘q, siyosiy maqsadlar o‘zining o‘rniga ega bo‘ladi, bunga
ko‘z yumish judayam qiyin. Shuning uchun savolingizga javobim shunaqa, hamisha
ham davlat mulkini xususiylashtirishi samarador, samarali tizimni yoki
samarador mulkdorni yaratmaydi. Samarador tizim va samarador iqtisodiy
rejim xususiylashtirishdan keyin raqobat muhiti ta’minlansa, yuzaga keladi.
Ochiq, erkin raqobat muhiti ta’minlansagina. Bu jarayon davlat mulkini
xususiy egasiga topshirishdangina iborat emas. Topshirishgacha bo‘lgan
jarayonlar ham juda murakkab va jamiyatning nazoratida, ochiqlikda
kechishi kerak.
— O‘zi xususiylashtirish qanday bo‘lishi kerak, idealda kartinani
qanday ko‘rasiz?
— Idealda mulkning turli shakllari bor, davlat nazoratidagilarini ham
uchratish mumkin. 35−40 yil orqaga qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekiston bo‘yicha
Toshkentda odamlarning yashayotgan xonadonlari ham davlat mulki bo‘lgan. Misol
uchun, O‘zbekiston yoki Rossiyada ham xususiylashtirishning birinchi qadami
kvartiralarni xususiylashtirishdan boshlangan. Ya’ni aholiga oson va arzon
tarzda xususiylashtirish imkoniyatini yaratib berilgani bo‘lgan. O‘zbekistonda
ham, Sovet hududida ham ilk mulkdorlar kvartirasini xususiylashtirib olganlar
hisoblanadi. Ya’ni bu — birinchi bosqich.
Undan keyingi bosqichdagi xususiylashtirish kichik obyektlarda bo‘lgan.
Sovet rejimida hatto do‘kon, bekatlar, kichik sartaroshxonalargacha davlat
mulki hisoblangan. 1990-yillarning ilk davrlarida kvartiralarning
privatizatsiyasidan keyingi bosqichda maishiy obyektlar xususiylashtirilgan.
Ya’ni o‘ta kichik obyektlar. Bu mayda va o‘rta mulkdorlar sinfini
yaratgan. Undan keyingi bosqich yirik ishlab chiqarish, sanoat, qurilish,
qishloq xo‘jaligiga oid aktivlarni xususiylashtirish bilan kechgan. Buni o‘rta
va yirik xususiylashtirish deb atasak bo‘ladi. Shu yerda shakllar
keskin farqlanadi. Ya’ni bir necha usullar qo‘llangan.
Sharqiy Yevropa
va Rossiyada vaucherlashtirish usuli bo‘lgan. Bunda mulkning qiymati
hisob-kitob qilinganda, aholi soniga nisbatan chiqarib, tarqatilgan. Kishi
boshiga aytaylik 10 ming rubldan tushgan. Vaucher evaziga kichik yoki o‘rta
korxonalarning aksiyalarini sotib olish mumkin bo‘lgan. O‘zbekistonda
1995-yilda mingta o‘rta korxona bor bo‘lgan deb hisoblaydigan bo‘lsak, ularning
qiymati 10 trln so‘m, O‘zbekiston aholisi 20 mln nafar bo‘lsa, bu ularning
har biriga 50 mln so‘mdan vaucher tarqatildi degani. Bu ham bitta
xususiylashtirish usuli hisoblangan. Ba’zi mamlakatlar kabi O‘zbekiston ham
xuddi shunday yo‘ldan o‘tgan. Pay fondlari orqali xususiylashtirish
chora-tadbirlari ham qilingan.
Misol uchun, 1990-yillarda O‘zbekistonda xususiylashtirish jarayoni uchun
investitsion, pay fondlari tashkil qilingan. Odamlar ularning aksiyasini sotib
olardi. Juda murakkab, tushunish qiyin bo‘lgan jarayonlar bo‘lgan. Ya’ni
tayyorgarligi, dastlabki sarmoyasi yo‘q bo‘lgan odamlar uchun tushunish qiyin
va kirish juda yuqori xatarli ham hisoblangan. Shuning uchun ham o‘rta
xususiylashtirishdan boshlab jarayonga mutlaq ko‘pchilikni jalb qilish muammoli
bo‘lgan. Riskka hech kim bormagan. Investitsiya yoki qaror qabul qilish,
tabiiyki, riskka borish bilan barobar. Bu muammo nafaqat bizning
mamlakatimizda, hammada ham shunday.
Agar buning tarixini o‘rganadigan bo‘lsak, hech qaysi bir mamlakatni o‘rta
korxonalarni xususiylashtirishda keng aholi qatlamini muvaffaqiyatli ravishda
qamrab oldi deyish qiyin. Bizda faqatgina sanoqli korxonalarni misol tariqasida
keltirishim mumkin. Chunki mehnat jamoasiga 5−24 foizgacha aksiyalar
taqsimlangan. Shulargina qaysidir ma’noda aksiyadorlarga aylandi deb hisoblasak
bo‘ladi. Ya’ni ular jamg‘armalari hisobidan aksiyalar sotib olmagan, ulushdor
bo‘lmagan. Ularga qilgan mehnati uchun haq to‘langan.
1990-yillarda bilsangiz, ish haqini to‘lash juda katta muammo bo‘lgan.
Kartoshka, turli ichimliklar, hattoki sigaretalar bilan ham natura ko‘rinishida
ish haqi to‘langan va juda ko‘p korxonalar ish haqini aksiyalar bilan
hisoblashgan. Shu kabi bir nechta muvaffaqiyatli misollarni aytish mumkin.
Neft-gaz, metallurgiya kabi yirik kompaniyalarga ega sohalarda davlat ulushi
97−98 foiz ekanini ko‘rib turasiz. Qolgan 2 foizi kimlarning qo‘lida?
Qachonlardir mehnat jamoasiga taqsimlangan ulushlarga egalik qilib qolgan mayda
aksiyadorlar hisoblanadi. Misol uchun, banklar misolida ham ko‘rsangiz bo‘ladi.
Juda ko‘p davlat banklarining, hozir ularning ayrimlari xususiylashgan, 2−3
foiz aksiya qismi minoritar, mayda aksiyadorlar qo‘lida. Ular aynan
xodimlarning ulushlari hisoblanadi. Xodimlar qo‘liga kiritgan aksiyalari
hisoblanadi.
Masalan, O‘zbekneftgazning qaysidir qismi xususiylashtiriladigan bo‘lsa,
unda albatta xalq ishtirok etishi kerak deb hisoblayman. UzNIF (O‘zbekiston
Milliy Investitsiya jamg‘armasi) misolida yaxshiroq tushuntira olishim mumkin.
Jamg‘arma ikki tomonlama IPO qildi, aksiyalarning bir qismini Londonda, bir
qismini Toshkent fond birjasiga joylashtirdi. Toshkent fond birjasiga
joylashtirilganda o‘zbekistonliklar jarayonda ustuvor, imtiyozli qatnashish
imkoniyatiga ega bo‘ldi. Xuddi shunday O‘zbekneftgaz, aytaylik NGMK, OTMK degan
yirik, O‘zbekistonning asosiy soliq to‘lovchi kombinatlari
xususiylashtiriladigan bo‘lsa, aynan shu tajribadan foydalanilishi kerak.
— Tushunarli. Bunda aktivlarning haqiqiy qiymati qanday aniqlanadi?
— Buning modellari juda ko‘p. Eng yaxshi va samaralisi —
bozor. Aksiyalar ochiq bozorda likvid ko‘rinishda aylanayotgan bo‘lsa, uning
narxini belgilaydigan eng yaxshi vosita — bozor. Misol uchun, Trastbank
aksiyalarining katta qismi ochiq bozorda harakatlanadi. Uning narxini fond
birjasida aylanayotgan aksiyalar narxidan kelib chiqib bilsangiz bo‘ladi. Yoki
Hamkorbankniki ham. Uning kapitalizatsiyasi orqali bozor narxini aniqlasangiz
bo‘ladi. Ayni bir paytda to‘liq davlat nazoratidagi boshqa bir kompaniyalar
bor, ularni baholab bo‘lmaydi.
Misol uchun, Asakabank 100 foiz davlatning qo‘lida. Uni qanday baholaymiz?
Fond birjasida aksiyalari aylanmaydi. Aylangan taqdirda ham likvid emas, ya’ni
doimiy ravishda xohish bo‘lgan darajada sotish yoki sotib olish imkoniyati
yo‘q, juda ham cheklangan. O‘zsanoatqurilishbank misolida ham xuddi shuni
aytish mumkin. Albatta, bunda professional baholovchilar yollanadi. Ular juda
ko‘p faktorlar: aktivning bozordagi o‘rni, sifati, tarkibi, istiqboli,
regulyatsiyasi kabi nuqtalarini inobatga olib, baholab berishadi. Baholangan
narx turli ko‘rinishda savdoga chiqariladi. Ya’ni avval dastlabki narx sifatida
chiqishi yoki o‘zaro, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar yuritish uchun asos
bo‘lishi mumkin.
— Xo‘p, shu jarayonda davlat mulki deb e’tirof etilgan qandaydir
ko‘rinishdagi obyekt yoki umuman aktiv suvtekin ketib qolmasligi uchun nima
qilish kerak deb o‘ylaysiz?
— Bu risk hamisha bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi.
Xususiylashtirish shunday jarayonki, u doim siyosiy motivlar bilan
yo‘g‘rilgan. Xususiylashtirish jarayoni yuz berayotgan davrda iqtidorida
mavjud bo‘lgan siyosiy doiralar ayniqsa yirik aktivlarni xususiylashtirishda
o‘zlariga loyal bo‘lgan mulkdorlar sinfi shakllanishini istashadi. Ya’ni
sadoqatlilar. Chunki mulk va hokimiyat bir-birini to‘ldiradigan, o‘ta
chambarchas va birisiz ikkinchisi mavjud bo‘la olmaydigan institutlar
hisoblanadi.
— Mana shu jarayonda manfaatlar to‘qnashuvi, ya’ni mulklar tor
doira sinf qo‘lida jamlanmasligidan qochish uchun nima qilish kerak deb
o‘ylaysiz?
— Yana qayta-qayta qonunchilikka murojaat qilishimiz kerak bo‘ladi.
O‘zbekiston mustaqil bo‘lgandan keyin birinchi bo‘lib qabul qilingan
qonunlardan biri — aynan davlat mulkini xususiylashtirishga oid qonun
bo‘lgan. Ko‘pchilik hozir buni eslamaydi. 1990-yilda shakllangan parlamentimiz,
adashmasam, 1991-yil 19-noyabrda qabul qilgan ilk qonunlardan biri —
“Xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun bo‘lgan. Bu qonun oradan 33 yil o‘tib,
2024-yilda yangilandi. 33 o‘tib yangi qonun qabul qilindi. Shu qonunning
4-moddasida prinsiplar belgilangan. Shunga ko‘ra, xususan, xususiylashtirishda
ochiqlik tamoyilida o‘tishi kerak. Bundan tashqari, hisobdorlik, korrupsiyaga
yo‘l qo‘ymaslik prinsiplari ham bor.
Siz hozir aytayotgan savollarga qonunda javob berilgan
va shu bilan tiyib turilishi kerak. Idealda shunday. Lekin amaliyotda
qonundan avval yoki keyin xususiylashtirilgan aktivlar misolida olib
qarasangiz, qonunning 4-moddasidagi prinsiplar ochiqdan-ochiq buzilgan. Bitta
emas, bir nechtasi bir vaqtda buzilgan holatlari bor. Endi buni tiyib
turishning qanday vositalari bor desangiz, men hozir uchun O‘zbekiston
sharoitida media va jamoatchilik nazoratidan boshqa kuchliroq yoki
samaraliroq vositani ko‘rmayapman. Chunki bizda parlament yo‘q. Shunday ekan,
xususiylashtirishning legitimligi haqida savollarni ko‘tarishi mumkin bo‘lgan
yagona institut hozircha jamoatchilik va media bo‘lib qolyapti. Afsuski,
men buni xursand bo‘lib gapirmayapman. Lekin shunda ham jamoatchilik juda katta
manipulyatsiyalarga uchrayapti.
Ikkinchi masala xususiylashtirish masalasida absolyut yopiqlik bilan
bog‘lanadi. Bilsangiz, O‘zbekiston 2017-yildan keyin juda ko‘p masalalarda
ochiqlikni, shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha juda katta qadamlar tashladi-yu,
xususiylashtirish istisno bo‘lib qoldi. Bu bo‘yicha davlat organi hisoblangan
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi O‘zbekistondagi eng yopiq organlardan
biriga aylandi. Agentlikning eski va hozirgi biror rahbari jamoatchilikka ochiq
chiqib izoh berganini ko‘rmaganman. Vaholanki, xususiylashtirish shunday
jarayonki, agar siz ishonchni ta’minlay olmaydigan bo‘lsangiz, jamiyatda
mulkdorlarning legitimligiga savol hech qachon yo‘qolmaydi. Savol qayta-qayta
qo‘yilaveradi.
Misol uchun, Rossiya yoki Qozog‘istonni olib qaraydigan bo‘lsak ham,
1990-yillarda yirik aktivlar sadoqatli, loyal oligarxiyaga qayta taqsimlangani
haligacha savol ostiga qo‘yiladi. Juda ko‘p siyosiy muammolar mana
shu xususiylashtirish davrida boshlangan.
— Nimaga xususiylashtirish oddiy fuqarolar, xalq uchun foydali
va muhim?
— Idealda xususiylashtirish jarayonida samarali mulkdorlar sinfi
yaratiladi, deb aytdik, to‘g‘rimi? Samarali, o‘zaro raqobatlashadigan
mulkdorlar — har qanday jamiyatning tayanchi. Ya’ni ular jamiyatni
barqarorlashtiradi. Mulkdorlar sinfi qancha xilma-xil, o‘zaro raqobatlasha
oladigan, konsentratsiyasi yuqori bo‘lsa, jamiyat barqaror bo‘ladi. Ya’ni
xususiylashtirish jarayonida ishtirok etmagan yoki passiv holatda bo‘lgan
jamiyat ishtirokchilari ham bundan foyda oladi, manfaatdor bo‘ladi. Yangi
mulkdorlar ko‘proq soliq to‘lashni boshlaydi.
Yaxshi misolmasdir, Coca-Cola'ni
olsak, 2021-yilda xususiylashtirilgan bo‘lsa, bu jarayonga ham juda ko‘p
savollar bor, albatta, lekin shu orqali yangi mulkdorlar paydo kelgandan
keyin soliq to‘lovlari oshgan. Nomini eslatmasdan xususiylashtirilgan boshqa
yirik obyektlarni olib qaraydigan bo‘lsangiz, soliq to‘lovlari kamaygan. Ya’ni,
nima uchun ishonch kerak deyilsa, bu ishonch jamiyat a’zolaridan ham ko‘ra
ko‘proq mulkdorlarga kerak degan bo‘lardim. Xususiylashtirish natijalari davr
o‘tib, siyosat o‘zgarib, yana qayta ko‘rib chiqilmasligi — umuman mulk
daxlsizligi uchun ham kerak.
Masalan, uyali aloqa kompaniyalari, sement zavodlari xususiylashtirilishi
katta savollar ostida edi. Nega, chunki o‘sha jarayonga nisbatan hech kimning
ishonchi yo‘q. Hatto, davlat organlarining ham ishonchi yo‘q edi. Shuning
uchun, ular davlatga qaytarilayotganda mulkchilik huquqi qayerda qoldi deb
jamiyat savol bermadi. Boisi, uning qanday xususiylashtirilganini juda yaxshi
bilishardi. Xuddi shunday sement zavodlari ham 2000-yillarda qanday nazorat ostiga
olingani, qanday qilib soxta xususiylashtirish sxemalari orqali egalik
qilinganini hamma bilardi.
Lekin sog‘lom auksion, bir necha raqobatlashuvchi talabgorlar ishtirokida
bozor narxida qo‘lga kiritilgan aktivning ertangi natsionalizatsiyasi masalasi
ko‘tarilganda, jamiyat hech kimni to‘xtatmadi. Har xil yo‘llar bilan qaysidir
aktivlarga egalik qilishni istovchilar, ichidan o‘zining ulushini chiqarib
olib, aktivlarni suvtekinga xususiylashtirish harakatidagilar juda ko‘p. Lekin
5−10 yil o‘tadimi, ularga qayta-qayta savollar berilaveradi.
— Xususiylashtirishda doimo teng raqobat qilinishi kerakmi yoki
qaysidir boy investorlar ustunlikka ega bo‘lishi normalmi?
— Agar u maxsus aktiv bo‘lmasa, iloji boricha qo‘shimcha
kriteriylar, shartlar, mezonlar belgilanmasligi kerak. Ochiq bozorda profili
va investitsiyalarning kelib chiqish manbai qanday, qaysi sohadanligidan
qat’iy nazar, talabgorlar sonini oshirishimiz eng yaxshi mulkdorlarni
topishimizga imkon yaratadi. Masalan, Coca-Cola'ni xususiylashtirishda auksionda
nega faqat salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchilarigina ishtirok eta oldi?
Bunda istalgan investorni qo‘yish mumkin edi. Aytaylik, katta qurilish
kompaniyasi ham qatnashib, g‘olib bo‘lganida undan yomon boshqaruvchi chiqmas
edi. Uning tajribasi yo‘q deyishga haqqimiz yo‘q edi.
Ayrim kichik banklarning xususiylashtirilishida ham tijorat banki yoki
moliyaviy institut bo‘lishi kerak degan talab qo‘yilgan. Men mana
shu talabni ham noto‘g‘ri deb hisoblaganman. Chunki o‘zining pulini
to‘lab, raqobatli savdoda g‘olib chiqqan odam boshqaruvda kerakli
mutaxassislarni topa oladi. Professional jamoani yig‘a oladi. Mulkdorlik
va boshqaruvchilik ayni bir yo‘nalishda bo‘lishi shart emas.
— Mana shu jarayonda investorlarga qanday talab
va majburiyatlar qo‘yilishi kerak deb hisoblaysiz?
— Bu aktivning xususiyatiga bog‘liq. Profilga nisbatan talab
qo‘yilishini noto‘g‘ri deb hisoblayman. Misol uchun, sement zavodlarini
xususiylashtirishda ishlab chiqarishdagi tajribasi degan kriteriyaning
mavjudligi talabgorlar sonini keskin kamaytiradi. Talabgorlar sonining keskin
kamayishi o‘z-o‘zidan narxni past qiladi. Xususiylashtirishda asosiy
maqsadlardan biri iloji boricha qimmat sotish va talabgorlar sonini
oshirishda bo‘lishi kerak.
— Yo‘q, xususiylashtirishdan oldin emas, xususiylashtirishdan keyingi
majburiyatlarni nazarda tutgandim.
— Ha, xususiylashtirishdan keyingi majburiyatlar ham bo‘lishi kerak.
Aytaylik, siz qandaydir narxdan boshqa qo‘shimcha majburiyatlar yuklayapsizmi,
shu joyning o‘zida yutqazganingiz bo‘ladi. Sizga, aytaylik, investitsion,
ijtimoiy majburiyatlar yuklashadi, falon yil mobaynida 150 milliard so‘m
investitsiya kiritishing kerak degan shart qo‘shilyapti. Yoki falon yil
mobaynida shu aktivning ijtimoiy qaramog‘ida bo‘lgan ikkita bog‘chaga
qarab yurishing kerak deyishyapti, u ham narxni pasaytiradi. Paxtakor stadioni
zo‘r misol bo‘ladi. Paxtakor klubini sotayotganda Paxtakor stadioni bilan
sotilishi narxni pasaytiradi. Ya’ni bular — 2 ta har xil aktiv. Paxtakor
klubi, Paxtakor stadioni alohida sotilishi kerak edi. Tijoriy va ijtimoiy
obyektlar ajratilishi kerak.
— Unda davlat nega bularni qorishtirib xususiylashtiradi, sizningcha?
— Asosiy masala shu yerda. Juda ko‘p profil va sektorlarda
davlat chin dildan voz kechishni istamaydi. Buning aksini qancha aytib
chiqmasin, nazoratida olib turish kerak deb hisoblaydi. O‘zining nazoratidan
qancha uzoqlashadigan bo‘lsa, unga bo‘lgan ta’sir choralari shuncha kamayadi.
Davlat banklarini xususiylashtirish yildan-yilga kechiktirilayotganining
sabablaridan biri ham xuddi shu bilan bog‘liq. Davlat juda ko‘p ijtimoiy
dasturlari: ishsizlik, bandlik bilan bog‘liq vazifalarni haligacha banklar
orqali amalga oshirishda ko‘radi. Undan tashqarida ko‘ra olmaydi. Shuning uchun
ham paysalga solinaveradi. Shuning uchun ham qayta-qayta yangi qarorlar chiqadi.
— Xo‘p, deylik, aktivlarni ajratish siyosati boshlanadigan bo‘lsa,
shunda ham kirib keladigan investor oldida biror majburiyat bo‘lishi
kerakmasmi?
— Endi banklar misolini ko‘p gapiryapmiz-ku. Banklarga hech qanaqa
majburiyat yuklanmasligi kerak. Ya’ni investor sotib olyaptimi, unga nisbatan
na ijtimoiy, na investitsion majburiyat yuklanmasligi kerak deb
hisoblayman. Mana bozor narxida sotib oling yoki o‘zaro, to‘g‘ridan-to‘g‘ri
muzokaralarga kirishing, bir necha talabgorni chaqiring, eng yaxshi tijoriy
takliflarni bergani bilan bitim tuzing, shunday qilishimiz kerak. Xuddi shunaqa
uyali aloqa kompaniyalari bilan ham. Yoniga investitsion majburiyat
qo‘shildimi, sotuv narxi pasayadi. Birinchi marta emas-ku, necha marta shunday
holatlarni ko‘rdik. Davlat investorlar, mulkdorlar bilan faqatgina soliq orqali
munosabatga kirishishi kerak. Ijtimoiy masalalarni davlatning o‘zi zimmasiga
olishi lozim. Bizda teskarisi ketyapti. “Janoblar, sizga juda arzon narxda
uyali aloqa kompaniyasini beryapmiz, boshqa talabgorlarni qatnashtirmadik,
o‘zingiz yakkaxon bo‘lib yutib chiqdingiz, endi marhamat qilib soliq to‘lang”
degan qadam bo‘lishi kerak.
— Demak, prioritetlar qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
— Butunlay qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Ya’ni to‘g‘ri
xususiylashtirish davlatga tushumni oshiradi va bu orqali davlat o‘z
vazifasini, zimmasidagi vazifasini to‘liq amalga oshirishi mumkin. Davlat
bu narsalarni chalkashtirib yubormasligi kerak. Bizda eski davrning ham,
yangisining ham xatosi xususiylashtirilmaydigan aktivlarni xususiylashtirishni
istashimizda. Xususiylashtirilishi kerak bo‘lgan banklarni cho‘ntagimizda
ushlab o‘tiramiz. Ikkinchi paradoks holat xalqaro moliya institutlari,
g‘arbdagi hamkorlarimiz xususiylashtirish masalasini tanqid qilmasligi bilan
bog‘liq. Buning sababi nimada ekani meni ham qiziqtiradi, misol uchun. Xalqaro
valyuta jamg‘armasi, Jahon bankidan boshlab, Yevropa va Osiyoning moliya
institutlarigacha bu bilan bog‘liq konfliktga kirishgisi kelmaydigandek
ko‘rinadi. Vaholanki, eng katta tanqidga sazovor, duchor bo‘linishi kerak
bo‘lgan yo‘nalish shu.
— Muvaffaqiyatli xususiylashtirish amalga oshirilganini qachon bilish
mumkin?
— Muvaffaqiyatli
xususiylashtirish deganda men bitta obyektni nazarda tutmayman, butun boshli
tizim o‘zgarishi kerak deb hisoblayman. Muvaffaqiyatli xususiylashtirishdan
keyin siyosiy kon’yunktura, siyosiy ideologiya butunlay o‘zgaradi. Agarda
xususiylashtirishdan keyin siz nafaqat erkin bozor, erkin siyosiy pluralizmga
ham kelgan bo‘lsangiz, demak, muvaffaqiyatli xususiylashtirishni amalga
oshirdim deb hisoblasangiz bo‘ladi. Iqtisodiyotingizda yaralgan
plyuralizm, siyosatingizda ham pluralizm yaratishi kerak bo‘ladi.
— Tushunarli. Otabek aka, bugun juda muhim mavzu haqida gaplashdik.
Kelganingiz uchun rahmat katta.
— Sizga ham rahmat. Sog‘ bo‘ling.
Д.Шомирзаева тайёрлади.
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari
17 09 2026 / 14:04