O‘zbekistonda
tadbirkorlar uchun prezident qarorlari bilan belgilangan soliq imtiyozlaridan
ular Soliq kodeksiga kiritilguniga qadar ham foydalanishga ruxsat berish taklif
qilinmoqda. Deputatlar 2026-yil boshidan amal qilishi kerak bo‘lgan
imtiyozlarning bir qismi, tadbirkorlar ulardan allaqachon foydalanayotganiga
qaramay, haligacha kodeksga kiritilmaganiga e’tibor qaratdi.
Bu boradagi savollar
27-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlashga
qaratilgan qonun loyihasini ko‘rib chiqish chog‘ida yangradi. Hujjatni
iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov taqdim etdi.
Qonun loyihasida bir qator
tarmoqlar uchun soliq imtiyozlarini uzaytirish va joriy etish, shuningdek,
soliq ma’muriyatchiligiga o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilgan.
Tuzatishlarni, xususan, Soliq kodeksining 75- va 483-moddalariga kiritish
taklif etilmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik
partiyasi fraksiyasi deputati Zafar Xudoyberdiyev qonunchilikka o‘zgartirishlar
o‘z vaqtida kiritilmayotganiga e’tibor qaratdi.
“Soliq kodeksining
483-moddasiga hozir kiritish taklif etilayotgan imtiyozlarning aksariyati
2026-yil 1-yanvardan amal qilishi kerak edi. Hozir esa oktabr oyi, qonun qabul
qilinguniga qadar yana qanchadir vaqt o‘tishi mumkin”, — deya ta’kidladi
u.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra,
amaldagi tartib bo‘yicha, soliq to‘lovchilar prezident qarorlari bilan
belgilangan imtiyozlardan tegishli qoidalar Soliq kodeksiga kiritilgandan so‘ng
foydalanishlari kerak. Biroq ular amalda allaqachon qo‘llanmoqda.
“Kecha bu haqda
so‘raganimizda, ushbu imtiyozlardan allaqachon
foydalanilayotganini aytishdi. Lekin amaldagi tartibga ko‘ra, ulardan Soliq
kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilgandan keyingina foydalanish mumkin”, —
dedi Xudoyberdiyev.
Deputat “Soliq imtiyozlari”
deb nomlangan 75-moddaga taklif etilayotgan qo‘shimchaga e’tibor qaratdi.
Loyihaga ko‘ra, agar prezident
qarorlari bilan iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan
soliq imtiyozlari belgilansa, soliq to‘lovchilarga ulardan foydalanishga ruxsat
beriladi. Bunda tegishli qoidalar imtiyozlarning amal qilish muddati davomida
Soliq kodeksiga kiritilishi kerak.
Shu tariqa, kodeksga
o‘zgartirishlar kiritish jarayoni yakunlangunga qadar bunday imtiyozlarni
qo‘llash imkoniyatini qonun bilan mustahkamlash taklif etilmoqda.
Zafar Xudoyberdiyev bunday
mexanizmning maqsadga muvofiqligiga shubha bildirdi.
“Ushbu normaning
kiritilishi Soliq kodeksining nufuzini tushirmaydimi? Bu prezident
qarorlari bilan belgilangan imtiyozlarni kodeksga kiritish yanada cho‘zilib
ketishiga olib kelmaydimi?” — deb so‘radi deputat.
Iqtisodiyot va moliya
vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov savolning o‘rinli ekanini tan oldi, biroq
“Biz tezkor o‘zgarishlar davrida yashayapmiz”, dedi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentning biznes vakillari
bilan uchrashuvlari, jumladan, hududlarga tashriflari chog‘ida zudlik bilan hal
qilinishi kerak bo‘lgan ko‘plab masalalar ko‘tariladi.
“Tadbirkorlarning
muammolarini tezkorlik bilan hal etish uchun prezident farmon va qarorlarida
tegishli imtiyozlar berish bo‘yicha topshiriqlar beriladi. Shundan so‘ng biz
ularni Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar ko‘rinishida rasmiylashtiramiz. Lekin
amaliyotda belgilangan tartib-taomillardan o‘tish uchun ma’lum vaqt talab
etiladi. Shu sababli tadbirkorlarda e’tirozlar paydo bo‘lyapti”, —
deya tushuntirdi vazir o‘rinbosari.
Uning fikricha, taklif
etilayotgan o‘zgartirish imtiyoz berish to‘g‘risida qaror qabul qilish
va uni qonunchilikda mustahkamlash o‘rtasidagi vaqt tafovutini bartaraf
etish imkonini beradi.
“Biz bu yerda Soliq kodeksining
nufuziga putur yetkazadigan hech narsani ko‘rmayapmiz. Biz birinchi navbatda
tadbirkorlar manfaatlaridan kelib chiqamiz”, — dedi Haydarov.
Shuningdek, u nima uchun
bu safar tuzatishlar parlament ko‘rib chiqishi uchun kechikib
kiritilganini tushuntirdi.
“Bu safar
o‘zgarishlar juda ko‘p bo‘ldi. Ularni muhokama qilish jarayoni biroz cho‘zilib
ketdi, shuning uchun qonun loyihasi biroz kechikdi. Aslida qonunchilikka
o‘zgartirishlarni imkon qadar tezroq kiritishga harakat qilyapmiz”, — dedi
vazir o‘rinbosari.
Deputatlar individual
imtiyozlar taqiqlanishi bilan bog‘liq ehtimoliy ziddiyatga e’tibor qaratdilar.
Muhokama chog‘ida “Adolat”
sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi, deputat Zuhriddin Mavlonov
yangi soliq preferensiyalarining kodeksdagi amaldagi qoidalarga muvofiqligi
bilan bog‘liq yana bir masalani ko‘tardi.
U Soliq kodeksining
75-moddasi to‘rtinchi qismida individual xususiyatga ega soliq imtiyozlarini
berish to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlanganini eslatib o‘tdi.
Shu bilan birga,
deputatning so‘zlariga ko‘ra, 483-moddaga o‘zgartirishlar kiritish loyihasida
aniq nomi keltirilgan tashkilotlar, jumladan, Chiqindi poligonlarini boshqarish
direksiyasi hamda charm-poyabzal sanoat zonalari direksiyalari uchun alohida
imtiyozlar nazarda tutilgan.
“483-moddaning
yangi tahriri amaldagi 75-moddaga zid bo‘lib qolmaydimi? Bitta Soliq
kodeksining o‘zida bir-biriga zid normalarni yaratib qo‘ymayapmizmi?” —
deb so‘radi Mavlonov.
Ahadbek Haydarov bunga javoban
sanoat zonalari direksiyalariga berilayotgan soliq yengilliklari ularning
faoliyat xususiyatlari bilan bog‘liqligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra,
yer uchastkalari va obyektlar tadbirkorlarga topshirilgunga qadar
ularning o‘zi ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanmaydigan boshqaruv
tashkilotlari ixtiyorida bo‘ladi. Shu bois korxonalar
ish boshlaguniga qadar mol-mulk va yer soliqlarini to‘lash
masalasi yuzaga keladi.
Vazir o‘rinbosari erkin
iqtisodiy zonalar direksiyalariga nisbatan ham xuddi shunday yondashuv
allaqachon qo‘llanayotganini ta’kidladi.
“Bu alohida
individual imtiyoz emas. Bunday tartib barcha erkin iqtisodiy zonalar
direksiyalari uchun belgilangan”, — dedi Haydarov.
Muhokama yakunlari bo‘yicha
Qonunchilik palatasi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Raislik
qiluvchi deputatlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar hujjatni ikkinchi o‘qishga
tayyorlash jarayonida qo‘shimcha ravishda ko‘rib chiqilishi mumkinligini
ta’kidladi.
Soliq kodeksining 75-moddasiga
ko‘ra, umumiy qoida bo‘yicha soliq imtiyozlari kodeksning o‘zida taqdim
etiladi, unda nazarda tutilgan istisnolar bundan mustasno. Shu bilan
birga, ular individual xususiyatga ega bo‘lishi mumkin emas.
Xususan, amaldagi qonunchilik
prezident qarorlari bilan alohida imtiyozlar berishga allaqachon ruxsat beradi.
Biroq bunday mexanizm cheklangan: u muayyan soliqlar stavkalarini ko‘pi
bilan 50 foizga va uch yilgacha bo‘lgan muddatga pasaytirishga yo‘l
qo‘yadi. QQS, foyda solig‘i va boshqa bir qator soliqlar uchun maxsus
cheklovlar yoki alohida qoidalar ko‘zda tutilgan.
Ushbu qoidalarga 2025-yil
25-dekabrdagi 2026-yil uchun soliq va budjet siyosati to‘g‘risidagi qonun
bilan aniqlik kiritilgan bo‘lib, u 1-yanvardan kuchga kirdi.
Muhokama qilinayotgan
tashabbus Soliq kodeksiga tegishli normalar kiritilgunga qadar prezident
qarorlari bilan belgilangan tarmoq soliq imtiyozlarini qo‘llash imkonini
beruvchi qo‘shimcha mexanizmni nazarda tutadi.
Biroq majlisdagi chiqishlardan
kodeksga tegishli tuzatishlar kiritilmasdan hozirda aynan qancha imtiyoz
qo‘llanayotgani, ulardan qancha soliq to‘lovchi foydalangani hamda budjetga
tushmay qolgan daromadlarning qancha hajmi ular bilan bog‘liqligi aniq emas.
Joriy yilning may oyi boshida
Soliq qo‘mitasi departamenti direktori Aziz Umirzoqov prezident huzuridagi
yig‘ilish yakunlari bo‘yicha qonunosti hujjatlarida nazarda tutilgan soliq
imtiyozlari Soliq kodeksiga kiritilishi haqida ma’lum qilgandi. Tegishli o‘zgartirishlar qabul qilingunga qadar
O‘zbekiston tadbirkorlariga ushbu imtiyozlardan foydalanishga ruxsat beriladi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari
29 10 2026 / 12:01