Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

“Kimni va kimning hisobidan himoya qilyapmiz?” Biznes mavsumiy import bojlari xavflaridan ogohlantirdi


Ulashing :


O‘zbekistonda mahalliy mahsulot yetarli bo‘lgan davrda import bojlarini oshirib, taqchillik yuzaga kelganda pasaytirish taklif qilinmoqda. Biznes fermerlarni himoya qilish millionlab iste’molchilar uchun oziq-ovqat qimmatlashiga olib kelishidan ogohlantirdi. ISSV bojlarning narxlarga ta’sirini baholashga rozi.

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Vazirlar mahkamasining mavsumiy bojlarni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi qarori loyihasini taqdim etdi. Hujjat 27-oktabr kuni prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi yig‘ilishida muhokama qilindi.

Vazirlik vakili Kamola Rizayevaning ma’lum qilishicha, loyihada mavsumiy bojlarni joriy etish, ularni o‘zgartirish va bekor qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash, iqtisodiy tahlil o‘tkazish hamda tegishli qarorlar qabul qilish tartibi belgilanmoqda.

Taklif etilayotgan mexanizmga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi iste’molchilar, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va tarmoq uyushmalarining murojaatlari asosida yoki bozorni har chorakda mustaqil tahlil qilish natijalariga ko‘ra import boji stavkalarini o‘zgartirish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.

Loyihada tartibga solishning ikki davri nazarda tutilgan:

· Ta’minot yetarli bo‘lmagan davr — mahalliy ishlab chiqarish hajmi ichki talabni qoplamagan holat. Bunda amaldagi import bojini pasaytirish taklif qilinishi mumkin.

· Ta’minot to‘liq bo‘lgan davr — ichki ishlab chiqarish talabni qondirish uchun yetarli yoki undan yuqori bo‘lgan holat. Bunday vaziyatda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish maqsadida bojni oshirishga yo‘l qo‘yiladi.

Mavsumiy bojlarning amal qilish muddati ko‘pi bilan olti oyni tashkil etadi. Bunda bojxona tarifining odatdagi stavkasi o‘rniga maxsus mavsumiy stavka qo‘llanadi.

Qarorlar qanday qabul qilinadi?

Taklif olinganidan so‘ng Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi besh kun ichida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga so‘rovlar yuborishi ko‘zda tutilmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi so‘nggi uch yilda ichki iste’mol hajmlari, oylar kesimidagi ma’lumotlar, bozorning mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlanganlik darajasi, prognoz qilinayotgan ishlab chiqarish hajmi va mavjud zaxiralar to‘g‘risida ma’lumot taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Shuningdek, mavsumiy bojlarning mahalliy ishlab chiqaruvchilar va davlat budjeti daromadlariga ehtimoliy ta’siri baholanadi.

Raqobat qo‘mitasi eksport qiluvchi mamlakatlardagi narxlar, mahalliy mahsulot tannarxi, ulgurji va chakana narxlar, shuningdek, stavkalar o‘zgarishining raqobat muhitiga ehtimoliy ta’siri haqida ma’lumot taqdim etadi.

Olingan ma’lumotlarni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi 10 kun ichida tahlil qilib, Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiyaga xulosa taqdim etadi. Bunda vazirlik nafaqat bojlarni o‘zgartirishni (oshirish yoki kamaytirish), balki bozorni tartibga solishning muqobil choralarini ham taklif qilishi mumkin.

Kelib tushgan tashabbuslar haqidagi ma’lumotlarni vazirlikning rasmiy saytida e’lon qilish rejalashtirilmoqda. Manfaatdor tomonlar o‘z taklif va mulohazalarini yuborishi mumkin.

“Kimni va kimning hisobidan himoya qilyapmiz?”

Korzinka supermarketlar tarmog‘i asoschisi va Savdo va servis uyushmasi raisi Zafar Hoshimov yig‘ilishda so‘zga chiqib, mavsumiy bojlarni tartibga solishning umumiy konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlashini, ammo loyihada iste’molchilar uchun nazarda tutilgan kafolatlar yetarli emasligini ta’kidladi.

“Bu yerda prinsipial savollar bor. Biz fermerlarni kimning hisobidan va qanday iqtisodiy natija evaziga qo‘llab-quvvatlamoqdamiz? Agar mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish natijasida millionlab iste’molchilar qimmatroq mahsulot sotib olishga majbur bo‘lsa, bunday siyosatning umumiqtisodiy samarasini yana jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz kerak”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bojlarni oshirish nafaqat import, balki mahalliy mahsulotlar narxining ham ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin, chunki raqobatning susayishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga narxlarni oshirish imkonini beradi.

Bunday o‘zgarishlar, ayniqsa, daromadi past oilalar uchun sezilarli bo‘lishi mumkin, chunki ularning xarajatlarida oziq-ovqat mahsulotlari katta ulushni egallaydi.

Hoshimov mavsumiy bojlarni oshirishdan oldin ularning chakana narxlar, oziq-ovqat inflyatsiyasi va aholining xarid qobiliyatiga ta’sirini majburiy baholashni taklif qildi.

Uning fikricha, hisob-kitob natijalari qaror qabul qiluvchi organlarga taqdim etilishi va jamoatchilikka e’lon qilinishi kerak.

“Hosil olingani mahsulot iste’molchiga yetib borganini anglatmaydi”

Tadbirkor yana bir muammo sifatida mahalliy mahsulot yetarliligini belgilash uchun aniq mezonlar mavjud emasligini ko‘rsatdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ib olingan hosil va omborlardagi zaxiralar haqidagi ma’lumotlar aholining mahsulot bilan haqiqiy ta’minlanganlik darajasini aks ettirmaydi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining bir qismi saqlash va tashish jarayonida yo‘qotiladi, bir qismi sifat talablariga javob bermaydi, yana bir qismi esa iste’molchilarga yetkazib berish qiyin yoki qimmat bo‘lgan hududlarda bo‘lishi mumkin.

“Bozorning ta’minlanganligini dalada qancha hosil olingani bilan emas, iste’molchiga qancha sifatli, ya’ni sifati maqbul bo‘lgan mahsulot maqbul narxlarda yetib borishi bilan o‘lchash mumkin”, — dedi Hoshimov.

U karam bilan bog‘liq misolni keltirdi: Surxondaryo viloyatida fermer uni hatto kilosiga 1000 so‘mdan ham sota olmasligi, Toshkentda esa xuddi shu mahsulot 5000 so‘m turishi mumkin.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, bunday farq, jumladan, mahsulotlarni saqlash va logistika infratuzilmasining yetarli darajada rivojlanmagani bilan izohlanadi.

Hoshimov bojlarni oshirish fermerlarning o‘z daromadlarini albatta ko‘paytirishiga ham shubha bildirdi.

“Biz fermerni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qilgan bo‘lamiz, ammo xarajatni iste’molchilar qoplaydi. Lekin fermerga bu narsadan hech nima yetib bormaydi… Qolgan iqtisodiy manfaat kimga tegadi? Ehtimol, vositachilar, ulgurji savdogarlar yoki chakana savdo tarmoqlariga tegar”, — deya ogohlantirdi u.

Tadbirkor har bir qaror samaradorligini baholash uchun uchta asosiy ko‘rsatkichdan foydalanishni taklif qildi: fermerning amaldagi sotuv narxi va daromadi o‘zgarishi, iste’molchilar uchun chakana narxlar o‘zgarishi, shuningdek, ichki bozorda mahsulot hajmi va uning mavjudligiga ta’siri.

“Bizga veto huquqi kerak emas, lekin bizni ham eshitishlari kerak”

Hoshimov loyihada bozor ishtirokchilari bilan maslahatlashuvlar nazarda tutilganiga, ammo ularning majburiyligi va o‘tkazish tartibi belgilanmaganiga e’tibor qaratdi.

U bojlarni joriy etish yoki oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilinishidan oldin Savdo-sanoat palatasi, import qiluvchilar, chakana savdo tarmoqlari va iste’molchilar vakillari bilan muhokamalar o‘tkazishni majburiy qilishni taklif etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, savdo tarmoqlarida sotuvlar, amaldagi narxlar, mahsulot sifati, yo‘qotishlar va xaridorlar talabi haqida dolzarb ma’lumotlar mavjud. Bu ma’lumotlar rasmiy statistikani to‘ldirishi mumkin.

Tadbirkor qulupnay misolida ob-havo sharoitlari ekin maydonlari kengaygan taqdirda ham bozordagi vaziyatni sezilarli darajada o‘zgartirishi mumkinligini aytdi.

“Bu savdo tarmoqlariga qarorni to‘xtatish huquqini berish degani emas. Bu davlat qarorlari bozorning haqiqiy holati haqidagi to‘liq ma’lumot asosida qabul qilinishi so‘ralyapti. Veto so‘ramayapmiz, lekin bizni ham eshitishlarini xohlayapmiz”, — dedi Hoshimov.

Amaldagi import shartnomalari nima bo‘ladi?

Muhokama ishtirokchilari import qiluvchilar uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarga ham alohida e’tibor qaratdi.

Hoshimov import mahsulotlarini xarid qilish, ishlab chiqarish, yuklash va O‘zbekistonga yetkazib berish bir necha hafta yoki oy davom etishi mumkinligini ta’kidladi.

Agar tadbirkor shartnoma tuzib, mahsulot uchun haq to‘lab, uni O‘zbekistonga jo‘natganidan so‘ng bojxona boji oshirilsa, u tovar yetkazib berishni rejalashtirishda ko‘zda tutilmagan qo‘shimcha xarajatlarga duch keladi.

Bundan tashqari, kelgusidagi stavkalar bo‘yicha noaniqlik yetkazib beruvchilarni importni oldindan qisqartirishga majbur qilishi, bu esa taqchillik va narxlar oshishiga olib kelishi mumkin.

Shu munosabat bilan Hoshimov mavsumiy bojlar joriy etilishi haqida kamida 30 kalendar kun oldin e’lon qilishni, O‘zbekistonga jo‘natib bo‘lingan tovarlar va avval tuzilgan shartnomalar uchun esa o‘tish mexanizmini nazarda tutishni taklif qildi.

“Yangi stavka kuchga kirishdan oldin jo‘natilgan tovarlar va avvaldan tuzilgan shartnomalar uchun o‘tish qoidalari belgilanib berilishi kerak. Shunda nima bo‘ladi? Tadbirkor xotirjam bo‘ladi, ya’ni mahsulotni chiqarib shartnomalar tuzgan bo‘lsa ham, qandaydir mexanizm bo‘ladi uni muhofaza qiladigan, ya’ni mahsulotlar oqimiga zarar yetmaydi. Biznesda eng muhim sharoitlardan biri bu qoidalarning oldindan ma’lum bo‘lishi va barqarorligidir”, — dedi u.

Shuningdek, tadbirkor mavsumiy bojlar joriy etilganidan so‘ng narxlar keskin oshsa, taqchillik yuzaga kelsa yoki mahalliy ishlab chiqaruvchilar kutilgan hajmda mahsulot yetkazib bera olmasa, bojlarni tezkor bekor qilish yoki pasaytirish tartibini belgilashni taklif qildi.

Uning fikricha, bunday holatlarda olti oylik muddat tugashini kutish mumkin emas.

“Bizda ko‘pincha shunday bo‘ladi: boj tezda joriy etiladi, bekor qilinishi esa juda sekin kechadi. Agar uni olti oyga belgilasak, mahsulot bozorda qolmagan bo‘lsa ham, boj shu olti oy davomida amal qilish xavfi bor”, — deya ogohlantirdi Hoshimov.

U bojlar qayta ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan aniq ko‘rsatkichlarni belgilash, shuningdek, bozor ma’lumotlarini tezkor yig‘ish va tahlil qilish mexanizmini joriy etishni taklif qildi.

Qayta ishlovchilar eksport uchun xatarlardan ogohlantirdi

Meva-sabzavotlarni qayta ishlovchi va eksport qiluvchilar assotsiatsiyasi rahbari Sardor Abbosxonov mavsumiy bojlar nafaqat iste’molchilarga, balki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarga ham ta’sir qilishi mumkinligiga e’tibor qaratdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan hosil ommaviy yig‘iladigan, meva va sabzavotlar narxi eng past bo‘ladigan davrda qayta ishlovchilar quritish, sublimatsiya, konservalash va konsentratlar ishlab chiqarish uchun xomashyo xarid qiladi.

Bu davrda import bojlarining oshirilishi xomashyo qimmatlashishi va tayyor mahsulot raqobatbardoshligi pasayishiga olib kelishi mumkin.

Tadbirkor bunday siyosat bir necha mavsum davom etsa, qayta ishlovchi korxonalarning bir qismi jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

“Tasavvur qiling: vazirlik fermerlarni qutqaraman deb, o‘sha paytda bojlarni oshiradi. Narxlar avtomatik ravishda ko‘tariladi va ular ishlab chiqargan mahsulot raqobatbardosh bo‘lmay qoladi”, — dedi u.

Yig‘ilish ishtirokchisi mahalliy qayta ishlovchilar va tayyor mahsulot import qiluvchilar uchun shartlar teng bo‘lmasligi mumkinligiga ham e’tibor qaratdi.

U meva konsentratlarini misol qilib keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar bojlarning oshirilishi mamlakat ichida meva va sabzavotlar qimmatlashishiga olib kelsa, ammo import konsentratlari xuddi shunday qo‘shimcha xarajatlarsiz olib kirilsa, mahalliy ishlab chiqaruvchilar xorijiy yetkazib beruvchilar bilan raqobatda yutqazishi mumkin.

Shuningdek, u faqat import bojlarini oshirish orqali ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish emas, balki qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligini oshirish, eski bog‘larni yangilash, zamonaviy navlar va texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Bojlarni oshirish o‘rniga tarif kvotalaridan foydalanish taklif qilindi

Kengashning yana bir a’zosi Saidvali Nasriddinov muqobil mexanizm — tarif kvotalarini ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Uning fikricha, importning butun hajmiga bojni oshirish o‘rniga, ma’lum miqdordagi mahsulotni pastroq stavkada olib kirish imkoniyatini berish mumkin. Bunda oshirilgan boj faqat belgilangan kvotadan ortiq hajmda olib kirilayotgan tovarlarga qo‘llanadi.

Bu, uning ta’kidlashicha, qayta ishlovchi korxonalarga zarur xomashyoni olish va bir vaqtning o‘zida mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini hisobga olish imkonini beradi.

U, shuningdek, qaror qabul qilishda inson omili ta’sirini kamaytirish uchun bozor monitoringining yagona va shaffof raqamli tizimini yaratishni taklif qildi.

Uning fikricha, bojlarni o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish muddatini 10−15 kundan 3−5 kungacha qisqartirish lozim, chunki tez buziladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozoridagi vaziyat har kuni o‘zgarishi mumkin.

Bundan tashqari, kengash a’zosi Savdo-sanoat palatasi va agrobiznes birlashmalari vakillarini ovoz berish huquqi bilan idoralararo komissiya tarkibiga kiritishni taklif qildi.

Yana bir tashabbus muayyan tovarlarga mavsumiy bojlar qo‘llanishi mumkin bo‘lgan davrlar taqvimini har yili oldindan e’lon qilishni nazarda tutadi.

Biznes-ombudsman qonunchilik bilan ehtimoliy ziddiyatlarga e’tibor qaratdi

Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil institutining vakili loyihaning huquqiy jihatiga e’tibor qaratdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatda mavsumiy bojlarning stavkalari va amal qilish muddatlarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarorlar idoralararo komissiya tomonidan qabul qilinishi va bayonnomalar bilan rasmiylashtirilishi belgilangan.

Biroq biznes-ombudsman vakili ta’kidlaganidek, bunday qarorlar tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining noma’lum doirasiga taalluqli bo‘lgani uchun normativ xususiyatga ega.

U normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonunchilik hamda Bojxona kodeksining 289 va 290-moddalariga ishora qildi. Bojxona kodeksining 289-moddasiga muvofiq, bojxona bojlari stavkalari O‘zbekiston prezidenti tomonidan belgilanadi.

Muhokama ishtirokchisi idoralararo komissiya bayonnomasi qonunchilikda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar turiga kirmasligini qayd etdi.

Uning fikricha, stavkalarni o‘zgartirish vakolatini komissiyaga berish masalasi qo‘shimcha huquqiy baholashni va amaldagi normalar bilan muvofiqlashtirishni talab qiladi.

Shuningdek, u komissiya vakolatlarini 2020-yil 28-maydagi 339-sonli Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiqlashtirishni taklif qildi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi narxlarga ta’sirni qo‘shimcha baholashga rozi bo‘ldi

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakili bildirilgan e’tirozlarga javoban ishlab chiquvchilar mavsumiy bojlarning iste’mol narxlariga ta’sirini majburiy baholash to‘g‘risidagi normani hujjatga qo‘shishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

“Biz bu taklifni qabul qilamiz. Bojlarni oshirishdan oldin uning iste’mol narxlariga qay darajada ta’sir qilishi albatta baholanadi. Buni loyihaga kiritamiz. Hech qanday e’tirozimiz yo‘q”, — dedi u.

Ichki ishlab chiqarish yetarliligini baholash masalasida vazirlik vakili tegishli vakolatlar Qishloq xo‘jaligi vazirligiga taalluqli ekanini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiquvchilar ichki bozorning ta’minlanganlik mezonlari bo‘yicha qo‘shimcha takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor. Bu mexanizm ishonchli va dolzarb ma’lumotlarga asoslanishini ta’minlashi kerak.

Muhokama davomida vazirlik vakillari hamda kengashning ayrim a’zolari hujjatning turli tahrirlari bilan ishlagani ham ma’lum bo‘ldi. Vazirlik vakili yangilangan loyiha 33 banddan iborat ekanini va bildirilgan e’tirozlarning bir qismi allaqachon inobatga olinganini ma’lum qildi.

Yig‘ilishga raislik qiluvchi esa hujjatni tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va boshqa manfaatdor bozor ishtirokchilari bilan bevosita muhokama qilishni talab qildi.

Yig‘ilish yakunida loyihani bildirilgan taklif va e’tirozlarni hisobga olgan holda qo‘shimcha ishlab chiqish hamda kengash muhokamasiga qayta kiritish taklif etildi.

Mavsumiy bojxona bojlarini qo‘llash imkoniyati O‘zbekiston Bojxona kodeksida allaqachon nazarda tutilgan. 290-moddaga ko‘ra, bunday bojlar tovarlarni olib kirish va olib chiqishni tezkor tartibga solish uchun qo‘llanadi. Ular amal qilgan davrda bojxona tarifining odatdagi stavkalari qo‘llanmaydi.

Mavsumiy bojning amal qilish muddati u belgilangan kundan boshlab ko‘pi bilan olti oyni tashkil etadi. Shu tariqa, muhokama qilinayotgan loyiha bojxona to‘lovining yangi turini joriy etishni emas, balki uni qo‘llash va o‘zgartirish bo‘yicha qarorlar qabul qilish tartibini belgilashni taklif qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda hukumat vakillari sut mahsulotlari, meva va makaron mahsulotlarini ham o‘z ichiga olgan to‘qqiz guruh tovarlar uchun nol stavkadagi import bojlarini uzaytirmaslikni ham taklif qilgan edi. Prezident huzuridagi kengash a’zolari narxlar oshishi va iqtisodiy asoslar yetarli emasligidan ogohlantirgan. Loyihani qayta ishlash uchun qaytarish taklif qilingan.

gazeta.uz


Ulashing :


Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari

10 11 2026 / 15:39